Murodjon Toshmatov: “AGMK bilan joriy yilda yangi tarix yaratmoqchimiz”

Aslanov Jasurbek
12 iyun 2020, 11:52
Olmaliqning AGMK jamoasi ertaga Coca Cola Superliga 4-tur doirasida“Qizilqum”ga qarshi maydonga chiqadi

Mirjalol Qosimov shogirdlari kuni kecha poytaxtdagi mashg'ulotlarni yakunlashdi va koronavirusga test topshirishdi. Biz esa o'z navbatida ertangi o'yin oldidan jamoaning tajribali yarim himoyachisi Murodjon Toshmatovning fikrlariga quloq tutdik.

“Karantindan so'ng tezda jipslashib mashg'ulotlarni boshladik va “Qizilqum” bilan o'yinga a'lo kayfiyatda tayyorgarlik olib bordik. O'ylashimcha, 60 yoki 70 foiz darajada optimal sport formasiga kirib oldik. O'yindan o'yinga yanada kuchayib boramiz.

“Qizilqum”da murabbiy almashdi, tabiiyki raqib o'z maydonida faqat g'alaba uchun o'ynaydi. Ammo, biz ham ortga o'zimiz uchun ijobiy natija bilan qaytishni istaymiz. Restartni g'alaba bilan boshlash yoqimli albatta. Karantindan so'ng nafaqat “Qizilqum”, balki, barcha jamoalardan kutilmagan sensaciya kutish mumkin. Hozirda hamma bir xil holatda.

Klub faoliyatida yangi tarix va sahifa ochishni maqsad qilganmiz. Nasib qilsa joriy yilda bu niyatimizga yetishishimizga ishonaman. Qo'lga kiritilgan har bir g'alaba bizni sovrin sari yaqinlashtiradi.

Hojimat Erkinov haqida nima deya olaman? To'g'ri tarbiya berib, to'g'ri yo'l ko'rsatilsa kelajakda ko'p narsa kutsa bo'ladi. O'z yosh toifasida mashhur futbolchilardan biri bo'lishi mumkin”,- deydi Murodjon Toshmatov.



O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia