Men o'yinini Kristian Panuchchiga o'xshatgan Baxtiyor Ashurmatov 45 yoshda
27 mar 2021 22:41
Yangiliklar
Men o'yinini Kristian Panuchchiga o'xshatgan Baxtiyor Ashurmatov 45 yoshda
Baxtiyor Ashurmatovning tug'ilgan kunini "Qo'qon-1912" telegram kanalidan o'qib bildim. Endi-endi o'zbek futboliga qiziqqan paytlarim Ashurmatov futbolchi edi. Uni birinchi bor milliy terma jamoa libosida ko'rganman. O'shanda 2002 yilgi jahon chempionatiga chiqish yo'lida harakat qilgan jamoamiz himoya chizig'ini Baxtiyor Ashurmatovsiz tasavvur qilib bo'lmasdi.
Agar o'zim o'yinini ko'rgan futbolchilardan O'zbekiston termasi ramziy tarkibini tuzadigan bo'lsam, bunda albatta Baxtiyor Ashurmatovga joy topiladi: yo o'ng qanot himoyasida yoki markaziy himoyada, bu endi ramziyga yana kimlar kirishiga bog'liq.
2000-yillar boshida "Roma" klubi Italiyada biroz muddat gegemonlik o'rnatganini ko'pchilik yaxshi eslasa kerak. Totti, Batistuta, Emerson, Kassano - bu futbolchilarning o'yini ko'pchilikka manzur bo'lgandi. O'sha yillari "Roma"da kuchli himoyachilardan biri Kristian Panuchchi ham o'ynagan. Balki hozirgi yoshlar bu futbolchini tanimas, lekin oramizda uning o'yinini ko'rganlar ham ko'pchilikni tashkil etadi.
Negadir men o'shanda Baxtiyor Ashurmatovning o'yinlarini Panuchchiga o'xshatganman. Balki bo'yi deyarli teng bo'lgani uchunmi, har ikkalasi 2-raqamda harakat qilgani boismi yoki soch turmagi o'xshash bo'lganidanmi, xullas "Roma"dagi Panuchchini ko'rsam Ashurmatov, Ashurmatovni ko'rsam Panuchchi yodga tushardi. Bundan tashqari, har ikki futbolchi ham jamoa sardori bo'lgan.
Hozir ko'pchilik yoshlar Baxtiyor Ashurmatovni murabbiy sifatida biladi. Endi ikki og'iz uning futbolchilik davrini yodga olsam, Ashurmatov yakkakurashlardan chekinmaydigan, to'pni olib qo'yish uchun jonini berishga tayyor himoyachilardan edi. U o'zini ham, raqiblarini ham ayamasdi. Uni qo'pol futbolchi deb bo'lmasdi, lekin juda keskin o'ynardi. Masalan, u bilan "Paxtakor"da to'p tepgan Gochguli Gochguliev ko'proq klassik himoyachilar qatoriga kiradi, Ashurmatov esa jangchi edi.
Katta futboldagi faoliyatini 1994 yil MHSK safida boshlagan Ashurmatov keyinchalik 1997 yil "Paxtakor"ga ko'chib o'tadi va ikki mavsum shu jamoa sharafini himoya qiladi. 2000 yil "Do'stlik" tarkibida o'ynab O'zbekiston chempioni bo'lgan Baxtiyor Ashurmatov so'ngra yana "Paxtakor"ga qaytadi. 2003 yilga kelib 26 yoshli himoyachi o'z kuchini sinab ko'rish maqsadida Rossiya Premer-ligasiga yo'l oladi va "Spartak-Alaniya" bilan shartnoma imzolaydi. O'sha yil ikkinchi davrani "Torpedo-Metallurg"da o'tkazgan mohir himoyachining Rossiyada unchalik ishi yurishmay yana "Paxtakor"ga qaytib keladi va 2004-2005 yillarni toshkentliklar tarkibida o'tkazadi.
2005 yilning yarmida yana Rossiyaga ketgan Ashurmatov bu safar "Krilya Sovetov" bilan shartnoma tuzadi. Afsuski, uning rus diyoriga ikkinchi qaytishi ham muvaffaqiyat keltirmaydi. "Tom" bilan kechgan o'yinning 77-daqiqasida zaxiradan tushgan Ashurmatov oradan ko'p o'tmay jiddiy jarohat olishi natijasida uch oyga safdan chiqadi. Germaniyada davolanib qaytgan himoyachi ikki yil deyarli futbol o'ynamaydi. Faqat 2007 yilga kelib yashil maydonga qaytgan Ashurmatov Rossiyadagi faoliyatiga yakun yasaydi va O'zbekistonga qaytib, o'sha yillari dovrug'i dunyoga doston bo'lgan "Bunyodkor" futbolchisiga aylanadi.
"Bunyodkor" safida uch ajoyib mavsumni o'tkazgan futbolchi kutilmaganda uzoq "Xorazm" taklifini qabul qiladi va 2010 yilni shu jamoa libosida o'tkazadi. O'sha yil "Lokomotiv" oliy ligadan birinchi ligaga tushib ketgandi. 2011 yil "temiryo'lchilar" safiga o'tgan Ashurmatov jamoaning bir mavsumning o'zidayoq oliy ligaga qaytishiga munosib hissa qo'shadi. U 2012 yilni ham "Loko" tarkibida boshlab, birinchi davra yarmida futbolchilik faoliyatiga yakun yasaydi va murabbiylik kasbini boshlaydi.
Baxtiyor Ashurmatovning murabbiy sifatida boshqargan ilk klubi "Guliston" bo'lgan. 2013 yil oliy ligada o'ynagan "Guliston" bir nechta o'yinlari bilan yodda qolgandi. Ashurmatov sirdaryoliklar boshqaruvidan ketgach, biroz muddat "Bunyodkor" murabbiylar shtabida foaliyat olib bordi, keyinroq esa "Navbahor" va "Andijon" klublarini boshqardi. Baxtiyor Ashurmatovning murabbiy sifatidagi eng katta yutug'i hozircha 2018 yil AGMK bilan O'zbekiston Kubogida zafar quchgani bo'lib turibdi. Esingizda bo'lsa, o'sha yil ko'pchilik "Paxtakor" g'olib chiqishini taxmin qilgan, biroq olmaliqliklar yakunda 3:1 hisobida g'alaba qozonishgandi.
Ashurmatov yosh murabbiylardan biri. U jamoasini muhim o'yinlarga qanday tayyorlashni biladi. Futbolchilarga motivaciya berishi ham joyida. Umuman olganda, yurtimizda Baxtiyor Ashurmatovga o'xshagan futbolchilar va murabbiylar ko'paygani maqul. U futbolchi payti kurashuvchan edi, murabbiylikda ham shogirdlarini kurashga undaydigan shaxs sifatida taassurot qoldirmoqda.
SHu o'rinda saytimiz xodimlari va muxlislari nomidan Baxtiyor Azamovichni qutlug' 45 yoshi bilan tabriklab qolamiz.
X.Xoliqov.
MA'LUMOT UCHUN
Baxtiyor Azamovich Ashurmatov
1976 yil 25 mart kuni Qo'qon shahrida tavallud topgan.
Bo'yi - 187 sm. Ampluasi - himoyachi.
Futbolchilik faoliyati:
1994 - 1997. MHSK
1997 - 1999. "Paxtakor"
2000. "Do'stlik"
2001 - 2002. "Paxtakor"
2003. "Spartak-Alaniya"
2003. "Torpedo-Metallurg"
2004 - 2005. "Paxtakor"
2005 - 2006. "Krilya Sovetov"
2007 - 2009. "Bunyodkor"
2010. "Xorazm"
2011 - 2012. "Lokomotiv"
Murabbiylik faoliyati:
2012 - 2013. "Guliston"
2014 - 2015. "Navbahor"
2016. "Andijon"
2017 - 2018. "Buxoro" (texnik direktor)
2018. AGMK
2019. "Surxon" (qisqa muddat)
2019dan hozirgacha "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi.
Ashurmatov shuningdek, O'zbekiston olimpiya terma jamoasini ham boshqargan.
Futbolchi sifatida erishgan yutuqlari:
O'zbekiston chempioni - 1998, 2000, 2002, 2004, 2007, 2008, 2009.
O'zbekiston vice-chempioni - 1995.
O'zbekiston Kubogi sohibi - 2000, 2001, 2002, 2004, 2008.
OCHL yarim finalchisi - 2008.
Murabbiy sifatida 2018 yil AGMK bilan O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritgan.
P.S. Baxtiyor Ashurmatovning suratlari maqola muallifiga tegishli
Fikrlar