So’nggi yangiliklar

13:47Арихиро Сентоку: "ОКМК билан мавсум якунида тарих яратамиз"   0 13:20ОКМК Тошкентда "Пахтакор"ни мағлуб этган учрашувдан галерея  1 13:03"Навбаҳор" футболчиси учун мавсум тугади   1 12:45ЎзФҲМ нимани яширмоқда? Асимов, Норсафаров ва бошқа ҳакамлар қаерда?  3 12:08"Милан" Меньян ва Эрнандес билан шартномаларни узайтириш устида ишламоқда  0 11:40FIFA.COM: "Аббос Файзуллаев кичик бўйли эканига қарамай, ажойиб техник хусусиятларга эга"  11 11:28"Реал" Дэвис трансферига шубҳа қилмаяпти  1 10:42Гвардиола нима учун «Манчестер Сити»да қолишга қарор қилганини тушунтириб берди  8 10:06Ламин Ямаль ва «Барселона» ўртасидаги янги келишув шартлари маълум  2 09:30Goal «Олтин тўп»-2025 соврининг асосий даъвогарини эълон қилди. Виниcиус ҳозирча 4-ўринда  13 08:53«Арсенал» январда учта футболчисини сотиб юбормоқчи  1 08:21Про лига. Бугун Бухорога катта футбол қайтади  7 07:45Суперлига. Чемпионлар Фарғонага сафар қилади. «Қизилқум» эса яна бир водий жамоасини меҳмон қилади  2 01:55Роберт Левандовски: "2020 йил "Олтин тўп" топширилмаганини ҳеч тушунмайман"  8 01:24"FourFourTwo" ЕЧЛ финалларида урилган энг чиройли голлар рейтингини тузди  15

Ulug'bek Usmonxo'jaev: "Ehtimol ishimiz ko'rinmas, lekin katta masuliyat yuklaydi" Yangiliklar

Ulug'bek Usmonxo'jaev: "Ehtimol ishimiz ko'rinmas, lekin katta masuliyat yuklaydi"

Odatda murabbiy va futbolchilardan ko'p marta intervyu olamiz.

SHuningdek, futbol mutasaddilari bilan ham suhbatlashib turamiz. Lekin futbolda shunday kasb egalari borki, ularning ishi bir qarashda ko'zga tashlanmaydi, lekin jamoada tutgan o'rni yuqori. Aytish mumkinki, ularsiz o'yinni o'tkazib bo'lmaydi. Biz ana shunday kishilarni jamoa administratorlari (mamur) deymiz. 

Bugungi suhbatdoshimiz “Lokomotiv” PFK tashkil etilganidan beri shu klubda administrator bo'lib ishlab kelayotgan Ulug'bek Usmonxo'jaev. Ulug'bek akani muxlislar tanimasligi mumkin, lekin futbolda ishlayotganlarning juda ko'pchiligi biladi. Endi boshqa klublardagi administratorlarni aytmasa ham bo'ladi. O'ylaymizki, mazkur intervyu sabab administrator faoliyati bilan yaqindan tanishasiz. 


- Ulug'bek aka, “Lokomotiv”ga kelganingizga qancha bo'ldi?

- Klub tashkil qilinganidan beri, yani 2002 yildan buyon shu erda mehnat qilib kelyapman. Nasib qilsa 16 fevral kuni “Lokomotiv”ga kelganimga 17 yil bo'ladi. Dastlabki ikki yilni Birinchi ligada o'tkazganmiz, 2004 yil klub Oliy ligaga chiqqan. 23-24 yoshimdan beri shu jamoada ishlab kelyapman. 


- Bu jamoaga kelish qanday ro'y bergan? 

- O'z paytida shu klubda faoliyat yuritgan dadam rahmatli Ravshan Usmonxo'jaev chaqirgandilar. (Malumot uchun, Ravshan Usmonxo'jaev 2002-2007 yillar mobaynida “Lokomotiv” PFKda texnik direktor bo'lib ishlagan - X.X.) Ungacha ham kelib bazi ishlarga qarashib turardim. Maktabni tugatgach PTUga o'qishga kirdim. Qurilish yo'nalishi bo'yicha o'qiganman. 

Undan keyin Toshkent davlat universitetida Avtomobil va traktor muhandisligi bo'yicha tahsil oldim. Oliygohni bitirib baribir futbolda qolishga qaror qildim. CHunki oilaviy futbol kishilarimiz. Dadam bir necha yil futbolda turli lavozimlarda ishlaganlar. Akam Oybek Usmonxo'jaev ko'p yillar futbol o'ynagan, ukam Sobir Usmonxo'jaev ham futbolchi bo'lgan. Futbolni sevish menga ham yuqqandi, shu sabab tashlab keta olmasdim. 


- «Lokomotiv”ga endi kelgan payt kimlar bilan tanishgansiz? 

- Klubimiz sport direktori Ravshan aka Muqimovni yoshlikdan bilaman. U kishi bizga qo'shni bo'lib, shu bilan birga dadamning shogirdlari ham edi. Oldin “CHorsu” bozor tomonda “Spartak” degan jamoa bo'lardi. Dadam shu jamoani boshqargan payt Ravshan aka dadamning qo'lida to'p tepgan. Jamoamiz boshlig'i sifatida ishlab kelayotgan Qobil aka Yunusovni ham uzoq yillardan beri bilaman. Birinchi tanishganimda u kishi Samarqandning “Dinamo” klubida ishlardi.

 


- “Loko” ish faoliyatingizdagi birinchi jamoami? 

- Yo'q. Ungacha MHSKda ishlaganman. 1997 yil dastlab MHSKga administrator bo'lib ishga borganman. MHSKga borishim juda qiziq bo'lgan. SHunday bo'lganki, harbiy xizmatni o'tashga to'g'ri kelgan. Keyin MHSK futbol klubida ham ishlab, ham harbiy xizmatni o'taganman. 

MHSK 1997 yil O'zbekiston chempioni bo'lgandi. Mavsum yakunlangach nimadir sabab bo'lib klub inqirozga yuz tuta boshladi: ko'plab futbolchilar va ishchilar jamoani tark etdi. Adashmasam, eskilardan faqat jamoa boshlig'i Vitaliy Ni ikkalamiz  qoldik. 1998 yilgi mavsum omadsiz kelib MHSK birinchi ligaga tushib ketdi. Uch yil shu klubda ishlagach, keyin ketdim. 


- “Lokomotiv”ga kelguncha nima ish bilan shug'ullangansiz? 

- Rasman hech qaerda ishlamagan bo'lsam ham o'zim uchun kichik biznesni yo'lga qo'ygandim. Tanishlar orqali jamoalarga sport kiyimlari etkazib berardim. Yana boshqa ishlar bilan ham shug'ullanganman. Keyin esa “Loko”da ish boshladim. 


- O'z kasbingizni qanchalik yoqtirasiz? 

- Agar ishim yoqmaganida shuncha yildan beri bitta klubda ishlab kelmayotgan bo'lardim. Ehtimol ko'pchilik uchun administratorlik oddiy ish, birov etibor qilmaydigan soha bo'lib ko'rinishi mumkin, lekin bizning kasbda ham o'ziga yarasha qiyinchiliklar bor. SHu bois har doim masuliyatni his qilishga to'g'ri keladi. 


- Malumki, har bir sohada kimdir ustoz bo'ladi. Sizga kim ish o'rgatgan? 

- Endi ish boshlaganimda Vitaliy Nikolaevich Ni qanday ishlash kerakligini ko'rsatib bergan. Imkon qadar u kishining har bir gapini ilib olishga harakat qilardim. “Lokomotiv”ga kelganimdan so'ng Qobil aka Yunusov bu borada ko'p ish o'rgatdi. Qobil aka Samarqandda administrator bo'lib ishlagan kezlari men ham Samarqandga tez-tez borib turardim, chunki dadam u erda ishlardilar. Keyinchalik Qobil aka ikkalamiz bir paytda “Loko”ga keldik. U kishi jamoa boshlig'i etib tayinlandi, men esa administrator bo'ldim.


- “Lokomotiv”ga kelganingizdan beri faqat asosiy jamoada ishlayapsizmi yoki o'rinbosarlar bilan ham ishlaganmisiz?

- Bilasizmi, u paytlari asosiy jamoaga alohida, o'rinbosarlarga alohida administrator bo'lmasdi. Bir o'zim hamma ishga ulgurardim. 


- Qanday ulgurgansiz? Aytaylik, asosiy jamoa o'yinidan bir kun oldin o'rinbosarlar o'ynaydi. Siz yoshlar bilan o'yinga ketganda asosiy tarkib mashg'ulot o'tkazishi mumkin.

- Ha, shunaqa voqealar ko'p bo'lgan. Lekin hammasiga ulgurardim. Safar uchrashuvlariga borganda o'rinbosarlar bahsi biroz vaqtli boshlanar, men o'yinga kerakli hamma narsani tayyorlab olib borardim. Forma, fishka, to'plarni berganimdan so'ng stadiondan chiqib taksi ushlab asosiy tarkib mashg'ulotiga etib kelardim. 

Mashg'ulotga kerak bo'ladigan hamma narsani mehmonxonada tayyorlab qo'yardim va jamoa shifokori bilan massajchilar avtobusga ortib berishardi. Mashg'ulot tugaganidan keyin jamoa avtobusda mehmonxonaga qaytib ketar, men esa yana taksida stadionga ketardim. Xullas o'rinbosarlar o'yini tugaguncha yana etib kelardim. 


- Jamoa uyda o'ynaganida ham ish tartibi shunday bo'larmidi?

- Uyda o'ynaganimizda acosiy jamoa ko'pincha o'rinbosarlar bahsi tugaganidan keyin shu maydonda mashg'ulot o'tkazardi. SHu bois ko'p yugur-yugur bo'lmasdi. O'sha payt asosiy jamoa ham, o'rinbosarlar ham “Jar” stadionida o'ynardi. Undan keyin TTYMI stadioniga ko'chdik, so'ngra TTZga keldik.

 


- Hozirgi ishingiz qanchalik qiyin? 

- Yildan yilga futbolda inventarlar ko'payib boryapti, bu ham administratorlarga katta masuliyat yuklayapti. Nimadir yo'qolsa biz javob beramiz. Lekin baribir hamma ishga ulgursa bo'ladi. Ishim yanada osonroq bo'lishi uchun murabbiylarning bir haftalik reja yozib berishi ko'p yordam beradi. Mashg'ulot va o'yin qachon, qaerda bo'lishini bir hafta oldin bilsangiz, shunga qarab rejalashtirib qo'yasiz. 


- SHu paytgacha nechta murabbiy bilan ishlaganingizni hech hisoblab ko'rganmisiz? 

- Yo'q, umuman sanamagan ekanman. Faqat shuni aytishim mumkin, juda ko'plab murabbiylar bilan ishlaganman. 


- Qaysi murabbiylar bilan ishlash oson bo'lgan? 

- Har bir murabbiyning o'ziga xos ish uslubi bo'ladi. “Lokomotiv”da ishlab ketgan har bir murabbiy bilan o'zaro kelishib ishlaganman deya olaman. 


- 2002 yildan beri uzluksiz bitta klubda ishlab kelayotganingiz siri nimada? 

- To'g'risi, buning sirini bilmayman. Balki hech kimning ishiga aralashmasligim uchunmi, o'tgan yillar ichida rahbariyat ham o'zgardi, ko'p murabbiylar kelib ketdi, lekin meni har doim jamoada olib qolishgan. SHu paytgacha hech qaysi murabbiyning sen menga kerak emassan, o'zimning administratorim bor demagani xursand qiladi.

 

- Siz murabbiy ajratasizmi yoki hammaga bir xil qaraysizmi? 

- Endi bizning ishda bunaqa narsa yo'q. CHunki har bir murabbiyning menga qarata aytgan gapi men uchun buyruq va o'shani bajarishim shart. To'g'ri, har bir murabbiyda o'ziga yarasha princip bo'ladi, lekin men hech qachon odam ajratmaganman. Murabbiy mashg'ulot yo o'yin payti nimani kerak deb bilsa, shuni bajarishga harakat qilaman. 


- “Lokomotiv”da shu paytgacha ko'p futbolchilar o'ynab ketdi. Kimlar bilan aloqani saqlab qolgansiz? 

- Ko'cha-ko'yda ko'rishib qolsak, hamma bilan gaplashaman. Hech kim bilan yomon munosabatda emasman. Oldin o'ynab ketganlardan ko'pchiligi futbolni tugatgan. Bazan yig'ilib ko'rishib turamiz. 


- Jamoa safar uchrashuvlariga borganda raqib safida bitta bo'lsa ham tanishingiz chiqadi, to'g'rimi? 

- To'ppa-to'g'ri. Tanishlar hamma klubda bor, chunki kim bilandir oldin ishlaganman, kimdir bizda o'ynab ketgan bo'lishi mumkin. 


- Oybek akangiz va ukangiz Sobir ko'p yil futbol o'ynaganini bilamiz. Sizda ham to'p tepishga qiziqish bo'lganmi? 

- Men ham yoshligimda futbolga qatnaganman. “Paxtakor”ga borganman. Lekin futbolchi bo'lish peshonamga yozilmagan ekan. SHunga qaramay baribir futbolda qoldim va hozirgi ishimdan juda mamnunman.

 


- “Lokomotiv”da qachondan asosiy va o'rinbosarlar tarkibi uchun alohida administrator ishlay boshladi? 

- 2012 yildan. 2010 yil birinchi ligaga tushib ketgandik. 2011 yilni birinchi ligada o'tkazib yana oliy ligaga qaytganimizdan so'ng o'rinbosarlar jamoasida Bekzod Arslonov ish boshladi. SHu-shu men asosiy tarkib bilan ishlab kelyapman. 


- Qanday toifadagi futbolchilar ishlash osonroq? 

- Endi futbolchilar har xil bo'ladi. Bu narsa oldin ham bo'lgan, hozir ham bor. Faqat avval yoshlar boshqacha edi. Oldin doim kattalarning gapiga quloq solishardi. Hozir esa ko'p yoshlar hali futbol o'ynamay turib o'zini futbolchiman deb o'ylaydi. Avvallari birorta yosh o'yinchi ikki-uch yil asosiy tarkibda o'ynaganidan keyin men futbolchiman deb ayta olardi. Hozir esa o'rinbosarlarda o'ynab ham o'zini zo'r futbolchiman deb o'ylaydiganlar bor. 


- Ishingiz davomida qanday ko'ngilsizliklar bo'lib turadi? 

- To'g'risini aytsam, bunaqa narsa bo'lmasa kerak. Bo'lsa ham indamay qo'yamiz. CHunki o'rganib ketganman. 


- Boshqa klublarda ishlayotgan kasbdoshlar bilan qanday aloqadasiz? 

- Juda yaxshi. Superligadagi hamma administratorlarni taniyman va ularning barchasi bilan yaxshi munosabatdaman. Baribir o'zaro o'ynaganda ishimiz tushadi, shunday payt bir-birimizga yordam berishga harakat qilamiz. Bugun biz mehmonga borsak, ertaga ular bizga keladi. 


- Qaysi administratorlar ishini ko'proq hurmat qilasiz? 

- Hamma klubda o'z ishining ustalari ishlayapti desa bo'ladi. Lekin tajribali administrator sifatida “Mashal”da ishlagan Asat aka, “Navbahor”dagi G'anisher akani aytgan bo'lardim. Yoshlardan “Qizilqum”da SHerzod, AGMKda Qudrat aka, yana SHerzod va boshqa klublardagilar ham yaxshi ishlashyapti. 


- Oilangiz haqida ham to'xtalib o'tsangiz?

- Besh nafar farzandim bor, to'rt o'g'il va bir qiz. O'g'illarim Ismoil, Imron, Iskandar va Islom. Qizimning ismi Asala. Katta o'g'lim bilan o'rtanchasi futbolga qatnaydi. Menga futbolchi bo'lish nasib qilmadi, shu bois o'g'illarim yaxshi futbolchi bo'lib etishsin deb niyat qilaman. CHunki maqsadimiz oilaviy ananani davom ettirish.


X.Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика