"Menga ozgina pul berishar, pul avtobusga etmasdi, piyoda uyga qaytardim" - Arslanmirad Amanov bilan uzun va samimiy suhbat
18 iyu 2023 18:05
Yangiliklar
"Menga ozgina pul berishar, pul avtobusga etmasdi, piyoda uyga qaytardim" - Arslanmirad Amanov bilan uzun va samimiy suhbat
Qo'shnilarimiz safida bir nechta o'zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan nomlar ko'plab topiladi. Ular orasida eng yorqin o'yinlari bilan tanilgan Arslanmirad Amanovdir. Fursatdan foydalanib ular istiqomat qilayotgan mehmonxonaga borib Amanov bilan samimiy suhbat qurish istagi paydo bo'ldi. Futbolchi taklifimizga yo'q demadi va intervyuga rozi bo'ldi.
- Keling suhbatni bolalik yillaringizdan boshlasak. Futbolgacha bo'lgan yo'lni qanday qiyinchiliklar bilan bosib o'tgansiz?
- Ota-onam meni birinchi bo'lib rasm to'garagiga olib borishgan. Ustozim doim uyga kelib rasm yaxshi chizishimni, futbolga bormasligimni aytardi (kuladi). Men esa rasm chizishga yo'l oldim, deb futbolga borardim. Ularning hayolida men rasm chizish to'garagiga ketganman. Xayolim esa faqat futbolda edi. Oldinda boshqa yo'l ko'rmayotgandim. Oilada 4ta qiz va men bitta o'g'il bo'lganmiz. Uyimizda qo'ylar, sigirlar umuman hamma narsa bor. Futbolga borish uchun birinchi o'rinda mollarni qornini to'yg'izishim, ularga qaraganimdan so'ng qiyinchilik bilan ruxsat tegardi. Hozir zamon o'zgardi, transport rivojlandi. Menga ozgina pul berishar, gohida pul avtobusga etmasdi, piyoda qaytardim. Bitta muzqaymoq olish uchun avtobus pulidan tejardim. Oilamiz boy bo'lmagan. Futboldan minnatdorman. U meni tarbiyaladi, yaxshi faoliyat taqdim qildi. Ko'plab yaxshi insonlar, do'stlar bilan siyladi.
- Futbolga qachondan kasb sifatida qaradingiz?
- Futbolni birinchi marotaba ko'rganim zahoti. Doktor, tadbirkor, quruvchi bo'lishni taklif qilishgan. O'zimni boshqa sohada ko'ra olganim yo'q. Qandaydir hobbiy emas, borim, hayotim edi. Hozirdanoq keyinchalik butsalarimni mixga ilishimni o'ylasam ko'zimga yosh keladi. Futbolda qolishim mumkin. Lekin maydon bilan xayrlashishni tasavvur ham qila olmayman. Ko'z oldimga keltirishim qiyin.
- "CAFA Nations Cup-2023" qay tomonlama foydalarini ko'ryapsiz? Bu erda eng muhimi o'yin amaliyotimi yoki raqiblar darajasimi?
- CAFA musobaqasi futbolchilarga, yangi nomlarga o'zini ko'rsatib olishi, murabbiylarga esa jamoaning holatini ko'rishi uchun qulay imkoniyat. Saralash bahslariga ham katta tayyorgarlik vazifasini o'taydi. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida ham bunday o'yinlarning ko'p bo'lishi yaxshi, deb o'ylayman. Tashkilotchlik ajoyib. Birinchi marotaba o'tkazilayotgan turnirga har holda yomon emas. Albatta yildan yilga yanada yaxshilanib borishiga ishonaman. Fikrimcha, buni ananaviy tarzda o'tkazish kerak. Bu yil etishmagan narsalarni keyingi yil to'ldirsa bo'ladi. Ikkinchi tomonlama terma jamoalar o'rtasida munosabatlarni yanada yaxshilaydi. Ha, Rossiyaning musobaqaga kelishi haqida o'qigandim. Umuman kuchli jamoalar bilan o'yinlarda faqat tajriba olasiz. Bu yil O'mon, Eron, keyingi yil yana boshqa davlatlar taklif qilinsa foydadan holi bo'lmaydi.
- Turkmanistonga har bir musobaqada autsayder sifatida qarashadi. Lekin o'zining kutilmagan sovg'alari bilan raqiblarga bosh og'riq bo'la olishini ko'rganmiz. Deylik bir necha yil oldin Eron bilan durang o'ynagani, Osiyo kubogida Yaponiya mag'lub etilishiga bir baxya qolgani, o'tgan yili "Ahal"ning Qatar klubini mag'lub etishi va hokazo. Bu raqiblarning Turkmanistonga etarlicha baho bermasligi oqibatimi?
- O'z yo'limizda muvaffaqiyatli davom etishimiz uchun pandemiya o'z tasirini o'tkazmay qolmadi. Yig'inlar qila olganimiz yo'q. Xudoga shukur yo'llar ochildi. Oldindagi musobaqalarga tayyorgarlik qilish uchun imkoniyat bor. Bu erga kelishdan oldin Rossiyada yig'in o'tkazdik. Bu ham bitta plyus. Murabbiy uchun o'z falsafasini tushuntirib olishi uchun ham kerak edi. Hozir aniq bitta taktikada o'ynayapmiz, deya olmayman. Murabbiy barcha uslublarni sinab ko'ryapti. Oldimizga yuqori maqsadlar qo'yganmiz. Syurpirizga kelsak, futbolda omad ham bo'ladi. Ammo omadga uchun ishlash zarur. Murabbiylar, futbolchilarning birgalikda qilgan mehnatlari samarasi o'laroq omad kulib boqadi.
- Turkmaniston futboli kecha, bugun, ertaga...
- Kecha biz yosh futbolchi edik. Endi esa yangi yoshlar etishib chiqmoqda. Deylik 2-3 yildan so'ng futbolni tugatamiz. Ular yana oldinga intilishda davom etishadi. Bizdan faqat maslahat berish, o'rnak bo'lish qoldi, xolos. Natijaga kelsak, hozir yangi shakllanayotgan jamoaga biroz vaqt kerak. Bu oraliqda tajriba ham oshib boradi. O'ylaymanki, saralashda o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz. Deylik o'tgan safargi Jahon chempionati saralashida yomon harakat qilmagandik. Keyingi bosqichga yo'llanma olishimiz mumkin edi. Lekin yana pandemiya yo'limizga to'siq bo'ldi. Hozirda esa tayyorgarlik uchun vaqtimiz bor. Savolingizga yanada to'liqroq javob bersam, kecha yoki kelajak haqida bosh qotirishni vaqti emas. Mana hozir CAFA turnirida qatnashyapmiz. Demak bor etibor shunga qaratilishi kerak.
- Turkmanistonlik futbolchilar yanada oldinga intilishi uchun nima etishmayapti?
- Balki futbolchilar bo'shashayotgandir, balki dangasalikdandir. O'z ustilarida ishlashlari kerak. Hammasi yaxshi bo'ladi. Umuman Turkmanistondan yirik nom deganda Qurbon Berdiev ko'pchilikning ko'z oldiga keladi. U "Rubin", "Rostov"da samarali faoliyat olib borgan. O'zbekistonning darajasini, terma jamoani juda yaxshi bilaman. Jahon futbolida, Osiyo futbolida katta obro'ga ega. Men uchun bu erga kelib o'ynash ko'p narsa bergan. Niyatim yanada rivojlanish bo'lgan. Lekin yana bir necha yil to'p tepishimga to'g'ri keldi. Artur Gevorkyan Turkmaniston, O'zbekiston futbolida katta hurmat qozondi. Gochguli Gochguli, Tachmurod Agamurodov umuman sanasak bunday nomlar ko'pchilikni tashkil qiladi. O'zbekistonga kelayotgan evropalik futbolchilar rostini aytganda Superligani oson, deb o'ylashadi. Lekin yakunda o'zlarini ko'rsata olmay tezda qaytib ketishadi. Bu erda o'ynash katta tajriba. O'sish, futbolchi sifatida yangi narsa o'rganish imkonini bergan. Yana bir narsani aytib o'tsam, futbolchida birinchi navbatda kuchli ligalarda o'ynash xohishi bo'lishi kerak. Xohish bormi, boshqa narsalar to'siq bo'la olmaydi. Ob-havo, sharoit, pul bular bari bahona.
- O'zbekiston chempionatida debyutingiz 2015 yilgi mavsumda OKMK safida bo'lgan. Orada tanaffus bilan 5 yil shu erda to'p tepdingiz. Sizningcha qaysi davrdagi Superliga kuchli edi?
- Yildan-yilga chempionat o'sib bormoqda. Talablar osha boshladi. 2018 yil "Buxoro"ga kelganimda yana yangi narsalar bor edi. Hozir qarasangiz yana yangilikni ko'rasiz. Maydonlar sifati oshdi. Ilk marotaba OKMKda to'p tepganman. Murabbiyimiz Igor SHkvirin edi. U inson har bir futbolchi bilan til topisha olgan. Ichki muhit yaxshi bo'lgan. SHunday futbolchilar borki, ular jamoada o'zlarini nazorat qila olishmaydi. SHunday futbolchilar borki, murabbiyga moslashishiga qiynaladi. SHkvirin barchaga erkin o'ynash imkonini beradi.
Andrey Fyodorov
- SHkvirin va Fyodorovda mashg'ulotlar, muhit doim pozitiv kayfiyatda o'tardi. Jamoada ahillik birinchi darajaga chiqardi. Hamma bir-biriga hazil qilgan, kayfiyatini ko'targan.
Mirjalol Qosimov
- Ortiqcha tarifga xojat yo'q. U odam haqida ko'p gapirish mumkin. Agar Mirjalol Qosimov haqida alohida maqola yozmoqchi bo'lsangiz, bir kunni bemalol ajratishingiz kerak. (kuladi)
Ulug'bek Bakaev
- Ulug'bek Bakaev bilan birinchi marotaba 2013 yil "Irtish"da tanishganmiz. Birga to'p tepganmiz. 2018 yil meni "Buxoro"ga taklif qildi. Qo'ng'iroq bo'lganda darhol javob berdim. O'zim bilgan futbolchilar bor edi. SHavkat Salomov, SHavkat Mullajonov, Sanat SHixov, Salamat Kutibaev va boshqalar. Zo'r jamoa tuzildi. Superligada kuchli oltilikka kirdik. Moliyaviy tomondan muammolar bor bo'lsada bo'shashmadik. Oldimizga qo'yilgan vazifani bajardik. 2019 yil Osiyo kubogidan so'ng yaxshi takliflar bo'lishiga qaramay "Lokomotiv" variantida to'xtaldim. Yana kollektiv faktori sabab tez kirishib ketdim. Men uchun muhimi narsa jamoaviy muhit.
- 2018 yil "Buxoro"dagi Ulug'bek Bakaev 2021 yilga kelib "So'g'diyona"da qaysi tomonlama o'zgardi yoki murabbiy sifatida qarashlarida farq yuzaga keldi?
- Ulug'bek Bakaevda hissiyotlarni jilovlay olmaslik yuqori, deb o'ylayman. Bilmadim shu narsa unda yildan-yilga qo'shib borildi. To'g'ri futbol hissiyotlardan iborat. Lekin uni ham ishlatadigan o'z o'rni bor. Bu hamma futbolchiga ham yoqmaydi. Keyin kelishib olishingiz mumkin. Ammo bu futbolchini yuragida qoladi. O'ylashimcha, hissiyotlarni haddan oshib ketishi Bakaevga to'sqinlik qiladi. Insoniylik tomonlama hammasi yaxshi.
- O'zbekistonda o'zingizni legioner deb hisoblamaysizmi? Fikrimcha siz allaqachon mahalliy futbolchimizga aylanib bo'lgansiz. Toshkentni ham juda yaxshi bilasiz...
- Toshkent ikkinchi uyim. Bu shaharga kelsam boshqacha ruhiyat qamrab oladi. O'z uyimga kelayotgandek talpinaman. Do'stlarim bilan ko'rishaman. Toshkent soat sayin o'zgarmoqda. Kimdir tanisa rasmga tushadi. Odamlar seni taniyaptimi, demak o'z ishing bilan buni isbotlayapsan. Mehnat qilyapsan. Nafaqat futbolda, balki boshqa sohalarda ham o'zgarishlar bo'lyapti. CHempionatga VAR jalb etildi. O'yinlar translyaciya qilinmoqda. Bir yilda bir marotaba bo'lsa ham oilam bilan kelib ketaman. Nasib qilsa yana o'ynarman. Kuchim va imkoniyatim etarli. Ammo boshqa faktorlar bor.
Fikrlar