So’nggi yangiliklar

10:42Фабио Каннаваро – «Удинезе» бош мураббийи  1 10:2116:0 - Ўзбекистон кубоги тарихидаги энг йирик ҳисобми?  5 10:13«Барселона» иккита мураббийдан бири билан шартнома тузмоқчи  10 09:46«Ливерпуль» «отмен». Аморим музокара ўтказиш учун Лондонга учиб келди  1 09:20Акинфеев Файзуллаевга «Ахмат»га қарши учрашувдан сўнг кескин гапирган  31 08:52«Интер» «Милан»дан ўтиб кетди  8 08:27МЮнинг янги раҳбарларидан бири мухлисларга мурожаат билан чиқди  2 08:03Аббосбек Файзуллаев Ўзбекистон ОТЖ сафидаги биринчи машғулотида нималар деди?  15 07:37Осиё кубоги. Бугун терма жамоамиз Вьетнамга қарши баҳс олиб боради  17 07:05U23 Осиё кубоги. Саудия Арабистони - Ироқ 1:2   0 07:00U23 Осиё кубоги. Япония - Корея Республикаси 0:1   0 06:55U23 Осиё кубоги. Таиланд - Тожикистон 0:1   0 06:50Серия А. "Милан" - "Интер" 1:2   0 06:45Серия А. "Рома" - "Болонья" 1:3   0 06:40ЛаЛига. "Севилья" - "Мальорка" 2:1   0

Mutolaa uchun. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi) Yangiliklar

Mutolaa uchun. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

Saytimizda berib borilayotgan rossiyalik mashhur sobiq futbolchi Aleksandr Mostovoyning "SHoh" laqabli" avtobiografik kitobidan parchalar berishda davom etamiz.

Ruschadan Xayrulla Xoliqov tarjimasi

TO'RTINCHI BO'LIM. NAQADAR FARQLI ROMANCEV

Oshxonaga kirib murabbiylar o'tiradigan stolga qarayman: “Oleg Ivanovich, o'z vazningiz bilan kurashayotganingiz ko'rinib turibdi”. U esa javob beradi: “Sen yaxshisi SHalimovga qara, u nimalar emayapti”.

Ushbu bo'limni to'liq meni chinakam futbolchi bo'lib shakllanishimga ulkan hissa qo'shgan Oleg Ivanovich Romancevga bag'ishlamoqchiman. Negaki aynan u mendagi iqtidorni payqay oldi va imkoniyat berdi - imkoniyat esa futbolda juda ko'p narsani anglatadi - u menga futbolga nisbatan jiddiy munosabatda bo'lish kerakligini o'rgatdi. Men bemalol Romancevni o'z murabbiyim deya olaman, chunki u menga hech qachon xalaqit bergan emas, balki futbolchi sifatida o'sishimga katta yordami tekkan murabbiydir.

Hozir ko'pchilik o'tgan yigirma yil mobaynida Romancev keskin o'zgardi deydi. Balki shunday hamdir. Ammo uni muhokama va tanqid qilayotgan odamlar murabbiylik kasbi naqadar qiyin ekanini tushunib etishmasa kerak. Bunda sening har bir qadamingni million marta o'lchashadi. Har bir xatong jiddiy etirozlarga sabab bo'ladi. Agar “Spartak”ni boshqarsang, hammaning ko'zi senda bo'ladi. CHetdan qarab baho berishdan osoni yo'q. Ammo o'zingizni bir uning o'rniga qo'yib ko'ring-a, u yashagan hayotni bir on bo'lsa ham yashab ko'ring. 

Ishonamanki, shundan so'ng sizda unga nisbatan hissiyot va fikr tubdan o'zgaradi. Balki uning o'rnida boshqasi bo'lganida qiyinchiliklarni umuman ko'tara olmagan bo'larmidi. Bir tasavvur qiling: o'n yil davomida ham “Spartak”, ham milliy terma jamoani boshqarish - qancha tanqid, qancha muammo, qancha jon fido degani.

Aytishlaricha, Romancev ruhiy toliqishni spirtli ichimlik orqali engar ekan. Xo'sh, nima bo'pti? Mashhur odamlarga hayot va ish juda og'ir keladi, chunki bundaylarga doim boshqacha qarashadi, xuddi mikroskopda qaragandek har bir qadamini kuzatib yurishadi. Agar seni hech kim tanimasa bemalol ishlayverasan, chunki senga hech kim ahamiyat bermaydi. Mabodo mashhur bo'lsang, seni uzoq vaqt izma-iz taqib qilishdan ham qaytishmaydi. 

Romancev har kim uchun turlicha. Men uchun ham. Ehtimol, bu kitobni o'qiyotgan ko'pchilik mening fikrimga qo'shilmas, shu bois ovozimni baland qilib gapira olaman. Balki kimdir aytishi mumkin, Mostovoy - nohaq, chunki Romancevning aslida kimligini bilamiz. Lekin men uchun Romancev futbolchilarni hurmat qiladigan shaxs sifatida yodda qoldi. Men buni “Presnya”ga birinchi marta kelganimda - 16 yoshdayoq sezganman. Men kim edim? Hech kim! Qanday o'ynashi va qaerdanligi nomalum bir bola. Romancev esa yaqin-yaqingacha terma jamoa azosi va “Spartak” sardori edi. U meni payqamay qolishi mumkin edi-ku. Axir menga o'xshagan bolalar kammi? Bugun bittasi chiqsa, ertaga boshqasi chiqadi.

Romancev menga hech qachon begonadek munosabatda bo'lmagan. Faqat yordam berdi, meni qo'llab-quvvatladi. To'g'ri, ish paytida u juda qattiqqo'l edi. Ammo hayotda o'zining quvnoq va ochiqko'ngilligi bilan etiborni o'ziga tortgan. U shu xarakteridan nafaqat “Presnya”, balki “Spartak”da ham voz kechmadi. Men u bilan qaerda ro'baro' kelmay - oshxonadami yo boshqa joydami - Romancev albatta hazil qilib o'tib ketardi. Lekin uning hazillariga javob qaytara olmasdim. To'g'rirog'i, javob qaytarishga hadiksirardim. Uni ayniqsa hazilni tushunmaydiganlar boshqacha qabul qilgan. Men esa bemalol ayta olaman, Romancev yumorga boy xususiyatlari bilan ajralib turardi. 

Faraz qiling, Tarasovkada tushlik qilyapmiz. Oshxonada biz o'tiradigan to'rtlik yonida Romancev o'z shtabi bilan o'tirardi. Bunday paytda nima qilinadi? Futbolchilar oshxonaga tez kirib, tez-tez eb, murabbiy ko'ziga ko'rinmaslik uchun tezda g'oyib bo'lishadi. Biz esa shoshmasdik. Romancevni qattiq hurmat qilganimizdanmi yo yaxshi ko'rganimiz uchunmi, bazan ozgina bo'lsa ham hazil qilardik.

- Oleg Ivanovich, o'z vazningiz bilan kurashyapsizmi?
U bo'lsa bunga javoban: - Qarachi, SHalimov nimalar emayapti.

Bo'ldi shu bilan tamom, oramizda chegara bor edi, hazil ko'pga cho'zilmasdi. Aytib o'tganimdek, Romancev menga nisbatan alohida munosabatda bo'lgan. U xarakterimni o'rganib tushunib etdiki, menga baqirish shart emas - bu faqat zararga ishlaydi. Umuman men bolaligimdan menga baqirishlarini yoqtirmaganman. Agar o'z tengqurlarim shunday qilsa darhol mushtlashib ketardim. Kattalar qilsa - juda xafa bo'lardim. Romancev xarakterimning mana shu tomoniga jiddiy etibor bergan ekan. U kuchli ruhshunos bo'lib, har bir odam bilan qanday munosabatda bo'lish kerakligini bilardi. 

Futbolda shunaqa: kimgadir qattiq baqirsang foyda beradi. Mabodo meni jerkib berishsa bormi, o'yinim yanada yomon tus olardi. Men Romancevning boshqalarga tinmay baqirganini ko'p ko'rganman. Masalan, Valeriy Karpin “Spartak”ka kelgan yili noto'g'ri ochilishi, kerakmas joyga yugurishi oqibatida Romancevdan nuqul gap eshitardi. Ammo tanbehlar kor qilib keyinchalik Karpindan qanday futbolchi chiqdi, bemalol Evropa darajasida deya olaman. 

Murabbiy bilan o'rtamizdagi munosabatlarga bazan dog' tushib turgan. Esimda, biz har yili Germaniyada bo'lib o'tadigan mini-futbol turniriga borardik. U erda yuz bergan bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Men eng yaxshi to'purar bo'lishga harakat qilayotgandim. Romancev esa bir o'yinda meni almashtirmoqchi bo'ldi. SHunda men norozi ohangda “Zaxiraga borishni xohlamayman, bu nimaga kerak?” dedim. Ana shu payt Romancev tutaqib ketdi. U menga shunday baqirdiki, bir zumga o'zimni yo'qotib qo'ydim. Avvaliga bir soniya nima bo'lganini tushunmay qoldim. Bu nimasi? Nega murabbiy menga baqiryapti? Lekin baribir o'yindan chiqib turishimga to'g'ri keldi.

SHundan so'ng ikki kuncha umuman gaplashmadik. Romancev yana bir bor tushunib etdiki, menga baqirish ortiqcha. Bizni o'yindan keyin mehmonxonaga olib borib qo'yadigan avtobusni kutib turganimizda Romancevning ko'ziga ko'rinmaslik uchun ancha nari ketdim. Birozdan keyin oldimga Jilyaev keldi:
- Sasha, bor seni murabbiy chaqiryapti.
- Borgim kelmayapti, yaxshisi shu erda tura qolaman.

SHunday qilib bormadim. Avtobus kelib to'xtaganida oxirgilardan bo'lib chiqdim. Murabbiy meni ko'rib qolmasin deya panaroqqa o'tirib oldim. Ertasi kuni mashg'ulot, keyin yana o'yinlar davom etdi, biroq bir-birimiz bilan gaplashmadik. Men Romancevning bir marta baqirganidan tushkun holatga tushib qolgandim.

Romancev bilan o'rtamizdagi munosabat asosan u meni almashtirganidan so'ng sovuq tus olardi deya olaman. Men murabbiy almashtirmoqchimi, demak o'yinim chiqmayapti deb o'ylardim. Lekin aslida bunday emasligini oradan yillar o'tib tushunib etdim. O'shanda murabbiyga gapirmay jimgina zaxira o'rindig'iga chiqib ketar, lekin ichimda qandaydir gina saqlab qolardim. Faqat Evropaga yo'l olganimdan so'nggina bunday holatga oddiy qaray boshladim. SHunda ham ko'pincha murabbiy qarorini tushunmasdim. CHunki o'yinim chiqayotganini va meni almashtirishga hojat yo'qligini o'zimcha bilib turardim.

Yana bir voqea esimda qolgan. U paytlar “Presnya”da o'ynab yurardim. Biz o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik. Raqib juda kuchsiz jamoa ekan. Avvaliga umuman o'yinga borishni xohlamagandim. Birinchi taymdayoq biz beshta gol urdik. Men maydonda xohlagan ishimni qildim. Keyin o'ylanib qoldim: bu cirkning nima keragi bor? Tanaffusda Oleg Ivanovich oldiga borib, ikkinchi taymda o'ynamayman dedim. Romancev hayron.

- Nima deganing o'ynamayman?
- Qarang, raqib o'ynashni bilmayapti, maydonga chiqib nima qilaman.
Romancev biroz o'ylanib so'ng jilmaydi:
- Mayli, unda chiqmay qo'ya qol.

Romancev vaziyatni boshqarishni bilardi. Faraz qiling-a, o'n etti yoshli bola murabbiyga borib ikkinchi taymda o'ynamayman deyapti. Oleg Ivanovich bu o'yinga yordamim kerakmasligini bilgandi. SHuning uchun ham mening gapimga jilmayib qo'ygan.

Otasi Vladimir Yakovlevich: - “Men Romancevni oldindan tanirdim. 1973 yil birinchi jismoniy tarbiya dispanserida davolanish uchun yotganimda Oleg ikkalamiz bitta palataga tushib qolganmiz. Uni oshqozon muammosi qiynardi. Biz yaxshigina tanishib oldik. Keyin u o'g'limni o'zi bilan olib ketdi”.

Romancev futbolchilarga nimadir demoqchi bo'lsa, buni qo'pol ohangda aytmasdi. U qattiqqo'l edi, lekin hech qachon futbolchi shaniga dog' tushirish payida bo'lmagan. Men shunday xarakterni keyinchalik Beskovda ko'rdim. Konstantin Ivanovich ham doim hammaga jiddiy, shu bilan birga iliq munosabatda bo'lgan. Ularning ikkalasi ham futbolchi yaxshi o'ynasin deb jahl qilgandir. Bu esa ularni boshqa murabbiylardan ajratib turardi.

Yana bir narsani aytishim kerak, Romancev tilyog'lamachilarni aslo yoqtirmasdi. SHunday odamlar borki, birovga yoqish uchun hamma ishni qilishadi. Futbolda bunday holatga har kuni duch kelishing mumkin. Lekin men hech qachon kimgadir yoqishga harakat qilmaganman. Har doim eng muhimi o'z ishimni to'g'ri bajarsam bo'lgani deb hisoblaganman. Men oldin qanday bo'lsam, keyin ham shundayligimcha qoldim. Balki shuning uchun Romancev meni o'ziga yaqin olgandir.

“Spartak”ka ketganimdan so'ng Oleg Ivanovich bilan yo'limiz ikki yil kesishmadi. Faqat Beskov jamoani tark etayotganida o'rniga Romancev kelishi mumkinligini eshitganimda bunga hayron qolgandim. Uning “Spartak”ka bosh murabbiy etib tayinlanganidan xabar topishim juda qiziq bo'lgan. 1988 yilning oxirida - u payt Beskov hali jamoada edi - SHalimov ikkalamiz yoshlar terma jamoasi bilan Javoharlal Neru xotira turnirida qatnashish uchun Hindistonga ketdik. Musobaqa uzoq davom etdi.

Qaytib kelganimizda aeroportda bizni “Spartak” vakillari kutib olishdi va ertasi kun mashg'ulot bo'ladigan bazaga eltib qo'yishdi. SHunday qilib biz Sokolnikiga keldik. Ichkariga kirib qarasam, “Presnya”da men bilan o'ynagan Vaska Kulkov ham shu erda ekan. Hayron bo'ldim, axir “Spartak”ka o'tganimdan beri uni ko'rmagandim.

- Vas, sen bu erda nima qilyapsan?
- Men ham “Spartak”ka o'tdim.
- Rostdanmi? Qachon?
- Rost. Bir necha kundan beri shu erdaman.
- Kim chaqirdi?
- Oleg Ivanovich bilan keldim.
- Qaysi Ivanovich?
- Qaysi bo'lardi, o'zimizning Romancev-da.
- Qo'ysangchi...
- Behazil.

Ertasi kuni ertalab kiyim almashtirish xonasiga kirsam, rostan qarshimda Romancev turibdi. Bu haqiqiy syurpriz-ku. Syurpriz bo'lganda ham ko'ngilga yoqadigan yangilik. Romancev men bilan iliq salomlashdi. Oleg Ivanovich meni ko'rganidan xursand deb o'yladim. Romancevning yonida doimgidek Jilyaev turardi. Uniyam ko'rib xursand bo'ldim.

Romancev “Spartak”da ish boshlaganida atrofdagilarniing bosimiga duch kelgandi. Odamlar u hammasini Beskovdan ko'chiradi, o'zi yangilik yaratmaydi, shu paytgacha qanday bo'lsa, shundayligicha davom etadi deb o'ylashardi. Lekin aslida bunday bo'lmadi. U hech kimdan hech nimani ko'chirmadi. Vaholanki, ularning ish uslubi juda o'xshash edi. Ammo yaxshisidan voz kechgandan nima mano? Agar muxlisga “spartakcha” uslub hatto kosmosdan qaraganda ham yaqqol ko'rinib tursa nega endi uni o'zgartirish kerak? Undan ko'ra ananalarni saqlab qolishga etibor qaratish maqul emasmi? Buzish har doim oson, barpo etish qiyin. SHu bois yillar davomida o'zlashtirilgan o'yin uslubidan bir pasda voz kechish ahmoqlik bo'lardi. 

Yana bir jihatga etibor qaratish kerak, murabbiylar yangi jamoaga o'tganida eskicha qarashlar bilan hech narsaga erisha olishmaganini tarix ko'p marta ko'rsatib bergan. “Spartak”ka esa aksincha, yangicha qarash zarur emasdi, chunki jamoa shundoq ham yorqin futbol namoyish etardi. Konstantin Ivanovich g'alvali tarzda jamoadan ketib, biroz vaqt o'tgach hammasi tinchib qoldi. To'g'ri, boshida biroz tushunarsiz holat bo'lgandi. Hammadan ham boshliqlar chuqur o'yda edi: Romancev kollektiv va futbolchilar bilan chiqishib keta olarmikan. Xayriyat, unday bo'lmadi, hammasi yaxshi kechdi. Yangi murabbiy kelishi bilan biz yanada ahil jamoaga aylandik, hamma bir-birini ko'proq hurmat qila boshladi.

Romancev o'zi va futbolchilar o'rtasiga chegara qo'ymasdi. U hamma qatori mashg'ulotda ishtirok etar, kerak bo'lsa o'zi ham bizga qo'shilib “kvadrat” o'ynardi. Bu chetdan qaraganda g'alati ko'rinsa-da, lekin futbolchilar murabbiy uchun borlarini berishga tayyor edi. Aynan yoshlar va kattalarning ahilligi sabab “Spartak” birinchi yil chempionlikni qo'lga kiritdi. Bu “Dinamo” Kiev bilan o'yinda sodir bo'ldi. O'sha o'yin kassetasi haliyam uyimda turibdi. O'yinda men zaxiradan maydonga tushgandim, chunki o'pka yallig'lanish kasaliga duchor bo'lganimdan so'ng davolanib endi o'zimga kelayotgandim.

Davomi bor...

1. Yakshanba - mutolaa kuni. Kutib oling, yangi kitob: Aleksandr Mostovoy, “SHoh” laqabli"

2. Yakshanba - mutolaa kuni. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

3. Yakshanba - mutolaa kuni. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

4. Mutolaa uchun. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

5. Mutolaa uchun. Aleksandr Mostovoy, "SHoh" laqabli" (davomi)

Reyting: +6   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика