So’nggi yangiliklar

11:15"Барселона" Араухони трансферга қўйди  1 10:42Фабио Каннаваро – «Удинезе» бош мураббийи  1 10:2116:0 - Ўзбекистон кубоги тарихидаги энг йирик ҳисобми?  6 10:13«Барселона» иккита мураббийдан бири билан шартнома тузмоқчи  10 09:46«Ливерпуль» «отмен». Аморим музокара ўтказиш учун Лондонга учиб келди  1 09:20Акинфеев Файзуллаевга «Ахмат»га қарши учрашувдан сўнг кескин гапирган  31 08:52«Интер» «Милан»дан ўтиб кетди  9 08:27МЮнинг янги раҳбарларидан бири мухлисларга мурожаат билан чиқди  2 08:03Аббосбек Файзуллаев Ўзбекистон ОТЖ сафидаги биринчи машғулотида нималар деди?  15 07:37Осиё кубоги. Бугун терма жамоамиз Вьетнамга қарши баҳс олиб боради  17 07:05U23 Осиё кубоги. Саудия Арабистони - Ироқ 1:2   0 07:00U23 Осиё кубоги. Япония - Корея Республикаси 0:1   0 06:55U23 Осиё кубоги. Таиланд - Тожикистон 0:1   0 06:50Серия А. "Милан" - "Интер" 1:2   0 06:45Серия А. "Рома" - "Болонья" 1:3   0

Tug'ilmasidan ilgari yulduzlikka erishgan, uch yoshida unutilmas sovg'aga ega bo'lgan hamda soxta nom ostida futbol o'ynagan “Karadona” - Diego Maradonaning dastlabki va so'nggi manziliga tashrif Yangiliklar

Tug'ilmasidan ilgari yulduzlikka erishgan, uch yoshida unutilmas sovg'aga ega bo'lgan hamda soxta nom ostida futbol o'ynagan “Karadona” - Diego Maradonaning dastlabki va so'nggi manziliga tashrif

Yaqinda argentinalik futbol afsonasi Diego Armando Maradona tavallud topgan hamda shumtakalik yillarini o'tkazgan Buenos-Ayres janubidagi Villa Fiorito shaharchasi Azamor ko'chasidagi uyga tashrif buyurdik.

Sayohat avvalida haydovchi xavfli hududga borayotganligimiz to'g'risida ogohlantirdi, shu bois tarixiy inshootda ko'p vaqt qolmadik. Mahallaga kirib kelishimiz bilanoq, tashlandiq manzaradan ko'zlarimiz qamashmadi. Hatto Maradonaning uyini suratga tushirish uchun bino “qo'riqchilari” bizdan 3000 Argentina pesosi (taxminan 141 ming so'm) miqdorida pul so'rashdi. SHuncha yo'ldan kelib, quruq qaytishni istamasdik. Noiloj cho'ntak kovladik. 

Ushbu hudud haqida marhum yulduzning o'zi shunday xotirlaydi: 

“Men tug'ilgan chekka mahalla elektr, suv, telefon va gazdan mahrum edi”.

Mazkur bino 2021 yilning 26 oktyabrida Argentina Prezidenti Alberto Fernandes tomonidan milliy tarixiy obida sifatida qayd etildi. 

Yaxshiroq tasavvurga ega bo'lishingiz uchun ushbu ko'rimsiz, ammo ulkan xotiralarni jamlagan kulbada futbol qirollaridan birining qanday azob-uqubatlar iskanjasida voyaga etgani to'g'risida hikoya qilamiz.

Maradona 1960 yilning 30 oktyabrida ertalab soat 7:05 da Lanus Oeste shahridagi kasalxonada tug'ilgan. U zavod ishchisi Don Diego va uy bekasi Dalma Salvadorning sakkiz farzandidan beshinchi, shu jumladan, birinchi o'g'il farzand edi. Uning tug'ilishi haqida onasi shunday xotirlaydi: 

"SHanba kuni kun davomida o'zimni yaxshi his qildim. Kechga yaqin esa to'lg'oq boshlandi. Erim va qaynog'am tezda kasalxonaga borishim lozimligini aytishdi. Biz Fiorito stanciyasidan tramvayga o'tirdik. Evita kasalxonasi eshigiga yaqinlashganimda, piyodalar yo'lagi chetida yulduz shaklida porlayotgan buyumni ko'rdim va uni olish uchun egildim... Men uni ko'ksimga bosdim. O'sha porlayotgan yulduzni ko'rganimda, farzandim o'zgacha qobiliyatga ega bo'lishini his qildim. O'n besh daqiqadan so'ng Diego dunyoga keldi..."

"Unib-o'sgan mahallamni bir so'z bilan tariflash kerak bo'lsa, "kurash" deya atagan bo'lardim. Agarda eyishga nimadir topilsa baxtingiz, bo'lmasa och qolardingiz...", degandi Maradona o'z xotiralarida.

"Qishda qahraton, yozda esa jazirama hukm surardi. Yomg'ir va do'l yoqqan kunlarida tunuka tomimiz ilma-teshik bo'lardi va polda mayda hasharotlarga o'xshash qora dog'lar paydo bo'lardi. SHunda onam qichqirardi: 'Idish-tovoqlarni keltiringlar!' Barchamiz kichik idishlarni ko'targancha chakki tomayotgan joyga qo'yib, suvni derazadan sepib yuborardik. Agar shunday qilmasak, uyimiz naq basseynga aylanardi.

Uyimizda suv yo'q edi. SHuning uchun onam idishlarni yuvish kerak bo'lganda yoki farzandlarini cho'miltirish uchun quduqdan suv olib kelishga yuborardi. Men 20 litrlik bakda suv tashib keltirardim. 

Men to'yib ovqatlanishni orzu qilardim, ammo bu oson emasdi. Maktabga borish va ko'chada o'ynash uchun poyafzal etishmasdi. Kechki ovqat mahali hamisha onamning oshqozoni og'rib qolardi va ovqatlanmasdi. Aslida, u taomni bizga ulashish uchun atayin o'zini kasalga solardi. 

Oyim meni o'limiga qadar himoya qildi. Bir marta ota-onamning gapiga quloq solmadim va uyda o'tirishni uqtirganiga qaramay, futbol o'ynashga ketdim hamda sotib olish qimatga tushgan oyoq kiyimni yirtib qo'ydim va iflos qilgancha qaytdim. Otam bundan darg'azab bo'ldi va meni kaltaklay boshladi. Ammo onam yugurib keldi va barmog'ini unga uqtab: "Agar o'g'limga qo'l ko'tarsang, bugun uxlayotganingda seni o'ldiraman", dedi.

Maradona uch yoshiga to'lganida, unutilmas sovg'aga ega bo'ldi. 

"Menga berilgan charm to'p hayotimdagi eng ajoyib sovg'a bo'lgan, uni amakivachcham Beto ilk maoshidan tuhfa qilgandi. Men koptokni tun bo'yi quchoqlab yotardim".

"Bir kun, hali 10 yoshga ham to'lmagandim, to'pni qidirib, suv bosgan xilvat joyga tushib qoldim. Men u erdan chiqishga harakat qilmasdan, to'pni qidirgancha, borgan sari cho'kib ketaverdim. Agar tog'am meni qutqarmaganda, men to'p qidirish ortidan halok bo'lardim".

Diegoning uyi atrofida bir nechta taqir maydonlar bor edi va bo'lajak yulduz o'sha erda ilk saboqlarini chiqara boshlagan. Uning qismati to'p bilan bog'liq edi. Uning yagona sevimli mashg'uloti futbol edi.

"Agar kattalar bizni qidirishga tushsalar, qaerdan topishni bilishardi. Biz o'ynaydigan maydonda o't-o'landan asar yo'q edi, faqat tuproq bilan qoplangandi. Yugurishni boshlaganimizda shunaqangi chang ko'tarilardiki, go'yoki "Uembli"da, tumanli albion ichida o'ynagandek bo'lardik.

"Ota-onam futbolga borishimga qarshilik ko'rsatishardi, ammo o'yinga besh daqiqa qolganda, onam har doim ruxsat berardi. Otam esa ishdan doim charchab kelardi. U mening o'qishimni juda xohlardi".

Ularning oilasi biz guvohi bo'lgan kulbada: bir oshxona va ikki yotoqxonadan iborat uyda qiyinchilikda yashagan. Bolalar ota-onasiga yordam berish uchun loydan ko'zalar yasab, mahalliy bozorda sotardi va topgan pullarini uyga keltirishardi. Diego ota-onasi to'g'risida shunday deydi: 

"Agar ota-onam mendan oyni olib berishni so'rashsa, uni olish uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman. Lekin bu ham ularning men uchun qilgan ishlari oldida sariq chaqaga arzimaydi".

Mahalliy jamoa "Estrella Roxa"da futbolchilik faoliyatini boshlagan va dastlab tayanch himoya zonasida harakat qilgan 8 yoshli Maradonani "Argentina Juniors"da to'p tepadigan 10 yoshli yaqin do'sti Gregorio Karrizo o'zi o'ynayotgan klubga taklif qiladi. 

"Bir kuni tushdan keyin Goyo (Karrizoning laqabi) meni "Argentinos Juniors" ko'rigiga taklif qildi. Uyga borib, bu xabarni onamga aytdim. Payshanba kuni edi, uyimiz eshigi yonida haykaldek otamning ishdan qaytishini kutardim. U kelishi bilanoq, "SHanba kuni meni sinovga olib borasizmi?" deya yolvorib so'radim. Otam o'lguday charchaganidan umuman javob qaytara olmadi. SHu bois, ertangi kun kelishini kutdim. Biz Korrisonikiga bordik, ularning uyi uzoq edi. Otam Goyoning dadasi bilan suhbatlashdi. Otam ikkimiz dala bo'ylab qaytar ekanmiz, u "Yaxshi, seni olib boraman", dedi. Men o'zimda yo'q xursand edim. Ammo o'sha tunda yomg'ir yog'a boshladi. Men yomg'irni to'xtatishni Xudodan yolvorib so'radim. CHunki otam vada bergan bo'lsa-da, yomg'ir sababli ko'rik qoldirilishi mumkin edi. Bunday holda esa yana borish uchun avtobus chiptasini sotib olishga qurbimiz etmasdi. Buni mubolag'a qilayotganim yo'q. SHanba kuni Malvinasga bordik, biroq jamoani Savedrada mashg'ulot o'tkazayotganini aytishdi. Bizda buning uchun imkon yo'q edi. Baxtimizga bir yigit bizni furgonda u erga olib bordi. Meni sinab ko'rishdi va murabbiy "Sen qol", dedi... Otam bilan uyga piyoda qaytdik. Ikkimiz ham jim edik... lekin ikkimiz ham baxtiyor edik...

Otam bilan ko'p gaplashmasdik. Bazida meni do'pposlagan paytlari ham bo'lgan. Lekin u vaqtlar o'zgacha edi. Buni hozirgi bolalar tushunmaydi. Ota-onamdan butun umr qarzdorman. Esimda, u o'lguday toliqqan bo'lishiga qaramasdan, meni "Argentinos Juniors" ko'rigiga olib borgan. O'shanda u tutqichga osilib turardi, men esa tik turib uni ushlab ketardim, chunki u tik turgan joyida uxlab ketardi. Agar shunday otam bo'lmaganida, men hech qachon o'ninchi raqamli yulduz bo'lmasdim.

