Superliga starti - syurprizlar sahnasimi?
27 fev 11:21
Yangiliklar
Yangi mavsum ostonasida turibmiz. Bahor nafasi bilan maydonga tushayotgan jamoalardan ishtiyoq va intriga kutilmoqda. Ilk turning o'ziyoq ayrim savollarga javob berishi, ayrimlarini keyingi turlarga qoldirishi mumkin.
"Andijon" — "So'g'diyona". "Burgutlar" "Bobur Arena"da parvoz qiladimi?
"Burgutlar" mavsumni o'z maydonidagi o'yin bilan boshlaydi. Bugun stadion larzaga kelishi kutilmoqda. Lekin fikrimcha, maydon ichida yuqori tempdagi o'yin kutmayapman. Ikki jamoaning ham ustunligini alohida qayd etmagan bo'lardim. Durang start uchun har ikki tomonga ham yomon natija hisoblanmaydi.
Savol tug'iladi: "Andijon" bu o'yinga qanday tayyorgarlik bilan maydonga tushadi? Jamoa Antaliyadagi yig'inlar davomida faqat bitta o'yinda g'alaba qozondi. Tarkib, arenadagi muhit, mezbonlik omili kabi ustun jihatlar bor. Bu jamoa harakatida ham aks etishi talab etiladi. Ivan Boshkovich uchun startda barqarorlik muhim. Jamoaga o'tgan yili etishmagan jihat — mavsumning dastlabki qismida yo'qotilgan ochkolar bo'lgandi.
Statistika esa "Andijon" uchun quvonarli emas. Jamoa so'nggi marta 2016 yili o'z maydonida "So'g'diyona"ni mag'lub etgan. Keyingi olti bahsda to'rtta durang va ikki marta jizzaxliklar g'alabasi qayd etilgan.
Natijalar:
2025 — "Andijon" — "So'g'diyona" 2:2
2024 — "Andijon" — "So'g'diyona" 0:1
2023 — "Andijon" — "So'g'diyona" 1:2
2021 — "Andijon" — "So'g'diyona" 0:0
2020 — "Andijon" — "So'g'diyona" 1:1
2019 — "Andijon" — "So'g'diyona" 0:0
2016 — "Andijon" — "So'g'diyona" 3:0
"Qizilqum" — "sherlar" uchun qulay raqib
"Paxtakor" — "Qizilqum" jamoalari shu kunga qadar Superliga doirasida 52 marta to'qnash kelgan. Bu o'yinlarda mutlaq ustunlik "Paxtakor" tomonida. "Sherlar" 43 uchrashuvda g'alaba qozongan, ikki marta mag'lub bo'lgan.
"Paxtakor" stadionidagi 26 uchrashuvda mezbonlar 22 g'alaba va bir mag'lubiyat qayd etgan. Navoiyliklar ilk va hozirgacha yagona g'alabasini 2001 yilgi mavsumning 20-turida Toshkentda qo'lga kiritgan.
O'sha mavsumda Sergey Shevchenko boshchiligidagi jamoa bu ishni uddalagandi. Undan bir yil oldin ham Shevchenko poytaxtdan bir ochko bilan qaytgan. Mutaxassis ketma-ket ikki yil "sherlar"dan safarda ochko olgan navoiyliklar tarixidagi ilk murabbiy hisoblanadi.
2001 yil. 20-tur
"Paxtakor" — "Qizilqum" 1:2
31.07.2001. 7 000 tomoshabin.
Gollar: Nematullo Qutiboev — Spartak Murtazoev, Arslon Tolipov.
Tarixga nazar tashlasak, poytaxt klubi raqibini bir necha bor yirik hisoblarda mag'lub etganini ko'rish mumkin. 11:0 natijasi ushbu jamoalar o'rtasidagi eng sermahsul va yirik hisobli uchrashuv sifatida qayd etilgan.
10.08.1995 — "Paxtakor" — "Qizilqum" 7:0
25.11.2007 — "Qizilqum" — "Paxtakor" 0:11
10.05.2009 — "Qizilqum" — "Paxtakor" 0:5
18.09.2009 — "Paxtakor" — "Qizilqum" 6:1
21.06.2019 — "Paxtakor" — "Qizilqum" 8:0
30.07.2019 — "Qizilqum" — "Paxtakor" 0:5
Tabiiyki, favorit — Toshkent klubi. Ammo bahorgi futbolda ko'pincha ishtiyoq va yuqori xohish ustun keladi. Navoiyliklar 25 yil avvalgi natijani yana takrorlay oladimi?
"Buxoro" — "Qo'qon-1912". Shipilov vs Xomyakov dueli
Qo'qonliklar mavsumga avvalgi yillardan mutlaqo farqli tarzda tayyorgarlik ko'rdi. Murabbiylar shtabiga Andrey Shipilov va Fevzi Davletov taklif qilindi. Jamoa o'z tarixida ilk bor Antaliyada o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazdi.
Tarkib o'zagi saqlanib qolingan holda hujum va yarim himoya chizig'iga tajribali futbolchilar jalb etildi. Nazorat o'yinlarini kuzatar ekanmiz, jamoada yuqori intizom, o'z darvozasi daxlsizligini saqlagan holda hujumda keskinlik yaratishga asoslangan o'yin shakllanayotganini ko'rish mumkin.
Aleksandr Xomyakov avvalgi jamoalaridagi kabi standart vaziyatlar va yuqori pressingga mos, jismoniy kuchga tayanadigan o'yinni yo'lga qo'ymoqda. Tarkib ham shunga mos yig'ilgan — bo'ydor futbolchilar jamoada ko'pchilikni tashkil etadi.
"Qo'qon-1912" so'nggi marta 2019 yili Superligada "Buxoro"ni mag'lub etgan. Bu jamoaning raqibi ustidan mehmonda qozongan yagona g'alabasi hisoblanadi.
Superliganing yangi mavsumi ilk turdanoq kutilmagan natijalarga boy bo'lishi ehtimoldan holi emas. O'zbekiston Superligasi bahorgi futbolga xos ruh — ishtiyoq bilan boshlanadi. Favoritlar ustun ko'rinayotgan bo'lsa-da, maydonda barchasi o'zgarishi mumkin. Agar "Qizilqum" Toshkentda "Paxtakor" ustidan g'alaba qozonsa, bu turning eng katta sensaciyaga aylanishi aniq. "Andijon" muxlislari ko'z oldida g'alabani tantana qilishga intiladi, Boshkovich jamoasi ham Andijonga shunchaki kelmagani aniq. Xomyakov va Shipilov jamoalari dueli o'ziga hos jangovor tus olsa ajab emas.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
ЕЧЛ 1/8 финал босқичига қуръа ташланди: "Реал" яна "Сити" билан ўйнайди
Суперлига. "Пахтакор" ўз майдонида "Қизилқум"ни мағлуб этди
ЕЧЛ. "Реал Мадрид" ўзини ўтиш ўйинларида ўйнашга мажбур қилган "Бенфика"ни мағлуб этиб, нимчорак финалга йўлга олди
Суперлига. "Андижон" ўз майдонида "Сўғдиёна"ни тор-мор этди
Fikrlar