Klubdagi o'zgarishlar, avvalgi davrda yo'l qo'yilgan kamchiliklar, marketing va ishlab chiqarish, akademiyani ravon yo'lga qaytarish – “Mashal” direktori Ilhom Qurbonov bilan intervyu
17 avg 2020 15:02
Yangiliklar
Klubdagi o'zgarishlar, avvalgi davrda yo'l qo'yilgan kamchiliklar, marketing va ishlab chiqarish, akademiyani ravon yo'lga qaytarish – “Mashal” direktori Ilhom Qurbonov bilan intervyu
O'tgan davr mobaynida bir qator qiyinchiliklarni boshidan kechirgan “Mashal” joriy mavsumda kuchlilar safiga qaytdi. Yaqinda klub direktori Ilhom Qurbonovni suhbatga chorladik, shu asnoda o'zimizni qiziqtirgan bir qator savollarga ham javob oldik.
- Birinchi savol jamoada ayni vaqtda transferlar borasida qanday ishlar olib borilmoqda? Ko'ryapmiz “Mashal” u qadar katta haridlarni amalga oshirmayapti. Demak, jamoa ikkinchi davrada ham mahalliy yosh futbolchilarga tayanib ish tutadi?
- Ijaradagi bir nechta futbolchilarimizni jamoamizga qaytardik. Bular o'zingizga malum, Sardor Abduraimov va Humoyun Murtazoev. Buni barcha OAV yozib chiqishmoqda. Ushbu ikki futbolchiga takliflar bo'lsa ko'rib chiqishga tayyormiz. Hozircha ularga aniq takliflar kelib tushmadi. Faqatgina, Sardor Abduraimovga “Surxon” jamoasi qiziqish bildirmoqda. Lekin, hali bir to'xtamga kelganimiz yo'q. Yangi futbolchilardan Sardor Eminov, Akobir To'raevlarni taklif qildik. Doniyor Usmonovni ham rejalarimizga kiritdik. Yangi kelgan futbolchilar jamoamizning muvaffaqiyatlariga o'zlarining munosib hissalarini qo'shishadi degan umiddaman. Legionerlarimizdan turkmanistonlik Didar Durdiev bilan do'stona xayrlashdik. Qolganlar shu erda. Ella Ken va Ifianini olib qoldik. Ella Ken rus tilini va boshqa tillarni yaxshi biladi. Bazi tushunmagan narsalarni Ella Ken orqali Ifianiga etkazamiz. Ifiani jamoamizga moslashmoqda, o'yin uslubimizni tushunib bormoqda.
- Yuqori maqsadlar, sovrinli o'rinlarni egallash uchun tarkib ham kuchli bo'lishi kerak. Ayni vaqtdagi tarkibdan kelib chiqib aytsak jamoa qaysi o'rinlar uchun kurashishi mumkin?
- Biz jamoamiz oldiga yuqori maqsadlarni qo'yishimiz uchun yaxshigina oyoqqa turib olishimiz, infrtatuzilmamizni yuksak darajaga olib chiqishimiz, har tomonlama mukammal bo'lishimiz talab etiladi. Yaxshi bilasiz, hozirda klublarni hususiylashtirish ishlari ketmoqda, klublar o'zlari ishlab pul topishi ustuvor masalalardan biri bo'lib qolmoqda. Biz ham bu yo'lda ishlarni boshlab yuborganmiz. Bu oson bo'lmaydi, biz bir yillik yoki ikki yillik natija uchun katta pul sarflamaymiz. Klubimizni ravon yo'lga qaytarish, raqobatbardosh jamoaga aylantirish uchun biz to'rt yillik loyihani ishlab chiqdik. Yuqorida aytganimdek bizga bu yil yoki boring ana ikki yillik natija kerak emas. Yani vaqtinchalik natija uchun o'ynamaymiz. Loyihamizni ichiga infratuzilma, akademiyani tiklash, o'zimiz ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, marketingni rivojlantirish kabilarni o'z ichiga oladi. Biz ham OCHLda o'ynashni istaymiz, sovrindorlar qatoriga kirgimiz keladi. Ammo, barchasini bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim. Ayni vaqtda ishlar, o'zgarishlar o'zimiz istagandek kechmoqda.
- Akademiya haqida aytib o'tdingiz. Bir vaqtlar “Mashal” akademiyasi mamlakatimizdagi eng ko'zga ko'ringan akademiya edi. O'smirlar, yoshlar terma jamoalarining o'zagini ushbu jamoa vakillari tashkil qilardi. Hozirda esa tarkibga futbolchilar asosan “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Nasaf” klublaridan jalb etilmoqda. Akademiya faoliyatini qayta yo'lga qo'yish borasida ishlar olib borilmoqdami?
- Futbolimizda yuzaga kelgan katta tanaffus bizga bu borada o'ylab olishga, o'tgan davrda yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni tahlil qilib chiqishga imkon berdi. Uch yillik ishimizni ko'rib chiqib, tahlil qilib 80 foizga ish rejasini va dasturini o'zgartirdik. Tahlillarimiz akademiya ancha achinarli holatga kelib qolganini ko'rsatdi. To'g'ri xato va kamchiliklar bo'lib turadi. Qaysidir manoda moliyaviy tomondan yuzaga kelgan muammolar ham biroz qiyinchilik tug'dirdi. Ammo, bu bahona bo'la olmaydi.
- Yuqorida ishlab chiqarish va marketingni yo'lga qo'yish haqida fikr bildirib o'tdingiz, klub marketingning aynan qaysi yo'lidan daromad olmoqchi. Masalan, xorijda atributkalar, futbolkalar, translyaciyalar, reklamalar orqali ham katta tushum olishadi..
- Ha, marketing orqali klubga pul olib kelishni, yani pulni o'zimiz topishni reja qilmoqdamiz. Ishlab chiqarish orqali, xalq ehtiyoj sezayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hisobiga foyda olmoqchimiz. Masalan, qurilish mollarini ishlab chiqaradigan fabrikamiz, non mahsulotlarini ishlab chiqaradigan fabrikamizni yo'lga qo'yishni o'ylab turibmiz. Endi atributkalar, futbolkalar orqali u qadar katta mablag'ga ega bo'lmaymiz. Fan klubimiz, muxlislarimiz uchun bu narsalarni albatta yo'lga qo'yamiz.
- Ko'pchilikni qiziqtirgan savol mavsum boshida klub Zoir To'raqulovni bosh murabbiy sifatida ro'hatdan o'tkazgan edi. Lekin, barcha ishni Dilaver Vaniev bajarmoqda. Keling, ushbu holatga batafsil izohni o'zingizdan eshitsak...
- Zoir To'raqulovda Pro licenziyasi borligi uchun bosh murabbiy sifatida ro'yhatdan o'tkazganmiz. Ishga, natijaga Vaniev javob beradi. Bizda bu borada hamjihatlikda ish olib boriladi. Boshqa hamkasblarimiz hafa bo'lishmasin, bizda sport direktorlarining darajasi u qadar yuqori emas. Xorijda sport direktorlari bosh murabbiy bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bizda esa barcha ishlarni asosan bosh murabbiylarni o'zi qiladi. Klublarda bosh murabbiy keladi, o'zi bilan 11ta futbolchini olib keladi va jamoadagi 11ta futbolchini ketkazib yuboradi, bu noto'g'ri siyosat. Biz muhimi jamoamiz falsafasini saqlab qolgan holatda ish yuritishimiz kerak.
- “Mashal” U-21, U-18 jamoalarining bugungi kundagi holati qanday? Ovqatlanish, vitaminizaciya, sharoitlar qay darajada?
- O'rinbosarlar jamoamizda kamchilik yo'q desam noto'g'ri bo'ladi. Ish qurollari, ovqatlanish, vitaminizaciyalarni yaratib berishga harakat qilmoqdamiz. Uch yil avvalgiga qaraganda bu borada ijobiy o'zgarishlar bor deya olaman. Avvallari birinchi ligada “Mashal-2” jamoamiz bo'lardi. Bu jamoadan asosiy tarkibga o'tish oson kechardi. Hozirgi kunda U-21 jamoamizda faqat shu yoshdagi futbolchilar emas, 19-18 yoshdagi bollar to'p tepmoqda. U-18 jamoamizda esa 16-17 yoshdagi bollar harakat qilmoqda. Yana bir narsa bizda asosiy jamoa natija uchun harakat qiladi, U-21, U-18 jamoalaridan esa natija talab qilmaymiz. Etibor bergan bo'lsangiz bu jamoalardagi yosh murabbiylar o'yin davomida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilishmaydi, o'yinni hotirjam ko'rishadi, futbolchilarni harakatlarini kuzatishadi va o'yindan keyin videolarda, nazariy mashg'ulotlarda alohida tushuntirish olib borishadi. Futbolchining o'ziga qo'yib beramiz, qarorni qabul qilish, maydonni ko'rish kabilarni o'zi qilishni o'rganishi kerak. Urib, so'kib yoki baqirish bilan ish bitmaydi. Buning natijasida qanchadan-qancha bollarimizni yo'qotamiz. Murabbiylar tomonidan besh kunlik dastur beriladi, shu dastur asosida futbolchi shug'ullanadi. To'g'risi bu borada o'tgan ikki yil ichida ko'p narsalarni o'zgartirishga to'g'ri keldi.
- Superligani markazlashgan holatda o'tishiga munosabatingiz...
- Markazlashgan holatda o'tkazish eng ideal variant hisoblanadi. Birinchidan agarda biz Namanganga boradigan bo'lsak biz 16 soat yo'l yuramiz. Borib tiklanish bilan birga ikki kun yo'qotamiz. Menimcha bu viloyat jamoalari uchun qulaylik tug'diradi.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.
Fikrlar