Maradonani kashf etgan "Argentinos Juniors" murabbiyi Fransesko Kornexo bu haqda shunday deydi:

"Diego jamoa ko'rigiga kelgach, uning istedodidan hayratda qoldim va sakkiz yoshda ekanligiga ishonmadim. Darhaqiqat, buni tekshirib ko'rish uchun undan shaxsiy guvohnomasini so'radik, lekin u yonida emasligini aytdi. Lekin bizga amin edik, sababi u go'dakdek gavdaga ega bo'lishiga qaramay, xuddi kattalar singari mohirona o'yin namoyish etardi. Haqiqatni bilgach, uning uchun o'zimizni bag'ishlashga qaror qildik".

Keyinchalik Diego jamoaning haqiqiy etakchisiga aylandi. U ajoyib texnikaga, maydonda to'g'ri qaror qabul qilish qobiliyatiga va havas qilarli jismoniy holatga ega edi, shu sababli yosh yigitcha ikki bo'limda ham charchamasdan yugurardi, hatto uni yiqitish ham qiyin edi.

"Diego Maradona o'shanda ham to'p bilan nimalar qila olishni yaxshi bilardi. U yog'ochdan yasalgan qo'g'irchoqqa o'xshardi: uni qanchalik turtmang, baribir muvozanatni yo'qotmasdi".

Diegoning yoshi talab qilingan minimal yoshdan kichik bo'lgani uchun murabbiy uni soxta nom ostida o'ynatgan. Jamoa shunchalik yaxshi ishtirok etganki, ketma-ket 136 bahsni mag'lubiyatsiz o'tkazgan.

"Ushbu jamoada urgan gollarimni hisoblasa, Peledan o'zib ketgan bo'lardim, lekin buni isbotlab bo'lmaydi", deya kuladi Maradona.

1971 yilning 28 sentyabrida u ilk bor matbuot sahifasida ko'rinish berdi. Diegoning istedodi haqidagi xabarda uning familiyasini Karadona deb yozib qo'yishgandi. Maradona yoshligida ikkita orzu borligini aytadi: jahon chempionatida to'p tepish va g'olib bo'lish.

Maradona 1976 yil, tug'ilgan kunidan o'n kun ilgari "Argentinos Juniors" safida 16-raqamli libosda professional debyutini amalga oshirdi, o'shanda u ikkinchi bo'lim boshida maydonga tushirildi. Biroq o'sha uchrashuvda jamoasi "Kordoba"ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. 

Afsona klubdagi besh yillik faoliyati davomida 167 o'yinda maydonga tushib, 115 ta gol urgan. Uning keyingi faoliyati haqida ozmi-ko'pmi malumotga ega bo'lsangiz kerak. O'rni kelsa, bu haqda ham hikoya qilamiz.


Diego Armando so'nggi bor 2010 yilning 2 dekabrida Villa Fioritoga tashrif buyurgan.

Keyingi manzilimiz esa Diego Maradonaning so'nggi manzili — "Bella Vista" qabristoni bo'ldi. U erda marhum futbolchining otasi Don Diego (2015 yil vafot etgan) va onasi Dona Tota (2011 yil vafot etgan) ham dafn etilgan. 

Ushbu qabristonda bir qator xavfsizlik qoidalari joriy etilgan ekan, jumladan, dafn etilgan kishilarga qarindosh bo'lmaganlarning kirishi mumkin emas. Biz uzoqdan kelganimizni aytib, amallab ichkariga kirdik. SHuningdek, barcha qabrlar bir xil ko'rinishda, ortiqcha jimjimalardan holi bo'lishi belgilab qo'yilgan. Qolaversa, hudud bo'ylab kuzatuv kameralari o'rnatilgan ekan.  

Eslatib o'tamiz, Diego Armando Maradona 2020 yilning 25 noyabr kuni 60 yoshida olamdan ko'z yumgandi. Uning vafotidan so'ng mamlakatda uch kunlik motam elon qilingan.


Reyting: +6   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика