U-20 Osiyo kubogi tarixidan. Darvozabon Xolmuhammedov, Geynrixdan kutilmagan sovg'a, Prezident kelgan oqshomdagi chempionlik va Boymurodovni kashf etgan musobaqa
12 fev 18:09
Yangiliklar
![](https://championat.asia/upload/storage/814512_original.jpg)
![](/upload/storage/814512_220.jpg)
U-20 Osiyo kubogi tarixidan. Darvozabon Xolmuhammedov, Geynrixdan kutilmagan sovg'a, Prezident kelgan oqshomdagi chempionlik va Boymurodovni kashf etgan musobaqa
Vakillarimiz mazkur turnirga amaldagi chempion sifatida tashrif buyurishgan. Demak, bu safar ham terma jamoamizdan katta natija kutishga haqlimiz. Umuman olganda ushbu yosh toifasidagi terma jamoamiz shu kungacha qita turnirida 9 marotaba ishtirok etgan va ularning 2 tasida sovrindorga aylangan bo'lsa, 2 ta musobaqada yarim finalda ishtirokini to'xtatgan. Har bir turnir o'ziga yarasha tarixga ega. Biz musobaqa oldidan qisqacha o'tgan turnirlar haqida hikoya qilamiz.
Qatar-2002
U-20 terma jamoamiz Osiyo kuboklaridagi ilk ishtirokini 2002 yil Qatar mezbonlik qilgan musobaqadan boshlagan. 2000 yillar boshida tarkibida Geynrix, Jasur Hasanov, Kamoliddin Tojiev, Ignatiy Nesterovlar bo'lgan jamoa xalqaro maydondagi dastlabki muvaffaqiyatli qadamlarni boshlab bergandi. Saralash bahslari 2002 yil may oyida Toshkentda o'tgan, raqiblar Turkmaniston 7:0, Nepal 12:0 hisobida mag'lubiyatga uchratilgandi. Bir so'z bilan aytganda ortiqcha muammoga duch kelinmagan, deya olamiz. Oktyabr oyiga kelib Osiyo kubogi Qatar yashil maydonlarida start oladi. O'sha vaqtda ham Yaponiya, Koreya, Saudiya Arabistoni qita gigantlari edi. Aslini olganda eng omadli terma jamoalarimizdan biri aynan mazkur avlod vakillari hisoblanadilar. Ular ilk marta qita chempionatiga chiqish bilan birga JCH yo'llanmasini ham qo'lga kiritganlar va eng keraklisi uzoq yillar davomida MTJ sharafini himoya qilganlar. Birinchi turda vakillarimiz Tailandni 4:0 natijasida engishdi, Janubiy Koreya mezbonlarni minimal hisobda yutdi (1:0). Ikkinchi turga kelib esa vaziyat o'zgardi. Qatar Tailanddan uch ochko olgan bo'lsa, O'zbekiston Janubiy Koreyaga yutqazdi. So'nggi tur oldidan Qatar va O'zbekistonda vaziyat teng edi. Aleksandr Geynrix o'sha paytlarni quyidagicha xotirlaydi:
"Guruhimizdagi raqiblardan biri Qatar. Bunday paytda bizga oson bo'lmasligi aniq edi. Qatar bilan o'yindan oldin Viktor Borisov murabbiylar shtabidagilar bilan bizni yig'di va o'yinga ko'rsatmalarni berdi.
O'yinga qiziqishim juda katta. Qandaydir tuyg'u, bu uchrashuvda g'alaba qozonishimizni aytardi. Magdeevga, maykamga yozuv yozaman dedim. Marker faqat Borisovda bo'lardi. Turdim-da, Borisovni eshigini taqillatdim.
- Kim, u?
- Men, Sasha!
- Senga nima kerak, chaqirmadim-ku?
- To'g'ri, markeringizni berib tura olasizmi?
- Uni nima qilasan?
- Sizga sovg'am bor.
Markerni oldimda, qaerdan bu fikr miyamga keldi bilmayman “nas ne dogonyat“, deb yozdim",- deya xotirlaydi Sasha.
Uchrashuv gollarga boy ruhda o'tdi. Geynrixning xet-trigi, Krushelnicki va Hasanovning kiritgan to'plari O'zbekistonga 5:4 hisobidagi g'alabani keltirdi. Aleksandr Geynrix o'zining uchinchi golini urib, hisobni 4:2 ko'rinishga olib kelgach futbolkasini echadi, futbolka ichidagi maykada shunday yozuv turardi, "Nas ne dogonyat"!
Qatar - O'zbekiston - 4:5 (1:2)
21.10.2002. 3-tur.
Gollar: Krushelnickiy Yaroslav, 3 (0:1), Geynrix Aleksandr, 45 (1:2), Geynrix Aleksandr, 51 (1:3), Geynrix Aleksandr, 73 (2:4), Xasanov Jasur 83, 90 (4:5) - Ali Al-Marri, 5 (1:1), Adel Lami, 71 (2:3), Valid Abdulla, 75 (3:4), Meshal Abdulla - p, 85 (4:4)
Chorak finalda Suriyani yirik hisobda taslim qilgan Viktor Borisov shogirdlari mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor mundialga chiqishga muyassar bo'lgandi, desak to'g'ri bo'ladi. Keyingi bosqichda Yaponiyaga penaltilar seriyasida, uchinchi o'rin uchun Saudiya Arabistoniga imkoniyat boy berilgan. Etibor qiling, bu paytga kelib Geynrix, Krushelnickiy, Bikmaev, Salomov, Hasanov o'z klublarida ham ko'zga ko'rinishni boshlagandi. Bu "oltin" avlod keyingi yosh toifalari uchun debocha vazifasini o'tab bergani bilan qadrlidir.
Mundialga O'zbekiston yoshlar terma jamoasi quyidagi tarkib bilan tashrif buyurgan. Murabbiylar shtabida ham o'zgarish bo'lgan. Germaniyalik Yurgen Gyode barcha ishga bosh-qosh bo'lgan: Temur G'aniev, Ignatiy Nesterov, Shavkat Raimqulov, Rustam Qodirov, Yaroslav Krushelnickiy, Muzaffar Xoliqov, Kamoliddin Tojiev, Vladimir Anikin, Islom Inomov, Timur Sultonov, Ilhom Suyunov, Jasur Hasanov, Mansur Saidov, Nodirbek Qo'ziboev, Ilyos Zeytullaev, Ildar Magdeev, Aleksandr Geynrix, Marat Bikmaev, Konstantin Boev, Baxriddin Vahobov.
"A" guruhi
Janubiy Koreya 7 ochko
O'zbekiston 6 ochko
Qatar 3 ochko
Tailand 1 ochko
Chorak final
Suriya - O'zbekiston 0:4
Yarim final
Yaponiya - O'zbekiston 1:1 (penaltilar seriyasi 4:2)
Uchinchi o'rin uchun
O'zbekiston - Saudiya Arabistoni 0:4
Malayziya-2004
2004 yil Malayziya mezbonlik qilgan U-20 Osiyo kubogida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi ikkinchi bor ishtirok etgan. Jamoani Rauf Inileev va Rustam Abdullaev juftligi turnirga olib borgan. Aytishimiz mumkinki, tarkib o'zagini 2 yil avval o'smirlar o'rtasidagi Osiyo kubogida qatnashgan yigitlar Marat Bikmaev, Sadriddin Abdullaev, Nodir Qo'ziboev kabi futbolchilar tashkil qilgan. O'shanda o'smirlarimiz tarixda ilk bor Osiyoda kuchli to'rtlikka kirgandi. Guruh bosqichini muvaffaqiyatli o'tkazgan "oq bo'rilar" yarim final yo'llanmasi uchun jangda Janubiy Koreyaga ekstra-taymlarda mag'lubiyatga uchrashgan. Yakunda koreyalik yoshlar Osiyo kubogida g'olib chiqqandi.
"S" guruhi
O'zbekiston 7 ochko
Suriya 7 ochko
Laos 3 ochko
Hindiston 0 ochko
Chorak final
O'zbekiston - Koreya 1:2 (ekstra taymlarda)
Saudiya Arabistoni-2008.
2006 yilgi Osiyo chempionatida ishtirok eta olmagan terma jamoamiz keyingi musobaqada katta sakrashni amalga oshirgan. Ahmad Ubaydullaev boshchiligidagi saralashdan muvaffaqiyatli o'tgan jamoamiz qita chempionatida Iordaniya, Avstraliya, Tailand bilan birgalikda “D” guruhidan joy egalladi. Birinchi turda Iordaniya Davron Mirzaevning yagona goli hisobiga taslim etildi. Guruh favoriti sanalgan Avstraliya bilan uchrashuvda vakillarimiz murosa ko'chasini tanlashdi. So'nggi tur oldidan esa vaziyat qaltis tus olgandi. Bizda to'rt ochko, Tailandda esa uch ochko bor edi. Tailandga qarshi bahsda futbolchilarimizni faqat g'alaba qoniqtirardi. Amalda Fozil Musaev kiritgan birgina to'p bizni etti ochko va ikkinchi o'rin bilan keyingi bosqichga olib chiqdi.Oldinda bizni Xitoyga qarshi mundial chiptasi uchun "jang" kutardi. Tan olishimiz kerak raqib o'sha paytda ham o'z darajasini yo'qotmagandi va futbolchilarimizga munosib qarshilik ko'rsatgandi. Chorak final uchrashuvida ham Ubaydullaev shogirdlari o'z uslublariga sodiq qolgan holda ehtiyotkorlikka urg'u qaratishadi va tavakkalga qo'l urishni istashmaydi. Chunki, bitta gol uchrashuv taqdiriga tasir ko'rsatishi mumkin edi. Natijada bellashuvning asosiy vaqtida darvozalarga to'p kiritilmadi. Bosh hakam, avstraliyalik Bejamin Uilyams jamoalarni 15 daqiqadan iborat ikkita qo'shimcha bo'limlarga taklif qiladi.
Bahsning eng kulminacion voqeasi aynan overtaymlarda yuz bergandi. O'yin yakuniga etishiga oz fursa qolayotganda, xitoyliklar darvozamiz tomon xavfli hujum uyushtirishadi. Raqib hujumini bartaraf etgan posbonimiz Doniyor Usmonov dastlab to'pni qo'liga oladi. Uni sheriklariga oshirib berish maqsadida erga tashlaydi. Ammo, qarshisiga xitoylik futbolchi kelganini va bosim qilganini ko'rgan holda to'pni yana qo'lida ushlaydi. Bu holat esa FIFA qoidalariga zid hisoblanardi. To'pni erga tashlagandan so'ng uni ikkinchi bor ushlash mumkin emas. . Bunday paytda qoidani buzgan futbolchiga bevosita qizil kartochka ko'rsatiladi. Uilyams esa o'z vazifasini bajaradi, hamyurtimizni maydondan chetlatadi va jarima maydonchamiz ichida raqib foydasiga erkin zarba belgilaydi. Siz o'ylagandek penalti emas. Jarima maydoni ichida erkin zarba. Ayni paytga kelib barcha o'zgarishlar amalga oshirib bo'lingandi. Bunday pallada jamoadagi biron bir o'yinchi darvozabon vazifasini vaqtinchalik bajarib turishi lozim edi. Masuliyatni Islom To'xtaxo'jaev zimmasiga oladi va terma jamoamizni muqarrar goldan qutqarib qoladi - 0:0. Uchrashuv g'olibini aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilishga to'g'ri keldi. Futbol lotoreyasida darvozaga To'xtaxo'jaev emas Murod Xolmuhammedov turadi. Xitoyliklarning so'nggi zarbasini Li Zichao amalga oshiradi, Murod Xolmuhammedov to'pni qaytarishga muvaffaq bo'ladi - 4:3! Yoshlar terma jamoamiz jahon chempionatida! Xolmuhammedov qahramon! Yarim finalda juda kuchli Janubiy Koreya yoshlari ham turnir davomida tartibli o'yin ko'rsatib kelayotgan futbolchilarimizning oldida ojiz qolishdi. Sherzod Karimov g'alaba keltirgan golga mualliflik qildi. Finalga kelib jismoniy jihatdan toliqqan to'p teparlarimiz Mahdi Ali ustozligidagi va Ahmad Halil etakchiligidagi BAAga 1:2 hisobida engilishadi. Shunga qaramasdan turnir yakunlangach bizni musobaqaning feyr-pley sovriniga loyiq deb topishgandi.
Musobaqada qatnashgan tarkib: Doniyor Usmonov, Muhiddin Xudoyorov, Sherzod Azamov, Ivan Nagaev, Kamoliddin Tojiboev, Sunnatilla Mamadaliev, Dilyorbek Irmatov, Zohir Pirimov, Jasur Hasanov, Kenja To'raev, Fozil Musaev, Islom To'xtaxo'jaev, Zohid Raupov, Oybek Qilichev, Murod Xolmuhammedov, G'ulom Urunov, Sherzod Karimov, Sanat Shixov
"D" guruhi
Avstraliya 7 ochko
O'zbekiston 7 ochko
Tailand 3 ochko
Iordaniya 0 ochko
Chorak final
Xitoy – O'zbekiston 0:0 (penaltilar seriyasi 3:4)
Yarim final
O'zbekiston - Janubiy Koreya 1:0
Final
BAA - O'zbekiston 2:1
Xitoy-2010
Navbatdagi Osiyo chempionatiga keyingi avlodni Marat Kabaev tayyorladi. Terma jamoa tarkibida Nikita Ribkin, Dilshod Jo'raev, Salim Mustafoev, Vladimir Kozak, Sardor Rashidov, Temurxo'ja Abduxoliqov kabi futbolchilar bor edi. Chin o'lkasidagi turnirda vakillarimiz guruhdan peshqadam sifatida chiqqan. Lekin mundial yo'llanmasi uchun jangda Saudiya Arabistoniga ekstra-taymlarda engilishgan.
Tarkib: Nikita Ribkin, Viktor Mochalov, Akmal Tursunboev, Dilshod Jo'raev, Salim Mustafaev, Farruh Nurliboev, Javlon Guseynov, Vladimir Kozak, Sardor Rashidov, Abdumutallib Abdullaev, Mirg'iyos Sulaymonov, Temurxo'ja Abduxoliqov, Alibobo Rahmatullaev, Azamat Mamajonov, Davron Hoshimov, Akramjon Bahritdinov, Sardor Mirzaev, Pavel Smolyachenko, Akbar Ismatullaev, Isroil Ergashev, Aleksandr Lupashko, Egor Krimec, Bekzod Mirhaydarov
"B" guruhi
O'zbekiston 9 ochko
KXDR 6 ochko
Bahrain 3 ochko
Iroq 0 ochko
Chorak final
O'zbekiston - Saudiya Arabistoni 1:2
BAA-2012
Amirliklar mezbonlik qilgan yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida 1993 va undan keyin tug'ilgan futbolchilar ishtirok etishi mumkin edi. Bu paytda bizda Kozak, Sergeev, Iskanderov, Hakimovlar avlodi etishib chiqayotgandi. Qura natijalariga ko'ra, "oq bo'rilar" guruhda Iordaniya, KXDR, Vetnam bilan kuch sinashgan. Terma jamoamiz azolari bu kvartetdan peshqadam sifatida chiqishdi. Chorak finalda esa darvozabonimiz Asilbek Amonov katta sahnaga chiqdi. U Suriya bilan penaltilar seriyasida barcha zarbalarni qaytargani yodingizda bo'lsa kerak. Yarim finalda musobaqa chempioniga aylangan Janubiya Koreya to'sig'i ortga qaytargandi. Musobaqa yakunida Igor Sergeev Osiyo chempionatida 7 ta gol bilan to'prarlikni qo'lga kiritgan. Qaysidir manoda Sergeev uchun katta futboldagi yutuqlarning debochasi vazifasini o'tagan desak yanglishmaymiz.
"S" guruhi
Bosh murabbiy: Ahmadjon Musaev
O'zbekiston 7 ochko
Iordaniya 5 ochko
KHDR 4 ochko
Vetnam 0 ochko
Chorak final
O'zbekiston - Suriya 2:2 (penaltilar seriyasi 3:0)
Yarim final
Janubiy Koreya - O'zbekiston 3:1
Tarkib: Asilbek Amonov, Akmal Tursunboev, Bahodir Mirsoatov, Tohirjon Shamsiddinov, Sardor Rahmonov, Boburbek Yo'ldoshev, Maksimiliyan Fomin, Abbosbek Maxstaliev, Vladimir Kozak, Abdulloh Olimov, Jahongir Abdumo'minov, Jamshid Iskanderov, Abdulaziz Yuusupov, Sergey Rekun, Javlon Mirabdullaev, Timur Hakimov, Azizbek Muratov, Igor Sergeev, Sardor Sobirxo'jaev, Zabihillo O'rinboev, Ixtiyor Toshpo'latov, Muhsinjon Ubaydullaev, Jaloliddin Saidov
Myanmar-2014
2014 yil o'sha vaqtdagi O'zbekiston U-19 terma jamoasida murabbiylar qo'nimsizligi kuzatiladi. Aleksey Evstafeev, Sergey Lushchan, Ilhom Mo'minjonov (Armanistondagi turnirga olib borgan) va musobaqaga 4 oy qolganda "Dinamo" ustozi Ravshan Haydarov tayinlanadi. Keyingi yil Yangi Zellandiyadagi mundialga yo'llanma olish vazifasi qo'yilgan terma jamoa oldida tayyorgarlik uchun qisqa vaqt qolgandi. Guruh bosqichida Indoneziya sinovidan qiyinchiliksiz o'tgan vakillarimiz ikkinchi turda nisbatan jiddiyroq, har bir yoshda xavf tug'diradigan BAA bilan to'qnash keladi. Bu pallada Ravshan Haydarov oldida jiddiy muammo Odiljon Hamrobekovning jarohati jiddiy bo'lib chiqadi. Uchrashuvda ustunlikka ega bo'lgan terma jamoamiz hakam tomonidan asosiy vaqtga qo'shib berilgan daqiqalarda gol o'tkazib 2:2 hisobida durangga imzo chekishadi. Chorak finalda Tailand bilan kuch sinashgan O'zbekiston qiyinchilik bilan g'alaba qozonib yarim final va Jahon chempionati yo'llanmasini hal qiladi. Yarim finalda esa futbolchilarning xotirjamlikka berilishi oqibatida Shimoliy Koreyaga yirik 0:5 hisobida imkoniyatni boy beradi. Shunga qaramay Ravshan Haydarov kichik muddatda yaxshi jamoa tuzib natija ko'rsatgandi. Keyingi yillarda bu terma jamoa azolari yanada shakllanib 2018 yil Xitoydagi qorli final qahramoniga aylanishadi.
Tarkib: Botirali Ergashev, Dilshod Hamroev, Sarvar Karimov, Rustam Ashurmatov, Ibrohim Abdullaev, Mirjamol Qosimov, Odil Hamrobekov, Akrom Komilov, Jamshid Boltaboev, Javohir Sohibov, Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov, Asliddin Abdiev, Ilhomjon Abdug'aniev, Firdavs Abdusalimov, Bobur Davlatov, Sardorbek Azimov, Dostonbek Hamdamov, Ravshanbek Xursanov, Zabihillo O'rinboev, Dostonbek Tursunov, Javohir Sidiqov, Xurshid G'iyosov
"B" guruhi
BAA 5 ochko
O'zbekiston 5 ochko
Avstraliya 5 ochko
Indoneziya 5 ochko
Chorak final
O'zbekiston - Tailand 2:1
Yarim final
KXDR - O'zbekiston 5:0
Bahrayn-2016
Oradan 2 yil o'tib bu yosh toifasidagi turnirga Bahrayn mezbonlik qildi. Jasur Abduraimov boshchiligidagi terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatsiz yakunlanganiga qaramay jamoa ko'rsatgan o'yin ko'pchilikka manzur kelgan. Guruhda hozirda "Neftchi"ni boshqarayotgan Vitaliy Levchenko ustozligidagi Tojikiston va kuchli Avstraliya taslim qilingan, Xitoy bilan murosa ko'chasi tanlangan. Chorak finalda esa Eron vakillarimizni kichik hisobda taslim qilgan.
Tarkib: Umidjon Hamroev, Umidjon Ergashev, Shoxruhjon Raimov, Azizbek Suyunov, Xojiakbar Alijonov, Islomjon Qobilov, Xushnudbek Avilov, Azizjon G'aniev, Sanjar Qodirqulov, Saidjamol Davlatjonov, Jasurbek Yaxshiboev, Suhrob Nurulloev, Bobur Abdixoliqov, Javohir Esonqulov, Sharof Muhitdinov, Oybek Rustamov, Jamshid Yusupov, Shoxruh Mahmudxojiev, Doston Ibragimov, Husniddin G'ofurov, Bekzod G'anijonov, Nurilloh To'xtasinov
"D" guruhi
O'zbekiston 7 ochko
Tojikiston 4 ochko
Avstraliya 4 ochko
Xitoy 1 ochko
Chorak final
O'zbekiston - Eron 0:2
O'zbekiston-2023
Oradagi 7 yillik tanaffusdan so'ng O'zbekiston yoshlar terma jamoasi yana Osiyo chempionatida qatnashdi, bu safar tarixda ilk bor mezbon sifatida raqiblarni qabul qildi. Murabbiy Ravshan Haydarov esa 2014 yil amalga oshirgan ishini yangi avlod bilan yana bir bor uddalashi talab etilardi.
Tarkib: Edem Nemanov, Otabek Boymurodov, Asrorbek Kenjaev, Izzatillo Po'latov, Abduqodir Husanov, Abubakir Ashurov, Javohir O'tamurodov, Jahongir O'rozov, Po'latxo'ja Xoldorxonov, Behruz Asqarov, Shahzod Nematjonov, Umarali Rahmonaliev, Shahriyor Jabborov, Zafarmurod Abdurahmatov, Abbosbek Fayzullaev, Diyorbek Ortiqboev, Shahzodbek Rahmatullaev, Nodir Abdurazzoqov, Saidafzalxon Ahrorov, Shahzod Akramov, Mahmudjon Mahamadjonov, Sherzod Esanov, Asadbek Jo'raboev
Mazkur tarkibdan Umarali Rahmonaliev, Abbosbek Fayzullaev, Po'latxo'ja Xoldorxonov, Jahongir O'rozov kabi futbolchilar ko'zga ko'rinib qolgandi. Bu turnir esa yana kutilmagan nomlarni ochib berdi. Xususan, guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o'tgan terma jamoamiz chorak finalda Avstraliyani, yarim finalda Janubiy Koreyani penaltilar seriyasida enggandi. Bunda esa hali og'izga tushib ulgurmagan Otabek Boymurodov qahramonlik ko'rsatgani yodimizdan chiqmaydi. Final esa haqiqiy bayramga aylangan, tarixda ilk bor O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tashrifi, kubokni topshirishi unutilmas onlarni taqdim qilgan deya olamiz.
"A" guruhi
O'zbekiston 7 ochko
Iroq 4 ochko
Indoneziya 4 ochko
Suriya 1 ochko
Chorak final
O'zbekiston - Avstraliya 1:1 (penaltilar seriyasi 5:4)
Yarim final
O'zbekiston - Janubiy Koreya 0:0 (penaltilar seriyasi 3:1)
Final
O'zbekiston - Iroq 1:0
O’xshash yangiliklar
![AMP Logo](https://championat.asia/image/logo-amp.png)
Fikrlar