

“Respublika FA” bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev diskvalifikaciya tufayli ushbu uchrashuvni o'tkazib yuborgani bois, jamoani maydonga bosh murabbiy sifatida Baxtiyor Umarov boshlab tushdi. O'yindan so'ng Baxtiyor Umarov uchrashuv haqidagi fikrlarini bildirib o'tdi.
- O'yin haqida fikrlaringizni bildirib o'tsangiz. Bugungi bahs jamoangiz uchun qanday kechdi?
- Bugun Proliganing eng yosh ikkita jamoasi to'qnash keldi. Ikkala jamoada ham kelajagi porloq futbolchilar talaygina - "Paxtakor"da ham, bizning jamoamizda ham. O'yin bo'yicha gapiradigan bo'lsam, birinchi taymda ham, ikkinchi taymda ham ustunlikka erishdik, deb o'ylayman. Albatta, bu ustunlikka erishish uchun juda ko'p mehnat qildik. Ayniqsa, yil davomida qilgan mehnatlarimiz oxirgi 2-3 ta o'yinda o'z samarasini bera boshladi. Shu paytgacha ham yaxshi o'yin namoyish etayotgan edik, faqatgina hujumlarni yakunlashda biroz muammolarimiz bor edi. Mana, oxirgi ikkita o'yinda 7 ta gol urishga muvaffaq bo'ldik. Bu yil davomidagi mehnatlarimiz mahsulidir.



