“Navbahor” – “Dinamo”: Uchrashuvdan so'ng

Narzulla Saydullayev
26 avg 2017, 21:48
Uchrashuvdan so'ng “Dinamo” jamoasi bosh murabbiyi Oleg Tyulkin va “Navbahor” futbol klubi sport direktori Anvar Solievlar o'yin haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashishdi.
Oleg Tyulkin (“Dinamo” jamoasi bosh murabbiyi): - Har ikki jamoa uchun uchrashuv qiyin kechdi. Murosasiz kurash ostida kechgan o'yinda “Navbahor” biroz omadli chiqdi va g'alabani qo'lga kiritdi. Uchrashuvda yuzaga keltirilgan imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Namanganliklar esa vaziyatdan samarali foydalanib maqsadga erishishdi. Nazarimda bugungi bahs muxlislarga manzur bo'ldi deb o'ylayman. Fursatdan foydalanib, Samarqanddan kelib jamoamizni qo'llab-quvvatlagan muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildirib o'taman. Futbolchilarimiz o'tkazib yuborilgan goldan keyin faollikni oshirib, bir qator hujumlar tashkil etishdi. Yaxshigina imkoniyatlar bo'lsada vaziyatlardan foydalanish nasib etmadi. Hakamlar harakatini muhokama qilmayman. Ularni nazorat qiladigan mas'ullar bor. Shu sababli bahoni ular bergani yaxshi. Davralar oralig'ida boshqa klublardan ijaraga olingan futbolchilar jamoamizni tark etishdi. Aynan shu sababli jamoada hamjihatlik o'zaro bog'liqlik yetishmayapti. Aynan shu sababli natijalarimiz ijobiy ko'rinish olmayapti. Jamoaga qo'shilgan futbolchilarni tarkibga qo'shilib ketishlari uchun biroz vaqt kerak. Aslida uchrashuvlarni yomon o'tkazmayapmiz. Shunday bo'lsada, gol urish borasida ishlarimiz yurishmayapti.

Anvar Soliev (“Navbahor” futbol klubi sport direktori)
: - Bugun qiyin o'yin bo'lishini oldindan bilardik. “Dinamo” jamoasi ikkinchi davrani muvaffaqiyatsiz boshlagan bo'lsada, yaxshi jamoalardan biri. Samarqandliklar buni birinchi davrada isbotlashga erishishdi. Raqib qanday bo'lishidan qatiy nazar uchrashuvda g'alabani qo'lga kiritishimiz talab etilardi. Yakunda maqsadimizga erishib uch ochkoni qo'lga kiritib, muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug' bo'lishini taminladik. O'z navbatida ishqibozlarimizni yutuq bilan xushnud etdik. Futbolchilarimiz 90 daqiqa davomida bor kuch va mahoratlarini ishga solib harakat qilishdi. Buning uchun yigitlarga rahmat aytaman. Keyingi uchrashuvlarda ham xuddi shunday g'alabalarni qo'lga kiritib, muxlislarimizni xursand qilamiz. Samarqandliklarning o'yin uslubini sinchikovlik bilan o'rganib chiqqandik. “Dinamo” asosiy e'tiborni himoyaga qaratib, qarshi hujumlarga umid qiladigan jamoalar sirasiga kiradi. Mehmonlar bugun bizga munosib tarzda qarshilik ko'rsatishdi. Shu sababli ularda ham gol urish uchun imkoniyatlar bo'ldi. Lekin, jamoamizda birinchi bo'limni o'zida gol urish uchun uchta yaxshigina vaziyat yuzaga kelgandi. Shunday bo'lsada, futbolchilarimiz astoydik harakat qilib, uch ochkoni qo'lga kiritishdi. G'alabamiz zamirida mehnat yotibdi deb o'ylayman. Ijobiy natija uchun intilganimiz sababli yakunda yutuqni qo'lga kiritdik.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz