Noto'g'ri belgilangan penalti va VAR xatoliklari. Superliganing 6-turidagi hakamlik faoliyati tahlili
24 apr 15:46
Yangiliklar


Noto'g'ri belgilangan penalti va VAR xatoliklari. Superliganing 6-turidagi hakamlik faoliyati tahlili
Championat.asia saytining hakamlik faoliyati bo'yicha eksperti, rossiyalik sobiq hakam Anatoliy Sinyaev ("Alyo, ref!" Telegram kanali muallifi) o'z hakamlar jamoasi bilan birga Superliganing 6-turi o'yinlaridagi bahsli vaziyatlarni tahlil qildi.
✅ "Xorazm" - "Bunyodkor"
Standart vaziyatdan uzatilgan to'p "Bunyodkor" himoyachisi tanasining qaysi qismiga tekkanini umumiy kameradan ko'rib bo'lmaydi. Ofsayd kamerasidan ham aniq tasavvur hosil qilib bo'lmayapti. Biroq to'p o'yinchining kaftiga emas, balki ko'proq elkasiga tekkan bo'lsa kerak. Bunday vaziyatda VAR aralashmasdan to'g'ri ish qildi, hakam esa o'yinni haqli ravishda davom ettirdi.
✅ "Qizilqum" - "Qo'qon-1912"
Ushbu qoidabuzarlik sariq va qizil kartochka orasidagi "chegaradosh" holatdagi jazoga loyiq. Bunday vaziyatda VAR to'g'ri ravishda aralashmaydi, hakamning qarorini esa qo'llab-quvvatlash lozim, chunki "Qo'qon-1912" jamoasi o'yinchisi to'pga eta olmayotgani yaqqol namoyon bo'lgan. Qo'pollik esa butsaning tag qismi bilan raqibning tovon qismiga nisbatan ishlatilgan. Shu bois, umumiy hisobda qizil kartochka to'g'ri ko'rsatilgan.
✅ "Qizilqum" - "Qo'qon-1912"
Darvozabon bilan kurashdan so'ng to'p "Qizilqum" o'yinchisiga qaytib bordi va u oxir-oqibat darvozaga zarba berdi. To'p tirsakdan bukilgan qo'lga tegib, yo'nalishini o'zgartirdi va shu zahotiyoq darvozaga kirib ketdi. Gol to'g'ri ravishda bekor qilindi.
✅ "Qizilqum" - "Qo'qon-1912"
"Qizilqum"ning 18-raqamli o'yinchisi bir necha rikoshetlardan so'ng gavdasini yig'ib, to'pga o'ng oyog'i bilan harakatlandi, shundan keyin to'p uning chap qo'liga tegib ketdi. Bunday vaziyat "o'yinni davom ettirish" sifatida baholanadi.
✅ "Sho'rtan" - "Mashal"
Mening fikrimcha, hakam o'yinni davom ettirib, to'g'ri qarorga keldi. "Sho'rtan" futbolchisi darvozaga zarba berdi, yani harakatni yakunladi, shundan so'ng "Mashal" darvozaboni bilan to'qnashuv yuz berdi. Bu vaziyatda penalti haqida faqat darvozabon tomonidan ehtiyotsiz xatti-harakat yoki haddan tashqari tajovuzkorlik bo'lgan taqdirdagina gapirish mumkin edi. Ammo bu holda darvozabon bunday xatti-harakatlarning hech birini sodir etmadi.
❌ "Sho'rtan" - "Mashal"
VAR o'yinga noto'g'ri aralashdi. Bu vaziyatda "Sho'rtan" jamoasi o'yinchisiga sariq kartochka ko'rsatilishi lozim edi. To'g'ri, u biroz ehtiyotsizlik bilan o'ynadi, ammo uning harakatlarida haddan tashqari kuch ishlatilmagan. U "qaychi" usulida zarba berishga uringan, buni bir joyda turib, raqib tomon harakatlanmasdan bajargan. Bunda oyoq pastdan yuqoriga ko'tarilgan - bu aynan sariq kartochka uchun muhim mezon hisoblanadi. To'qnashuv yuzaki bo'lib, butsaning tag qismi ishlatilmagan holda sodir bo'lgan. Bunday holatlar jiddiy qoidabuzarlik sifatida baholanmasligi kerak.
❌ "Buxoro" - "Nasaf"
Nazarimda, hakam "Buxoro" darvozasiga 11 metrlik jarima zarbasini noto'g'ri belgiladi. To'p himoyachining qo'liga emas, balki tirsagiga tegdi. Qo'l tanaga iloji boricha yaqin joylashgan va tana maydonini suniy ravishda kengaytirmagan edi.
✅ "Buxoro" - "Nasaf"
Bu o'rinda hakam penaltini to'g'ri belgiladi. Sekinlashtirilgan takroriy vaziyatni kuzatsak, "Buxoro" himoyachisi harakat yo'nalishini kesib o'tib, "Nasaf" futbolchisining oyog'iga ortdan urilganini ko'rishimiz mumkin. Hujumdagi o'yinchining orqasida turgan himoyachi o'z harakatining oqibati uchun javobgardir.
❓ "Neftchi" - "Paxtakor"
"Paxtakor" o'yinchisi to'p uchun kurashmasdan qo'lini siltab, raqibining yuziga uradi. Bu holatdagi jazoda turli variantlar bo'lishi mumkin: agar hakam zarba kuchini haddan tashqari yuqori deb hisoblasa – qizil kartochka. Agar hakamning fikricha, zarba kuchi haddan tashqari yuqori bo'lmasa – sariq kartochka. Bu vaziyatda hakamning har qanday qarorini qo'llab-quvvatlash mumkin. Ishonchim komilki, bunday epizodlar Rossiya Premer-Ligasida sodir bo'lganda, turli fikrlar bildirilgan bo'lardi.
❓ "Andijon" - "Dinamo"
Bu epizod "Buxoro" - "Nasaf" o'yinidagi holatga juda o'xshash. Agar o'sha o'yinda penalti belgilangan bo'lsa, bunda ham penalti belgilanishi lozim edi. Ilgari aytganimdek, himoyachi o'yinchining orqasida turganda o'z harakatlarini nazorat qilishi shart. Biroq asosiy savol – to'qnashuv bo'lganmi-yo'qmi? Takroriy vaziyatlarning birortasi ham bu savolga aniq javob bermaydi. Hakam dastlab "nuqta"ni ko'rsatdi va VAR faqat video yordamchilarda to'qnashuv bo'lmaganligiga doir aniq dalillar mavjud bo'lgan taqdirdagina bu epizodga aralashishi mumkin edi. Aks holda, VAR bu holatga aralashishga haqli emas edi.
✅ "Andijon" - "Dinamo"
Bunday vaziyatda o'yin qoidalariga qatiy amal qilish mumkin. Agar tomoshabin uloqtirgan narsa o'yinchiga, o'yin rasmiy shaxsiga yoki jamoa vakiliga tegsa, hakam o'yinni davom ettirishi, to'xtatishi yoki butunlay tugatishi mumkin (hodisaning jiddiyligiga qarab). Biz ko'rgan vaziyatda qisqa muddat to'xtalish bo'lgan. Shuni takidlash kerakki, ilgari hakamga uloqtirilgan narsalar unga tekkandan so'ng o'yinni butkul to'xtatib qo'yilgan holatlar ham bo'lgan.
✅ "Surxon" - "Navbahor"
Hakamning "Navbahor" darvozasiga penalti belgilash to'g'risidagi qarorini qo'llab-quvvatlayman, VAR esa vaziyatga noto'g'ri aralashdi. "Navbahor" o'yinchisi so'nggi lahzada to'qnashuvni yumshatishga urinsa-da, siltanishdan keyin uning harakat kuchi pasaymaydi va oyog'i harakatlanishda davom etdi. U "Surxon" o'yinchisi to'pni tepganidan so'ng uning oyog'iga "shikast etkazdi". 11 metrlik jarima zarbasi belgilash to'g'ri qaror bo'lgan.
❌ "Surxon" - "Navbahor"
"Navbahor" o'yinchisiga qo'pol o'yin uchun hakamning o'zi darhol sariq kartochka ko'rsatmagani biroz g'alati. Mening fikrimcha, bu yaqqol chetlatish emas: ortiqcha kuch ishlatilmagan, gol urish imkoniyatidan ochiqchasiga mahrum qilish ham deb bo'lmaydi, chunki o'yinchilar darvozaga orqa o'girib turishibdi va undan ancha uzoqda. Bu vaziyatda VARning aralashuvi noto'g'ri bo'ldi: yaqqol sariq kartochka etibordan chetda qoldi va VAR bu erda qizil kartochka bo'lishi mumkinligini ko'rsatishga urindi, ammo qizil kartochka uchun mezonlar etarli emas edi. Sariq kartochka ko'rsatish uchun chaqirish esa o'rinli aralashuv hisoblanmaydi.
Shu tariqa, Superliganing 6-tur o'yinlarida hakamlar uchta xatoga yo'l qo'yishdi. Bundan tashqari, ikki epizodda ekspertimiz aniq javob bera olmadi: "Neftchi" - "Paxtakor" o'yinidagi Riaskos ishtirokidagi epizodda vaziyat "hakamning ixtiyorida" (u sariq ham, qizil ham ko'rsatishi mumkin edi), "Andijon" - "Dinamo" o'yinida esa to'qnashuvga doir aloqa (kontakt) bor-yo'qligini aniq tasdiqlaydigan takroriy vaziyat mavjud emasdi. Shuningdek, mutaxassis VAR epizodlarga (jumladan, "Sho'rtan" - "Mashal" o'yinidagi chetlatish holatida) noto'g'ri aralashganini bir necha bor takidladi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar