So’nggi yangiliklar

01:48"Ал Шабаб" "Милан" футболчисини 14 млн евро эвазига харид қилишга тайёр, аммо...  1 01:21"Милан" сардори "Галатасарой"ни рад этди. Турк клуби ҳимоячига "Милан"дагидан кўпроқ маош таклиф қилганди  0 00:51"Комо" Рафаэль Вараннинг трансферини эълон қилди  2 00:22"Жирона" "Тоттенхэм" форвардини ижарага олиш бўйича келишувга эришди  0 23:51"Манчестер Юнайтед" яқин вақтларда Санчонинг тақдирини ҳал қилади  0 23:21"Барселона" собиқ футболчиси "Ювентус"га ўтишга яқин  0 22:55Мбаппесиз: "Реал" АҚШдаги турне учун таркибини эълон қилди  2 22:31"Реал" 2025 йилда Трент ва Дэвис билан текинга шартнома имзолаш устида ишламоқда  4 22:06"Галатасарой" 22 млн еврога РПЛдан ўйинчи харид қилади?  0 21:23"Челси" "Реал" посбони билан шартнома имзоламайди  5 20:56Сержи Роберто "Аякс"га ўтиши мумкин. У "Барса"дан эркин агент мақомида кетади  0 20:31МЮ 25 млн евро эвазига Мазрауининг ўтиши борасида "Бавария" билан келишувга эришди  1 20:04"Атлетико" "Вильярреал" форвардига қизиқмоқда  0 19:32"Тоттенхэм" кореялик ўйинчини трансфер қилди  3 19:07Расман: "Шабаб Ал Аҳли" Азмуннинг трансферини эълон қилди  15

Tilla bola - bu maqomni olgan futbolchilarning keyingi taqdiri Yangiliklar

Tilla bola - bu maqomni olgan futbolchilarning keyingi taqdiri

Renatu Sanshesh va yana 13 nafar tilla bola. Bavariya vakili Renatu Sanshesh Golden Boy sovrinining 14-laureatiga aylandi. Etiborlisi, u Evropada eng yaxshi yosh futbolchiga topshiriladigan sovrinni yutgan birinchi portugaliyalik bo'ldi.
Soccer.ru sayti shu munosabat bilan Renatuni alohida tabriklagan holda, avvalgi laureatlarga nigoh tashlab, nufuzli sovrin ularning keyingi futbolchilik taqdirlariga qanday tasir qilganini ko'rib chiqdi. Eslatish joiz,  Golden Boy mukofoti 2003 yili Italiyaning Tuttosport nashri tomonidan tasis etilgan. U shundan buyon har mavsum yakuniga ko'ra, topshirib kelinmoqda. Individual sovringa Evropa milliy chempionatlarining oliy divizionida to'p suruvchi 21 yoshdan kichik futbolchilar davogarlik qilishlari mumkin. Ha, Tilla bola maqomiga erishgan yigitlarning keyinchalik nimalarga erishganlari ko'pchilikni qiziqtirishi tayin. Axir laureatlarning eng kattasi hozirda 33 yoshni qarshilashga ulgurdi.

2003 yil - Rafael van der Vart (Ayaks; Gollandiya)

Obro'li sovrinning birinchi sohibi sifatida gollandiyalik Rafael van der Vart tanlandi. U o'sha payt 20 yoshda edi va Ayaksda asosiy xavbek maqomida to'p surardi. Umuman, aynan mavsum-2002|2003 Rafael uchun butun faoliyati davomidagi eng sermahsuli bo'lib qoldi. Xullas, Italiya nashri uning barcha turnirlarda Amsterdam klubi uchun  naq 22ta gol urganini asos qilib olgandi. Birinchi Tilla bola yana 2 yilcha eredivizionda ushlanib turdi va shundan so'ng Gamburg safiga qo'shildi. Real tarkibida o'tgan ikki mavsum esa, uning uchun faoliyati cho'qqisi bo'ldi. Rafael Qirollik klubi bilan xayrlashgach, Tottenxemda ham 2 yil munosib o'ynadi. Keyin o'yinida pasayish boshlandi va Gamburgga qaytdi, biroq bundesligada doimiy ravishda jarohatlardan pand edi va ortga chekinishi davom etdi. Hozirda 33 yoshli golland Daniyaning Midtyulland jamoasi sharafini himoya qilyapti. U - JCH-2010 kumush medali va Evro-2004 bronzasi sohibi.

Xulosa. Ushbu Tilla boladan taniqli futbolchi chiqdi. Faqat, bir narsani qo'shimcha qilish lozim, o'sha mavsum ekspertlar negadir Krishtianu Ronalduga etibor qaratishmagandi.

2004 yil - Ueyn Runi (Everton|MYU; Angliya)

Ikkinchi laureat Ueyn Runiga nisbatan ham xuddi shu gaplarni takrorlash mumkin. To'g'ri, u ayni payt malum muammolar girdobida, lekin futbol tarixiga yorqin iz bosish uddasidan chiqdi. Ingliz hujumchisi o'sha 2004 yiliyoq Evropa chempionatidagi o'yinlari orqali butun dunyoga ovoza bo'ldi va Evertondan Manchester Yunaytedga o'tdi. Runi shuningdek, keyinchalik Oltin to'p davogarlari ro'yxatiga tushdi, Angliya milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to'purarga aylandi va APLning barcha davrlardagi goleadorlari reytingida 2-o'ringa ko'tarildi (undan oldinda birgina Alan SHirer bor). Qolaversa, SHrek yana 3tagina gol ursa, afsonaviy  Bobbi CHarltonga etib, Manchester Yunayted tarixidagi eng sermahsul futbolchi maqomini oladi.

Xulosa. Ueyn Runi chindan ham, Tilla bola ekanligini isbotladi.

2005 yil - Lionel Messi (Barselona; Argentina)

Tuttosport 2015 yili Golden Boyga munosib yigitni topishda sira adashmadi. Yani italyanlar uchinchi urinishda nishonni mutlaqo bexato urishdi. Vaholanki, Leo o'sha payt gol muhrlashni hali sanoat konveyri darajasiga olib chiqqan emasdi. Deylik, mavsum-2004|2015 davomida Barselonaning 17ta o'yinida ishtirok etib, atigi 4ta gol bilan kifoyalangandi. Qolaversa, bor-yo'g'i 18 yoshli o'spirin edi. Keyinchalik hammasi qanday tus olgani esa barchaga malum!

Xulosa. 3-raqamli Tilla bola Oltin to'pning 5 karra sohibiga aylandi va bu ehtimolki, hali chegara emas. Ortiqcha gapga o'rin ham yo'q.

2006 yil - Sesk Fabregas (Arsenal; Ispaniya)

Sesk Fabregas yuqori darajadagi to'laqonli ikkinchi mavsumi yakunida sovringa munosib topildi. Kataloniyalik yigit o'shandayoq Arsenal yarim himoyasida ob-havoni belgilab berishni boshlagan, biroq asosiy yutuqlari hali oldinda edi. Sesk keyinchalik Ispaniya milliy jamoasi bilan jahon chempioni bo'ldi, shuningdek, Evropa birinchiligida 2 marta zafar quchdi. Klub miqyosida esa, jonajon jamoasi - Barselonaga qaytib, bir qator sovrinlarga ega chiqdi va yana Angliyaga yo'l olib, CHelsi safida chempionlik gashtini surdi. Unga bitta natija etishmayapti - CHempionlar Ligasidagi g'alaba, lekin buning uchun hali imkoniyati yo'q emas. Zero, Fabregas hozir 29 yoshda va hali yana 3-4 yil yuqori saviyada o'ynasa kerak.

Xulosa. Fabregas ham Italiya nashrini uyaltirmay, Tilla bola nomiga munosib o'ynadi.

2007 yil - Serxio Aguero (Atletiko; Argentina)

Aguero Atletiko tarkibidagi birinchi mavsumidan so'ng Golden Boy sohibiga aylandi, garchi o'shanda atigi 7ta golga mualliflik qilgan bo'lsada. Muhimi, argentinalik hujumchi bu avansni keyinchalik to'la oqladi.  Yani Madridda o'tgan samarali 5 yildan so'ng Manchester Siti safini to'ldirgan Kun Angliyada ham o'ziga xos samaradorlikni saqlab qoldi. Xususan, bitta mavsumga bog'liq shaxsiy rekordini 30ta gol marrasiga etkazdi va haqli ravishda zamonaviy futboldagi eng yaxshi hujumchilardan biri maqomini oldi.

Xulosa. Yana bir bexato tanlov. Ha, italyanlarning topqirliklariga qoyil qolish kerak.

2008 yil - Anderson (Manchester Yunayted; Braziliya)

SHunday, ammo braziliyaliklar orasidan tanlangan ilk laureat ishonchni oqlay bilmadi. To'g'ri, Anderson Manchester Yunayteddek klubda naq 180ta o'yin o'tkazdi, ammo buyuklar qatoriga qo'shilolmadi, baribir. Boz ustiga, Braziliya terma jamoasida ham mustahkam joyga ega bo'lolmadi. 28 yoshli yarim himoyachi ayni payt o'z vatanida Internasonal sharafini himoya qilmoqda.

Xulosa. Italyanlarning birinchi jiddiy adashishlari. Harqalay, Anderson hozir ayni kuchga to'lgan yoshda, biroq evrofutboldan uzoqlashib ulgurdi.

2009 yil - Aleshandre Pato (Milan; Braziliya)

Pato faoliyatining start bosqichida aql bovar qilmas mahsuldorligi bilan ko'pchilikni shoshirib qo'ydi. Biroq Milan safidagi 150ta o'yinda 63ta gol urgan futbolchiga keyinchalik jarohatlar qattiq pand berdi. Qisqasi, u evroarenalarda o'z salohiyatini to'liq namoyish etolmadi. Natijada braziliyalik hattoki, o'z vataniga qaytishga majbur bo'ldi. Joriy yil esa Pato yana ko'hna qita futbolini bo'ysindirishga urinmoqda. Aniqrog'i, hujumchi malum vaqt CHelsi zaxira o'rindig'ini isitdi va shundan keyin Vilyarreal azosiga aylandi. Hozirda jamoaning o'yinlarida muntazam ishtirok etmoqda.

Xulosa. Qarangki, braziliyalik ikkinchi Tilla bola ham bu maqomga mos ekanligini isbotlay olmadi. Harqalay, hamma Patodan ko'p narsa kutgandi.

2010 yil - Mario Balotelli (Inter|Manchester Siti; Italiya)

Italiyaliklarning Mario Balotelliga ham katta umid bilan qarashgani aniq. Bebosh hujumchi 2010 yiliyoq CHempionlar Ligasi g'olibi sifatida Manchester Siti safiga qo'shilib, APLni zabt etishga chog'landi. Biroq klubda sovrinning yana bir sohibi Serxio Aguerodek bosh rolga ko'tarilish ilojini topolmadi. Keyin xira tortilgan yulduz Evro-2012da bir zumga yana porladi - yarim finalda Germaniya termasiga tortiq etgan 2ta golini eslang. SuperMario keyin Milan vakiliga aylandi va Liverpulga borgani xato qadam bo'lib chiqdi. Xullas, 2 yilni yo'qotgan Balotelli endilikda kamtarona Niccada faoliyatini qayta jonlantirish harakatini amalga oshirmoqda.

Xulosa. Hozircha aniq baho berishga erta bo'lsada, Marioning Tilla bola nomini oqlashi qiyin-ov...

2011 yil - Mario Gyotce (Borussiya; Germaniya)

Gyotce ham jamoa almashtirgach, qiyinchiliklarga uchradi. CHunonchi, Bavariyaning asosiy tarkibiga kirolmadi va yozda boshqatdan qo'zg'alish maqsadida Dortmundga qaytdi. SHuning barobarida Mario mundial-2014 finalida oltin gol muallifiga aylanib, jahon chempioni bo'ldi. Bu uning Tilla bola ekanligining ilk alomati edi.

Xulosa. Navbatdagi alomatlar ham ko'rinadimi? Aytish mushkul. Ammo Tuttosport nashrining bejiz Gyotceni sharaflamagani hozirdan tayin. Nima derdik, 24 yoshli hujumkor yarim himoyachida ekspertlar yozini yorug' qilish uchun imkoniyat ham, vaqt ham etarli.

2012 yil - Isko (Malaga; Ispaniya)

Isko avvaliga Valensiyada isinib o'tirdi, keyin Malagada bor salohiyatini ko'z-ko'z qila boshladi. Xullas, anchouslar tarkibidagi bir mavsum natijalari o'laroq, Tilla bola bo'lishga nomzodlar qatoriga kirdi.  Italyanlar qanday miqyosdagi futbolchiga nazar solishganini yaxshi tushunishardi. Iskoning Realga ko'chib o'tishi ham kimnidir ortiqcha hayron qoldirmadi. Ha, yarim himoyachi ayni payt malum darajada murakkablikni sezmoqda. Yani doim ham asosiy tarkibdan joy olmayapti. Ikkinchi tomondan, futbolchi Qirollik klubidagi 3ta mavsumdan ko'proq vaqt ichida chamasi 150 martacha maydonga tushib, 24ta goldan xirmon to'plashga ulgurdi. Qolaversa, yana 31ta aniq zarbaga assistentlik qildi. Umuman, Isko mavsum-2013|2014dan buyon golga sheriklik masalasida Madrid xavbeklari orasida eng yaxshi ko'rsatkichga ega bo'lib turibdi.

Xulosa. Iskoning katta futbolda aytar so'zlari hali ko'pligiga shubha yo'q. Hozirgi holat bo'yicha gapirsak ham, italyanlar tanlovini maqullash mumkin.

2013 yil - Pol Pogba (Yuventus; Franciya)

Pol Pogba taqdiri xuddi Iskonikiga o'xshash. Franciyalik iqtidor MYUda o'yin amaliyotisiz qoldi, ammo Yuventusga o'tgani hamono ko'p narsaga qodirligini namoyish eta boshladi. Mana, Pogba yozda Old Traffordga qaytish asnosida futbol tarixidagi eng qimmatbaho o'yinchi maqomini oldi. Demakki, Golden Boy qisqa davrda Oltin to'pning bo'lajak 5 karra sohibi, jahon va Evropa chempioni, shuningdek, barcha zamonlar va xalqlarning eng qimmatbaho futbolchisi mulkiga aylanib ulgurdi. Ha, italyanlarga xos aniqlikka yana bir marta tasanno!

Xulosa. Pogba hozircha transfer narxi masalasida ishonchni ortig'i bilan oqladi. Endi navbat bevosita sportcha natijalarga.

2014 yil - Rahim Sterling (Liverpul; Angliya)

Angliyalik yigit Liverpulda darhaqiqat, barchasini hayratomuz darajada boshlab, shunga yarasha, nufuzli sovrinni qo'lga kiritdi. Ammo shunisi borki, Rahim ayni payt biroz o'zgardi. To'g'ri, ortda qolgan 2 yil davomida butunlay izdan chiqqani yo'q: katta mablag' evaziga Manchester Siti libosiga burgandi, Evropa chempionatida ishtirok etdi va Xosep Gvardiola shaharliklar bosh murabbiyi lavozimini egallagach, biroz faollashdi ham.

Xulosa. Sterling Tilla bola maqomini oqlash uchun hali ancha o'sishi kerak. Boshqacha aytganda, o'z vaqtining eng iqtidorli futbolchilaridan biri ekanligini amalda to'la isbotlashi talab etiladi.

2015 yil - Antoni Martial (Monako|MYU; Franciya)

 Manchester Yunayted tarkibidagi uchinchi laureat. Klubning Golden Boy, yani oltinga tenglashtirilgan bolalari soni yana bitta ko'p bo'lishi mumkin edi, agarda ekspertlar 2003 yili Ronalduga etibor qaratishganida. Antoni hozircha chakki emas. 20 yoshli yigitning butun faoliyati hali oldinda va uning aslida nimalarga qodirligini aniqlash uchun biroz sabr qilishga to'g'ri keladi.

Xulosa. Ha, sabr kerak, lekin hozirdan italyanlarning Martial masalasida ham adashmaganlari belgilari ko'zga tashlanmoqda.

2016 yil - Renatu Sanshesh (Benfika|Bavariya; Portugaliya)


Sanshesh - Tilla bola maqomini yirik xalqaro turnir g'olibi sifatida olgan birinchi futbolchi. Bilasiz, u yozda Portugaliya milliy jamoasi safida chakki taassurot qoldirmadi. Ko'rinishidan, italyanlarning bu safar aynan Sansheshni etirof etishganida aynan Evro-2016dagi o'yinlari va uning yakuniy natijasi hal qiluvchi omil bo'lgan. CHunonchi, davogar hisoblangan Markus Rashford, Dele Alli va Kingsli Koman kabi yigitlarda ham imkoniyat yomon emasdi. Sanshesh Evropa birinchiligidan oldin Benfikani Bavariyaga almashtirgandi. Xullas, yangigina Tilla bola ayni payt Myunxenda moslashuv jarayonini davom ettiryapti.

Xulosa. Oddiy va tushunarli gap: barchasini oliy hakam - vaqt ko'rsatib beradi.

A.AHMEDOV tayyorladi


Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика