So’nggi yangiliklar

03:10Левченко: "Асабий якун бўлмаганда футболчиларимга максимал балл қўйган бўлардим"  0 02:38Ла Лига. "Барселона" меҳмонда "Севилья"ни мағлуб этди  13 00:52Хосе Венансио Лопес: "Дастлабки мақсадимиз гуруҳдан чиқиш. Гуруҳдаги рақибларимизнинг даражаси тенг"  0 00:34Forbes талқинига кўра дунёнинг энг қиммат клуби номи маълум  8 23:35Жасур Жалолиддинов: "Менга катта умид билдираётган мухлислар ишончини оқлашга ҳаракат қиламан"  18 23:07Туркия Суперлигаси. "Ризеспор" сўнгги турда "Хатайспор"га мағлуб бўлди, Алиқулов эса...  0 22:58Илёс Зейтуллаев: "Бугунги мағлубиятга жисмоний чарчоқ сабаб бўлгани йўқ"  11 22:50Иван Бошкович: "Рақиб дарвозасига 4 та гол уриб ғалабага эришиш ёқимли"  4 22:41Қозоғистон Лига кубоги. "Қайрат" "Акжайик"га жавобсиз 9та тўп киритди, Йўлдошев ҳам гол уришга эришди  0 22:20Файзуллаев РПЛда "Йил кашфиёти" мукофотини қўлга киритди  14 22:01Футзал бўйича жаҳон чемпионати гуруҳ босқичига қуръа ташланди  16 21:56Футзал бўйича Жаҳон чемпионатига қуръа ташланди  9 21:38Суперлига. "Нефтчи" — ОКМК 1:0. Highlights  4 21:20Бир киши кам бўлиб қолган "Сўғдиёна" "Бунёдкор"га жавобсиз 4 та гол урди  23 21:08Самарқанддаги футзал бўйича Жаҳон чемпионатига қуръа ташлаш маросимидан суратлар  2

O'rtoqlik uchrashuvi. "Roma" "Sanderlend"ni mag'lub etdi, SHomurodov asosiy tarkibda o'yinni boshladi Yangiliklar

O'rtoqlik uchrashuvi. "Roma" "Sanderlend"ni mag'lub etdi, SHomurodov asosiy tarkibda o'yinni boshladi

Teglar :  RomaSanderlend
Portugaliyadagi yig'in davomida "Roma" - "Sanderlend" uchrashuvi yakunlandi.

"Roma" — "Sanderlend" 2:0

Gollar: Gyan, 75 (1:0), Zanolo, 80 (2:0)

"Roma": Svilar; Ibanez, Smolling, Kumbulla; Karsdorp, Matich, Veretu, Zalevski; Peres, SHomurodov, El SHaaravi

"Sanderlend": Patterson, Guch, Vinchester, Batt, Cirkin, Matete, O'Nien, Daymond, Emblton, Klark, Dajaku


MATNLI TRANSLYACIYA

YANGILASH


Uchrashuv yakunlandi! "Roma" navbatdagi o'rtoqlik o'yinida ham g'alaba qozondi, o'zbekistonlik hujumchi Eldor SHomurodov asosiy tarkibda maydonga tushib, ikkinchi bo'lim boshida zaxiraga olindi.

90+3. "Sanderlend" sardori bugun rentgen qabuliga yozilsa kerak, so'nggi daqiqalarda unga rosa "hurmat" bajo keltirishdi.

90. Yana 3 daqiqa sabr-toqat tilab qolaman.

89. Ikkala jamoa futbolchilarining ham toliqishgani ko'zga tashlanmoqda. Gol urishdan ham ko'proq o'yin yakuniga etishini intiqlik bilan kutishayotgandek taassurot qoldirmoqda.

85. Kunbullaning qon bosimi oshib, tajavvuzkor bo'lib borayotgandi. Buni vaqtida sezgan Mour futbolchini soya tushib turadigan zaxira o'rindig'iga chaqirdi.

80. GOOOOOOOOOOOOLLLLLLLLL!!! "Roma"dan ketishni istab qolgan Zanolo Gyanning pasini besamara yakunlanishini istamadi.

78. Kumbulla murabbiyning har qanday holatda ham raqibni o'tkazib yuborma degan vazifasini qoyilmaqom bajargancha, "Sanderlend" futbolchisini qo'pollik bilan to'xtatdi.

75. GOOOOOOOOOOOOOOLLLLLLLL!!! Gyan raqib posbonining biz ko'cha futbolida tariflaydigan "ochko"sidan to'pni o'tkazgancha, darvozani ishg'ol qildi.

71. Feliks Mourinoning kaftini peshonasiga qo'yishga loyiq zarba yo'lladi.

Jamoalar suv ishlab chiqaridan korxona bilan reklama borasida kelishib olishgan shekilli, hozirgacha taxminan beshinchi bor chanqoq bosish uchun o'yin to'xtatildi. SHu erda faqatgina "Andijon muzqaymog'i" etishmayapti.

67. "Roma" sardori axiyri libosini tortgan oq futbolkadagi raqibiga qarata Gulsanam Mamazoitovaning shu nomdagi qo'shig'idan parcha keltirgan bo'lsa, ajabmas.

64. Matete ham rimliklar libosiga havas qildi shekilli, Bovining libosini qo'yib yuborgisi kelmadi, hakam bu er kyiim-kechak do'koni emasligiga ishora qilgancha, ogohlantirish taqdim etdi.

62. Vinchester Zanolo libosining sifatini tekshirib ko'rdi, hakam esa bu harakati uchun sariq qog'ozli bildirishnoma taqdim etdi.

58. "Roma" futbolchisining burchakdan uzatmasini faqatgina kuzatib turish mumkin edi, uni darvoza to'g'rilab qo'yish uchun esa hayvonot bog'i xodimlariga murojaat qilish lozim bo'lardi.

56. "Sanderlend"da yaxshi imkoniyat yuzaga kelgandi, chap qanotdan oshirilgan to'pni "Roma" himoyachilari jon-jahdi bilan amallab bartaraf etishdi.

53. Volpatoning aylanma zarbasi darvoza to'g'ri borishi uchun kamida yana bir darvoza kerak bo'lardi.

50. "Roma" himoyachilarining kechirib bo'lmas xatosini "Sanderlend" hujumchisi kechirdi.

Peshonangiz tirishadigan xabar aytmoqchiman: SHomurodov zaxiraga olindi, Feliks maydonga tushdi.

48. "Roma" futbolchilarida burchak zarbasi yuzaga keldi, uzatmagan hech kim oyoq qo'yishga jazm qilolmadi.

46. Rimliklarning bo'lim boshidagi ilk hujumi ofsayd bilan yakunlandi.

Ikkinchi bo'lim boshlandi.

Birinchi bo'lim yakunlandi. Tanaffusda qahva ichib olgan maqulroq. "Roma" ishtirokidagi o'yinlar qanchalik qiziqarli o'tishini yaxshi bilsangiz kerak.

45+1. SHomurodov yiqitildi, biroq hakam hammasi joyida ekanligiga ishora qildi, keyinroq Eldor qo'pollik bo'yicha o'zaro hisobni 1:1 qilib qo'ydi.

Mourino murabbiylikdan tashqari "Roma" shifokorlar guruhida ham faoliyat olib borayotgan ko'rinadi, hozir ham jarohat olgan Ibanezning yoniga shifokor bilan baravariga maylhdonga tushib keldi. Ibanez jarohat olib, maydonni tark etdi. Kalyafyori o'yinga qo'shildi.

41. Smolling maydon chetida zerikib o'tirgan to'p olib keladigan bolakaylar tomon uzatma amalga oshirdi.

38. El SHaaravi uyiga borib, o'yinni qayta ko'rgach, ushbu vaziyatda zarba berdimmi yoki pas berdimmi deya rosa bosh qotirsa kerak.

35. El SHaaravi Zidan uslubida fint ishlatmoqchi edi, ammo O'Nien aldangisi kelmadi va raqibiga "Bu fintingni boshqaga qilasan" degan mazmundagi qo'pollikni ishlatdi. Hakam ham "Bu harakatingni o'yindan tashqarida qilasan" deya "Sanderlend" futbolchisini ogohlantirdi.

33. ZARBA! Smolling standartdan oshirilgan to'pni darvozaga to'g'rilab qo'ymoqchi bo'ldi, to'p darvoza ustuniga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi.

32. SHomurodovga nisbatan qo'pollik ishlatildi.

29. Kunbula raqibi bilan shakar va non muammosini muhokama qilayotgandek bahslashib ketdi. Hakam esa hozir buning mavridi emasligini uqtirdi.

27. Karsdorp Peresni Mbappe deb o'yladi shekilli, uning uzatmasiga ispan futbolchisi qanot yozib ham etolmasdi.

Futbolchilar suv ichib olishmoqda. Havo harorati muzlatgichga kirishga majbur qiladigan darajada bo'lmasa ham, ancha yuqori.

22. Peres yana to'pni yo'qotdi. Rimliklar o'yinchisi hozircha mahoratidan ko'ra soch turmagi bilan ko'proq ko'zga tashlanmoqda.

20. Karlos Peres to'p aralash raqib oyog'iga ham zarba berib yubordi. Zarba noaniqligiga emas, oyog'i zirqirayotganiga ko'proq achindi, mening nazarimda.

19. SHomurodov o'rni kelganda maydon markaziga kelib, hujumlarni boshlashda tashabbuskorlik ko'rsatmoqda.

Birinchi bo'lim SHomurodovniki, xohlaganini qilishi mumkin, faqatgina tabloga qaraydigan kishilarning ham ter to'kishiga majbur qilsa bo'lgani.

14. Burchak zarbasidan so'ng yana SHomurodov bosh bilan zarba yo'lladi, uning urinishiga biroz aniqlik etishmadi.

12. SHomurodovda yana bir vaziyat yuzaga kelgandi, Eldor esa golni o'zi urgisi kelmasdan El SHaaraviga to'pni oshirgandi, biroq so'nggi lahzalarda raqib himoyachilari buni payqab qolishdi va vaziyatni bartaraf etishdi.

9. SHomurodovda dastlabki imkoniyat yuzaga kelgandi, himoyachilarning uzatmasidan so'ng Eldor raqib darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib borayotgandi, biroq to'p bolalikda mutolla qilgan ertakdagi bo'g'irsoq qahramoni singari o'zbek hujumchisidan qochib ketdi, biroq Pattersonni tuzog'iga ilindi.

6. "Sanderlend" futbolchisi yana o'ng qanotdan qochib ketishga urinib ko'rdi, Zalevski esa "O'zing ketsang ketaver, to'pni olib qolaman" degancha raqibini xafa qildi.

4. "Sanderlend" futbolchisining o'ng qanotdan uzatmasini Svilar baland sakrab egallab oldi. 

2. "Sanderlend"ning dastlabki hujumidan so'ng to'p "Roma" darvozasidan taxinan limuzin uzunligidagi masofa nariroqdan o'tib ketdi.

1. Uchrashuv boshlandi.


Bugun rimliklar qizil , inglizlar esa oq-qizil rangli libosda harakat qilishadi.

Tailandga MYU bilan bormagan Krishtianu Ronaldu ehtimol, o'z vataniga qaytib, bir vaqtlar "Yuve" tarkibida to'p tepayotganida undan to'pni olib qo'ygan hujumchining o'yinini kuzatgani tashrif buyurgan bo'lishi mumkin. Albatta, so'zlarimiz hazil. Portugaliyada ob-havo ajoyib, muxlislar ham o'yinga tashrif buyurishgan.

Joze Mourino ham hakam hushtagi chalinishidan avval o'ziga mos stulni olib, qulay joyga o'rnashib oldi.

Uchrashuv boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolmoqda. Ungacha yoningizga kutilayotgan golni nishonlash uchun biror buyum olishingiz mumkin, faqatgina hordiq chiqarayotgan qo'shnilaringizning reakciyasiga duch kelmasangiz bo'lgani.

Assalomu alaykum futbol ishqibozlari! Bilamiz, bugun faqat bir nafar yigit uchun mazkur uchrashuvni kuzatasiz. Umid qilamizki, o'tgan o'yinda gol urgan hamyurtimiz bugungi bahsda ham uyaltirib qo'ymaydi.

Uchrashuv 15:00 da boshlanadi. Mazkur o'yinni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Reyting: +12   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика