So’nggi yangiliklar

20:31Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ ўрин олган гуруҳ: ўйинлар, таркиблар, натижалар  0 20:17"Астон Вилла" 50 млн. фунтга Онанани сотиб олди  1 20:05"Комо" "Ювентус" хавбекига даъвогарлик қилмоқда  0 19:48Mirabror Usmanov Cup-2024. Дарвозабон 2 та гол урган ўйинда Тожикистон Қирғиз Республикасини мағлуб этди  1 19:31Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон – Гватемала 3:1 (онлайн ҳисоб)  0 19:29Энцо Зидан тез орада фаолиятини якунлайди  6 19:02"Манчестер Сити" Доннаруммани қўлга киритиш ҳақида ўйламоқда  0 18:30АПЛ янги мавсумда фойдаланиладиган расмий тўпни намойиш қилди  0 18:09Қувватовдан сўнг энди Цигер "Навбаҳор"га йўл олмоқда. "Нефтчи" пойгадан чиқяптими?  13 17:56Шаҳбоз Жўрабеков: "Бир жамоага ишониб "Қизилқум" билан хайрлашгандим. Клубсиз қолишим мумкин эди. "Бунёдкор"ни қутқариш учун келдик"  3 17:23Кантона Ямалга тан берди  4 16:59"Реал" янги мавсум учун меҳмон либосини тақдим этди  1 16:36Роналдо Эндрикнинг "Реал"даги истиқболига баҳо берди  5 16:11"Испания Еврони ҳақли равишда ютди" — Бензема  3 15:49Бонуччи Калафьорининг "Арсенал"га ўтаётганидан афсусда  2

Moziyga qaytib... Yangiliklar

Moziyga qaytib...

“Paxtakor-79” jamoasi doimo qalbimizda. SHu boisdan ham biz bu mavzuga takror va takror qaytaveramiz.

Joriy yilning 11 avgust sanasi atrofida etiboringizga bu mavzuda 3 materialni havola etgan edik: Axbor Imomxo'jaevning “Samoda sochilgan yulduzlar”, Abror Imomxo'jaevning “Erkalar yig'laganda...” hamda "Paxtakor-79": Sirojiddin va qilichboz qiz” maqolalari. Mashum avihalokat sabablari nafaqat mahalliy jurnalistlar, balki ularning xorijdagi hamkasblarini ham befarq qoldirilgan. Etiboringizga rus sport jurnalistlari Sergey Vishnyakov va Oleg Kucherenkoning yuqoridagi mavzudagi izlanishlarini havola etamiz.   


KOMANDA

Halok bo'lgan «Paxtakor» futbol komandasi haqidagi hujjatli qissadan parcha

(Yoshlik” jurnalining 1989 yil sentyabr sonidan olingan).


                  O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O'zbekiston SSR Ministrlar Sovetidan


1979 yil 11 avgustda Toshkent - Minsk reysi bo'yicha uchayotgan samolyot Dneprodzerjinsk shahri yaqinida aviaciya halokatiga uchradi. Yo'lovchilar va ekipaj, shu jumladan, oliy ligadagi «Paxtakor» futbol komandasining bir qator azolari halok bo'ldilar.

O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O'zbekiston SSR Ministrlar Soveti halok bo'lganlarning oilalariga va qarindosh-urug'lariga chuqur taziya izhor qiladi.

Respublika hukumati halok bo'lganlarning oilalariga yordam ko'rsatish borasida tadbirlar belgilamoqda.


O'zbekiston Kompartiyasi                                                                                                                                                                                                                                          O'zbekiston SSR

Markaziy Komiteti                                                                                                                                                                                                                                           Ministrlar Soveti

                                             

Futbolchi shon-shavkatining umri uzoqqa bormaydi. SHu qismatni tanlaydi, tarbiyalanadi, mahorat cho'qqisiga ko'tariladi, dovrug' taratadi, so'nish davri boshlanadi, xayr-mazur qiladi - futbol hayotining butun dramasi bor-yo'g'i o'n-o'n besh yil ichiga jamlangan bo'ladi. Bu hol hech kimni, hatto o'yinchilarning o'zlarini ham taajjubga solmaydi. Gohida arziganidan ko'ra kamroq bo'lsa-da, dabdabali marosim o'tkazilib qolinadi. G'alati emasmi axir, nutqlar va gullar bilan o'ttiz yoshli kishini kuzatib qoladilar... Stadiondagi diktor esa komanda sostavidagi butunlay boshqa familiyani tilga oladi. Muxlislar taajjubda: «Boshqa joyga o'tib ketibdimi? Yoki tamomila ketdimi?» Biroq ular uzoq qayg'urib yurmaydilar. Hushtak chalinadi. O'yin boshlanadi.

Davrimizning adog'i yo'q mojarolariga biz allaqachon ko'nikib ketganday ko'rinamiz. Deyarli har kuni er silkinishlar va to'fonlar, falokat bosdilar va yong'inlar to'g'risida eshitib turasan kishi. Gap oramizda kimlardir inson musibatiga loqaydlikning xavfli bakteriyasi bilan zaharlanganida emas, aslo! Aftidan, qayg'udosh bo'lish his-tuyg'usi zaiflashib qoladi, shekilli...

Ammo bugun ham, o'n yil o'tibdiki, Toshentning «Paxtakor» komandasidagi o'n etti futbolchining halokati tarix bizlarga - millionlab muxlislarga va futbol dunyosiga kiradigan minglab kishilarga - o'yinchilarga, trenerlarga, vrachlarga, tashkilotchilarga, sport jurnalistlariga tinchlik bermayapti. Mazkur qissaning mualliflari behisob hujjatli materiallarni to'pladilar, o'nlab reportyorlik bloknotlarini va magnitofon kassetalarini suhbatlar yozuviga to'ldirdilar. SHunga imon keltirdikki, «Paxtakor»ning qismati hozir ham qayg'urishga va bahslashishga, qoyil qolib tahsinlar aytishga va xayolga cho'mishga majbur etmay qolmaydi.

Biz bu qissada navbatdagi o'yinni poyoniga etkazolmasdan bevaqt olamdan ketganlar va 1979 yilning 11 avgustida sodir bo'lgan voqealar to'g'risida hikoya qilishga harakat qilamiz.

Futbolni hamma tushunadi. SHu boisdan biz hech narsani uydirma qilmaymiz, ilgarigi va hozirgi ixtilof-nizolarning izlarini xaspo'shlamaymiz, hech bo'lmaganda, iloji boricha, nozik tomonlarini chetlab o'tmaymiz. Aks holda biz o'quvchilar bilan bemalol til topisha olmaymiz.

Dublyorlar asosiy sostavdan farqli ravishda bir sutka oldin o'yinga tushadi. Bu oliy liga qonunidir. Mushtlashish janglarini ham taomilga ko'ra, avval bolakaylar boshlaydilar, so'ngra o'spirinlar va faqat shundan so'ng ko'pni ko'rgan erkaklar ishga kirishadilar. Futbol o'yini ham shunga o'xshaydi. «Paxtakor»ning ikkinchi komandasi ham Toshkentdan Minskka asosiy sostavdan bir kun oldin uchib ketdi. O'sha paytda «Paxtakor» komandasining treneri bo'lib ishlagan, hozirda esa komanda boshlig'i Yakov Aronovich 11 avgust kuni o'sha samolyotda uchmoqchi bo'lgan. Biroq u oilaviy sabablarga ko'ra, komandaning bosh treneri Oleg Bazilevichdan Minskka bir sutka oldin jo'nashga ruxsat so'raydi.

Kutilmagan oqibatga olib kelgan mashum tasodif mana shu tarzda sodir bo'lgan. Dublyorlar sostavining o'yinchisi Sirojiddin Bozorov samolyotning uchadigan paytiga etib kelmadi. Uning jo'nashi arafasida Samarqanddan otasi kelgan ekan. Trenerlar yigitni mashqlardan ozod qilishgandi, albat-ta. Ertasiga esa, aytishlariga qaraganda, u uxlab qolgan. Unga 11 avgustda uchishga to'g'ri keladi... Halok bo'lganlar orasida u eng yoshi bo'lib, endigina o'n sakkizga qadam qo'ygan edi.

Ikkinchi komanda eson-omon uchib etdi. Ananaga ko'ra, maydon egalari bo'lgan Minsk «Dinamo»si mehmonxonani tayyorlab qo'ygandi. Ertalab esa Aronovich Minsk komandasining administratori bilan birga asosiy sostavni kutib olish uchun aeroportga jo'nadi. Samolyot hadeganda kelavermadi, aftidan, kechikayotganga o'xshardi. Uchish-qo'nish bo'yicha axborotlar dam «meteorologik sharoitlarga ko'ra», dam «kech kelganligi sababli» bo'lib xilma-xil edi, keyin esa spravkalar beradigan byuroda o'tirgan qiz ham qayoqqadir chiqib butunlay g'oyib bo'ldi...

Unchalik muhim bo'lmagan tafsilotlarni keltirishimizdan maqsad - aeroport xodimlarini qoralash emas. O'sha lahzada ularga ham oson tutib bo'lmasdi. Lekin agar bizga aniq bo'lgan tafsilotlardan hatto eng arzimaganlarini ham aytmasak, bu voqea qanday sodir bo'lganini endilikda tasavvur qilib bo'lmaydi.

Faqat soat 18 dan 30 minut o'tgandagina Toshkent reysi boshqa kunga ko'chirilganini elon qilishdi.

Ular mehmonxonaga qaytib keldilar. U erda Aronovichga O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining sekretari o'rtoq Salimov qo'ng'iroq qilgani, telefon oldida bo'lishni so'raganini malum qilishdi. Telefon yana jiringladi. «Yakov Aronovich, - tanish ovoz unga go'yo qo'shni xonadan eshitilganday tuyuldi, - siz bilan birga uchib borganlarning hammasini ro'yxat bo'yicha ayting.» Trener nomma-nom ularni aytib chiqdi. Markazko'm kotibi jim turib qoldi. So'ngra dedi: «Sen erkak kishisan, Yasha... O'zingni qo'lga ol, bardam bo'l, o'g'lim. Komanda aviaciya halokatida halok bo'ldi». Va yig'lab yubordi.

Tun azobda kechdi...

Kech payti allamahal bo'lganda Aronovich Moskvaga - Vyacheslav Dmitrievich Solovyovga qo'ng'iroq qildi. U mamlakatda eng obro'-etiborli futbol trenerlaridan biri bo'lib, ayni paytda «Paxtakor»ga rahbarlik qilmasdi -1975 yildayoq kasalligi tufayli ketishga majbur bo'lgan edi. Ammo 1979 yilgi «Paxtakor»ning «umurtqasini» mustahkamlagani bittalab eng yaxshi o'yinchilarni taklif etgandi, to'plagandi.

— Bu yigitlarni dafn qilishimni, — dedi bizga Solovyov, - hatto qo'rqinchli tushda ham ko'rmagandim. Hayotimning eng qayg'uli paytidir bu. O'sha tunda xotinim bilan ertalabgacha yonma-yon o'tirib chiqdik, axir u ham ularni yaxshi bilardi va juda yaxshi ko'rardi. Ularning endi yo'qligiga sira ishonmasdik. Rostini aytsam, hozir ham ishonmayman...

Ertalab Minskdagi mehmonxona oldida odamlar dengiz yanglig' chayqalishardi. Hammalari voqea qanday sodir bo'lganini, kim halok bo'lganu kim tirikligini bilishni istashardi. Aronovich va u bilan birga uchib kelganlar odamlarga nima ham deya olishardi? Halokatga uchragan samolyotda kimlar qolganini ularning o'zlari ham aniq bilmasdilar.

Dublyorlar uchrashuvi bekor qilindi.

Paxtakorchilarga yana o'sha reysga, faqat orqaga: Minsk - Gurev - Toshkent reysiga bilet olishdi. Ayrimlar uchishni istashmadi. Biroq Minsk «Dinamosi»ning katta treneri Eduard Malofeev etib keldi-da, hammani uchish zarur ekanligiga ishontirdi. «Bu kutilmagan ko'rgulik bo'ldi, — dedi u, umr bo'yi o'zi ham zarurat yuzasidan uchib yurishini aytib, - bunday hollar avtomobil halokatiga nisbatan kam uchraydi. Va umuman bitta chuqurga bitta snaryad ikki marta tushavermaydi».


O'rtoqlar bilan vidolashuv

Toshkent. 17 avgust (TASS). Bugun O'zbekistonning minglab aholisi aviaciya halokatida qurbon bo'lgan «Paxtakor» komandasi futbolchilarini so'nggi yo'lga kuzatdilar.

Komanda murabbiyi, O'zbekiston SSRda xizmat ko'rsatgan trener I.B. Tazetdinov, xalqaro toifadagi SSSR sport masterlari    M.I. An, V. I. Fyodorov, SSSR sport masterlari R. R Agishev, O. A. Ashirov, K. A. Bakanov, V. T. Zagumennix, A. I. Korchyonov, N. B. Kulikov, V. V. Makarov, S. K. Pokatilov, V. N. CHurkin, sport masterligiga nomzodlar S. A. Bozorov, SH. M.   Eshbo'taev, V. V. Sobirov, komanda administratori M I. Tolibjonov, vrach V. V. CHumakovlarning portretlari gullar bilan o'rab qo'yilgan.

Motam marosimida so'zga chiqqanlar ularning sovet sporti rivojlanishiga, O'zbekistonda futbolni ommaviylashtirishga qo'shgan katta hissalari va jamoatchilik faoliyati to'g'risida gapirdilar.

SHu kuni dafn marosimi bo'ldi. Qabrlarga partiya, sovet, kasaba soyuz, minglab muxlislar va sport tashkilotlari nomidan gulchambarlar qo'yildi.

                                                                 «Sovetskiy sport», 1979 yil, 18 avgust.

Toshkent quyoshi so'nggi tomchi yoshdek dildiragan o'sha mudhish, o'sha qora kunni juda ko'pchilik eslaydi. Sevimli komanda bilan vidolashish uchun butun shahar ahli ko'chalarga chiqdi. Bu ham gapmi, “Paxtakor»ni dafn etishga respublikaning hamma burchaklaridan, Moskvadan va boshqa shaharlardan odamlar keldi. Ular aeroportdan to halok bo'lganlarning suyaklari ko'miladigan Botkin qabristonigacha olib boradigan yo'l bo'ylab saf-saf bo'lib turdilar. Dafn marosimida O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining rahbarlari, O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti byurosining azolari, respublika hukumati, Oliy Soveti Prezidiumining azolari, sovet, kasaba soyuz, komsomol organlarining rahbarlari, O'zbekiston SSR sportining namoyondalari qatnashdilar.

Bu qayg'u umumxalq qayg'usi edi.

O'sha kunni xotirlaganda suhbatdoshlarimizdan hech kim uni na tasvirlay va na anglay olardi. Faqat o'z hamdardliklarini bildirishdan nariga o'tolmadilar. Bir holat hech istisnosiz hammani hayratga soldi. Bilishimizcha, bu toifadagi kishilarning boshini hech kim birlashtirmagan. Musibatning o'zi odamlarni uylaridan, muassasalardan, korxonalardan, o'quv yurtlaridan etaklab chiqdi. O'sha soatlarda bu ulkan olomon ichida birorta ham anglashilmovchilik sodir bo'lmadi, hech qanday tartibbuzarlik ham ro'y bermadi.

Halokatdan keyin har kuni respublika Sport komitetiga taziya izhor qilingan telegrammalar minglab, o'n minglab kelib turdi. Ular orasidan alohida muxlislar va ularning butun gruppalaridan, korxonalar, oliy o'quv yurtlari, tashkilotlar, harbiy qismlarning kollektivlaridan, barcha sovet va ko'plab chet el komandalaridan ham telegrammalar bor edi. Sport komitetining binosi oldida maxsus vitrina o'rnatib, unga telegrammalarni qo'yadigan bo'lishdi. SHu vitrina atrofidan kechayu kunduz odam arimasdi.

Nomalum avtorning manavi sheri futbolchilar qabriga qo'yilgan gulli savatlarning biridan topildi.

Yonar Toshkent, Toshkentda kulfat -
«Paxtakor»ni yo'qlashar bu dam.
Ko'k tor kelsa qilarkan alam -
Samovotda qolishsa mudom...

O'zbekiston SSR Ministrlar Soveti qoshidagi jismoniy tarbiya va Sport Komitetining raisi, (Hozirgi vaqtda O'z-bekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi - red.) Mirzaolim Ibrohimovich Ibrohimov o'sha vaqtlarni shunday xotirlaydi:

- Aviaciya halokati to'g'risida xabar kelganda, bu dahshatning chegarasi bo'lmadi. Hatto men, keksayib, sochi oqargan odam ham, larzaga keldim. Lekin bundan ham dahshatlisi - halok bo'lganlarning oilalariga fojiali xabarni etkazish edi. Biz shunday qildik: respublika Sport Komiteti kollegiyasi to'la sostavda halok bo'lganlarning oilalariga bordik. Qarindosh-urug'lar va yoru birodarlar oldida bosh egib, ularning musibatlariga sherik bo'lish - bu bizning insoniy burchimiz edi.

«Paxtakor» futbolchilarining xotirasini abadiylashtirish to'g'risida O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, respublika hukumatining qarori chiqqach, kollegiya yana bir joyga to'plandi va yana hamma oilalarga tashrif buyurdi. Bu xabarni ham ular bizdan eshitishlarini istagandik.

Etim qolgan bolalarga, marhumlarning bevalariga, o'z o'g'illaridan judo bo'lgan ota-onalarga qo'limizdan kelgancha yordam ko'rsatdik. Boquvchisini yo'qotgani munosabati bilan har bir oilaga pensiya belgilandi. Muhtoj bo'lganlarga yangi kvartiralar berildi.

Muhimi shundaki, komandaning o'zi halok bo'lganlarni hurmatlab kelyapti. Har bir mavsum boshlanishida va tugaganida «Paxtakor» butun sostavi bilan qabristonga - futbolchilarga qo'yilgan yodgorlikni ziyorat qilgani boradi. Bizga o'yinga keladigan komandalarning ko'pchiligi ham u erda bo'lib turadi. Eng asosiysi, har yili erta bahorda biz «Paxtakor» komandasi xotirasi sovrini uchun respublikamizdagi ikkinchi liga komandalari o'rtasida turnir o'tkazyapmiz. Bu turnir hozirgi «Paxtakor»ni to'ldirish uchun yosh, istedodli o'yinchilarni aniqlashga yordam beryapti, umumiy ishimizga xizmat qilyapti.

Menimcha, bu ish - yaxshi odamlarga o'rnatilgan yaxshi haykaldir.»

Go'yo yillar o'tib cho'kkan harsangtosh, bu tosh palaxsasi O'zbekiston Sport Komiteti binosining oldida turibdi. Uning cho'qqisida bronzada tovlanib turadigan futbol to'pi va sayqallanib qator yozilgan tanish familiyalar ustunchasi - bularning hammasi qo'lda qilinganidan shohidlik beradi.

Oqshom tushishi bilan oppoq tishli, haykalnamo jingalak cho'qqi soqolli quvnoq bog'bon qo'liga rezina ichakni oladi-da, tosh va uning atroflariga suv sepib turadi. Havoda mavjiragan suv purkaladi, jazirama issiqni va o'tgan kun davomida to'p yuzasiga va abadiy o'yib yozilgan satrlarga qo'ngan changni yuvib, go'yo bu odamlarga familiyalarning yorqinligini avvalgi holiga qaytaradi.

Yon-atrofdan yo'lovchilar o'tib turishadi. Go'yo hech kim bu erda ataylab to'xtamaydigan, shapkasini boshidan olmayotganga o'xshab ko'rinadi, aslida ular birrov nazar tashlamasdan o'tishmaydi. Futbolchilar yodgorligiga qaraganda ular nima haqida o'ylasharkin? Kim biladi... Darvoqe, nima uchun bu haqda so'rab bo'lmas ekan?!

—    Men har kuni ertalab va kechki paytda shu tosh oldidan o'taman, — deydi miliciya katta serjanti Muhammadjon Usmonov, - va har safar bu yigitlarni yodga olaman. Men ularni unutganim yo'q. Men muxlisman, axir «Paxtakor» o'yinchilarining hammasini Krasnickiy o'ynagan davrdan boshlab nomma-nom, maykalaridagi nomerlariga qarab bilaman. Toshkentda komandamning birorta o'yinini qoldirmay kelayotganimga ham yigirma yildan oshdi, bir vaqtlar hatto qishloqdan shaharga futbol ko'rgani kelib ham turardik.

O'yinga borayotganimda esa, yon daftarcham qo'limda bo'ladi, unga komanda sostavini, gollarni kim kiritganini, to'pni kimlar uzatganini yozib qo'yaman. Uyga qaytgach, bu yozuvlarni qalin daftarga ko'chiraman - bunday daftarlarimning soni oltitaga etdi. Aytganday, men nafaqat milicioner, balki yoshlarimiz gazetasi «Yosh leninchi»ning shtatsiz muxbiri hamman.

—    Muhammadjon, uydagilar ishqibozligingizga qanday qaraydi?

—    Hurmat qilishadi. Katta o'g'lim Zafar - u sakkiz yoshda - hozirdanoq futbol o'ynayapti va men bilan birga futbolga borib turadi. Kenjasi Sanjar, endigina uch yoshga to'ldi, lekin birinchi aytgan so'zi «gol» bo'ldi.

Etiroz yo'q, bunga ishonmay bo'lmaydi. Agar O'zbekistonda «Paxtakor» futbol komandasiga befarq odam yo'q, degan so'z rost bo'lsa, u holda bu erdagi kasbimiz vakillarida komandaga nisbatan sodiqlikni saqlash kerak, xolos. Biz bunday mutlaqo o'z-o'zidan tushunarli his-hayajonlarga respublika sport jurnalistlari bilan bo'lgan har bir suhbatda duch keldik. Va hamma vaqt, hatto ilgari bizga mutlaqo begona bo'lgan odamlar ham material to'plashda bizga yordam ko'rsatishga bajonidil tayyor ekanliklarini his qilardik.

Ular kuchli edilar, chunki komandaga birlashgan edilar. Ular kuchli komanda ham edilar - kim biladi bu haqda suhbatlashishga to'g'ri kelgan bo'lsa, hamma «Paxtakor-79» yaqin orada mamlakat chempionatining oliy ligasida sovrinli o'rinlarga davogarlik qilishi aniq edi, deb tasdiqlardi. SHu klubda turli yillarda ishlagan bir necha trenerlarning ayrim fikr-mulohazalarini keltiramiz.

Vyacheslav Solovev:

—    Trenerlik hayotimda bunchalik pishiq-puxta paylarga, nihoyatda qobiliyatli va futbolga jon dilidan berilganlar toifasiga duch kelib, rosa omadim keldi, deb hisoblayman. Ular hayotida eng muhimi - o'yin edi. Ular o'zlarini qaror toptirmoqchi edilar va faqat futbol ularni oyoqqa turg'i-zishiga ishonardilar. Ular oddiy, nimasi bilandir izzat-nafsi sog'lom, allaqanday mulohaza-istiholalar bilan aynimagan, soddadil yigitlar edi. Ularning aksariyati qishloq joydan, ko'p farzandli oilalardan chiqqan edilar. Tarbiyasiga, malumotiga, hatto xarakteriga ko'ra, ular bir-birlariga yaqin edilar. Mashqlarda vijdonan qatnashardilar, har qanday qiyinchilikka yoshligidan ko'nikkandilar. O'yin esa ularga quvonch baxsh etardi.

An, Fyodorov, Ashirov, Bakanov, Xadzipanagis - ular «Paxtakor»da bosh trener bo'lib ishlagan vaqtimda komandaning o'zagi edilar. Ular astoydil o'ynardilar, o'yin ular uchun mashaqqatli, xit qiladigan holat emasdi. Uchrashuvlar davomida men gohida trener ekanligimni unutib qo'yardim. Ularning maydondagi siyqasi chiqmagan va artistlardek harakatiga mahliyo bo'lib qolardim. Tomoshabindek qarab o'tirardim...

Aytganday, ular nafaqat o'yin paytida, balki hayotda ham o'z kuchini tezda tushunib oldilar, ko'p narsalarni hamjihat hal etishlarini angladilar. Bir-birlaridan ajralishmasdi. Va yana, xato qilmasam, o'sha mahalda «Paxtakor»ning sostavida to'qqizta millat vakillari bor edi: o'zbeklar, ruslar, tatar, koreys, tojik... Bu, tabir joiz bo'lsa, futbolcha baynalminal edi. O'yinchilarning har biri xalqlar o'rtasidagi qardoshlik va chinakam sovet vatanparvarligi ruhida voyaga etgan edi.

Oleg Bazilevich:

— Komandani qabul qilib, o'yinchilar bilan yaqinroq tanishgach, ularning ko'pchiligi hali o'z qobiliyatlarini to'lasincha namoyon etmaganlariga ishonch hosil qildim. O'sha davrdagi sostavning yarmidan ziyodi mamlakat terma komandasidagi o'rinlarga davogarlik qila olardi, aytganday, ikkitasi unda o'ynayotgan ham edi. Ularning birortasi haqida «u ojiz edi», deb aytolmayman. Bu yigitlarning deyarli hammasi o'yinchining o'rtacha andozalaridan balandroq edi, bu hol esa bitta komandada kamdan-kam uchraydi.

Bir vaqtlar futboldagi istiqbolli narsa - saviyasi teng ijrochilarning hamjihat kollektivi yoki o'zlaricha o'ynaydigan yoxud aktyorlar tili bilan aytganda, junchoyshabni o'z ustiga tortadigan etuk aktyorlarning guruhi, degan bahslar uzoq davom etgandi. Endilikda esa katta futbolda chiroyli o'yinning o'ziga xosligini uyg'unlashtiradigan ansamblgina g'olib chiqa olishi hammaga ayon bo'ldi. Demak, yutuqqa kollektiv holda intilish ham, har bir o'yinchining alohida mahorati ham kerak ekan.

Besh barmoq barobar emasligi rost. Ular o'yinchi sifatida ham, inson sifatida ham o'z fel-atvoriga ega edi.

Toshkentdan unchalik uzoq bo'lmagan kolxozda istiqomat qiluvchi serfarzand koreys oilasida voyaga etgan bu futbolchi haqida Vyacheslav Dmitrievich Solovyov birmuncha kutilmagan fikrni aytdi: «Bu yigit ajoyib oila tarbiyasini olgan».

Mixail An «Paxtakor»ning bir nechta o'yinchilari o'qishni tugatgan Titov nomli internatda talim oldi va masterlar komandasiga taklif qilindi... Solovyov xotiralarini o'qisangiz, o'sha kezlarda Misha juda ozg'in, jismonan kuchsiz bo'lganini bilib olasiz. Birinchi bo'lim tugagandan so'ng echinadigan xonaga qaytib, polga yiqilardi, qo'llarini keng yoyib sho'xlik bilan: «Tamom! Boshqa o'ynay olmayman», der edi. Kunlardan birida Solovyov uning qo'llariga nazar tashlaydi, nozikdan-nozik ekanligini ko'rib so'raydi: «Misha, bu qanaqasi, sen qo'lingga ketmon olmaganmisan? Axir sen kolxozda katta bo'lgansan-ku!» An esa unga javoban mug'ombirona kulib deydi: «Oilada kenjasi edim. Hammasi meni erkalatib o'stirgan...»

Ammo asta-sekin An baquvvatlashib, chidamliroq bo'ldi va ko'p o'tmay, boshqa o'yinchilarga yugurishda va suratda boy bersa-da, lekin ko'pchilikka nisbatan sezilarli ustunliklari mavjudligini namoyon qildi. U aqlli odam va aqlli o'yinchi edi. Maydonni hammadan yaxshi ko'ra olardi. Misha o'zining qisiq ko'zlari bilan boshqalarga qaraganda yaxshiroq ko'rishi sabab bo'lib, komandadoshlari unga hazil-huzul qilishini yoqtirishardi. Ko'p o'tmay u «Paxtakor» hujumlarining tashkilotchisi sifatida tanilib qoldi.

Uning zarbasi, ayniqsa, o'ng oyog'i bilan beradigan zarbasi ajoyib edi. Biroq Mixail qanday bo'lmasin, sherigini zarba beradigan to'la imkoniyatli poziciyaga chiqarishni maqul ko'rardi. Go'yo asosiy voqealar soyasida qolib, darvozani ishg'ol etish uchun sherigiga qulay sharoitlarni yaratish unga xush yoqardi. Uning to'p oshirishiga esa haqiqatan ham qoyil qolmasdan bo'lmasdi, to'pni nihoyatda aniq va yumshoq qilib uzatib berardi. Bunday to'p bilan u o'zining eski qadrdoni, komandaning asosiy zarba kuchi bo'lgan Vladimir Fyodorovni ko'proq taminlardi.

Futbolchini kapitan qilib saylash oson ish emas. Bu ishda faqat ovoz berish kamlik qiladi. Bunday qarorni tribunalarda ham maqullashmasa bo'lmaydi. Toshkentdagi muxlislarni chalg'ita olmaysan, ular hammasini - sevimli komandadagilarning qaysi biri nimaga qodir ekanligini tepadan qarab ko'rib turishadi. Mixail Anning kapitanlikka saylanganini hech qanday etirozsiz qabul qilishdi. U kapitanlik bog'ichini taqishga mehnati bilan sazovor bo'lgan edi.

Komandaning hozirgi darvozaboni, 1979 yilda «Paxtakor»ning dublyori sostavida o'ynagan Aleksandr Yanovskiy quyidagilarni aytdi: -    An komandaning joni-dili edi. Katta hurmatga sazovor bo'lgan edi. CHunki uning adolatli odam ekanligini va haqiqiy o'yinchiligini hamma bilardi. Yana quvnoqligi, hazil-mutoibalarni boshlashi, mayna qiladigan o'yinchilarni o'ylab topishida topqirligi uchun ham uni yaxshi ko'rishardi.

To'lagan Isoqov:

—    Misha An va Volodya Fyodorov komandaga kelishganda, men “Paxtakor”ning veterani bo'lib qolgandim, yoshim ularnikidan kattaroq edi-da. Biroq rostini aytsam, har ikkala o'yinchi ham mahorat va istedod borasida hammamizdan o'zib ketishdi.

Ular bir-birlarini qanchalik tushunishardi-ya!

Afsuski, so'nggi yillarda ularning o'rtasida nimadir ro'y berdi, allaqanday gap-so'z tarqalgandi. Lekin shunisi muhim-ki, o'yin paytida bu holat zarracha ham sezilmasdi. Ikkovi ham chinakam o'g'lonlar va mahoratli katta o'yinchilar edi, ikkovi ham janjalni maydonda davom ettirish yaxshi emasligini tushunardilar. Avval qanday bo'lsa, shunday o'ynardilar. Bunday juftlikka ega bo'lishni, o'ylaymanki, mamlakatdagi har qanday komanda ham orzu qilsa arziydi.

Faqat tasodifga ko'ra, men o'sha kuni falokatga uchramay qoldim. Jarohat olgan edim, oyog'imda tuzukkina g'urra bor edi, davolanmasam bo'lmasdi. SHu boisdan men Minskka uchmadim. Misha An esa tizzasi jarohatlangan bo'lishiga qaramay, uchib ketdi. U halok bo'ldi, men esa tirik qoldim...

O'shanda o'ttiz yoshda edim, kuch-quvvat etarli, yana va yana o'ynayversam bo'laverardi. Biroq men «Etadi, tamom!» dedim-da, ketvordim. SHundan so'ng maydonga qaytib chiqmadim. O'shandan buyon hatto Qibraydagi bazada ham qoramni ko'rsatmay qo'ydim. Ikkinchi ligada «SHahrixonchi» komandasiga trenerlik qilyapman, yoshlarni tarbiyalab o'rgatyapman. Qobiliyatli bolalar bor. Ammo An bilan Fyodorovga o'xshaganlarini negadir ko'rmayapman.

Yakov Aronovich:

—    Misha An yildan-yilga jiddiyroq va xushyorroq bo'lib bordi, o'yinga ham, hayotga ham masuliyatliroq qaraydigan bo'ldi.

U O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini tugatishga ulgurmadi, to'rtinchi kursda tahsil olayotgan edi. Ilgarigi paytlarga qaraganda ancha jiddiyroq shug'ullanayotgandi. Futboldan keyingi hayoti to'g'risida o'ylay boshlagandi. 1979 yilda uni partiya azoligiga kandidatlikka qabul qilishgandi.

U halok bo'lgan paytda, rafiqasi farzand kutayotgandi. Ikki oyga etar-etmas Mixail Anning ikkinchi o'g'li dunyoga keldi.

Xalqaro toifadagi SSSR sport masteri Mixail An SSSR o'smirlar terma komandasida 8 ta o'yin o'tkazdi (va 1 ta to'p kiritdi), mamlakatning yoshlar terma komandasida 23 ta o'yinda qatnashdi (2 ta to'p), ikkinchi terma komandada o'ynab, 7 ta o'yin o'tkazdi (2 ta to'p) va Sovet Ittifoqining terma komandasida 2 ta o'yinda qatnashdi. 1976 yilda yoshlar terma komandasi sostavida o'ynab, Evropa chempioni bo'ldi. 1974 va 1978 yillarda mamlakatning 33 ta eng yaxshi futbolchisi ro'yxatidan joy oldi.

«Paxtakor» futbolchilari halok bo'lganidan keyin O'zbekiston Sport Komitetiga Tojikistonning Kabodiyon rayonidagi 2-o'rta maktab o'quvchilaridan maktub keldi. Ular futbolchi Vladimir Fyodorov to'g'risida hikoya qilib berishni va maktabning sport muzeyi uchun uning fotosuratini yuborishni iltimos qilishibdi. «Butun sinfimiz bilan, — deb yozgan edi ular, - qattiq iztirob chekdik».

Xalqaro toifadagi sport masteri Vladimir Fyodorov mamlakatning o'smirlar terma komandasida 22 ta o'yinda qatnashdi (6 ta to'p kiritdi) yoshlar terma komandasida 11 ta o'yin o'tkazdi (5 ta to'p), olimpiya terma komandasida qatnashib, 5 ta o'yin o'tkazdi (1 ta to'p) va SSSR terma komandasida 17 ta o'yinda ishtirok etdi. Yoshlar terma komandasi sostavida, Anga o'xshab, 1976 yilda Evropa chempioni va o'sha yili Monrealda o'tkazilgan Olimpiya o'yinlarida qatnashib bronza mukofotiga sazovor bo'ldi. O'z o'rtog'i kabi 1974 va 1976 yillarda mamlakatning 33 nafar eng yaxshi futbolchilari ro'yxatidan joy oldi.

U Toshkent oblastining O'rta CHirchiq rayonidagi Sverdlov nomli kolxozda tug'ilgan. Uning otasi - Ivan Vasilevich - frontchi, urush invalidi, kolxozda ko'p yillar davomida buxgalter bo'lib ishlagan. Oilada yana ikki o'g'il va bir qiz tarbiya ko'rdi. Qishloqda Fyodorovlar oilasini hamma ezozlaydi, kommunistik mehnat zarbdori Ivan Vasilevich qishloq Sovetiga deputat qilib saylangan.

Yakov Aronovich:

— Bir kuni shunday voqea sodir bo'ldi... Komanda rahbarlaridan bittasi allaqanday «ko'zlangan natija» uchun o'ynash kerak deganday qilib Fyodorovga so'z qotdi. Bu hammaga maqul kelarmish... Biroq Volodya unga shunday javob qildi: «Men bunday «o'yin»larga tushmayman». Va eshikni yopib chiqib ketdi. O'sha trener o'ziga boshqa ish topib joylashgunga qadar Fyodorov bilan go'yo «it-mushuk» bo'lib yurdi. O'zlaringizdan qoladigan gap yo'q: komandadagi o'yinchi naqadar talantli va zarur bo'lishidan qati nazar trener uni yoqtirmay qolganda, ahvoli qanchalik batang bo'lib qoladi. Ammo Volodya bo'yin egmadi.

Men uni shundayligicha - hamisha va hamma joyda boshini mag'rur ko'tarib yurgan holda eslayman.

Vyacheslav Solovyov:

— Volodya jiddiy odam edi. Umrining oxirigacha o'ynamasligini, turmushning barcha ikir-chikir masalalarini tezroq hal etish zarurligini bilardi: institutni bitirish, oila qurish, tuzukroq kvartira olish... Biroq yulg'ich emasdi. Men aytishim mumkinki, oilasida dehqoncha sabr-qanoatlilik mavjud edi.

David Kipiani:

— Volodya Fyodorov haqiqiy rus yigiti edi. Qalbi keng, ko'ngli ochiq. Hammaga ochiq chehra bilan qarardi. Kuchli odam edi, zerikishni bilmasdi.

Yig'inlar vaqtida ko'pincha men u bilan bir xonada turganman, hamma narsalar to'g'risida ochiqchasiga gaplashardik. Yana uni o'z komandasi va o'z respublikasining haqiqiy vatanparvari sifatida bilaman. Bu gapni umuman halok bo'lgan yigitlarning hammasi haqida aytaversa bo'ladi. Kollektivga, jonajon o'lkasiga bunday munosabatda bo'lishi menda doimo kuchli taassurot qoldiradi. Mana Fyodorov rus edi, An - koreys, Ashirov o'zbek, O'zbekiston esa ularning hammasi uchun chin manoda Vatan edi.

...Arxiv xujjatlari orasida uning otasi Ivan Vasilevich o'z qo'li bilan bitgan Vladimir Fyodorovning tarjimai holini topib oldik. Ehtimol, bu hujjat qoida bo'lib qolgan andozalarga juda ham moslab yozilmagandir, biroq u bizda chuqur taassurot qoldirdi. U vujudingni titratib yuboradigan achchiq satrlar bilan tugaydi:

«1979 yil 11 avgustda «Paxtakor» futbol komandasi sostavida xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda aviaciya halokatida fojiali ravishda halok bo'ldi. SHu bilan kuch-g'ayrati barq urib turgan paytda hayotdan umrbod ko'z yumdi».

Tarjimai hol tugadi.

Olimjon Ashirov. Olim... Do'stlari uni shunday chaqirishardi, u ham Toshkent yaqinida, serfarzand oilada tug'ilgan va Titov nomli respublika sport internatida talim olgan.

Olim to'g'risida gapirganda odamlar uning rosa kamtarin, oliy darajada ishonchli futbolchi va inson ekanligi haqida gapirmasdan qo'yishmaydi. Maydonga chiqqanda chinakam fidoyilikni va to'la-to'kis dovyuraklikni namoyish qilardi. CHunonchi, bu fazilatlar uning oilasidagilarning hammasiga xos, ularning har biri mehnatning qadriga etadigan va etarli darajada qiyinchiliklarni boshidan kechirgan. Mana, atigi bitta dalil. Olim halok bo'lganidan so'ng boquvchisini yo'qotganligi uchun uning onasi Rohatoy Ashirovaga nafaqa tayinlashgandi, biroq onaxon Olimjonning etim qolgan o'g'illari Oleg va Ulug'beklar foydasiga berilishi ko'zda tutilgan bu moddiy yordamni olishga rozi bo'lmadi.

Yakov Aronovich:

— Olim Ashirov Volodya Fyodorovga o'xshab o'z tengqurlaridan ajralib turardi. Komandada u joy izlab yurmadi - u tug'ma himoyachi ekanligini hamma tushunardi. Haddan tashqari mehnatsevar edi. Hayratga soladigan dovyuraklik, tirishqoqlik fazilatlariga ega edi - zarur bo'lganda, xujum-chining oyog'i ostiga boshini ham qo'ya olardi. Fyodorov va An bilan maktab komandasida o'ynagan kezlarda Ashirov o'zidagi chayirlikni tarbiyaladiki, keyinchalik katta futbolga chiqib, raqib xujumchilariga qator-qator qiyinchiliklarni tug'dirdi.

Maydonda u hech kimga bo'yin egmasdi, birovning oldida hayiqmasdi ham. Hayotda esa vazmin, itoatli edi, kattalarga izzat-hurmat bilan muomala qilardi.

Vyacheslav Solovyov:

— SHuni aytish kerakki, men o'sha yigitlar uchun katta akaday edim. O'zbekistonda esa katta akani xuddi otadek hurmat qilishadi. Ular o'zlarining barcha tashvishlari va quvonchlarini aytib oldimga kelishardi. Qaerda to'y bo'lsa, meni ham taklif etishardi.

Olim Ashirov Termizda o'ziga qayliq topib olgani yodimda. Oqshomlari u mehmonxonaga kechikib qaytayotganini sezib qoldim, komandamizda esa rejim qattiq edi. «Olim, sen qayoqlarda yuribsan», - deb so'raganimda, u qizarib uyaldi-da, hech narsa demadi. Bir necha kundan so'ng oldimga o'zi keldi: «Vyacheslav Dmitrievich, men bilan bir uyga borib kela olmaysizmi?» Men darhol hammasini tushundim. O'sha paytda Olimning yonida katta qarindosh o'rnini bosadigan, uning nomidan gapiradigan, uni qizning ota-onasiga tanishtiradigan boshqa hech qanday odam yo'q edi. Biz birgalashib uning bo'l-g'usi kelinning oilasiga bordik. Qiz o'shanda o'ninchi sinfda o'qir ekan. Oila menga maqul tushdi, qiz ham. Men rozi bo'ldim. Ular baxtiyor edilar.

Bir kuni endilikda Yuriy Zagumennix nomi bilan ataladigan Toshkentdagi sokin ko'chada futbol o'ynayotgan bolalarni uchratib qoldik. Darvoqe, ular juda soz o'yin ko'rsatishardi. Ayniqsa, ulardan bittasi, qoramag'izdan kelgani chaqqon, tezkor va tinib-tinchimaydiganlar toifasidan ekan. Orqasi-da «5» raqami yozilgan, rangi o'chib rosa oqargan eski mayka kiygan edi. Biz to'xtab, o'yinni tomosha qila boshladik. Bolakaylar notanish odamlarning tikilib turganini sezib qolishdi. Darhol o'yinni to'xtatishdi va o'z navbatida qiziqsinib bizga tikildilar.

Faqat shundagina biz «Paxtakor»ning chap qanotida o'ynagan himoyachi Zagumennix nechanchi nomerda yurganini esladik. Gap nima to'g'risida borayotganini eshitgan yigitcha hukmnamo ohangda dedi: «Pyat» Tarjima qilganda, bu «5» raqamini bildiradi. Ishonchli bo'lishi uchun u qo'lini yuqoriga ko'tarib, beshta barmog'ini keng yoydi. So'ngra esa ataylab qilmaganday orqasini o'girdi-da, maykasidagi nomerni ko'rsatdi. Biz ham-masini angladik: u shunchaki futbol o'ynamayotgandi, u Yuriy Zagumennixga taqlidan o'ynayotgandi... 

Ayt-chi, qaerdansan?

Uzoq SHarqlik sportchilar to'g'risida «og'ir daqiqada erga qaratib qo'ymaydilar» degan gapni men ko'p marta eshitganman.

Vladivostokning «Luch» komandasiga Yuriy Zagumennix 1964 yilda o'n etti yoshida qabul qilindi. «Paxtakor»ning hozirgi katta treneri Aleksandr Petrovich Kochetkov uni o'shanda ko'z ostiga olib qo'ydi. CHunki, shahardagi hunar-texnika bilim yurtlaridan birining komandasidagi tez yuguradigan, dadil himoyachi unga yoqib qolgandi.

1970 yilda «Luch» SSSR Kubogi o'yinida «Zenit»ga qarshi maydonga tushgandi. Leningraddagi o'yindan so'ng Zagumennixni shu komandaga taklif qilishdi.

«Zenit»ning katta treneri Goryanskiyga chayir, tez yuguradigan, chap qanot himoyachisi maqul tushdi. Ochiq gapdan qaytmaydigan va ochiq ko'ngil Yuriy esa darhol o'z niyatini aytdi: «Asosiy sostavga qo'yavering, uyaltirmayman. Mabodo maqul kelmay qolsam, uyga qaytib ketaman. Dublda esa o'ynamoqchi emasman». Trener bunday dadillikdan hayratga tushdi va... Zagumennixni asosiy sostavda Rostovning Armiya Sport Klubi bilan navbatdagi matchiga kiritishdi. Uzoq sharqlik yigitning sinovi muvaffaqiyatli o'tdi, o'sha vaqtdan buyon besh yil davomida u «Zenit»ning o'ng qanot himoyachisi o'rnida muntazam ravishda o'ynab keldi. 

Yuriy Zagumennix:

—    Qish payti edi, basketbol o'ynayotib orqam bilan noqulay ahvolda yiqilib tushdim. SHu mahal umurtqamda nimadir g'ijirlab ketdi, gavdamda qattiq og'riq paydo bo'ldi. Vrach buni mushakning eti uzilgani deb tushuntirdi, (keyinroq aniq bo'lishicha, umurtqa suyagi oralig'idagi gardishlarning siqilishi sodir bo'lgan ekan). Davolanishga qaramay, og'riq to'xtamadi.

Ammo Yuriy mashq qilishda davom etaverdi, yig'inlarda o'yinlarni o'tkazaverdi. Uchrashuvlardan birida oyog'i jarohatlandi, yarasiga chang tushgan shekilli... Leningradda medicina fanlari doktori Anastasiya Vladimirovna Savchenko kam uchraydigan va mashaqqatli og'ir operaciyani bajardi: tos suyak-larini umurtqaning lat egan joylariga ko'chirdi. O'ziga kelganidan so'ng Zagumennix u erda turganlardan kutilmaganda so'rab qoldi: «Endi ham futbol o'ynay olamanmi?» «Uzoq yashaysiz», — deb javob qilishdi unga.

Yuriy chalqanchasiga etti oy shifoxonada yotdi.

Yuriy Zagumennix:

—    Men kasalxonadan maxsus bandajda chiqdim, uni yarim yildan ko'proq taqib yurdim. Keskin harakatlar, burilishlar, egilishlar qilib bo'lmasdi. Menga invalidlikning ikkinchi gruppasini belgilab, pensiya beradigan bo'ldilar. Vrachlar faqat o'tirib ishlashga ruxsat berishdi. Rayon social taminoti bo'limidan menga xat keldi: bu menga nogiron sifatida tikuvchilik ishiga taklif qog'ozi ekan...

Men avvaliga yotgan joyimda rezina tasmalar bilan mashqlarni bajaradigan bo'ldim. O'zimni birmuncha yaxshi his qilganimdan so'ng sekin-asta yugura boshladim. Etti yoshli o'g'lim menga ko'z-quloq bo'lib turdi. Seryoja velosipedda yurar, men esa uni ushlab olib yonida asta-sekin borar edim. So'ngra park bo'ylab yuguradigan bo'ldim. O'g'limni elkamga olib o'tirib-turishni mashq qilishga kirishdim. Bir yarim yildan so'ng birinchi marta to'p tepdim, «Svetlana» stadioniga qatnay boshladim, zavod futbolchilari bilan mashq qilishga kirishdim. Yana bir necha oy o'tgach, «Zenit»ga kelib qaytadan ariza yozdim biroq meni komandaga olishmadi - vrachlar ham, trenerpar ham jurat etolmadilar.

1976 yilning oxirida Yuriy Zagumennix bilan uning birinchi treneri Aleksandr Kochetkovning yo'llari yana tutashdi, uni Toshkentning «Paxtakor» komandasiga trenerlikka taklif qilishgan edi.

Kochetkov ish yuzasidan Leningradga keladi. U Yuriyning boshiga tushgan kulfatni eshitib qolib darhol unga qo'ng'iroq qilib, «Paxtakor»da o'ynashga chaqiradi. Aleksandr Petrovich o'z shogirdining xarakterini, uning futbolga munosabatini yaxshi bilardi va agar Yuriy istasa, ko'zlaganiga erishmay qo'ymasligiga ishonardi.

Bemorni tekshirib ko'rgan vrachlar hayratlanib, Yuriy aslini olganda soppa-sog' ekanligini aniqlashadi va sport bilan shug'ullanaversa bo'lishini aytishadi.

Ikki yil davom etgan tanaffus va og'ir kasallikdan so'ng o'ttiz yoshida Yuriy Zagumennix yana futbolga qaytdi.


V. Pereturin. «Sovetskiy sport», 1978 yil 20 avgust.

Bir vaqtlar trener-selekcioner Vyacheslav Kolcov darvozabon Sergey Pokatilovni Ashxobodda uchratib qoladi va «Paxtakor»ga taklif qiladi. Ko'p o'tmay Pokatilov komandaning asosiy darvozaboni bo'lib qoldi. Juda ishonarli, dadil va qo'rqmasdan o'ynardi. Falokatdan bir yil avval jiddiy jarohat olib - o'mrov suyagini sindirib qo'yib, uning davolanishi davomidagi azob-uqubatlarini boshdan o'tkazdi. Moskvadagi Markaziy jarrohlik va ortopediya institutda uzoq vaqt mashhur Zoya Mironova uni davoladi. Murakkab operaciyaga bardosh berdi - uning suyagini parma bilan teshib, o'mrov suyagining ichiga uchi qayrilgan mixni joylashtirishdi. Sergey operaciyaga bajonidil rozilik berdi. Bu futbolga qaytishning yakkayu-yagona imkoniyati ekanligini u bilgan edi.

Yana komandadagi o'rnini egalladi, jarohatdan oldingiga qaraganda sira ham yomon o'ynamadi, kasalxona, karavotda o'tkazilgan oylardan so'ng shunday bo'ldi. Ehtiros darajasiga ko'tarilgan bunday tinib-tinchimas mehnatsevarlik haqida gap ketganda, 1979 yil «Paxtakor»ning boshqa o'yinchilari to'g'risida ham shunday gaplarni eshitish mumkin. Xususan, bu xarakteristika butun komandaga taalluqli desak xato bo'lmaydi.

—    Komandadagi yoshlar ham o'zini namoyon qilayotgan edi, - deb xotirlaydi Oleg Bazilevich. - O'yinchi Vladimir Sobirov istiqbolli futbolchi edi. SHuni aytishim mumkinki, unda yaxshi futbol qobiliyati bor edi. Ravil Agishevga katta umid bog'lagan edik. Bundan tashqari SHuhrat Eshbo'taev «agressiv» tezligi baland xujumchi bo'lib to'p bilan «tillashishda» maroqli va alohida uslubiga ega edi. Samarqanddan yaqinda bizga kelgan, dublyorlar komandasi o'yinchisi Sirojiddin Bozorov ham qobiliyatli bola edi. Endigina maktabni tugatib institutga kirish uchun imtihonlarni topshirayotgandn.

Ahror Inoyatov:

—    Men endi Edgay Tazetdinov nomi berilgan ko'chada yashayapman, yani bu mahallaning doimiy fuqarosiman. Bobom Ubaydulla Ubaydullaev keyingi paytlarda Toshkentda Ishchilar shaharchasi deb nom olgan rayondagi birinchi uyni qurgan. Edik mening uyimga tez-tez kelib turardi, lekin o'sha kezlarda bu ko'chaga uning nomi berilishini u qayoqdan ham bilishi mumkin edi...

Uni o'yinchi sifatida hurmat qilishardi, trenerligida ham izzat-ikrom bildirishardi. U sira tolmas, komandaga va futbolga sodiqligicha qoldi. Hozir men ikkinchi ligadagi «Yoshlik» komandasida komanda boshlig'i bo'lib ishlayapman. Bir vaqtlar trener ham bo'lganman. Tazetdinovning qanday ishla-ganini doimo eslab turaman. Bosh tortmay ishlardi. Fidokorona mehnat qilardi. Na dam olish kunlarini, na bayramni bilardi. Ko'pincha uyda emas, komandaning Qibraydagi bazasida yashardi.

Vyacheslav Kolcov:

—    Biz Edik bilan qalin do'st edik. Meni infarkt oyoqdan chalganda kasalxonaga birinchi bo'lib kelgan ham Tazetdinov edi. Bu umuman unga xos xislat bo'lib, do'stning chaqirib o'tirishini aslo kutib o'tirmasdi. Aksincha, yordamga birinchi bo'-lib o'zi shoshilardi.

Oleg Bazilevich:

— Tazetdinov to'g'risida alohida gapirmoqchiman. U mustaqil ishlab komandaga tamomila rahbarlik qilishni uddalay olsa-da, lekin ikkinchi trener bo'lib ishladi. U ishga juda jiddiy, kasb-hunar jihatdan yondoshadigan, nazariy jihatdan etarli tayyorgarlikka ega, o'yin bo'yicha katta tajribali, nihoyatda fidoyi trener edi. Umuman ajoyib inson edi. Yigit-lar bilan munosabatlari juda soz bo'lib, gap butunlay o'zini ularga moslashtirishda emas, aksincha, Edgay juda talabchan, ayrim vaqtlarda murosasiz bo'lib qolardi. Baribir uning bu xislati o'ziga yarashar, shuning uchun uni hurmat qilmaslikning iloji yo'q edi.

O'ylaymanki, o'zining tayyorgarlikka saviyasini, ishga munosabatini, beg'ubor insoniy fazilatlarini hisobga olganda, u hozir mamlakatning etakchi trenerlaridan biri darajasiga erishishi mumkin edi.

Ehtimol, bu odamlar to'g'risida ular hayot bo'lgan paytda, bunday izzat-ikromli ohanglarda va alo darajada gapirmagandirlar. Ularning o'zlariga yarasha kamchiliklari, xatolari, yoqlaydigan xususiyatlari ham bor edi, albatta. Biroq endilikda “Paxtakor”ning halok bo'lgan futbolchilarini yodga olib, suhbatdoshlarimizning deyarli hammasi ular hacida yaxshi gap aytishga intiladilar. Gap hayotdan bevaqt ko'z yumganlar to'g'risida borganda inson xotirasiga xos bo'lgan malum buzib ko'rsatishlarda emas. Gap shundaki, yagona mushtga jipslashgan inoq va kuchli kollektivga birlashib, ular kuchli ko-mandani tuzgan edilar.

Ular, yaxshi, ko'p narsalarni kutsa bo'ladigan, komanda edi.


                                                            Sergey VISHNYAKOV, Oleg KUCHERENKO.

Rus tilidan Pirimqul DO'STMATOV va Rahmatulla YUNUSOV tarjimasi

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика