So’nggi yangiliklar

23:01Алдервейрелд ваҳима касаллиги туфайли Бельгия терма жамоасини тарк этганини айтиб берди  0 21:09Аморимга трансферлар учун тен Хагга нисбатан камроқ пул беришади  3 20:45Эшитдик-да! "Нефтчи" икки мураббийга жавоб бермоқчи  6 20:31"Бавария" стадионидаги чим U15 жамоаси майдонига юбориляпти  3 20:28"Қизилқум"нинг икки футболчисига бир қатор клублар қизиқмоқда  2 19:54Саудия Арабистонида можаро авж олди. Айрим легионерлар маош олишмаяпти  6 19:28Футзал бўйича Олий лига. "Максам-Чирчиқ" "Металлург"дан устун келди  0 19:07Ўзбекистон U-15 терма жамоаси Тошкентда йиғин бошлади  0 18:48КХДР термаси бош мураббийи: "Ўзбекистонга қарши алоҳида стратегиямиз мавжуд"  46 18:31Жамшид Болтабоев чиндан ҳам "Нефтчи" билан келишиб олдими? Футболчининг ўзи жавоб берди  6 18:12"Ливерпуль" Салоҳга муносиб ўринбосар топди  5 17:45"Сити" Ҳоландни Премьер-лигадаги энг кўп маош олувчи футболчига айлантирмоқчи  4 17:18Ўзбекистон КХДРга қарши баҳс олдидан расмий машғулот ўтказди  25 17:04Ўзбекистон U-20 терма жамоаси Ироқ билан муроса кўчасини танлади  4 16:49Футзал бўйича Олий лига. "Оил Стар" "Сурхон" дарвозасига "хоҳлаганича" тўп киритди  0

Petr Segrt. Mo'ylov. Ishtiyoq. Xayolot. Tojikistonni tarixiy natija sari etaklayotgan "Eynshteyn" bilan yaqindan tanishamiz Yangiliklar

Petr Segrt. Mo'ylov. Ishtiyoq. Xayolot. Tojikistonni tarixiy natija sari etaklayotgan "Eynshteyn" bilan yaqindan tanishamiz

Xorvatiyalik mutaxassisning murabbiylik faoliyati jasoratli va tahlikali voqealarga to'la.

Tojikiston terma jamoasi o'z tarixida ilk marotaba Osiyo kubogiga yo'l oldi va... chorak final yo'llanmasini qo'lga kiritdi! Ushbu muvaffaqiyatda qo'shnilarimizning xorvatiyalik bosh murabbiyi Petr Segrtning o'rni beqiyos. Aynan u boshqaruvga kelgach, "fors sherlari" o'yinida samaradorlik sezila boshladi. Biroq 57 yoshli mutaxassisning murabbiylik faoliyati jasoratli va tahlikali voqealarga to'la. 

Bazilar uni unchalik aqlli bo'lmagan olimga o'xshatishadi. Yana birovlar Albert Eynshteynga, boshqalar esa qalin mo'ylovli Harvi Kittel (amerikalik aktyor) deya tariflashadi. Qariyaga atab Indoneziyada kitob ham yozishgan. U urushdan jabr ko'rgan Gruziyada, muntazam qurolli to'qnashuvlar yuz beradigan Afg'onistonda hamda sokin va serquyosh Maldiv orollarida faoliyat olib borgan. SHunchaki faoliyat olib bormasdan, mo'jiza yaratishni ham uddaladi. Hozir esa sehrgarligini Tojikiston bilan namoyish etmoqda.

Bilasizmi, men juda qiyin hayotni boshdan kechirganman. Yoshligimdan barchani hurmat qilishga odatlanganman. Hech qachon aslida qaerdan chiqqanimni unutmayman. Matbuot anjumanlarida barcha bilan ko'rishganim shov-shuv bo'lib ketdi, ammo men bu ishni 28 yildan beri bajarib kelardim. Mag'lub bo'lsam, meni tanqid qilishingiz mumkin. Bu ishimizning bir qismi.

Petr Segrt. Mo'ylov. Ishtiyoq. Xayolot.

Mo'ylov uning yillar davomidagi "brend"iga aylanib ulgurgan. Ishtiyoqqa kelsak, u qaerga borishidan qati nazar, uddalab bo'lmas natijalarga erishgan. Xayolotni ham amalga oshirish uchun kurashadigan murabbiy hatto afg'onistonlik futbolchilarni ham jahon chempionatiga chiqishi mumkinlgiga ishontirdi.

— Bir kun kelib Osiyo kubogida ishtirok etishni orzu qilaman. Biz nega jahon chempionatiga bormasligimiz kerak?! Bu imkonsiz deb kim aytdi?" — degandi Segrt afg'on televideniesidagi ko'rsatuvda.

Keling, Petr Segrt bilan yaqindan tanishamiz.

Petr Segrt 1966 yil Xorvatiyaning Dyurdevach shahrida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi 1970 yilda Germaniyaga ko'chib ketdi.

Futbolchilik faoliyatini himoyachi sifatida Germaniyaning "Kalv" jamoasida boshlagan Petr "Ploxingen", "SHvaykxaym", "Almersbax", "Valdorf" jamoalarida qisqa muddat harakat qilgan. Biroq tizzasidan olgan jarohat uning futbolchilik faoliyatiga nuqta qo'ygan. Keyinchalik u UEFAning murabbiylik licenziyasi kursida tahsil olib, murabbiylik faoliyatini boshlagan.

Murabbiylikdagi dastlabki tajribalarini ham "Kalv"da o'tkazgan Segrt keyinchalik "Boxum II", "Duysburg II", "Valdxof" jamoalarida yordamchi murabbiy sifatida ishlaydi. Ushbu jamoalardagi 14 yillik tajriba evaziga ko'plab yosh futbolchilarni terma jamoa azosi sifatida tarbiyaladi va "memor" taxallusiga ega bo'ldi.

Segrt 2006 yil Klaus Toppmyuller bilan birga Gruziya murabbiylar shtabida ishlay boshladi. 2006–2008 yillar oralig'ida u U-21 terma jamoasini boshqardi. Keyinchalik Gruziya futbol federaciyasi texnik direktori etib tayinlandi. Bosh murabbiylikka Ektor Kuper kelgunga qadar Estoniya va Portugaliyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlarida jamoaga vaqtincha bosh murabbiylik qilgan. 

2008 yil Janubiy Ossetiya va Abxaziya hududi masalasida Gruziya–Rossiya urushi boshlangach, Petr Tbilisidagi Rustaveli maydonida mamlakatni tark etmaslikka vada berdi. 

Segrt Rossiya boshlagan urushga qaramay Gruziyadan qochishni istamadi. U o'zini non-tuzini tatiyotgan mamlakatga bag'ishladi:

— Bu erda ekanimdan juda xursandman. Men sizning terma jamoangizda uch yildan beri ishlayapman, lekin hozir sizga futbol haqida biror narsa aytishning vaqti emas, dedi u Tbilisidagi Rustaveli maydoniga yig'ilgan minglab odamlarga. —  Hozir og'ir vaziyat hukmronlik qilmoqda va hozir bizning birlashishimiz juda muhim. So'nggi bir necha kun ichida do'stlarim, oilam, hamkorlarim, Xorvatiyada uchrashgan odamlarim va Germaniyadagi tanishlarim mendan nega uyga qaytmayapsan, nega Gruziyadan qochmayapsan, deb so'rashdi... Yo'q, men ketolmayman dedim. Men do'stlarimni, qo'l ostimdagi futbolchilarni va so'nggi ikki yil davomida menga yordam bergan barcha odamlarni tashlab keta olmayman. Bu erdagi odamlarni va so'nggi bir necha kun ichida qanday voqealar sodir bo'layotganini qanday unutishim mumkin? - deya xitob qildi u rus qo'shinlari Gruziyaga kirganidan keyin.

— Biz Rustaveli maydonida birga turibmiz va hamon imkonimiz borligidan mamnun bo'lishimiz kerak. Biz halok bo'lganlarni va bizga hamroh bo'lmaganlarni unutmasligimiz kerak. Men xorvatman, bu er mening vatanim emas, lekin agar shu kunlarda gurzinlar qaerda yashasa, men ham o'sha erda bo'laman.  Men Gruziyaga ishonaman va Rossiyadan qo'rqmayman! Ular bizni bombardimon qilishlari mumkin, bizga qarshi tanklarni yuborishi mumkin, lekin ular bu millatga xos bo'lgan ruhni hech qachon o'ldirolmaydilar. Bularning barchasini kim boshlagan va boshida kimlar turganidan qati nazar, biz qo'lni qo'lga berib, birlashishimiz kerak. Keling, ruslarga biz bir ekanligimizni va ulardan qo'rqmasligimizni ko'rsataylik! — xorvatiyalik murabbiy hayajonda tarjimonning qo'lidan ushlab, olomonni xuddi shunday ramziy ishora qilishga undadi.

O'sha oqshom Petar Segrt deyarli davlat arbobi va chinakam etakchiga aylandi.


Ushbu shov-shuvli voqeadan so'ng Germaniya futbol associaciyasi uni U-21 terma jamoasini boshqarishga nomzodlar qatoriga kiritdi.

2010 yil Segrtni Indoneziyaga, yangi tashkil etilayotgan "Bali Devata" jamoasiga taklif qilishdi. Bir yildan so'ng u mamlakatning etakchi klubiga "PSM Makassar" bosh murabbiyi etib tayinlandi va yoshlardan iborat jamoa shakllantira boshladi. Bir mavsumdan keyinoq u ustozlik qilayotgan klubning 6 nafar futbolchisi Indoneziya milliy terma jamoasiga, yana 4 nafar o'yinchi U-23 terma jamoasiga chaqirildi. Muvaffaqiyatli mavsumdan so'ng klub direktorlari unga shartnomani 5 yilga uzaytirishni taklif qildi. Indoneziya Premer-ligasida turli rekordlarga erishayotgan jamoa futbolchilarining o'rtacha yoshi 22 yoshni tashkil etgan. Klubning sevimli kishisiga aylanib ulgurgan Petr Segrt haqida muxlislardan biri Andi Vidya kitob yozgan.

Kelishuv shartnomasi 2017 yilga qadar tuzilgan bo'lsa-da, Segrt 2013 yil bazi sabablarga ko'ra, klubdan ketishga qaror qildi. Uning hurmati sharafiga noodatiy xayrlashuv uchrashuvi tashkil etildi.

Sizning nima istayoganingizni o'zgalar his qilishi lozim. Indoneziyada klub qoshida akademiya tashkil etishga ishontirishgandi. Oxir-oqibat bu vadalar quruq safsata bo'lib chiqdi.

Segrt Indoneziya terma jamoasini boshqarishga asosiy nomzod hisoblansa-da, u Bosniya va Gercegovina Premer-ligasi ishtirokchisi "Zvezda" klubini tanladi. Ammo klubga yangi rahbarlar tayinlangach, murabbiyni ham yangilashga qaror qilishdi. Biroq bu noto'g'ri qaror bo'ldi, Petr ketganidan ko'p o'tmay, klub quyi divizionga tushib ketdi.

2015 yilning noyabr oyida Afg'oniston futbol federaciyasi Segrtni bosh murabbiy etib tayinlaganini elon qildi. Xorvatiyalik mutaxassis o'z tajribasi va malakasini Afg'oniston futbolini rivojlantirish uchun sarflashga vada berdi. 

Afg'onistonga kelishdan avval Petrning muzokaralarni rad etishiga deyarli ishonchi komil edi. 

Hammayoqda tikanli simlar, o'q teshib o'tgan devorlar, qurollangan harbiylar... avvaliga bu erdan tezroq jo'nab qolish payida bo'lasiz. Ammo samolyotdan tushishim bilan bir bolakay gul ko'tarib, "Xush kelibsiz, murabbiy" deya qarshimga yugurib keldi. Uning faqat bitta oyog'ida tufli bor edi. Men undan oyoq kiyiming jufti qaerda deb so'radim. "Menga u kerakmas, otish uchun oyog'imdagi bitta tufli kifoya qiladi", deya javob qaytardi. Uning umidvor nigohi shu kunga qadar xotiramda saqlanib qolgan. Men taklifga darhol yo'q deya olmadim va o'ylab ko'rishga qaror qildim.

Segrt Afg'oniston terma jamoasi bosh murabbiyliga tayinlangan ilk kunlaridayoq xatarga duch keldi. Jamoa fotosessiyada ishtirok etayotgan edi va matbuot anjumaniga hozirlik ko'rilayotgandi. Biroq yaqin atrofda portlash sodir bo'ldi. 

Petr Afg'oniston bilan sakkiz rasmiy o'yinning oltitasida g'alaba qozondi, shu jumladan, Janubiy Osiyo kubogining to'rt uchrashuvida g'olib chiqib, finalga qadar etib bordi va Hindistonga 1:2 hisobida yutqazib qo'ydi. SHuningdek, JCH-2018 saralash bosqichi doirasida ikki o'yinda zafar quchdi va faqatgina Yaponiyaga mag'lub bo'ldi. Afg'onistonda u "umid kishisi" yoki "xaloskor" degan nom qozondi.  Bunday yuqori natijalarga qaramay, federaciya hayratlanarli tarzda u bilan xayrlashdi.

Indoneziyada dangasa yigitlarni jilovlash bilan kurashgan mutaxassis Afg'onistonda korrupcion odatlarga taslim bo'ldi.

Afg'onistondagi davr menga ulkan tasirini o'tkazdi. U erda uch marta portlashni boshdan kechirdim. 2016 yil Livandagi o'rtoqlik o'yinidan qaytganimizda butun Kobul hayajonda edi. O'sha kuni shaharda beshta hujum sodir bo'ldi, bu hatto u erdagi standartlardan ham ko'proq edi. Kobulga samolyotda kelish muammo emas. Muammo u erdan uyga etib olishda. Futbolchilar avtobusga o'tirgan paytda associaciya tomonidan taqdim etilgan qo'riqchilarim zirhli mashinada ketishimni talab qilishdi. Men rad etdim va jamoa yoniga qaytdim. Futbolchilar bunga ishonqiramay qarashdi. Men yigitlarni aylantirib kelish uchun keldim, deya hazil qildim va ro'lga o'tirdim. Barchamiz qo'rquvning ustun kelishiga yo'l qo'ymaslikka harakat qildik.

Biz Afg'onistonda jamoa bilan uddalab bo'lmas narsalardan biriga erishdik: mamlakatni birlashtirdik. Hatto Janubiy Osiyo chempionatining finaliga qadar etib borgandik. Ammo juda ko'p tahdidli narsalarni boshdan kechirdim. Futbol associaciyasi prezidentining terma jamoada ko'rishni istagan sevimli futbolchisi bor edi. Biroq men uni tarkibga kiritmadim, chunki u yillar davomida kelishilgan o'yinlarda ishtirok etib kelardi. Bu borada bizda shunday keskin kelishmovchiliklar bor ediki, men mamlakatni tark etib, voqea haqida FIFAga xabar berish bilan tahdid qildim. Keyin mening pasportimni olib qo'yishdi va jamoa o'yinga ketayotganda meni Kobulda qoldirishdi. Bir do'stim osmonda qanot qoqayotgan qushni ko'rsatib, hatto u ham yordam berolmasligini aytdi. Bu haqiqatan ham hayot uchun xavfli vaziyat edi, chunki men to'satdan butunlay himoyasiz bo'lib qoldim. Keyin o'yinchilarim o'z oilalariga xabar berishdi, ular meni himoya qilish va hech kim menga yaqinlashmasligiga ishonch hosil qilish uchun bir necha yaqinlarini yonimga yuborishdi.

2018 yilning mart oyida Maldiv orollari futbol associaciyasi Segrt bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Murabbiy qo'l ostidagi yangi jamoa OFK saralash bosqichidagi ilk rasmiy o'yinida Butanni 7:0 hisobida tor-mor etdi. Bu Maldiv orollari uchun 288 kundan keyingi dastlabki g'alaba edi. 2018 yilning sentyabr oyida Maldiv orollari Bangladesh mezbonlik qilgan Janubiy Osiyo kubogida sensaciya namoyish etib, bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Qizig'i, Segrt finalda musobaqa favoriti va avvalgi turnirda Afg'onistonni enggan Hindistonni taslim etishni uddaladi. 2020 yil Petr o'zaro kelishuvga ko'ra terma jamoa bilan shartnomani bekor qildi.

2022 yilning 27 yanvar kuni Tojikiston futbol federaciyasi Segrtni yangi bosh murabbiy sifatida elon qildi. 

Men kafolat bera oladigan yagona narsa shuki, jamoa manfaati uchun kuniga 24 soat ishlayman. Biz murabbiylar shtabi bilan maqsadga erishish uchun barcha kuch va bilimlarni ishga solamiz.

Xorvat qo'l ostida Tojikiston tarixiy muvaffaqiyatga erishdi va o'z tarixida ilk marotaba Osiyo kubogi final bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Petr, shuningdek, jamoa bilan 2022 yilgi Qirol kubogi va 2023 yil Merdeka kubogida bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Vaholanki, turnirda qatnashgan jamoaning o'rtacha yoshi 21.1 yoshni tashkil etgan.

Qo'rquv — bu echim emas. Har qanday raqibni hurmat qilish kerak. Agar siz autsayder raqiblarni hurmat qilmasangiz, hech qanday yaxshi natijaga erisha olmaysiz. Favoritlardan ham qo'rqmaslik kerak. Agar biz qo'rqsak, unda nima uchun umuman futbol o'ynashimiz kerak? Siz har qanday jamoani hurmat qilishingiz va har qanday jamoa bilan kurashishingiz lozim.

Osiyo kubogi guruh bosqichida Tojikiston Qatar, Xitoy va Livan bilan kurash olib borib, 2-o'rinni qo'lga kiritdi. Nimchorak finalda esa penaltilar seriyasiga ko'ra BAAni mag'lub etdi. Endi "pomirliklar" 1/4 finalda Iordaniya bilan kuch sinashadi.

Yigitlar xursandchilikni men bilan baham ko'rishmoqchi bo'lib, ikki marta ko'zoynagimni sindirishdi. Keyingi safar ham bunga roziman (kuladi).

Ijtimoiy tarmoqlarda ko'pgina tojikistonlik muxlislar Segrtga "Eynshteyn" deb taxallus qo'yishdi. Mutaxassis esa "Tojikiston muxlislariga yoqsa, ushbu taxallusni qabul qilishga tayyorman. Meni Eynshteyn deb chaqiraveringlar", deya javob qaytardi.

Biz o'z orzumiz sari harakat qilamiz. Hozirgi maqsadimiz keyingi o'yinni yutish. Orzu qilish yaxshi, lekin vaziyatga real qaragan maqul. Albatta, yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz.  


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +20   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика