So’nggi yangiliklar

20:13"Ланс" — "Марсель". Ҳусанов дисквалификация сабаб ўйинни ўтказиб юборади  0 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  1 19:27Илёс Зейтуллаев: "Йигитлар сўнгги учрашувларда асосий ва захира деган тушунчалар йўқлигини тушунишди"  1 19:21Суперлига. "Андижон" "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этди ва Суперлигада ўрнини сақлаб қолди  13 19:09Денис Коростиченко: "Бунёдкор" захираси бизникидан кучлироқ экан"  0 18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  3 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  7 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  18 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1

"KECHA, BUGUN, ERTAGA". Eldor Suyunov: “O'zini katta tutadigan futbolchi MTJgacha etib bora olmaydi” Yangiliklar

"KECHA, BUGUN, ERTAGA". Eldor Suyunov: “O'zini katta tutadigan futbolchi MTJgacha etib bora olmaydi”

So'nggi yillarda Qashqadaryo viloyatida darvozabonlarni etishtirib berish borasida etakchilikni o'z qo'liga olgandek.
Bir necha yil avval Sanjar Quvvatov nomi butun Respublikamizga yoyilgan edi. Bugun Eldor Suyunov va O'tkir Yusupov el og'zida.

Eldor bilan suhbatlashganimga ancha bo'lgan edi, taxminan 2 oy avval. Bugun uni sizlar bilan baham ko'rishga qaror qildim.

O'zi haqida gapirar ekan, “faoliyatimni Toshkentda, aniqrog'i “CHig'atoy” futbol maktabida boshlaganman. 2005 yilning boshida dadam poytaxtga olib borgan edilar. U erda 8 oy mashg'ulot olib borganimdan keyi Baxtiyor aka Boboev “Mashal”ga taklif etdilar. Asli Qarshidanman, u erda o'z bilganimcha mashg'ulot o'tkazar edim. Toshkentda Marat Kabaev birinchi ustozim bo'ldi. Tarkibimizda bugungi futbolchilardan Alibobo Raxmatullaev, Mirg'iyos Komilov, Javlon Guseinov kabi yoshlar bor edi. 2006 yil yoz oyida Muborakda akademiyada qurilish ishlari tugatilganidan keyin u erga turli viloyatlardan yosh futbolchilar taklif etila boshlangandi. Bir oy o'tmay men ham “Mashal” akademiyasining azosiga aylandim. Bizning guruhimizga Vladimir Fomichev murabbiylik qilgan edi. 1991 yilda tug'ilgan futbolchilar 1990 yil vakillari bilan birga mashg'ulot o'tkazardik. Sanjar Quvvatov bilan yoshligimdan birga o'sganman”, - deydi Suyunov .

– “Mashal” O'zbekiston futboli tarixida birinchilardan bo'lib o'z akademiyasiga ega bo'lgan. Bundan 10 yillar avval, klub o'z faoliyatida tub burilish yasagan holda, ham asosiy tarkibga, ham yoshlarga etibor qaratdi. Siz akademiyaga kirgan yilingiz, asosiy tarkibda Mirjalol Qosimov to'p tepardi...
– 2006 yilgi “Mashal”ni biron bir jamoaga solishtirib bo'lmaydi. Asosiy tarkib mashg'ulotlarini jonli kuzatishni yoqtirar edik. CHig'atoy futbol maktabidan, “Mashal” akademiyasiga o'tganimda juda ko'p narsalar o'zgarib ketgandi. Eb-ichishdan tashqari, yosh futbolchilarning kiyinishlarigacha asosiy tarkibnikiga monand edi. Albatta bu biz yoshlarni ishtahasini ochardi. Klub har tomonlama professional tarzda ishlar edi. Vladimir Fomichevga Komil Yong'irov, marhum Bahrom Vafoevning tug'ishgan ukasi yordamchilik qilar edilar (“Mashal” stadioniga Bahrom Vafoev nomi berilgan, muallif). “Mashal”ning bugungi kundagi vice-prezidenti Ilhom Qurbonov bizga atletikadan saboq berardi. Bizdan keyingi yillarga Boris Serastanov, Baxtiyo Boboev va yana ko'plab mahalliy murabbiylar faoliyat olib borar edilar. Bahrom Davlatovni esa Muborakda juda katta ishlarni qilgan deb ayta olaman. Bu insonni voha futbolida tutgan o'rni katta. Yoki Baxtiyor Boboevni olaylik, u kishi “Mashal”dan ketib “Bunyodkor”da katta lavozimda faoliyat olib boryapti.


  • Loyihaning kichik sirini ochaman, aynan "Kecha, bugun, ertaga" mehmoni bilan intervyuga umuman tayyorgarlik ko'rmayman. Hammasi tabiiy chiqishi uchun, savollar javoblardan kelib chiqib beriladi.



– CHig'atoyga borganingizda qaysi ampluada harakat qilar edingiz?
– Darvozada, ammo darvozabon texnikasiga ega emas edim. Bu borada CHig'atoy o'zim uchun birinchi futbol maktabi deb ayta olaman.

– “Mashal”da kimlar bilan bir guruhda o'qigansiz?
– Ikki yoshdagi guruh birga shug'ullanganmiz. Nomma-nom aytadigan bo'lsam, Sanjar Quvvatov, SHuhrat Muhammadiev, Farrux Sayfiev, Mamur Abdullaev, Sirojiddin Hamroev, SHerzod Aamov.

– Akademiyada darvozabonlar bilan ishlaydigan alohida murabbiy bo'lganmi?
– Yo'q, ammo asosiy tarkibning darvozabonlar murabbiyi men va Sanjarni o'zi bilan olib ketib, Butenko va Coy ishtirokidagi mashg'ulotlarda ishtirokimizni taminlar edi. Farm klubimiz ham chakki emas edi. U erda Botir Nosirov darvozada turardi. Buni foydasini bugun sezyapmiz. Fomichev ikkinchi ligadagi jamoani ustozi bo'lganligi uchun bizni darvozaga qo'yardi. Meni raqobatchim Eldor Isaboev bo'lardi.

– Etiborsizlik tufayli futbolchilik faoliyatini tashlab yuborganlar ham bo'ldimi?
– Juda ko'p! Yoki aksincha, etiborni ko'pligidan masuliyatni xis qilmay qolganlar ham bo'lgan. Masalan Xutov degan futbolchimiz bo'lar edi. Biz bu yoshda zaxira o'rindig'ini orzu qiladigan paytimiz, u asosiy tarkibda maydonga tusha boshladi. 1991 yilda tug'ilgan avlodning eng istedodli futbolchisi aynan u edi. (Dmitriy Xutov 1991 yil 23 iyulda tavallud topgan. Oliy ligada 17 yoshida, “Bunyodkor” – “Mashal” (2:0) uchrashuvining 77-daqiqasida Samandar SHodmonovning o'rniga maydonga tushib debyut qilgan. N.YU). Etiborning ko'pligidan taltayib ketdi.

Xorazimlik Botir degan futbolchimio' bo'lar edi. Juda kuchli futbolchi edi. 2008 yili qo'liga qog'ozini berib jamoadan ketkazib yuborishgan edi.

– Bu vaziyatdan Siz qanday chiqib ketdingiz, boisi asosiy tarkibda Butenko, Naumov kabi darvozabonlardan tashqari Quvvatov bor edi.
– Birinchi ligadagi jamoamizda Sanjar asosiy posbon edi. Men ham bazan o'yinlarga tushib turar edim. O'yinlarimizni ko'rgani ko'plab mutaxassislar kelar edi. Kunlardan bir kuni Ro'ziqul aka telefon qilib, meni “Nasaf”da ko'rishni istayotganliklarini aytdilar. Bu taklifni men jon deb qabul qildim. Qolaversa, “Mashal” bilan shartnomam yakuniga etib borayotgan edi. “Nasaf”ga o'tganimdan keyin 18talik tarkibga kira boshladim. Hattoki OFK Kubogining bir o'yinida “Nasaf” darvozasini qo'riqlaganman. “Mashal”ni futbolga kirib kelishimda xizmati katta bo'ldi, o'ynab ketishimda esa “Nasaf”ni. SHuning uchun murabbiyimizga katta rahmat aytmoqchiman.

– “Nasaf”ga kelgan yilingiz, jamoada juda katta o'zgarishlar amalga oshayotgan payt edi. Jamoani o'z shaxslari bor edi. Bu borada ko'nikish qiyin bo'lmaganmi?
– Yo'q, boisi men jamoaga kelganimda Demyanenko jamoani deyarli boshidan tuzayotgan edi. Ko'plab yangi futbolchilarlarning biri bo'lganligim uchun qiyinchilikka uchramaganman.


  • Bu loyihada futbolimizda nafaqat o'yinlari yoki ishlari bilan, balki insoniyligi bilan ham bir kalla ustun bo'lgan mehmonlar ishtirok etadilar. Agar biz Sizni intervyuga taklif etsak bilingki, shunchaki sahifa to'ldirish uchun emas, sizga bo'lgan cheksiz hurmatimiz uchun...


– “Nasaf”dagi hayot qanday boshlandi? Zuxurov, Naumov va Kozachenkodan keyingi to'rtinchi posbon bo'lish oson bo'lmagan bo'lsa kerak?
– Klubga birinchi kelganimda darvozabonlar bilan ukrainalik mutaxassis ishlar edi. Men doimiy ravishda o'rinbosarlar darvozasini qo'riqladim. Axyon Naumov meni o'rnimdan joy olardi. Bu darvozabonlar bilan mashg'ulot o'tkazishni o'zi men uchun bir maktab bo'ldi. Eslayman, Murod aka Zuxurovga, men ham futbol o'ynarmikanman derdim. SHunda Zuxurov, “hali katta futbolda to'yib ketasan ham”, deb ovutardi. Buni qarang, ko'p o'tmay jamoani birin ketin darvozabonlar tark eta boshlashdi va mening navbatim keldi.

– Denis Ivankovning mehnati qanday bo'ldi?
– U menga “Mashal”dayoq o'z ishonchini bildirgan. “Mashal” safida birinchi ligada meni ikkilanmasdan asosiy tarkibga qo'ydi, “Nasaf”ga ishga kelgach, bu erda ham menga ishonch bildirish kerakligini aytdi. Bu odamni qo'l ostida men doim asosiy tarkibda o'ynaganman. Ro'ziqul aka menga qanday ishonch bergan bo'lsa, Ivankov ham shuncha ishondi. Darvozabon bo'lishimda uni ruhan qo'llab-quvvatlashi menga qo'l keldi.

– Reakciya bu istedodmi yoki mashg'ulot mevasi?
– Murabbiylarimiz buni tug'ma deydilar. Mehnat esa uni tezlatishi mumkin-u, ammo bari-bir qoningizda bo'lishi kerak. Bu borada ko'pincha Sanjar Quvvatovni misol qilib kelganman. U ikki yil o'ynamasa ham, o'z reakciyasini saqlab kela oladi.

– Bizni posbonlarimiz boshqalarga nisbatan oriqroqdek. Uzoqqa bormaylik, O'zbekiston -Iordaniya o'yinida raqibimiz postini qo'riqlagan Amir SHafining gavdasiga qarab, bunday chaqqon harakat qilishini kutmaydi kishi. Raqib hujumini seyflaridan tashqari gavdasi bilan ham bartaraf etadi. Huddi-ki, boulingda “strayk” amalga oshirgan sportchi kabi...
– Agar jismoniy tarafdan kuchli bo'lsangiz bu sizning foydangizga. “Nasaf”da Kozachenko ham shunday baqquvat edi. Lekin nima uchun o'zbekistonlik darvozabonlar ularga nisbatan vazni pastligini bilmasam nima uchun. OFK Kubogida SHafining jamoasiga qarshi maydonga tushgan edik, haqiqatdan ham kuchli darvozabon. Uning o'yinlari menga yoqadi.

– Balki bu ham vitaminlarga bog'liqdir?
– Albatta. Keyin ularning taomlari biznikilarga nisbatan yog'ziz. Asosan vitamin bilan to'yinadilar. SHunga yarasha gavda ham chiqadi. Bizdagi yog'li taom bilan vitamin qabul qilsangiz, bu ham zarar.

– Qonda vitamini yo'qligi, o'yin davomida seziladimi, masalan kuchiz birdek 90 daqiqaga etmayotganini sezish mumkinmi?
– Ha, shunday holatlarni sezishingiz mumkin. Zamonaviy sportda vitaminizaciyaning o'rni katta. Masalan, Demyanenko paytida bizda turli-tuman vitaminlar bo'lar edi. Bu o'z navbatida jamoaning o'yiniga ham tasir qiladi. Bugungi kunda ko'plab futbolchilar o'zlarini vitaminlarni harid qilishyapti, ammo hamma ham bunday imkoniyatga ega emas.



  • Samimiy intervyudagina, samimiy kulgu bo'ladi...


– Deylik raqibingizning moliyaviy ahvoli pastroq va undagi futbolchilar vitamin olmagan. Medallar uchun kurashayotgan jamoalar so'nggi daqiqagacha o'ynashadi, ular maxsus vitaminlardan foydalanganlar. Bu uchrashuv so'nggida vitamin bilan taminlangan jamoaga qo'l keladimi?
– Bo'lmasamchi, vitamin bu kuch degan. Agar siz kerakli va belgilangan vitaminlarni qabul qilmasangiz organizmingiz malum bir vaqtga kelib charchaydi. Bunday paytda o'yinni boshidagi tempni ushlab tura olmaysiz. SHuning uchun ham oliy ligadagi yuqoridagi jamoalar ko'p hollarda so'nggi daqiqalarda ustunlikni o'z tomonlariga og'dirib oladilar.

– “Nasaf” asosiy tarkibidan joy olganingizdan keyin o'zingizda o'zgarishlar bo'lmadimi? Bunga hamma futbolchini irodasi dosh bermayotgandek...
– Men ham bu narsani tan olaman. Asosiy tarkibda tusha boshlagan paytim, kattalarni gapi ortiqchadek bo'lib qoldi. Keyin qarasam, bu o'yinimga tasir o'tkazyapti. Ko'tarilib qolganimni sezdim va murabbiylarimizdan uzr so'radim. Aslida kattalar bizga yaxshi bo'lsin deb gapirishadi. Mehnatda gap katta ekan.

– To'g'ri aytasiz. Yaqinda “Paxtakor” darvozabonlar murabbiyi Anvar Rashidovga Nesterovni tarbiya qilgani uchun rahmat aytishganida, u shunday dedi: -Ignatiyning muvaffaqiyatiga mendan ko'ra o'zi ko'proq sababchi. U tinmay mehnat qildi, o'z ustida ishladi va mana shunday saviyaga chiqdi.
– Rostan ham Nesterovga o'xshab mashg'ulot o'tkazish oson emas. Terma jamoada men ham uni kuzataman, unga o'xshab mashg'ulot o'tkazishni istaymiz, ammo biroz etishmayotgandek. Mashg'ulotlarda o'zini ayamaydi. Xudo xohlasa unga o'xshab mashg'ulot o'tkazsak, o'zimizga yaxshi bo'ladi deb o'ylayman.

– Loyihamning “titul” savoli. Yosh futbolchilar o'zlaridan ketib qolishayotgani ko'ryapmiz. Klublarda “faxriy” futbolchi degan tushuncha yo'qolib boryapti. MTJda to'p tepayotgan futbolchilarning muomulasi qaerda-yu, kecha oliy ligada 2ta o'yin o'ynagan futbolchining munosabati qaerda...
– Faxriy futbolchi tushunchasi yo'qolib bo'ldi desak ham bo'laveradi. Odil akani olaylik (Ahmedov). Rossiyaning eng ko'zga ko'ringan futbolchilaridan biri, ammo bizdan o'zini bir pog'ona bo'lsada ustun tutmaydi. Bu ko'proq tarbiyaga bog'liq deb o'ylayman. Terma jamoadagi hamma futbolchilar shunday. Siz nazarda tutayotgan futbolchilar MTJgacha etib bora olmayaptilar.

– Ayniqsa bu biz OAV vakillariga ko'proq bilinadi. SHackix, Jeparov va Ahmedov sizga shunday chiroyli muomula qiladiki, ularni oldida kichik yosh toifasidagi terma jamoalarning futbolchilari go'yoki “Barselona” futbolchisi...
– Meksikadagi yoshlarimizning aksariyati ham shunga yo'qolib qolishdi-da... Nesterovni olaylik, men uning raqobatchisiman, ammo u terma jamoada menga ko'p vaziyatlarda maslahatlar beradi. Haqiqatdan ham o'z irodasini ko'rsata olgan futbolchi oxirgi manzilga etib bora oladi.

– OFK Kubogi... Eslashga arziydigan musobaqa to'g'rimi, qolaversa Demyanenko ishladi.
– Anatoliy Demyanenko Bloxin to'p tepgan jamoaning sardori edi. Har bir jamoaning o'z davri bo'ladi. O'sha yillari “Nasaf”ni ishlari ancha yurishgan edi. OFK Kubogidagi yurishimizni hech bir muxlis unutmasa kerak. O'sha yillari jamoamiz sharafini O'zbekistonni sara futbolchilari himoya qilishdi.

– Ro'ziqul Berdievni ishdan ketishi va oxir oqibat yana bosh murabbiylik lavozimiga qaytishi, klubni bir yilini yo'qotishiga tenglashtirsak bo'ladimi?
– SHunday desa ham bo'ladi. Garchand OCHLda ishimiz yurishmagan bo'lsada, chempionatda yomon qatnashmayotgan edik. 9-turga qadar birichni o'rinda borayotgan “Bunyodkor” bilan o'rtamizdagi farq bor yo'g'i ikki ochko edi. Keyin futbolchilarning aksariyati ketamanga tushib qoldilar. Mavsumni esa to'rtinchi o'rinda tugatdik.  2013 yil oldidan Ro'ziqul Berdiev oldiga yoshlarni tarbiyalash vazifa etib qo'yildi. SHunda men qatori, Muhammadiev, Gadoev va Sayfiev asosiy tarkibdan joy ola boshladik. Natija esa chakki bo'lmadi, biz kutilgandan ko'ra yaxshiroq o'rinni egalladik.  

– Jamoa oldiga aniq vazifa qo'yilmasa yaxshiroq o'yin bo'ladi. Mana bu yil “Bunyodkor”dan vazifa olib tashlangan edi, Lushan tarkibni yoshartirish orqali avlodlar almashinuvini o'tkazib oldi...
– Natija ham bo'lishi kerak, aniqrog'i maqsad.

– Lekin O'zbekiston chempionatidan kelib chiqib uchta o'rin va kubokdan qolgan o'rinlarni natija deb ayta olmaymizda. Kuchli sakkiztalikka kiramiz deyshidi, bizda o'zi kuchli sakkiztalik bormi?
– “Nasaf”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” va “Bunyodkor”daka jamoalardan yana 4ta bo'lsa, shunda kuchli sakkizlik kabi gaplarni aytsak bo'ladi.

– Bir yilda uzog'i sakkizta yaxshi o'yinda maydonga tushasiz, qolgan o'yinlar qandaydir shunchakidek...
– Siz nazarda tutgan jamoalarga qarshi o'yinlarni kutamiz. Mazza qilib tayyorgarlik ko'rasiz. Qolgan jamoalarga qarshi safargi o'yinlar qiziqroq bo'ladi, ayniqsa vodiyda. Ammo Qarshida bo'lib o'tadigan o'yinda ular jiddiy qarshilik qila olmaydilar. Buni o'zingiz ham bilasiz, ruhiyatni alday olmaysiz. “Paxtakor” va “Bunyodkor”ga qarshi o'yinlarni esa kutasiz. Har tomonlama, bunga butun viloyat ham tayyorgarlik ko'radi.

– Har turda, “Paxtakor” – “Nasaf”, “Bunyodkor” – “Lokomotiv” saviyasidagi o'yinlari bo'lishi uchun yangicha tizimga o'tsak yaxshi bo'ladi deb o'ylaysizmi?
– Koreya, Qozog'iston va SHotlandiyada pley off tizimi mavjud. 26ta o'yin biz uchun juda kam deb bilaman. Biz-ku, kubokda yana qo'shimcha 5-6ta o'yinda o'ynaymiz, ammo kubokni erta tark etadigan jamoalar uchun bu kam.

– Futbolchilar tayyorlarmi, agar o'yinlar soni ortib har to'rt kunda futbol o'ynalsa?
– Ayni paytda yo'q, lekin bosqichma-bosqich tayyorlasa bo'ladi.

– Tanlash imkoniyati bor deylik, kuchsizlarni yutib yuqori o'rinlarni olish yoki kuchlilarga qarshi o'ynab 5-6 o'rinlarni qayd etish?
– Agar hamma jamoalar kuchli bo'ladigan bo'lsa, bunda o'rin ahamiyatini yo'qotadi. Siz qanchalik kuchli chempionatda to'p tepsangiz, xorijga ketish imkoniyatingiz oshadi. Bu esa kuchli terma jamoa degani. Menimcha bu bosqichga etib kelyapmiz. Avvaliga infrastrukturaga katta etibor berildi. Hozirda barcha viloyatlarda yaxshi stadionlar barpo etildi. Endi oliy liga sifatiga etibor  berilsa kerak.

Nodirxo'ja Yuldashev

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика