So’nggi yangiliklar

07:29Расман. "Бунёдкор" хорватиялик ҳужумчи билан шартнома тузди  0 00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  3 00:22Дуглас Коста "Флуминенсе"ни тарк этди  3 23:45Куртуа — жирафа, Рюдигер — псих, Менди — генерал. "Реал Мадрид" футболчилари бир-бирларини қандай чақиришади?  5 23:28"Барселона" Фликни бош мураббий сифатида таништирди  12 23:01Ўзбекистонлик ўсмирлар Японияни тор-мор этди  10 22:44Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ легионери терма жамоа ихтиёрини вақтинчалик тарк этди  18 22:22Ўртоқлик ўйини. Бразилиялик футболчини кўрикдан ўтказаётган "Динамо" "Бунёдкор"ни мағлуб этди  6 22:05"Ювентус" ўз футболчисини "Борнмут"га 18 миллион еврога сотади  1 21:48"Реал" Кепа эвазига Лунинни "Челси"га қўйиб юборишга тайёр  2 21:31Гвардиола "Реал Мадрид" футболчилари "Олтин тўп"га фаворит эканлигини айтди  20 21:14Франциянинг 6 карра чемпиони профессионал клуб мақомидан маҳрум қилинди  5 20:57УEФА Евро-2024 ўйинларида мухлисларни ирқчилик ва камситувчи хатти-ҳаракатлари учун етти давлатни жаримага тортди  3 20:30Назорат учрашуви. Ўзбекистон U-21 терма жамоаси Суперлига клубига ютқазди  2 20:13Париж-2024. Рақиб футбол жамоаси машғулот майдонига дрон учирган мамлакат ходимлари турнирдан четлатилди  0

Xayr "Penalty", seni sog'inaman Yangiliklar

2015 yil aprel oyida "Bunyodkor" klubining uy o'yinlaridan birida jurnalist qiz bilan tasodif tufayli tanishib qoldim. Juda ham qiziquvchan va serg'ayrat qizchaning ism sharifi Gulshan Sadullaeva edi. Aslida futbolga shunchaki qiziqadigan Gulshan bilan birga loyiha qilish g'oyasi paydo bo'ldi. O'ylab-o'ylab "Penalty" degan nomda to'xtadik. Loyiha logotipi ustida professional tarzda ishlanmagan edi, oddiygina logo bilan ham buyuk natijalarga erishish mumkin deb o'yladik xolos. 

Loyihamizning ilk mehmoni sifatida tajribali Xayrulla Karimovni tanlab oldik. Bir necha yil futbol ichidagi himoyachining bergan eng yaxshi javobi quyidagicha edi:

- O'zingizga yoqmagan tarafingiz qaysilar? Kamchiliklaringiz... Urushqoqman, deb ayta olasizmi?
Xayrulla Karimov: - O'zimga yoqmagan taraflarim ko'p. Masalan, o'yin davomida sariq yoki qizil kartochka olsam, tez qizishib ketaman. Sababi, shu paytgacha nechta o'yinda ishtirok etgan bo'lsam, hech qachon hech kimga qarshi atayin qo'pollik ishlatmaganman. Hech kimga atayin jarohat etkazish uchun urinmaganman. Sodir bo'ladigan xatolar o'yinga kirishib ketishim natijasida ro'y beradi.


“Penalty”. Xayrulla Karimov: “Futbolda “Yulduzlik kasali” rivojlanib ketdi”


"Bunyodkor" stadionidagi suhbatdan so'ng ko'pchilik yosh futbolchilardan ham intervyu olinglar degan murojaat qildi. SHu bois "Lokomotiv" stadioniga borib 2015 yil kashfiyotlardan biri bo'lgan Ikrom Aliboev bilan suhbatlashdik. Yosh bo'lishiga qaramay teran fikrlashi va savollarga aniq-tiniq javob berishi bizni to'g'risi xayron qoldirgan edi. Ikromning eng chiroyli javobi bilan tanishing:

- Nima deb o'ylaysiz, muxlislardan yog'iladigan salbiy fikrlarga futbolchi qanday munosabat bildirgani maqulroq?
Ikrom Aliboev: - Futbolchi qachonki muxlis kutganidek o'yin ko'rsata olmasa, tanqid qilinadi. SHu sababdan, ular har qanday vaziyatga tayyor turishi va to'g'ri tanqidni, fikrlarni inobatga olishi zarur. Salbiy fikrlarga javoban esa keyingi o'yinlarda yaxshi natija ko'rsatishi kerak, deb hisoblayman.


“Penalty”. Ikrom Aliboev: “Abramov tufayli “Lokomotiv”da qoldim”


"Olmaliq" klubida bir necha yillardan buyon o'ynab kelgan tajribali yarim himoyachi Zohir Pirimov loyihamizning uchinchi mehmoni bo'lgandi. Futbolchi bilan qaysi binoda suhbat qilganimizni aytmaymiz, sababi ushbu bino vakillari bizga nisbatan hurmatsizlik qilishgan. SHu bois Pirimov bilan toza havoda o'sha mashhur ikki qavatli avtobus yonida esdalik uchun rasmga tushgan edik.

- Zohir Pirimov matbuotni kuzatib boradimi?
- Matbuotni doimiy ravishda kuzatib boraman. Iloji bo'lsa,  yangiliklardan boxabar bo'lib turish uchun internet saytlari, gazetalar, televideniyadan uzoqlashmayman. Nazarimda, so'ngi paytlarda sport jurnalistikasida xabarlar tezkorligi kamaygandek. Zamon rivojlanib borayapti, o'z-o'zidan talab ham ortmoqda.


“Penalty”. Zohir Pirimov: “Futbol meni o'zgartirdi”


"Andijon" hujumchisi Lochin Soliev "Penalty"ning chinakamiga ilk mehmoni bo'lgan deb ayta olamiz. Sababi aynan Soliev saytimiz ofisida savollarimizga javob bergan birinchi futbolchi bo'lgandi.

- Andijonlik muxlislarga tarif bersangiz...
Lochin Soliev: - Barcha viloyatlarda muxlislar bor. Barchasini hurmat qilamiz. Lekin andijonlik muxlislar juda jonkuyar, serg'ayrat... O'zingiz ularni ko'zingiz bilan ko'rmasangiz, tariflash juda qiyin. Ularning qo'llab-quvvatlashi bizga katta yordam beradi. Yurakdan muxlislik qilishlarini sezib turamiz, faqat g'alaba va chiroyli o'yin ko'rsatish uchun intilamiz. Muxlislar jamoaning 12-o'yinchisi ekani rost gap.  



“Penalty”. Lochin Soliev: “CHempionatimiz ancha qiziqarli kechmoqda”


Solievdan so'ng O'zbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev bilan gaplashish uchun "Paxtakor" stadioniga yo'l olgandik. Yosh hujumchi savollarga batafsil va to'liq javob bergandi. Sergeev bir savolga juda ham kuyunib javob bergandi:

- Siz javob berishni hushlamaydigan, sizga manzur bo'lmaydigan savol qaysi?
Igor Sergeev:
- Bilasizmi, bazida menga shunday savollar berishadi: “Nimaga bugun yuta olmadinglar? Nega gol uramadingiz?” Futbolchilar o'ziga dushman emas-ku, vaziyat bo'lsa gol uradi, omad kelmasa bir metrdan ham gol ura olmaydi. G'alaba qozonishni barcha istaydi.


“Penalty”: Igor Sergeev: “Futboldagi hissiyotlarni hech qanday pul evaziga sotib olib bo'lmaydi”


Sergeev bilan intervyudan so'ng loyihamizda biroz uzilish ro'y berdi. Sababi men bir oylik xarbiy xizmatga borib keldim. SHu sababli bu yil oliy liga to'purari bo'lgan Temurxo'ja Abduxoliqov bilan 2015 yil iyun oyida suhbatlashgandik. Futbolchi bu yil oliy liga to'purariga aylandi. Yani "Penalty"ga kelib ishlari yurishib ketdi))) Hujumchining kishini tasirlantirgan javobi quyidagicha bo'lgandi:

- Futbolga aloqador bo'lmagan amalga oshirishni niyat qilgan qanday orzuingiz bor?
Temurxo'ja Abduxoliqov:
- Xayriya fondi ochish niyatim bor. Nogiron bolalarga yordam beradigan fond bo'ladi. Nasib qilsa bu orzuimni amalga oshirishga kirishganman.



"Penalty": Temurxo'ja Abduxoliqov: “Xayriya fondi ochish niyatim bor”


Abduxoliqovdan so'ng o'sha payt "SHo'rtan"da o'ynagan yarim himoyachisi G'ulom Haydar G'ulomov loyihamiz mehmoni bo'lgandi. Futbolchi ofisimizga gullar bilan kirib kelgani va uni Gulshanoyga sovg'a qilganidan barchamizning boshimiz ko'kka etgandi.

G'ulomovning eng qiziqarli javobi shunday edi:

- Futbol haqidagi filmda suratga tushishni taklif qilishsa rozi bo'larmidingiz?
G'ulom Haydar G'ulomov:
- Albatta, rozi bo'lardim. Faqat rejissyorga kino to'liq futbol haqida emas, hayotiy olinishi borasida taklif bergan bo'lardim. O'zim ham tez-tez kino ko'rib turaman. Romantikman, hind filmlarini sevib tomosha qilaman.



“Penalty”: G'ulom-Haydar G'ulomov: “Futbol tufayli hayotda to'g'ri yo'ldan ketyapman”


2011 yil Meksikada o'tgan o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionati orqali yulduzga aylangan Temur Hakimovni eslaysiza? Biz yulduzlik kasaliga duchor bo'lganini tan olgan hujumchi bilan "Oq-tepa" klubi bazasiga borib suhbatlashgandik. Yozda terlab-pishib kelgan Hakimov savollarimizga yarmi ruscha, yarmi o'zbekcha javob bergandi. Quvnoq yigit o'zi yo'l qo'ygan xatolardan to'g'ri xulosa chiqarganini aytgandi.

Hakimovga blic-savollar bergandik:

Quyidagilardan siz qila olmaydiganlari qaysilar?

 -ovqat pishirish
Yo'q
-rolikda uchish
Bilaman
-avtomobil boshqarish   
Bilaman
-tikish
Yo'q
-suvda suzish
Bilaman
-shaxmat o'ynash
Yo'q
-dazmol qilish
Yo'q
-latifa aytish
Yo'q
-sher yozish,
(kuladi) yo'q
-texnika tuzatish
Sal-pal bilaman
-karra jadvali...
 beshgacha bilaman (kuladi) hazil



“Penalty”: Timur Hakimov: “Penaltidan gol urishni ham bilish kerak”


"Metallurg"da o'ynab nom qozongan SHahzodbek Nurmatov loyihamizning mehmoni bo'lganidan so'ng oila qurdi va "Bunyodkor" klubiga ko'chib o'tdi. Yani loyihamiz mehmoni bo'lgach shaxsiy va professional hayotda ishlari yurishib ketdi))) Hujumchi futboldagi o'zi uchun eng yaxshi murabbiga tarif bergandi:

- Rustam Mirsodiqovga tarif bering. U qanday murabbiy, qanday inson?
SHahzodbek Nurmatov: -
SHaxsan men uchun Rustam Mirsodiqov eng yaxshi murabbiydir! Bu inson doim birinchi o'rinda futbolchining manafaatini o'ylaydi. Maosh borasida ham, sharoitlarni yaratish borasida ham birinchi bizni o'ylaydilar. Yosh bolaga ham, katta yoshdagi futbolchilarga ham bir xil munosabatda bo'ladilar. Mag'lubiyatlardan so'ng jahllari chiqadi, lekin hech qachon bitta futbolchini aybdor qilmaydilar. Hech bir futbolchini shaniga tegadigan gaplar gapirmaydilar. G'alabalardan so'ng hazillashib ham turadilar. Hazil ham meyorida bo'ladi.



“Penalty”: SHahzodbek Nurmatov: “Manchester Yunayted” tufayli futbolchi bo'lganman”


Nurmatovdan keyin loyihamizda lirik chekinish qilib futbolchi emas shaxmatchidan intervyu olishga qaror qilgandik. Buning uchun O'zbekistondagi birinchi ayol groyssmeyster Nafisa Mo'minovani tanlab olgandik. Gulshan ham anchadan buyon bu shaxmatchi bilan tanishish istagida yurgan ekan. "Penalty" bahona ular tanishib ham olishdi. Nafisa futbol va shaxmat uyg'unligi haqida o'zining fikrlari bilan o'rtoqlashgan edi. Aytgancha "Penalty"da chiqqanidan so'ng Nafisa turmushga chiqdi va hozir baxtli hayot kechirmoqda.



“Penalty+SHaxmat”: Nafisa Mo'minova: “Futbolda ham, shaxmatda ham aqlni ishga solish kerak”


"Neftchi" futbolchisi Mansur Saidovni intervyu berishga ko'ndirish juda qiyin kechgandi. OAV bilan deyarli muloqot qilmaydigan Saidovga ajoyib savol bilan murojaat qilgandik:

Tasavvur qiling siz jurnalistsiz. Sizga qaysidir futbolchidan intervyu olish buyurildi. Aksiga olib futbolchi sizni rad etdi. Siz bo'lsa maoshsiz qolyapsiz. Qanday yo'l tutasiz?
Mansur Saidov:
- Borib iltimos qilardim. SHaxsan o'zimdan kelib chiqqan holda aytsam, aslida men deyarli intervyu bermayman. Sizlar ham yo'lini topib men bilan suhbatlashyapsizlar, men ham bir amallab o'sha futbolchini ko'ndirgan bo'lardim (kuladi).


“Penalty”: Mansur Saidov: “Umuman penalti tepmasligimga jiddiy sabab bor”


Lochin Solievdan so'ng "Andijon" klubining yana bir futbolchisi loyihamiz mehmoniga aylangan edi. Tajribali Rasul Rahmonov kamgapligi bois o'zini biroz noqulay his qildi, biroq biroz vaqt o'tib savollarga to'liq javob berishni boshladi. Rahmonov futbolimizni yoritishdagi kamchiliklarni aytib o'tgandi:

Ayni paytda sport jurnalistikasining sizga yoqadigan va yoqmaydigan tomonlari qaysilar?
Rasul Rahmonov:
- Futbolni yoritib borish hozir yangi darajaga chiqdi, deb ayta olaman. Bir necha yil oldin o'yinlarning natijalarini ertasi kuni bilardik, hozir esa zamonaviy texnologiyalar rivojlanishi natijasida telefon orqali o'yinlarni onlayn kuzatib borish mumkin. Internet saytlari juda faollashib ketishdi. Gazetalarni ham kuzatib boraman. Televidenie orqali viloyatlardagi o'yinlarni ham ko'proq namoyish etib borishsa yanada yaxshi bo'lardi. Masalan, “Andijon” Navoiyda o'ynasa va uni TV orqali butun Respublika tomosha qilsa yaxshi emasmi? Yaqin orada aynan shunday bo'lishiga ishonaman.



“Penalty”: Rasul Rahmonov: “Andijon”ni qiyin vaqtda tashlab ketgim kelmagan”


Yaqindagina Qatarning "Al-Muaydar" klubiga ko'chib o'tgan Sato Minori loyihamizning dastlabki legioner futbolchisi bo'lgan edi. Yaponiyalik futbolchi "Bunyodkor"da o'z o'rniga ega bo'lib ulgurgan edi. Satodan eng qiziqtirgan quyidagi savolga javob olganmiz:

- Yaponiya terma jamoasi nimaning evaziga ketma-ket Jahon chempionatlarida ishtirok etib kelmoqda?
Sato Minori:
- O'zim milliy terma jamoada to'p tepmadim. SHu boisdan ham bu savolga siz istaganchalik to'liq javob bera olmasam kerak. Yurtimda bolalar futboliga etibor katta. Yaponiyada futbol akademiyalarining murabbiylari asosan Evropada tajriba to'plab qaytishadi, bir omil shu bo'lsa kerak. Ayni paytda “Bunyodkor” akademiyasi ham havas qilarlik darajada ekanligini takidlab o'tishim mumkin. Ayni paytda Yaponiya terma jamoasini juda kuchli deya olmayman.



“Penalty”: Sato Minori: “Yakisoba, velosiped va 2002 yilgi mundial haqida”


Sato bilan avgust oyida suhbatlashganimizdan so'ng loyihadagi sherigim Gulshan o'qishi tufayli Xitoy mamlakatiga ketadigan bo'ldi. SHu bois "Penalty"ning keyingi taqdiri mavhum bo'lib qoldi. Sababi loyihani bir o'zim davom ettirishni istamadim. Xatto loyiha yopildi degan qarorga ham kelgandik. Biroq yordamga Gulshanning opachasi Matluba Sadullaeva keldi. Matluba ham singlisiga o'xshab tirishqoq va dangalchi qizligi tufayli loyihada tezda chiqishib ketdik.

Yangi sherigim bilan birga dastlabki mehmonimiz yurtimizda anchadan buyon o'ynab kelayotgan turkmanistonlik Artur Gevorkyan bo'lgandi. Toshkentdagi "Grand Atlas" mehmonxonasi vakillari bizga ajoyib sharoit yaratib berishganidan xursand bo'lgan edik.

Gevorkyan bir yil oldin nimalarni orzu qilishi haqida aytib o'tgandi. Quvonarlisi qahramonimizning niyati holis ekan bir yil o'tib orzulariga erishishdi.

- Futbolchilikda hozirga qadar erishmagan eng asosiy uchta orzuingiz qaysi?
Artur Gevorkyan:
- CHempionlik, kubok va ...  
- Uchinchisi “Oltin to'p”mi?
- (kuladi) Ha shunday desa ham bo'ladi. Jiddiy aytsak shuncha yildan buyon O'zbekistonda o'ynayapman chempion bo'lish va kubok sohibi bo'lish nasib qilmagan. Bu yil hech bo'lmasa bittasini yutish uchun yaxshi imkoniyatimiz bor.



“Penalty”: Artur Gevorkyan: “Penalti bu lotereya”


"Paxtakor" klubining etakchisiga aylangan Jaloliddin Masharipov bilan 2015 yil oktyabr oyida suhbatlashgan edik. Futbolchi hozirga kelib terma jamoa azosiga aylanib oldi. Masharipovga o'z kumiriga o'zbek tilidagi qaysi so'zlarni o'rgatishi haqida savol bergandik:

- Kumiringiz bo'lgan Neymar bilan uchrashib qolsangiz. Unga o'zbek tilidagi qaysi uchta so'zni o'rgatgan bo'lardingiz?
Jaloliddin Masharipov
: - Birinchi navbatda salomlashishni o'rgatardim. Rahmat deyishni va O'zbekiston deyishni o'rgatardim. 



"Penalty": Jaloliddin Masharipov: “Neymarga rahmat deyishni o'rgatardim”


Loyihamizning navbatdagi mehmoni o'z vaqtida O'zbekiston terma jamoasida, Slovakiya, CHexiya, Xitoy klublarida o'ynagan Aziz Ibragimov bo'lgandi. Yarim himoyachining javoblarida baribir Evropada o'ynab qaytgani sezilib turardi. Ibragimov Xitoy chempionati haqida ajoyib malumotlarni aytib o'tgan edi:  

- Slovakiya, CHexiya, Xitoy. Qaysi mamlakatda ko'proq maosh berishadi?
Aziz Ibragimov: -
So'zsiz Xitoyda. Xitoyda futbolga katta pullar tikilgan. Faqat maosh borasida emas, boshqa sharoitlar haqida ham shuni aytishim mumkin. Oddiy misol “Cindao”da bir mavsumda menga 6 juft butsa berishgandi. Futbolkangizning kichkina joyi yirtilib qolgan bo'lsa ham klub mamuri kelib yangisini berib “Buni kiyma klub obro'sini tushurasan” deydi. Jamoa doim besh yulduzli mehmonxonalarda yashardi. Futbolchilar uchun sharoitlar ajoyib edi. Xitoyda futbolga bo'lgan etibor o'sib bormoqda. Oddiy daraxtga ham mehr va etibor bersangiz bir kun kelib meva beradi. Rivaldo kabi uyinchilar o'ynaganida O'zbekiston futbolida ancha rivojlanish kuzatilganini hech kimga isbotlash shart emas. Muxlislar tashrifi ko'paygandi va hokazo. 


Penalty: Aziz Ibragimov: "Mening yuragim boshqalarinikidan kattaroq"


Loyihamizning navbatdagi legioner mehmoni "Paxtakor" himoyachisi Adnan Oraxovac bo'lgan edi. CHernogoriyalik futbolchi muxlislik madaniyati haqida o'z fikrlarini bildirgan edi:

- O'zbekistonlik futbol muxlislari haqida nima deya olasiz?
Adnan Oraxovac: -
O'zbekistonda muxlislik madaniyati juda kuchli  ekan. Ular  o'z sevmili futbol klublarini tinmay qo'llab-kuvvatlab turishar ekan. Ammo hech ham chegaradan chiqishmaydi. CHernogoriyada esa deyarli har bir bahs muxlislar o'rtasidagi janjallar bilan tugaydi. Bunday bo'lishi kerak emas, futbol tinchlik elchisi bo'lishi kerak. Aynan muxlislarning to'poloni tufayli Rossiyaga qarshi o'yinda CHernogoriyaga texnik mag'lubiyat yozilgan. 


"Penalty". Adnan Oraxovac: "Zlatan Ibragimovichning avtobiografiyasini o'qib tugatdim"


2015 yildagi eng so'nggi mehmonimiz "Lokomotiv" klubi yarim himoyachisi Sanjar SHoahmedov bo'lgandi. Aslida Sanjar bilan avgust oyidayoq suhbatlashishimiz kerak edi. Biroq turli sabablar bilan intervyu dekabr oyi so'nggida amalga oshgandi. Eng qiziqarli savol ham Yangi yil bayrami bilan bog'liq edi:  

- Yangi yil bayrami arafasida qaysi kinoni miriqib ko'rasiz?
Sanjar SHoahmedov
: - “Uyda yolg'iz” (kuladi). Yoshligimidan maza qilib tomosha qilaman. Har yili Yangi yil bayrami arafasida shu kinoni qo'yadi. O'zbek kinolaridan esa “Suyunchi” yoqadi. Sababi bu kino deyarli futbol haqida (kuladi).


Penalty. Sanjar SHoahmedov: “Sanjar ismli mashhurlar kam ekan”


Bundan roppa-rosa 1 yil oldin 2015 yilning 31 dekabr oqshomida saytimizda "Penalty" loyihasining Yangi yil video soni chiqqan edi. Bu sonni Xitoyda o'qiyotgan Gulshan Sadullaeva tayyorlab o'quvchilarga ilingan edi. Saytimiz xodimi Zoir Tursunboev videoni boplab montaj qilgandi.

Penalty. Yangi yil soni VIDEO


2016 yildagi ilk mehmonimiz SHahboz Erkinov bo'lgandi. Ko'pchilik futbolchilar o'z tug'ilgan kunida futbol o'ynashadi. Men ham tug'ilgan kunimda ishlab Erkinov bilan intervyu qilgandim. Loyihaning bu sonida qishki tatilni O'zbekistonda o'tkazgan Gulshan hamrohlik qilgan edi.

Hujumchi Erkinovga tabiiyki hujumchilar haqida savol bergandik:

-  Tanqidiy savol: Nima uchun so'nggi yillarda yurtimizda ko'p gol uradigan hujumchilar kamayib ketdi?
SHahboz Erokinov
- Ko'p gol uradigan emas, individual kuchli bo'lgan hujumchilar kamayib ketdi degan bo'lardim. Ko'p o'ylayman shu narsani. Hujumchi bo'lganim uchun o'zimga ham olaman. Hozirgi murabbiylarning ko'pi hujumchiga "to'pni o'zingda saqlab qol, yarim himoyachiga oshir" deydi. Dilshod Nuraliev qo'l ostida o'ynaganman, bu murabbiy istisno. Nuraliev bilan o'smirlar jamoasi safida Rossiyada turnirlarida qatnashib kelganman. Ular bolalarga "imkoniyat bormi, raqibni aldab zarba ber" derdilar. SHu bois ham Nuraliev jamoasidan individual kuchli futbolchilar etishib chiqadi. Klublarda hujumchilarga biroz erkinlik berish kerak. SHunda fintlar ham, gollar ham ko'paysa kerak.


Penalty: SHahboz Erkinov: "Terma jamoadagi debyutim unutilmas bo'lgan"


Loyihamiz orqali ko'plab futbolchilar bilan tanishib olganim rost. Biroq "Penalty" orqali taniqli sport jurnalisti, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi,  Respublika toifasidagi hakam, "Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibi, Xalq talimi alochisi bo'lgan Axbor doda Imomxo'jaev bilan suhbatlashganimni hech qachon yodimdan chiqarmayman. Intervyu bo'lib o'tganidan biroz vaqt o'tib Axbor doda 80 yoshni qarshiladilar. Biz aslida loyiha bahonasida ularni tug'ilgan kunlari va yubileylari bilan qutlash uchun xonadonlariga tashrif buyurganimizni aytganimizda sevinch ko'z yoshlarini ko'rdik. Axbor dodamizga barchamizning baxtimizga sog' bo'lishlarini va yana uzoq yillar davomida hayot kechirishlariga tilakdoshmiz.

Axbor Imomxo'jaevning eng katta orzusi nima ekanligi haqidagi savolga shunday javob bergan edilar: Muxlislarimizga omad tilayman! Yurtimiz iqtidorlarga boy. Mening eng katta orzuim O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga yo'llanma olsa-yu, o'sha mundialga ketayotgan delegaciya tarkibida Axbor Imomxo'jaev ham bo'lsa...


Penalty: Axbor Imomxo'jaev: "10000 metr balandlikda uyushtirilgan intervyu"


Loyihamizga navbatdagi mehmon sifatida hujumchi Kamoliddin Murzoevni taklif qildik. Murzoev bilan suhbat Navro'z bayrami arafsida bo'lib o'tgandi. Futbolchi o'zi uchun eng yorqin damlarni yodga olgandi:

- 2009 yilni "Nasaf"da boshlgansiz va yozda Skolari sizni "Bunyodkor"ga chaqirgan. Yulduzli jamoani yodga olsak...
Kamoliddin Murzoev:
- 2009 yilning 1 avgust sanasida davlat imtihoniga ketayotganimda menga qo'ng'iroq bo'lgan. “Bunyodkor” vakillari Luiz Felipe Skolari meni jamoada ko'rishni istayotganini aytishdi. O'ylab o'tirmay “Jar” stadioniga etib borgandim. O'sha yil imtihonlarga bora olmaganman, lekin bundan afsus qilmayman. Keyingi yil baribir o'qishga kirishga muvaffaq bo'lgandim. O'sha yilgi “Bunyodkor”ga faqat havas qilish mumkin. Tarkibda yurtimizning eng kuchli futbolchilari bor edi, yulduz legionerlar ham o'ynardi. O'sha damlarni hamon o'zgacha entikish bilan eslayman. 


Penalty: Kamoliddin Murzoev: “Bunyodkor”ning taklifi tufayli imtihonga bormagandim”


Xabaringiz bor, yakuniga etayotgan yilda futzal bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi o'z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etib qaytdi. Terma jamoamiz azosi Farhod Abdumavlonov "Penalty"da chiqqan yagona futzalchi bo'lib qoldi. Abdumavlonovga terma jamoamiz ustozi haqida savol bergandik:

- Xose Mariya Mendez haqida nimalar deya olasiz?
Farhod Abdumavlonov
: - Pulpis bilan 2012 yilgi Osiyo chempionatidan oldin tanishganman. U murabbiy ham psixolog hisoblanadi. Juda kuchli mutaxassis deya olaman. Taktik jihatdan kuchli murabbiy. U mayda detallarga ham etibor qiladi. Siz kutmagan narsalarni ham o'rganib chiqadi. O'zbekistonning Jahon chempionatiga chiqishida Xose Mariya Mendezning xissasi juda katta bo'ldi.


Penalty: Farhod Abdumavlonov: “Jahon chempionatida Braziliyaga qarshi o'ynamoqchiman”


May oyi so'nggida O'zbekiston terma jamoasi va "Lokomotiv" klubi yarim himoyachisi, Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi bo'lgan Server Jeparovni "Penalty"ga chaqirdik. Futbolchini "Lokomotiv" klubi formasida kutib olganimizda tasirlangan edi. Jeparov yoshligida qanday qiyinchiliklardan o'tgani haqida gapirib bergandi.  

- Ko'plab jahon yulduzlari yoshlikni qashshoqlikda o'tkazishgan. Server Jeparovda qanday bo'lgan?
Server Jeparov
: - Menda ham shunday. Bazan uyda muzlatkichni ochganda faqat sariyog' bo'lardi...Kalbasani esa juda ham kam ko'rardik. Asosan Sobiq Ittifoq parchalanishidan oldin shunday bo'lgan. Oilam shunday davrni boshidan kechirgan. Birinchi maoshimni "Navbahor"dan olganman. Uni darhol otamga olib kelib berganim yodimda.


Penalty: Server Jeparov: "Toshimicu Yoshidaning bekor qilgan penaltisi yodimdan chiqmaydi"


SHunday qilib, "Penalty" loyihasi orqali 23 nafar qahramon bilan suhbatlar o'tkazdik. Muxlislarga bazi savollar maqul kelmadi, futbolchilarning bazi javoblari o'quvchilarimizning g'ashiga tegdi. Loyihamizning bazi sonlari haqida shunday deyish ham mumkin. Biroq nima bo'lsa ham "Penalty"  bir yildan ortiq davomida o'z faoliyatini olib bordi. Bu loyihada men bilan birga ishtirok etgan Gulshan hamda Matluba haqiqiy singillarimga aylanishdi. Ular bilan doim faxrlanaman. "Penalty" qahramonlarini rasmga olib muxlislarga taqdim etib borgan Tolibjon Qosimov, SHahboz Beg'amov hamda Jasur Aslanovga ham minnatdorchlik bildiraman. Saytimiz rahbari Nodirxo'ja Yuldashevga loyihamizni qo'llab-quvvatlagani uchun rahmat aytaman.

2016 yilning so'nggi soatlarida "Penalty" loyihasi faoliyatini yakunlagani haqida elon qilishga qaror qildim. Agar rejalar o'zgarib ketmasa 2017 yilda nasib qilsa o'quvchilarimizga yangi loyihalar taqdim etamiz. Yangi yil bayrami barchaga muborak bo'lsin!


Narzulla Saydullaev




Reyting: +21   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика