MYU Angliya Kubogidan chiqib ketdi, "Inter" va "Napoli" murosa ko'chasini tanladi, Endrik Franciyada g'alaba golidan boshladi
12 jan 13:42
Yangiliklar
MYU Angliya Kubogidan chiqib ketdi, "Inter" va "Napoli" murosa ko'chasini tanladi, Endrik Franciyada g'alaba golidan boshladi
Angliya: Martinellidan xet-trik
"Arsenal" himoya chizig'i o'ta kuchli ekanligiga bu mavsum o'rgatib ulgurdi. Biroq safarda "Portsmut"ga qarshi bahsda londonliklar mudofaasi 3-daqiqadayoq pand berdi. Hammasi qanotda to'p yo'qotilishidan boshlandi, Bishop esa Kepaning seyvini bir pul qilib, takroriy urinishda to'pni to'rga yo'lladi. Shunday bo'lsada, mezbonlar muxlislari bayrami uzoq cho'zilmadi — "kanonir"larga yana burchak zarbasi yordamga keldi. Kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo'lgan Nergor osonlik bilan gol urib, muvozanatni tikladi. Bu daniyalik uchun faoliyatidagi eng sermahsul mavsumdan keyin londonliklar safidagi debyut goli.

Navbatdagi burchak zarbasi esa Gabriel Martinellining bosh bilan bergan aniq zarbasi bilan yakunlandi. APLda ish berayotgan usul Chempionshipda jon saqlash uchun kurashayotgan klubga qarshi ham samara keltirdi. Mehmonlar tanaffusgacha oradagi farqni ikkitaga oshirib qo'yishlari mumkin edi, biroq Madueke penaltidan unumli foydalana olmadi. Hozirgi "Arsenal"ga penaltidan ko'ra burchak zarbasidan keyin gol urish osonroq shekilli. Hazil-hazil bilan-ku, ammo aynan shu tariqa Martinelli "Arsenal" safidagi 249-o'yinida faoliyatidagi ilk xet-trigini rasmiylashtirdi. Va braziliyalikning faqatgina bitta goli standartdan keyin yuz bermadi — u Gabriel Jezusning ajoyib uzatmasidan keyin darvozaning bo'sh qolgan burchagini aniq nishonga olsa etarli edi.
Angliyadagilar MYUga Ule-Gunnar Sulsherning qaytishi haqidagi mish-mishlar haqiqatga aylanmay, o'sha mish-mishligicha qolib ketishi mumkin, deb hisoblashmoqda. Sababi klub rahbariyati vaqtinchalik bosh murabbiy Darren Fletcherning qisqa vaqtda amalga oshirgan ishidan hayratga tushgan. Yakshanba oqshomida "Old Trafford" murabbiyni qanday qarshilaganini inobatga olsak, "qizil iblislar" muxlislari ham voqealar rivoji shunday davom etishiga qarshi emasdek. Jumladan, nihoyat asosiy tarkibda maydonga tushgan Maynu va qolgan futbolchilar ham o'zgacha ishtiyoq bilan harakat qilishmoqda.
Mezbonlar ilk daqiqalardayoq ikkita gol urishlari mumkin edi, biroq Stil "devor rejimini yoqib oldi". "Brayton" golkiperi Diogu Dalotning birga-bir chiqib borgan vaziyati hamda Brunu Fernandeshning imkoniyatini yo'qqa chiqardi. Shu sababli ham golni mehmonlar urgani ko'pchilikni hayron qoldirdi. "Yunayted" himoyachilari har bir mikro-epizodda raqib futbolchilarini "yopa" olishmadi — to'pni jarima maydonchasi markaziga yo'llagan Uelbek, bosh bilan zarba bergan Ryutter va takroriy urinishda to'pni darvoza to'riga yo'llagan Gruda ham o'z ishlarini ortiqcha qarshiliksiz amalga oshirishdi. Manchesterliklar nisbatan ko'proq hujum uyushtirsa-da, yakunlovchi fazada muammolar yuzaga kelardi. Klub baxtiga yaqin orada Afrika Kubogidan Mbeumo va Diallo qaytadi.
Biroq yakshanba kuni bu tandemsiz bir nima o'ylab topish talab etilardi. Buni amalga oshirish esa oson bo'lmadi. Vaqt o'tgani sari "qizil iblislar" hech yo'q bitta gol urishiga ham ishonch kamayib borardi. Jarima maydonchasiga kiraverishda to'pni Grudadan qabul qilgan Uelbek esa kuchli zarb bilan uni darvozaning yuqori burchagiga mixlab qo'ydi. Stadiondagilar shu vaziyatdan keyin butkul jim bo'lib qolishdi va faqatgina so'nggi daqiqalarda — burchakdan Fernandesh uzatgan to'pni Sheshko boshi bilan darvozaga yo'llab, oradagi farqni qisqartirganida qayta jonlanishdi.

Afsuski, o'ta kuchli ishtiyoq MYUning zarariga, aniqrog'i Leysini zarariga ishladi. Yosh yarim himoyachi sariq kartochkasi bo'la turib, hakamlarning qaroridan noroziligini ochiqchasiga, to'pni jahl bilan erga urib, oshkor etdi. Natija esa — ikkinchi sariq va qizil kartochka. Aynan shu kartochka umid uchqunlarini butkul o'chirdi, kim biladi deysiz, balki Fletcherning jamoada ushlanib qolish imkoniyatini ham yo'qqa chiqargandir. Oldinda — Manchester derbisi. Jamoaning hozir bor narsasi esa: klub 1981/82-yilgi mavsumdan buyon ilk bor Angliya Kubogining ham, Liga Kubogining ham birinchi raundidayoq musobaqadan chiqib ketdi.
Italiya: Vanoli "Milan"ni to'xtashga majbur qildi
"Milan" safida APLda omadi chopmagan Germaniya termasi forvardi Fyullkrug debyut qildi. Futbolchi "Vest Xem"dan ijara huquqi asosida Milanga ko'chib o'tdi. Nemis — klassik markaziy hujumchi, Massimiliano Allegriga hozir aynan shunaqasi etishmayotgan edi. Yangi futbolchining samarali harakatlari juda tez amalga oshishi mumkin edi, biroq Pulishich bilan o'ynalgan "devor" qulay vaziyatga zamin yaratgan bo'lsa-da, gol bilan yakunlanmadi. Amerikalik De Xeani aldab o'tib, o'tkir burchakdan mo'ljalda adashdi. Fyullkrug tovoni bilan sherigiga yana bir uzatma berganida esa Kristian kiperni dog'da qoldira olmadi.

Birinchi bo'limdayoq xet-trik rasmiylashtirishi mumkin bo'lgan Pulishich birorta gol ura olmadi. Tabiiyki, sen vaziyatlaringdan foydalanavermasang, oxiri raqib o'sha golni urib ketadi. Birinchi epizodda Menyan jamoasi joniga oro kirdi, lekin "rossoneri" darvozasi oldidagi xavf ortib borardi va yakunda burchakdan uzatmadan keyin himoyachi Komucconing aniq zarbasi bilan yakunlandi. Barchasi "Fiorentina"ning g'alabasiga qarab ketayotgandi, ammo Paolo Vanoli (tanaffusdan avval hakam murabbiyni o'rindiqdan chetlatdi) shogirdlari qatorasiga ikkinchi bahsning so'nggi daqiqalarida g'alabani qo'ldan chiqarmoqda. Hafta o'rtasida 89-daqiqada hisobda oldinga chiqib olgan "fialkalar" "Lacio" mag'lubiyatdan qutulib qolishiga imkon qoldirishgandi. Bu safar Fofananing uzatmasiga labbay deb javob bergan Nkunku shunday zarba berdiki, De Xea yaqin burchakka borib tushgan to'pni hech qanaqasiga qaytara olmasdi. O'yin barchani ranjitgan durang bilan yakunlandi, "Milan" "Inter"ga sovg'a tortiq qildi, florenciyaliklar esa xavfli zonadan chiqa olishmadi.
"Milan"ning ochko yo'qotishi va "Napoli"ning hafta o'rtasida "Verona" bilan durang o'ynashi "Inter"ga xato qilish imkoniyatini berardi. Lekin "neradzurri" bu haqida o'ylashmadi ham chog'i. Aksincha, aynan ular faolligi bilan amaldagi chempionni xato qilishga majburlashardi. Sobiq neapolchi Zelinski maydon markazida pressing orqali Maktominey to'pni yo'qotishiga sababchi bo'ldi, Tyuram qarshi hujumni rivojlantirdi va kerakli pallada sovuqqonlik bilan hujumga qo'shilgan Dimarkoni to'p bilan taminladi. Federiko esa uzoq burchakni aniq nishonga oldi

Xato qilgan aybdorning o'zi barchasini to'g'riladi. Skott qanotdan Elmasning uzatgan to'piga otilib chiqdi va Akanjidan chaqqonroq harakat qilib, to'pni yaqin burchakka yo'llab qo'ydi. Ikkinchi bo'lim milanliklarning yana bir "qovun tushirishi"dan boshlandi. Zommerning baxtiga Rasmus Xoylun mo'ljalda adashdi. "Napoli" malum vaqt faolroq edi, lekin aynan uning darvozasiga o'n bir metrlik jarima zarbasi belgilandi. Bunday imkoniyatlardan pista chaqqandek foydalanadigan Xoqon Chalxanoglu penaltichilarga qo'rquv soluvchi Vanya Milinkovich-Savichni dog'da qoldirishini Antonio Konte zaxira o'rindig'idan ko'ra olmadi. Maydon chetidagi odatiy qiziqqonligi Antonioga qimmatga tushdi va hakam murabbiyga qizil kartochka ko'rsatdi.
Biroq bu ham hali hammasi emasdi. Mehmonlar yana muvozanatni tiklashdi. Lang nafaqat to'pni maydonda saqlab qola oldi, balki birgina urinishda uni dublga qarab yugurayotgan Maktomineyga yo'lladi. Shotlandiyalik yana "Inter"ni ranjitdi. Asosiy vaqtga qo'shib berilgan daqiqalarda Mxitaryan natijani butkul o'zgartirib yuborishi mumkin edi, lekin Genrix tepgan to'p ustunga tegib qaytdi. Adolatli durang, Italiya chempionatidagi intrigani ham saqlab qolmoqda.
Germaniya: Olise ertagi
"Bavariya" tatilda yaxshi dam olgani ko'rinib turibdi. Jamoa "Volfsburg"ga umuman imkon qoldirmadi. Diasning uzatmasidan keyin Fisher to'pga oshiqayotgan Oliseni ortda qoldirish niyatida, avtogol muallifiga aylanib qoldi. Biroq "bo'rilar" o'zlarini yo'qotib qo'yishmadi va "tishlarini" ko'rsatib qo'yishdi. Laymer sustkashlikka yo'l qo'ydi va Peychinovich muvozanatni tikladi. Eriksen ham nomini tabloga yozdirib qo'yishi mumkin edi, ammo birinchi bo'lim chempion foydasiga hal bo'ldi. Bu safar ham qanotlar ish berdi. Olise jarima maydonchasi ichida Diasni topdi va gol.

Franciyalik uchun bu golli uzatma Bundesligadagi 24-si bo'ldi. 2004 yildan buyon, yani "Opta" chempionat statistikasini yurita boshlagandan buyon hech bir futbolchi dastlabki 50 o'yinida bunday samaradorlik ko'rsatmagan. Olisening shu bilan to'xtash niyati yo'q edi. Ikkinchi bo'lim avvalida u barchasini o'zi bajardi va jarima maydonchasiga qanotdan kirib bordi, biroq Mayklni 25-assistdan Yentc mahrum qildi. U Diasdan chaqqonroq harakat qilgan bo'lsa-da, to'pni o'z darvozasiga chiroyli tarzda yo'llab qo'ydi.
Faqatgina shundan so'ng hujumning boshqa vakillari katta sahnaga chiqishdi, jumladan Keyn. Ikki daqiqa ichida Xarri avvaliga Rafael Gerreyruga golli uzatma etkazib berdi, 69-daqiqada esa o'zi jarima maydonchasi tashqarisidan darvoza to'qqizligini aniq nishonga oldi. To'p to'rga to'singa tegib kirgani vaziyatni yanada chiroyliroq ko'rinish olishini taminladi. Bu Angliya termasi sardorining chempionatdagi 20-goli edi. Yakuniy hisob esa 8:1 — Vensan Kompani jamoasining ichki arenada naqadar dominant ekanligining yaqqol isboti.
Franciya: etakchining rekordi
Aslini olganda Liga 1 etakchisi shanba kuni o'ynashi rejalashtirilgandi, biroq qorning kuchli yog'ishi tufayli bahs bir sutkaga qoldirildi. Shunga qaramay, bu holat o'yin natijasiga, taqdiriga tasir ko'rsatmadi. Ikkinchi divizionda to'rtinchi o'rinni egallab turgan "Sosho" birinchi bo'limdayoq raqib snayperi Eduardan gol o'tkazib yubordi, keyinroq esa favorit hisobni yirik ko'rinish olishini taminladi. Per Saj jamoasi barcha musobaqalarni inobatga olganda qatorasiga 9-g'alabasini tantana qildi va klub rekordini o'rnatdi.

Kubok 1/16 finalidagi eng kuchli juftlik to'qnashuvi, qo'shimchasiga Endrikning "Lion" safidagi debyuti bilan ham etiborni o'ziga qaratdi. Ammo braziliyalikdan ancha avval Afonsa Moreyra barchaning etiborini o'zi tomon chorlagandi. Mavsum startidan avval 20 yoshli portugaliyalik rotaciya futbolchisi sifatida ko'rilgandi, biroq Malik Fofananing og'ir jarohati unga imkoniyat yaratib berdi va futbolchi bundan unumli foydalandi. Lillda Moreyra golkiper Desham to'pni oldinga tepgach, raqib posbonidan chaqqonroq chiqdi va hammani karaxt ahvolga tushirib qo'ydi. O'yin boshlanishi haqidagi hushtakdan 45 soniya o'tib gol urgan vinger jamoaning kubokdagi eng tezkor goli muallifiligini "Siti"da ter to'kayotgan Sherkidan tortib oldi.
Endrik esa darhol farqni ikkitaga oshirib qo'yishi mumkin edi, biroq Bodar to'pga eta oldi va u ustunga tegib qaytdi. Aytish mumkin kiper mana shu seyvi bilan, shu epizodda xatoga yo'l qo'ygan Ngoy gol orqali qisman xatosini yuva olishdi. Shunga qaramay, tanaffusgacha bu oxirgi etiborga loyiq vaziyat bo'lmadi, bo'lim yakunida Franciya Endrikning birinchi goliga guvoh bo'ldi. Tolisso to'pni erga tushirmay, uzoq burchakka yo'llagan epizodda debyutant o'z ishini mohirona uddaladi. Aynan shu gol hal qiluvchi, g'alaba to'pi bo'lib qoldi. So'nggi daqiqalarda Tiagu Santushning uzoq masofadan yo'llagan zarbasi o'yin taqdirini penaltilar seriyasiga qoldirishi mumkin edi. "Lion" — chinakamiga noqulay raqib. Jamoa bu raqibga ikki yil avval Franciya Kubogi 1/8 finalidagi to'qnashuvdan beri mag'lub bo'lmayapti (+5=1).
O’xshash yangiliklar
championat.asia
АПЛ. "Манчестер Сити" камбэк орқали "Энфилд"да "Ливерпул"ни мағлуб этди, Ҳусанов 61-дақиқада тўқнашувдан сўнг алмаштирилди
Элит ОЧЛ. "Насаф" турнирдаги дастлабки очкосини қўлга киритди
Роналду "Ал-Насср" раҳбариятига ультиматум қўйди: ёзда ўзгариш бўлмаса, у клубни тарк этади
"Реал" Родрининг "Манчестер Сити" билан шартнома узайтиришини барбод қилмоқчи
Fikrlar