So’nggi yangiliklar

03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  1 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  1 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  14 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  1 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  7 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  1 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   5 21:35Рўзиқул Бердиев: "Чемпионатда ҳеч қандай мақсад қолмаган"  14 21:09Жамшид Саидов: "Ёш болалардек ўйнадик, рақиб бизни янчиб ташлади"  0 20:57Сергей Лушчан: "Навбаҳор" футболчилари "Нефтчи"га ўтяпти? Балки..."  2 20:33Суперлига. "Навбаҳор" "Қизилқум"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1

Leonid Sluckiy: “Futbolchilar bilan birga sharmandalar ekanimizni aytdik” (to'liq intervyu) Yangiliklar

Leonid Sluckiy: “Futbolchilar bilan birga sharmandalar ekanimizni aytdik” (to'liq intervyu)

Endi Rossiya terma jamoasining sobiq ustoziga aylangan Leonid Sluckiy Evro-2016da jamoasining muvaffaqiyatsizligi haqida “Sports.ru” muxbiriga intervyu berdi.


O'ta katta suhbatni qisqartirilgan holda etiboringizga taqdim qilamiz.


– 20 iyundan 21ga o'tar kechasini qanday o'tkazganingizni eslay olasizmi?

– Xonam eshigini bir guruh futbolchilar taqillatdi. Ertalabki 9gacha nima bo'lganini muhokama qildik.

Ular faqat CSKA futbolchilari edimi?

– Yo'q, boshqalar ham bor edi. U erdagilar saviyalari qandayligini his qilishgandi. Bir ovozdan tan oldik: “Biz sharmandalarmiz”. Buni qabul qilish kerak, bu xulosaning muhim nuqtasi. Afsuski, barcha futbolchilarda ham bu iqror bo'lmadi. Tan olish esa oldinga qarab sekin bo'lsa-da, intilishga yordam beradi.

Evro-2016 siz uchun sharmandalikmi?

– Albatta, sharmandalik. SHunday odamlar borki, hamisha tanqid qilishadi. Qaerdadir haq, boshqa joyda unchalik emas. Bu intervyu ular uchun emas. Yana boshqalar voqeani borligicha qabul qilishadi. Uchinchi guruh esa rus futbolida nima bo'layotganini tushunishni istashadi, biroq ularda axborot kam. Suhbatim aynan ular uchun. Aynan nima uchun sharmandali bo'lganini tushuntirib o'taman.

Demak, jamoa yig'ilganda bizda tayyorgarlik uchun qisqa vaqt borligi aniq edi. Birinchi kundan to nazorat o'yinigacha bir hafta. SHu sababli aralashtirib bo'lmaydigan ishlarni aralashtirib yuborish zarur bo'lardi. Bunday turnirlarda bizda superyulduzlar yo'qligi sababli taktika, tayyorgarlik darajasi va xarakterga etibor berishimiz lozim edi.

Taktika ustida ishlashni boshladik – ko'p miqdorda nazariy va amaliy mashg'ulotlar. Bu ilk xato edi. Men futbolchilarga tushuntirayotgan narsam foyda berishiga ishongandim. Birgalikda tajribaga 2-3 kun bo'lsa ham ega bo'ldik deb o'ylagandim. Lekin himoyalanishda yaxshi o'ynagan holatimizdayam baribir bo'sh hududlar qolib ketgandi – buni futbolchilarga bor fikrimni tushuntirib bera olmaganim bilan izohlagandim. Bu tez o'tib ketadi deb o'yladim.

Ikkinchi xato esa juda yaxshi harakatlanishimiz kerakligini tushunganimizda, chunki boshqa ustun tarafimiz mavjud emasdi. Buning uchun faollikni oshirish maqsadida 5 kunlik qiyin darajada mashqlar o'tkazildi. Keyin bunga barchaning tayyor emasligini bilib oldik. Bir guruh o'yinchilar holati bu davrda quyiga sho'ng'iganda saralash uchrashuvlari va tayyorgarlikda amalga oshirgan pozicion hujumlar, markazdagi uchlikning hujumi, to'pni nazorat qilish va baland bo'yli qanot himoyachilari – bular ishlamasligini tushunib etdim.

Futbolchilarning quyiga sho'ng'igani nimani bildiradi?

– Ular shunchaki cho'kib ketishdi. O'yinchilarning bir qanchasi yuklamalarga chiday olmadi. Yoki holat boshidan muhim bo'lmagan. Biz barcha testlarni o'tkazgandik. Kimdir bunday rejimga ko'nikmagan, boshqalar ruhan chidashmadi. Bu bizdagi katta yoshli jamoalardan biri edi. 1988 yilda tug'ilgan Smolnikov, Mamaeva, Zyuba uchun bu birinchi katta musobaqa edi. Bunday vaziyatda o'yinchi o'zini qanday tutishini oldindan aytish qiyin. Nazorat o'yinlari boshlanganda rejalashtirilgan variant ishlamasligini bildim va shunda Kokorin-Smolov-Zyuba uchligi paydo bo'ldi. O'zgarishimiz va markazimiz tez bo'lishi zarurligini angladim. Kokorin, Smolov, SHatov, Golovin yuqori bosim va harakatni hosil qilishi darkor edi. To'pga ko'proq ega chiqish, hujumga tezroq o'tish o'tish degani edi. Zyubaga to'pni havodan etkazish orqali u tashlab bergan to'pga Smolov va Kokorin ulgurishi lozim bo'lgandi. SHu uslub ustida ko'p ishlashga o'tdik. Uning tayanch hududida ko'p ish talab qilishi, qanot o'yinchilarining himoyada ishtirok etishi va ko'proq kuch talab qilishi aniq edi. Masalan, Smolov Angliya bilan uchrashuvda eng ko'p to'pni egallab olgan.

Takrorlayman, birinchi xato taktikani oxirigacha o'zlashtirmadik. Ikkinchisi esa biz jismonan juda yaxshi tayyorgarlikka ega emasdik.

Endi uchinchi xatoni tushuntiraman. Ikki o'yindan so'ng hujumkorroq variantga o'tishimiz kerak degan qarorga keldim. Jismoniy holati joyida bo'lmaganlar ham bu paytda yaxshi edi, chunki turnirdagi uchinchi bellashuvga etib kelgandik. Bu erda hujumkorlik saviyasi va xarakter muhim sanalardi. Aynan shu joyda savolingizning “sharmandali” qismiga o'tamiz.

Dastlabki ikki bahs sharmandali emas – ular xatolar. Uchinchi uchrashuvda tarkibni o'zgartirish va ulardan sakkiz nafarining to'p uchun kurashga kirishmasligi... O'yinchilar hududlarini oxirigacha yopmagani, yakkakurashlarga kirishmagani – bizda xarakter, ishtiyoq va o'zini qurbon qilish etishmadi. Yigitlar uchun futbolchi sifatida, men uchun murabbiy sifatida hayotidagi eng muhim o'yinda bunday bo'lgani sharmandali holat. Muxlislarning etirozi o'rinli: “Sizlar top-ligalarda o'ynamaysiz, mahorat etishmaydi. Lekin yuguring va kurashing”. Uels bilan o'yinda aynan shuning bo'lmagani men uchun sharmandali voqea.

Bir narsa aniq edi: o'ylagan rejalarimiz amalga oshib, jarohatlar bo'lmaganda ham nari borsa Slovakiyaning o'rniga ko'z tika olardik. Uchinchi o'rin bilan chiqib, Germaniyaga yutqazardik. Hech kim masuliyatdan bosh tortmayapti, men aybdorligimni tan olaman. Guruhdan chiqish va unda qolib ketish o'rtasida katta farq bor. Bahona qilmoqchi emasman, ammo nega eng muhim bellashuvda xarakter va jonini jabborga berish etishmadi degan savol beryapman.

Nima uchun?

– CHunki bu tabiatan shakllanadi. Sutkalab divanda yotib, keyin birdaniga hozir xarakterni ko'rsatish haqida gapira olmaysiz. Bu kundalik asosiy tarkib uchun kurash deganidir. Har kunlik kurash orqali futbol maydoniga chiqish degani. Klublar o'rtasida yuqori darajadagi raqobat, yuqori saviyali o'yinlar, ularni haftasiga kamida bir marta o'tkazishining kerak. Afsuski, bu ro'y bermayapti. Eng xarakterli yigitlardan biri Artyom Zyuba har kuni Rondon bilan raqobatga kirishganda yanada kuchliroq bo'lardi. Va har bir o'yinchi o'ziga asosiy tarkibdan joy kafolatlanmaganda yanada yaxshiroq darajaga chiqardi. Hozir ular shunchaki rossiyalik sifatliroq futbolchi bo'lgani uchun o'ynayapti. SHunda bahslardagi shiddat va keskinlik ortardi. Rossiya chempionati saviyasini Evropa chempionatiniki bilan taqqoslab bo'lmaydi. Ko'p futbolchilar yillar davomida xarakterini namoyish etmayapti, chunki bunga ehtiyoj yo'q. Bu ularning aybi emas. Ayb Zyuba raqobatda Rondonga yutqazib, barchasiga tupurgan holda zaxirada o'tirganda bo'lardi.

Hamma Evro-2008dagi avlodni eslaydi. Aynan ular cheklovsiz voyaga etgan va qiyin raqobatda engib chiqqandi. Kartoshka kavlaganingda chiqsa, jarayonni bilasan va avtomatik tarzda kavlashni boshlaysan. Bunga ko'nikasan. Biroq tayyor kartoshka kavlangan joyda tug'ilgan inson bunga ko'nikmaydi, hech qachon kavlamaydi. Legionerlar cheklovi tufayli asosiy tarkibda tushishi kafolatlangan va mo'may maosh oladigan futbolchilar bor. Ular kartoshkani kavlab olishlari shart emas. Ular zarur paytda shunday qila olishi haqida o'ylashadi. Aslida bunday bo'lmaydi. Barchasi faqat kurash va kundalik mehnat tufayli ro'y beradi.

2002 yilgi jahon chempionatidan keyin Vladimir Beschastnixdan nega guruhdan chiqa olmaganimiz to'g'risida so'rashgandi. O'shanda u bolalar futboli va boshqa narsalar bilan shug'ullanishimiz zarurligini aytgandi. Aslida o'shanda unga nega uch metrdan yaponlar darvozasiga gol ura olmagani va jamoa guruhdan chiqmaganini nazarda tutib savol berishgan. Suhbatni boshqa tarafga burmoqchi emasman. Xatomni tan olaman. Muxlislar oldidan chin dildan kechirim so'rayman. Birinchi navbatda men boshqargan jamoa xarakter va kurashchanlik jihatlarini namoyish etmagani uchun. Men uchun dahshatli sharmandali va noqulay. Terma jamoaning ko'plab o'yinchilari shunday hislarni boshdan kechirishmoqda. Futbolchilarni nimadadir ayblashni xohlamayman. Ular haqida emas, tizim haqida gapiryapman. Aytaylik, siz ham har kuni 30 foiz ishlagan holda to'liq maosh olsangiz, 50 foiz kuch bilan ishlamaysiz, shundaymi?

Ishlamayman.

– SHunday. Lekin katta yoshli bazi futbolchilar har qanday holatda kurashishda davom etishdi. Vasiliy Berezuckiy oyog'idan jarohat olgan bo'lishiga qaramay, o'ynadi. U Serbiya bilan o'rtoqlik uchrashuvida jarohat olgandi. Evropa chempionatidagi barcha bellashuvlarni jiddiy shikastlanish bilan o'tkazdi.

Nega darhrl uch hujumchini tushirdingiz? Kokorin avval ham qanotda o'ynagan, lekin Smolovni nega qanotga qo'ydingiz? U bu joyda hamisha yomon o'ynagan.

– Smolov “Krasnodar”da faqat oxirgi 13 turda markaziy hujumchi bo'lib o'ynadi. Qolgan vaqtda aynan chap qanot yarim himoyasida harakat qildi. Hujumchi sifatida 13, qanotda o'ynab 7 to'p kiritdi. Lekin o'sha 13 goldan 7tasini u faqat ikki o'yinda urdi. O'sha gollarni ayirib tashlasak, unchalik katta foyda ko'zga tashlanmaydi. SHuningdek, Smolovni hech kim qanotda o'ynashga majburlamadi. Slovakiya bilan uchrashuvda ikkinchi bo'limda u 10 metrdan to'pni chap oyog'ida tepganini eslaysizmi? U qanotda emasdi. Faqat himochlanish vaqtida u chap qanotga o'tdi. Hujumda esa Zyubaning ortidan harakatlanishi lozim edi. To'p Zyubaga tashlanganda unga ega chiqish uchun chap qanotga harakatlanadigan o'yinchi edi.

Yana bir holat. CHexiya bilan uchrashuvning ikkinchi bo'limida Smolov yagona hujumchi bo'ldi, Mamaev uning ortida o'ynadi. O'sha taym hujumkor harakatlarimiz eng yomon bo'lgan bo'limga aylandi. Har bir o'yinchiga faqat unga o'ynashganda osonroq. Futbolchi jamoa taktikasi unchalik to'g'ri kelmaganini gapirganda o'yin aynan u orqali tashkil qilinishi lozim bo'lganini aytgan bo'ladi.

Unda nega ularni bir paytda tushirdingiz? O'yinni kuchaytirish uchun Smolovni zaxirada olib qolish mumkin edi. Yoki aksincha yo'l tutsa bo'lardi.

– Fikrimcha, murabbiy o'yinga eng optimal variantni tanlashi kerak. CHunki o'yinni kuchaytirish talab etilmasligi mumkin, agar hisobda oldinda bo'lsang. SHunda himoyani kuchaytirish zarur bo'ladi. O'yinni qanday o'zgartirishni hech qachon bila olmaysan. Qo'l ostingda boshqalardan ustunligini ko'rsatgan hujum guruhi bo'lsa, ularni maydonga tushirasan. Boshqalarni esa variantlar uchun olib qo'yasan. Aytaylik, markazga Mamaev, SHirokov yoki Ivanov tushsa, SHatov chapga ko'chadi. Zyubani olsak, uning o'rniga Smolov boradi. Kokorin o'rnini ham Smolov egallaydi. Bu ham o'yinni kuchaytirishga kiradi. Hujumchini faqat hujumchiga almashtirish shart emas.

Uels bilan o'yinda ro'y bergan holatlarni tushuntira olasizmi?

– Beylning ikkinchi goldagi faol harakatini futbolchilar kuzatishi yoki Smolovning Beyl ortidan yugurib, har qadamda sekinlab borishi, Kokorinning ikkinchi golda hududni yopishga urinmaganimi? Aytganimdek, doimiy amaliyotsiz bunday paytda tushuntirish qiyin bo'lgan ishlarni amalga oshirasan. Bu bosimning oshganida sodir bo'ladi. Slovakiya bilan ham ikkinchi goldan ko'ra birinchisi meni ko'proq ranjitdi. Ikkinchi golda SHatov va Golovin hushyorlikni bir soniyaga yo'qotishdi. Bu istalgan futbolchida ro'y beradi. Biroq birinchi gol tushunarsiz. Biz himoyada barcha hudud va o'yinchini nazorat qilayotgandekmiz, ammo to'p uzoq masofaga uchib borib, raqib o'yinchisi taqibsiz uni egallayapti va darvozani ishg'ol qilmoqda.

Rossiyaning Evro-2016dagi eng yaxshi uch futbolchisini ayta olasizmi?

– Etirozim eng kam futbolchilarni sanab o'taman. Akinfeev, Vasiliy Berezuckiy, Ignashevich, Zyuba.

Biror narsadan norozimisiz?

– Ishtirokimizni o'ta yomon qabul qilaman. Lekin meni baholar, umidlar, kutishlar haqidagi gaplar hayron qoldiradi. Angliya terma jamoasida jiddiy umid borligini tushunaman. Saralashda 10 o'yinning barchasida zafar quchdi. Portugaliyaga qarshi o'rtoqlik o'yinini “Uembli”da kuzatdim. Uchrashuv faqat bir darvozaga bo'ldi. Ularda nihoyat superijrochilar voyaga etdi, top-klublarda etakchi rollarda bo'lib turishibdi. Inglizlarning umidi asosli. Ular nimchorak finalni yutqazishganda jamoatchilikning norozi bo'lishi mantiqiy.

Rossiya 15 saralash bosqichidan 10tasida final bahslariga yo'l olgan. Ulardan faqat bittasida guruhdan chiqib, pley-offda qatnashgan. Demak, bu foizda 6,5ga teng. Bunday holda nimaga ko'z tikyapmiz?

Bu xuddi balandlikka sakrovchini yil bo'yi 2,20 metr yuqoriga sakrashga o'rgatib, Olimpiadada undan 2,40 metr natijani talab qilish bilan barobar. Eng yuqori holda ham nimchorak finaldan o'ta olmasdik. Yana menga hamkasblaringizning Uelsga qarshi bahsda yaqqol favorit ekanimizni aytishgani tushunarsiz. Ularda Beyl va Remzidan boshqa hech kim yo'q? “Liverpul” va “Tottenxem”ning asosiy tarkibida o'ynayotganlar-chi? “Sanderlend” va “Suonsi”dagilar haqida aymay qo'yaqolay.

Agar sizga Rossiya futbolida uch narsani o'zgartirishga imkon berishsa, nima qilgan bo'lardingiz?

– Legionerlar cheklovini olib tashlardim, rus futbolchilari uchun yuqori maosh cheklovini kiritardim. 23 yoshdan oshganlar uchun yiliga 1 million evro. Ko'proq olishni istasang, Angliya, Ispaniya, Italiyaga ket. Pasport senga ustunlik bermaydigan joydabor kuchingni ishga sol. 23 yoshdan kichiklar uchun yanada kamroq.

Uchinchidan, davlat moliyalashtiradigan klublarga futbolchilar maoshi va bolalar futboli uchun xarajatlar miqdorini aniq belgilab qo'yardim. Ularning miqdori bir-biridan ming barobar farq qilmasligi kerak. Oddiy misol: men o'sgan Volgogradda urushdan keyingi yillarda ham o'smirlar o'rtasida shahar birinchiligi o'tkazilardi. Doimo. 2016 yil esa ushbu chempionat ilk bor o'tkazilmagani bilan tarixda qoldi. CHunki buning uchun yarim million rubl topa olishmadi.

Behzod NAZAROV tayyorladi.

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика