So’nggi yangiliklar

19:00Ўзбекистон кубоги. "Пахтакор" – "Навбаҳор" 0:0 (матнли трансляция)  4 18:59Ўзбекистон кубоги. "Андижон" - "Сурхон" (матнли трансляция)  4 18:53Конференциялар Лигасига қура ташланди: "Челси" Қозоғистонга боради, "Бетис" Молдовага сафар қилади  0 18:35Ўзбекистон ёшлар терма жамоаси U-20 Осиё Кубоги саралаш баҳсларида қатнашиш учун Хитой Тайпейига йўл олади  0 18:06Ўзбекистон Кубоги. "Пахтакор" – "Навбаҳор". Таркиблар маълум  10 17:55"Пахтакор" ва "Навбаҳор" "Жар"га етиб келди  3 17:39Машҳур инсайдер: Элдор Шомуродов "Рома"да қолиши аниқ  4 17:21"Пахтакор" Элит ОЧЛдаги учрашувларини "Жар"да ўтказади  6 17:03Европа Лигаси янги мавсумига қуръа ташланди: МЮ "Порту" билан, "Тоттенхэм" "Рома" билан ўйнайди  2 16:47Абдуқодир Ҳусанов — "Панатинаикос" - "Ланс" учрашувининг энг яхши футболчиси!  5 16:05Ўзбекистон терма жамоаси собиқ ҳимоячиси: "Жаҳон чемпионатига чиқишимизга ишоняпман. Бундан яхши имконият бўлмайди"   3 15:47"Пахтакор" ва "Навбаҳор" ўртасидаги Тошкентда ўтказилган охирги беш ўйинда нақ 32 та сариқ карточка кўрсатилган  3 15:28"Пахтакор" – "Навбаҳор", "Андижон" – "Сурхон" учрашувларини кимлар шарҳлаб боради?  12 14:58"Барселона" собиқ дарвозабони "Арсенал"га ўтмоқда  0 14:38Англия термаси ҳужумчиси "Челси" ва МЮ таклифини рад этиб, Саудия Арабистонига йўл олмоқда  0

Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi, saltochi Server Jeparov 37 yoshga to'ldi Yangiliklar

Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi, saltochi Server Jeparov 37 yoshga to'ldi

Bugun 3 oktyabr, O'zbekiston milliy terma jamoasining sobiq sardori, Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi, O'zbekiston, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni chempioni Server Jeparovning tug'ilgan kuni.

Bugun Server o'zining 37 yoshini nishonlayapti. Jeparov 1982 yilning 3 oktyabr kuni Toshkent viloyatining CHirchiq shahrida dunyoga kelgan. 5 yoshidan gimnastika bilan shug'ullanishni boshlagan. Otasi gimnastika bo'yicha sport ustasi nomzodi bo'lgan. SHu bois, Serverning sportchi bo'lishini onasidan ko'ra otasi ko'proq xohlagan. Onasi esa farzandining musiqachi bo'lishni istagan. Bugungi qahramonimiz 9 yoshidan futbolga qatnay boshlagan. 

- CHirchiqdagi stadionda shug'ullanardim. Hozir uning o'rnida "Akva park" qad rostlagan. Asosan o'zimdan kattalar bilan o'ynaganman. O'zingdan kattalar bilan o'ynashning foydali tomonlari ko'p. Sababi ulardan ko'proq narsa o'rgansa bo'ladi. Lekin yoshligim qiyinchilik bilan o'tgan. Bazan uyda muzlatkichni ochganda faqat sariyog' bo'lardi. Kolbasani esa juda ham kam ko'rardik. Oilamiz shunday qiyinchilik davrini boshidan kechirgan. Birinchi maoshimni "Navbahor"dan olganman. Uni darhol otamga olib kelib berganim yodimda. Aleksey Rahmonov futboldagi birinchi murabbiyim hisoblanadi. Keyinchalik sobiq Titov, yani Respublika Olimpiya zaxiralari kollejining futbol bo'limiga qabul qilinganman. Kunlarning birida biz Kosonsoyda mahalliy jamoaga qarshi ikkita o'yin o'tkazganmiz. Uchrashuvdan so'ng "Navbahor"ning o'sha paytdagi murabbiylari Viktor Jalilov va Amet Memet meni jamoaga taklif qilishgan. Men bilan birga Vadim Nichunaev, Otabek Rahmonqulov va Pasha Musalimov "lochinlar" safiga qabul qilinganmiz, - deydi Jeparov. 

"Navbahor"dagi muvaffaqiyatli mavsumdan so'ng Server "Paxtakor" klubidan taklif oladi. 2002 yilda u "sherlar" bilan shartnoma imzolaydi va olti mavsum ichida qo'lga kiritilishi mumkin bo'lgan barcha sovrinlarga ega chiqadi. SHundan so'ng "Bunyodkor"ga ko'chib o'tadi va "qaldirg'ochlar" safida ikki bor Osiyoning eng yaxshi futbolchisi (2008 va 2011) deb tan olinadi. "Bunyodkor"da Luis Felipe Skolari qo'l ostida, Rivaldo bilan esa elkama-elka to'p tepdi. 

Server Jeparov faoliyati davomida "Seul" tarkibida Janubiy Koreya, "Al SHabab" safida Saudiya Arabistoni chempioni, "Seongnam" bilan esa Koreya associaciyasi kubogi sohibiga aylandi. 2008 va 2010 yillarda O'zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. To'qqiz marotaba O'zbekiston chempioni bo'lgan. "Paxtakor" safida 6, "Bunyodkor"da 2, "Lokomotiv"da esa bir marotaba chempionlik shoxsupasiga ko'tarilgan.     

- Osiyoning eng yaxshi futbolchisi bo'lish men uchun katta sharaf edi. Birinchi marta o'sha tadbirga bormasligim ham mumkin edi. Ammo, do'stlarim agar bormasang, sovrin aniq senga berilmaydi deyishgandi. Oilaviy dam olishlardan voz kechib, bu tadbirga borgandim. Qitaning eng yaxshi futbolchisi sovrinini topshirishganida, ajoyib hissiyotlar boshimdan o'tgan. Sovrinni topshirishlaridan oldin bu haqda menga umuman hech nima deyishmagan. Ikkinchi marta ancha tajribali bo'lib qolgandim (kuladi). Ikkinchisida bittagina raqobatchim bor edi. Birinchi sovrin baribir qadrliroq. Sovrinlarni uyda saqlayman. Uyimda kichik xonani sovrin va medallarim uchun ajratib qo'yganman, - deydi Server.


Jeparov bugungi kunda turmush o'rtog'i bilan birga Raul, Veronika va Miyalarni voyaga etkazishyapti. To'ng'ich farzandi Raul "Bunyodkor" akademiyasining 2007 yilda tavallud topgan futbolchilardan iborat jamoasida millionlar o'yini sir-asrorlarini o'rganyapti.

- O'g'lim kichik yoshligidan televizorda futbol ko'radi, Playstation da ham futbol o'ynaydi, ko'chada futbol o'ynaydi. Onasi bazida futbolga qo'yib yubormasa, xatto yig'lardi. 5 yoshidan buyon ingliz tili maktabida o'qidi. Nima uchun Raul deb ism qo'yganman? Sababi futbolga bog'liq bo'lgan ismni qo'yishni istagandim. Lekin Raul "Real" emas, "Barselona"ning muxlisi (kuladi), - deya so'zini davom ettirdi bugungi qahramonimiz.


Katta ehtimol bilan Server Jeparov futbolchilik faoliyatini yakunladi. Uning so'nggi klubi "Metallurg" bo'lib qoldi. Tajribali yarim himoyachi bekobodliklar tarkibida 8 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol kiritdi. Joriy mavsum hisobidan u bu yilgi chempionatda maydonga tushgan eng yoshi katta uch futbolchidan biri bo'ldi. Qizig'i, uchchala futbolchi ham 1982 yilda tug'ilgan.

Superliga-2019. Eng faxriy futbolchilar

Anvar G'ofurov - 14.05.1982

Mamur Ikromov - 12.06.1982

Server Jeparov - 03.10.1982


Temur Kapadze, eng yaqin do'sti

"Server bilan 2002 yilda "Paxtakor" jamoasiga kelgan paytimizda tanishganmiz. Yillar o'tishi bilan eng yaqin do'stimga aylandi. O'ylashimcha, uning ham eng yaqin do'sti menman (kuladi). Do'stimga uzok umr, sog'lik-salomatlik tilayman. Ishlarida hamisha omad yor bo'lsin. O'zbek futbolida o'zining yorqin o'yinlari bilan har doim hammamizni xursand qilgan. Qolaversa, milliy terma jamoada eng ko'p o'yin o'tkazgan. Osiyoda ikki marta eng yaxshi futbolchi bo'lgan. Bir futbolchi orzusidagi sovrinlarni qo'lga kiritgan. Server erishgan yutuqlari bilan allaqashchon o'zbek futboli tarixidan joy olib ulgurdi. Endilikda murabiylik sohasida o'zini sinab ko'rmoqchi. Unga bu oson bo'lmagan yo'lda muvaffaqiyat tilayman. Katta g'alabalar hamda ko'p sovrinlar yutishini istayman. O'zbek futboliga xizmat qilishdan hech qachon charchamasin!".

Malumotlarga qaraganda, Server Jeparov O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi (2006 yilda tug'ilganlar) bosh murabbiyi bo'ladi. Bu jamoa ayni paytda shakllanish arafasida va kelasi yildan Osiyo chempionatlari saralash bosqichidagi ishtirokini boshlaydi. Server haqida uzoq gapirish mumkin. Ko'p gapirishga, maqtashga ham arzigulik futbolchi. 

Fursatdan foydalanib, O'zbekiston milliy terma jamoasida eng ko'p (126 ta) o'yin o'tkazib, bu borada mutloq rekordchi bo'lib turgan Server Jeparovni bugungi tavallud ayyomi bilan chin yurakdan muborakbod etamiz. Futbolchi sifatida jahon chempionatining final bosqichida ishtirok eta olmadi. Niyat qilaylik, yillar o'tib u terma jamoani bosh murabbiy sifatida mundialga olib borsin!

Reyting: +61   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика