Rustam Mirsodiqov: “Intervyu berishni unchalik yoqtirmayman”
17 dek 2015 09:00
Yangiliklar
Rustam Mirsodiqov: “Intervyu berishni unchalik yoqtirmayman”
Hattoki, futbolimiz rahbariyati “Paxtakor” – “Metallurg” o'yinidan keyin bekobodliklarning ustozi Rustam Mirsodiqovni licenziyasidan mahrum qildi. Natijada “Metallurg” chempionat oxiriga qadar bosh murabbiysiz o'ynashga majbur bo'ldi. Tabiiyki, shundan so'ng Mirsodiqov to'g'risida ham gaplar tarqaldi. Lekin u barcha vaziyatni sovuqqonlik va jimgina kuzatdi. Hozir esa keyingi mavsum rejalari ustida ishlamoqda. O'ylaymizki, ushbu mutaxassis tomonidan mazkur holat bo'yicha bildiradigan fiklari sizni befarq qoldirmasa kerak. Ammo shuni ham aytish kerakki, u bu haqida ko'p ham to'xtalishni istamadi. SHuningdek, jurnalistlar haqida ham o'z munosabatini bildirdi. Suhbatni esa dabdurustdan o'zi haqida boshlamasdan, avval yakuniga etgan mavsum xususidagi fikrlari bilan boshladik.
“Joriy mavsum oxirigacha qiziqarli kechdi”
- Oxirgi turda “Mashal” durang yoki mag'lubiyatga uchraganida biz 8-o'rinni egallashimiz ham mumkin edi, - deya suhbatni boshladi Rustam To'xtamurodovich. - Aytishim kerakki, mavsumning oxiriga qadar har bir tur qiziqarli kechdi. “Buxoro” Jizzaxda “So'g'diyona”ni yutib keldi. Vaholanki, buni oldindan taxmin qilish ham qiyin edi. “Dinamo” esa o'z uyida “Olmaliq”ni 1:0 hisobida yutayotib oxirgi daqiqada to'p o'tkazib yubordi. Mening fikrim shunday: bu yilgi chempionat oxirigacha qiziqarli o'tdi. Hech kim oldindan aniq shunday bo'ladi deb ayta olmadi. Faqat 4-, 5- va 6-o'rin egalari oldindan malum edi. Qolgan o'rinlar uchun esa oxirigacha kurash qizg'in bo'ldi.
- “Metallurg” joriy mavsumda 9-o'rinni egalladi. Jamoangiz bundan-da yuqori pog'onaga loyiqmidi?
- Futbol qiziqarli o'yin. Oldindan bir nima deya olmaysiz. O'z uyimizda “Buxoro”ga yutqazmaganimizda yoki “Qo'qon-1912” bilan bahsda o'zimiz uchun kerakli natijani ko'rsatganimizda 7-o'rinni qo'lga kiritishimiz ham mumkin edi. Faqat futbolchilarimizga ayrim ruhiy tomondan tasir bo'lgan holatlar bo'ldi. Aslida har bir jamoada yaxshi natijalar uchun imkoniyat bo'ladi. Faqat o'ynash kerak.
- Nima deb o'ylaysiz, siz uchun o'z imkoniyati darajasidan yaxshiroq o'yin ko'rsatgan jamoa qaysi bo'ldi va aksincha...
- “Neftchi” ko'pchilikni hayron qoldirdi. Oxirgi bir-ikki yilda bu jamoa ko'proq mag'lubiyatlarga uchrab o'rtamiyonalar qatorida yurgandi. Demak, jamoaning shakllanishi uchun kamida ikki yil kerak ekan. Buni farg'onaliklar misolida ko'rib turibmiz. Yangi jamoa tuzadigan bo'lsa ham baribir kamida ikki yil vaqt kerak. “Neftchi” esa bu yil ko'pchilikni hayron qoldirdi. Ular hammasiga o'z kuchi va mehnati orqali erishdi. Aksincha bo'lgan jamoaga to'xtalsam, (biroz o'ylanib) to'g'risini aytsam, “Buxoro”dan ko'p narsa kutgandim. Yil boshida Aleksandr Mochinov bosh murabbiy bo'lib kelgach, iqtidorli yoshlarni to'plagandi. Lekin jamoaga kelgan o'yinchilarning ko'pchiligi o'z klublarida zaxirada qolib ketayotgan futbolchilar edi. Nima bo'lganda ham “Buxoro”ni hech bo'lmaganda 10-o'rinni qo'lga kiritsa kerak deb o'ylagandim. Albatta, ikkinchi davrada jamoada jiddiy o'zgarishlar bo'ldi va bir amallab oliy ligada qolishdi. Lekin umumiy manoda aytganda, “Buxoro” ligada qolish uchun kurashadigan jamoa emas, balki o'rta o'rinlarda yuradigan klub edi.
- “Dinamo”ning oliy ligani tark etganiga munosabatingiz qanday bo'ldi?
- Futbolda shunday narsalar borki, uni hech kim kutmaydi. Aytyapman-ku, oxirgi uchrashuvda 1:0 hisobida oldinda borayotgandi, ammo oxirgi soniyalarda javob to'pini o'tkazib yuborishdi. “Dinamo” tarkib bo'yicha “Andijon”, “Buxoro” va “So'g'diyona”dan ham kuchli edi. Ularga ozgina omad etishmadi. Ikkinchi davrada Bahrom Hakimov bosh murabbiy bo'lgach, jamoada qandaydir o'zgarishlar sezildi. Uyda ham, safarda ham yutishdi. O'ylashimcha, “Dinamo”ga ruhiy bosim bo'ldi. Yani, yutqazib qo'ymaylik deb maydonga tushgan jamoa har doim qiynaladi. Agar ularda bunday ruhiy bosim bo'lmaganida bemalol “Olmaliq”ni mag'lub etishlari mumkin edi.
“Metallurg”dagi ishimni yana davom ettiraman”
- Hozir ko'pchilikni bitta savol qiziqtiryapti: yani, Rustam Mirsodiqov kelasi yili ham “Metallurg”dagi ishini davom ettiradimi yo yo'qmi? Ushbu savolga o'zingizdan javob olsak maqsadga muvofiq bo'lardi.
- Bilasiz-ku, yilning oxirigacha mening licenziyamni olib qo'yishgan. Lekin hozir ham o'z vazifamni bajaryapman. Qishki tayyorgarlik ko'rishga harakat qilib yuribmiz. Tarkibga qaysi iqtidorli yoshlarni jalb qilish haqida o'ylayapman. Albatta, kelasi yili ham klubdagi o'z vazifamni bajarishda davom etaman.
- U holda yangi mavsumga tayyorgarlik rejalari bilan o'rtoqlasha olasizmi?
- Har bir jamoaga o'xshab biz dekabr oyining o'rtalaridan to'planamiz. Kimdir 15, yana kimdir 20-sanasidan yig'iladi. Biz esa 21-dekabrdan to'planishni o'ylab turibmiz. Qishki yig'inimiz odatdagidek CHirchiqda o'tkaziladi.
- Licenziyangizning olib qo'yilishi murabbiy sifatida sizga ruhiy tomondan tasir ko'rsatmadimi?
- Qozonni kovlasangiz qorasi chiqaveradi. Bu narsa o'tib ketdi. Uni yana eslab ruhiy tomondan tasir qildimi yo yo'qmi, degan gaplarni foydasi yo'q.
- Demoqchimanki, futbolimizda tutgan o'rningiz katta. Hurmat va etiborga ega bo'lgan mutaxassissiz. SHu nuqtai nazardan qaraganda, licenziyangizdan ayrilishingiz baribir sizga tasir qilgandir?
- Hamma o'zidan o'tganini o'zi biladi. Aytyaman-ku, qozonni kovlasangiz uning qorasi chiqaveradi. Yaxshisi, yopilgan qozon yopig'ligicha qolaversin, uka.
- SHunday deng... To'g'risi, hozir “Paxtakor” – “Metallurg” o'yinidagi holat haqida ham so'ramoqchi bo'lib turgandim...
- Hammasi o'tib ketdi-ku. Yana kovlamaylik. Hozir eng asosiysi, milliy terma jamoa bilan olimpiya termamizga muxlislik qilaylik.
- Tushunarli. Klub haqida so'ramoqchiman. Yangi mavsumda tarkibda katta o'zgarishlarni ko'rmaymizmi?
- SHu masala ustida ishlayapmiz. Hozir oldindan bir nima deya olmayman. Kim kuchli bo'lsa o'shalarni jamoamizga jalb qilamiz.
“Men uchun Berdiev eng yaxshi murabbiy”
- Mavsum yakunlariga ko'ra eng yaxshi futbolchi nomiga davogarlar muhokama qilinyapti. Sizningcha, eng kuchli o'yinchi kim bo'ldi?
- Hozirning o'zida bu savolingizga darrov javob bera olarmikinman? Foydasi ko'p tekkan futbolchini hisobga oladigan bo'lsak, Igor Sergeevni aytaman. U “Paxtakor”ga ham, terma jamoalarga ham foyda keltirdi. Qiyin vaziyatlarda jamoalarimizni qutqardi.
- Murabbiylardan kimni aytasiz?
- Ro'ziqul Berdiev.
- Nima uchun?
- CHunki u necha yildan beri ishlayotgan bo'lsa “Nasaf” hamisha barqarorlikni saqlab kelmoqda. Menga Ro'ziqulning ish yuritish sistemasi juda yoqadi. U yoshlarga ishonch bildiradi va qo'rqmasdan maydonga tushiradi. O'zbekistonda eng barqaror jamoa – bu “Nasaf”. Ayniqsa, Ro'ziqul Berdiev bosh murabbiy tepasiga kelganidan keyin shu maqomni saqlab kelyapti.
- “Metallurg”ni ham mana shunday har tomonlama barqaror klub sifatida ko'rishni hali uzoq kutamizmi?
- “Metallurg”mi? Mana, ishlab kelyapmiz-ku. Bizda sovrinli o'rinlar uchun kurashish vazifasi yo'q. Bekobodlik muxlislarni xursand qilish asosiy maqsadimiz. Sakkiz yildan beri yaxshimi-yomonmi, ularni xursand qilishga harakat qilyapmiz. SHu vaqt davomida “Metallurg” ligada qolish yoki chempionlik uchun kurashayotgani yo'q. O'ylashimcha, bizning jamoa ham barqaror.
- To'g'risini aytishingizni istardim, yana medallar yutishni sog'indingizmi?
- Bilaman, bu savolni birinchi marta berayotganingiz yo'q. Oldin ham aytgandim, har bir murabbiy ishlagandan keyin yaxshi natijaga erishishni istaydi. Xudo xohlasa, yana sovrinlarga ham ega bo'lib qolarmiz!
“Intervyu berishni unchalik yoqtirmayman”
- Har doim sizning bildirgan fikrlaringiz muxlislar uchun qiziq tuyuladi. Hozirgi suhbatimiz jarayonida mendan o'zingiz istagan yana qandaydir savol berishni xohlayapsizmi? Balki siz kutgan savolni bermagandirman…
- Siz jurnalistlar baribir xohlagan savolinglarni berasizlar. Qiziq, men qanday savolni xohlashim mumkin? O'zbek futboli mamlakatimiz mustaqillikka erishganimizdan keyin yaxshi rivojlandi. Milliy hamda olimpiya terma jamoalarimizning maqsadlariga erishishi yo'lida muxlislik qilamiz.
- Odatda ayrim jurnalistlar siz bilan gaplashishga biroz hayiqib turishadi...
- Bazi jurnalistlar gapirmagan gapni ham yozib yuborishadi. Ertaga esa o'sha noto'g'ri talqin qilingan so'zlardan boshqa klubdagilar ranjishi mumkin. O'zim esa intervyuni o'qimayman. Siz aytganlarimni yozyapsizmi, demak, siz bilan gaplashaman. Ayrimlari shunday savol beradiki, natijada birovning shaniga tegadigan gap aytishga to'g'ri kelib qoladi. SHu bois imkoni qadar kamroq intervyu berishga harakat qilaman.
- Bu yil ham yana kelishilgan o'yinlar haqida ko'p bahs-munozaralar bo'ldi. Sizga shu masala bo'yicha murojaat qilsam, qanday javob berasiz?
- SHunday o'yinlar haqida jurnalistlar to'xtalib vaziyatni jiddiy tus oldirib yuborishmoqda. Kelishilmagan uchrashuvlarni oldindan gaplashib qo'yishgan, hammasi hal bo'lgan, qabilida gapirishib, hammani shunga ishontirishyapti. “Dinamo” va “Olmaliq” o'yinini eslang. Ochig'i, o'yindan oldin hamma “Olmaliq”qa hech nima kerak emas, o'yinni “Dinamo”ga berib yuboradi deyishdi. Oxiri nima bo'ldi? To'ydan oldin rosa nog'ora chalishdi. Yoki “So'g'diyona” – “Buxoro” o'yiniga etibor qarating. Jamoalar uchrashuvdan avval kelishib olishgan deyishgandi. Jurnalistlar bunday bo'lmag'ur narsalar haqida qancha kam gapirishsa shuncha yaxshi bo'ladi. Hadeb yo'q gapni gapiraverib, yozaverib murabbiy va futbolchilarning shaniga dog' tushirishyapti. O'yindan oldin albatta futbolchilar internet va gazetalarni o'qishadi. Kelishilgan o'yinlar haqida yozilgan maqolalar baribir ularga tasir qiladi. Bemaza hakamlar qachondir pul olganman deb o'zicha qolganlarning ishini “ochib” tashlamoqchi bo'lishyapti. Bularning barchasi noto'g'ri narsa. Agar o'sha hakam rostdan ham kimdandir pul olgan bo'lsa-yu, ammo jamoa haqiqiy jangovor o'yin ko'rsatsa hech kim hech qanday yordam bera olmaydi. Faqat futbol o'ynash kerak xolos.
- Oldingilariga qaraganda, ushbu yilda ko'p asabiylashdingizmi?
- Mavsum boshida “Kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashish” komissiyasi tuzilganidan keyin biz murabbiylar barchamiz yig'ilib, bunday o'yinlarga qarshimiz deya bitta to'xtamga kelganmiz. Baribir 5-6 ta turdan keyin yana yozishni boshlashdi: u o'yinni sotyapti, bunisi beryapti deb. Albatta, bunday xabarlarni o'qigandan keyin har bir murabbiy ham asabiylashadi. CHunki kim ham emagan somsasiga pul to'lashni istaydi? Jurnalistlar aksincha yordam berishlari kerak. Bunday qing'ir o'yinlar haqida hadeb yozaverishsa ham o'zbek futboli shaniga to'g'ri kelmaydi. CHunki shu narsani boshqa mamlakatdagilar ham o'qishyapti-da! Mana, bu yilgi chempionatimiz qiziqarli kechdi. Oxirgi turgacha chinakam kurash kechdi. SHular haqida yozishsa bo'lmaydimi? Sportda doim adolat bo'lishi lozim. SHuning uchun jurnalistlar bilan ko'p muloqotda bo'lavermayman. Bitta jamoa yutsa maqtaydi, agar yutqazishsa uni tanqid ostiga olib nimalardir deyishadi. Vaholanki, futbolda albatta g'alaba bilan mag'lubiyat yonma-yon yuradi.
- Gazetalarni unchalik o'qimasligingizni bilaman. Internetdan foydalanib turasizmi?
- Yo'q, internet ko'rmayman.
- Qiziqmaysizmi?
- Nega endi? Qiziqishim bor. O'qiganimda noto'g'ri yozilgan maqolalarni ko'rib, yanada ko'proq asabiylashaman. Aslida men gazeta o'qishni yaxshi ko'raman, faqat unda haqiqat, to'g'ri gaplar yozilsa!
- Bergan intervyuingizdan keyin uni o'qishni xohlamaysizmi?
- Yo'q. Nega sizga intervyu beryapman? Buni oldin aytmagandim, ammo endi aytsam bo'ladi. Avval sizni sinab ko'rganman. Andijonda uchrashib suhbatlashgandik. O'sha maqola gazetada chop etilganidan keyin birga ishlaydigan murabbiylar menga “Rustam aka “Futbol Ekspress”da intervyuingiz chiqibdi” deb xabar berishgan. O'shanda qiziqib o'qib ko'rganman va savollarga bergan javoblarimni to'g'ri yozgansiz, o'zingizdan hech nima qo'shmagansiz. Faqat o'zbek futbolini maqtanglar. Sport bu siyosat. Sport orqali O'zbekistonni yanada tanishyapti, hurmat qilishyapti. Ertaga nasib qilib, jahon chempionati va Olimpiyadaga chiqsak, o'sha yomonlayotgan jurnalistlar keyin maqtashga tushib qoladilar. SHuning uchun inson doim bir xil darajada bo'lish lozim.
FIRDAVSXON suhbatlashdi.
Fikrlar