Kamoliddin Murzoev: “Rahbariyat futbolchilarni natijaga mos ravishda qo'llab-quvvatlamadi”
30 dek 2016 11:02
Yangiliklar
Kamoliddin Murzoev: “Rahbariyat futbolchilarni natijaga mos ravishda qo'llab-quvvatlamadi”
Garchi buxoroliklar mavsumni ko'tarinki ruhda o'tkazib, chempionatni kuchli to'rtlikda yakunlashgan bo'lishsada, jamoa hujumchisining ishlari u qadar yurishmadi. Biz Kamoliddin MURZOEV bilan bog'lanib, o'zimizni qiziqtirgan bir qator savollarga javob oldik.
-Kamoliddin, joriy mavsum siz uchun qanday kechdi?
-Ochig'ini aytishim kerak, mavsumdan ko'nglim to'lmadi. Mavsumni kutilmagan jarohat bilan boshladim. Umuman mavsum qanday boshlangan bo'lsa, yakuni ham shunday bo'ldi. O'z oldimga qo'ygan maqsadlarimning 20 foizini ham bajara olmadi.
-Yil boshida ham jarohatingiz bor edi. Yil oxirida ham jarohat bois o'yinlarni o'tkazib yubordingiz. Bunga raqiblaringizning qo'pol o'yin ko'rsatganimi yoki boshqa sabab bo'ldimi?
-Yil boshida jarohatim u qadar jiddiy emasdi. Xabaringiz bor yil boshida Malayziyada bo'lib qaytdim. Issiq iqlimdan birdan sovuq havoda mashg'ulotlarni o'tkazib, yaxshigina shamolladim. SHu bois jamoaning qishgi yig'inni deyarli o'tkazib yubordim. SHunga qaramay, tezda jismoniy holatimni yaxshilab, asosiy tarkibdan joy ola boshladim. CHempionat doirasida 16 iyun kuni “Neftchi”ga qarshi bahsda himoyachi bilan to'qnashib ketib, erga noqulay yiqilishim oqibatida jarohat orttirib oldim. Keyinchalik o'zimga kelib olgan bo'lsamda, ikkinchi davrani faqat og'riq bilan o'tkazdim.
-Jarohatingiz bo'lishiga qaramay maydonga tushdingizmi?
-Ikkinchi davra arafasida faqat “Mashal”ga qarshi o'yinda maydonga tushdim. Qolaversa, o'rinbosarlar tarkibida ham 2-3 ta bahsda harakat qildim.
-Aytmoqchi bo'lganim oyog'izda og'riq bo'lishiga qaramay maydonga tushgansiz. O'sha og'riqni vaqtida davolab, to'liq sog'ayib maydonga qaytsangiz bo'lmasmidi?
-To'g'risi, menga to'g'ri tashxis qo'ya olishmadi. 2 oylik tanaffusdan keyin maydonga qaytdim. Ammo jarohatdan to'liq qutulmagandim. Keyinchalik mashg'ulotlarning birida og'riq kuchayib, umuman yugurolmay qoldim. Mavsum tugashiga oz qolganida Germaniyaga borib ko'rikdan o'tib, jarrohlik stoliga yotishga majbur bo'ldim.
-Germaniyada jarrohlik amaliyotini o'tab qaytdingiz. Qachon butkul jarohatdan forig' bo'lib, maydonga qaytasiz?
-Yana taxminan o'n kunlardan keyin individual tarzda mashg'ulotlarni boshlayman. O'ylaymanki, yangi mavsumni yaxshi sport formasida og'riqlarsiz boshlayman.
-Yangi mavsumni “Buxoro”da boshlamasligingiz aniqmi? Qaysi jamoalardan takliflar bo'layapti?
-Menimcha,”Buxoro”da boshlamasam kerak. CHunki jarrohlik stoliga yotganimdan keyin formaga kirishmga vaqt kerak. Yil boshida “kasal bo'lsang ham biz bilan yugurib tur” degan murabbiy operaciyadan keyin bir marotaba ham tel qilib, holatim bilan qiziqmaganidan keyin boshqacha bo'lishi ham mumkin emas. Hozircha hech qanday takliflar bo'lgani yo'q.
-Eshitimizcha, Germaniyaga ko'rikdan o'tib, operaciya jarayonlarigacha o'z hisobingizdan amalga oshiribsiz...
-Ha, mashinamni sotib Germaniyaga borib sog'lig'im uchun qayg'urishga majbur bo'ldim. Mavsum oxirida usha safarga borib kelishim uchun oylik maosh va mukofot pullarimni so'rab, klub rahbariga murojaat qilsamda, natija bo'lmadi.
-O'tgan yili 25 ta uchrashuvda to'p tepdingiz va raqiblaringiz darvozasini 11 ta gol kiritgan edingiz. Bu yil Oliy ligada o'tgan yilgiga qaraganda ikki barobar kam o'yin o'tkazdingiz. Ammo biror marotaba ham raqiblar darvozasiga gol urolmadingiz? Buning sababi nimada?
-Bunga aniq sabablar ko'rsata olmayman. Yuqorida aytib o'tganimdek, mavsumni yuksak formada boshlay olmadim. Jamoamiz yangi shakllangan jamoa edi. Yil boshida hamma narsa jamoa o'yiniga va natijaga qaratilgan edi.
-“Buxoro”da gol urolmaganingiz sababi jamoaning o'yin uslubiga moslasha olmaganingiz deb aytish mumkinmi?
-O'yin uslubiga moslasha olmaganim emas, balki o'sha uslub shakllanayotgan paytida jarohat olganim shaxsiy ko'rsatkichlarimga tasir qildi, deb o'ylayman.
-“Buxoro” ikkinchi davrani ko'tarinki ruhda o'tkazdi. Hattoki uchinchi urinni egallash uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'ldi. Hal qiluvchi bahslarda jamoaga nima etishmadi?
-Haqiqatan ham ikkinchi davrada jamoa ancha mazmunli, o'ziga ishonib harakat qila boshladi. CHunki futbolchilar bir-birlarini ancha tushunib harakat qila boshlashgan edi. Bizga biroz omad etishmadi deb aytish mumkin. SHuningdek, jamoa rahbariyati talab qilingan natijaga yarasha futbolchilarni qo'llab-quvvatlamadi, deb hisoblayman.
-Umuman 3-o'rin uchun bahsda “Buxoro” “Nasaf”ga o'zaro uchrashuvlarda mag'lub bo'ldi. Hattoki O'zbekiston kubogi yarim finalining har ikkala bahsida ham “Buxoro” qarshiliklarga umuman qarshilik qila olmadi. “Buxoro” garchi chempion “Loko”ni taslim etgan bo'lsada, Berdiev jamoasidan barcha to'rt uchrashuvda mag'lub bo'ldi....
-To'g'ri takidladingiz. Bu yil “Nasaf” biz uchun “chaqilmas yong'oq”qa aylandi. Ularga qarshi o'tkazilgan to'rtta uchrashuvning ikkitasida bizdan ochiqchasiga omad yuz o'girgan bo'lsa, ikkita o'yinda “Nasaf” bilan har tomonlama ustunlik qildi.
-"Buxoro"da bosh murbbiyi Jamshid Saidov bo'lsada, unga Agamurodov maslahatchi murabbiy sifatida ishlayotganidan barchaning xabari bor. Saidov qog'ozda bosh murabbiymi yoki mashg'ulotlarni ham o'zi bosh murabbiy sifatida o'tkazadimi? Masalan "Lokomotiv"da Miklyaev bosh murabbiy sanalsada, aslida jamoani uchrashuvlarga Mirko Yelechich tayyorlaydi...
-“Buxoro”da ham deyarli “Lokomotiv”dagi singari holat...
-Oliy ligadagi eng yaxshi uchta futbolchi sifatida kimni ko'rsatardingiz?
-Ochig'ini aytsam, bu mavsumda Temur Kopadzening o'yini meng juda maqul bo'ldi.
Uni ko'pchilik yoshi o'tib qolgan deb o'ylagandi. Ammo u bu fikrlarlarga zid o'laroq, maydonda haqiqiy etakchi va professional qanday bo'lishi kerakligini ko'rsatib berdi. Keyingi pog'onalarda Eldor SHomurodov va Jaloliddin Masharipovni qo'ygan bo'lardim.
-Oliy ligada bu mavsumda legioner hujumchilar o'zlarini ko'rsta olishdi. Sizningcha, CHemirtan kuchlimi yoki CHeran?
-Har ikkala futbolchi ham ikkinchi davradan boshlab oliy ligada to'p tepa boshlashdi va o'z jamoalariga juda katta yordam berishdi. SHu sabab alohida ko'rsatmagan bo'lardim. Ularning ikkalasi ham o'z jamoasi uchun kerakli hujumchi ekanligini maydonda isbotlay olishdi.
-Agar hisoblab ko'radigan bo'lsak, faoliyatingiz davomida ayni paytda oliy ligadagi deyarli yarim jamoasida to'p tepibsiz. Umuman bir jamoada uzog'i ikki mavsum to'p tepgansiz. Bu nima bilan bog'liq?
-Bu avvalo jamoalarimizning moliviy holati stabil emasligidan darak beradi. Ko'p hollarda klublar bor imkoniyatdan samarali foydalanish emas, “sen bo'lmasang, boshqasi” qabilida ish ko'rishadi. SHunda siz jamoangizni tez tez almashtirishga majbur bo'lasiz. To'g'ri, futbolchilar har doim ham haq bo'lavermaydi. Ulardayam kamchiliklar bo'lishi mumkin. Lekin har qanday sportchi yil yakunida, yaxshi hordiq chiqarib, yana shu jamoa bilan muvaffaqiyatga erishishni xohlaydi. Ammo bizda to'p tepadigan futbolchilarning 70 foizi keyingi faoliyatini qanday kechishini bilmagan holda mavsumdan mavsumga o'tishadi.
-Futbolchilik uzoq davom etadigan faoliyat emas? Butsalarni mixga osganda siz ham murabbiylik bilan shug'ullanasizmi?
-Bu haqda aniq bir qarorga kelganim yo'q hali. CHunki murabbiylik ham oson ish emas. Lekin inson hayotda har qanday holatga tayyor bo'lishi kerak. SHu sabab bu yil murabbiylar uchun “S” licenziyaga hujjat topshirdim.
-Faoliyatingiz davomida ko'plab mashhur va tajribali murabbiylar bilan ishlagansiz... Luis Skolari, Anatoliy Demyanenko, Viktor Kumikov, Mirjalol Qosimov, Igor SHkvirin, Tachmurad Agamuradov. Ulardan qaysi birini o'z ishining haqiqiy ustasi deb bilasiz?
-Bu insonlardan men juda ko'p narsalarni o'rgandim. Ular nafaqat bizga futbolning texnik va taktik tomonlarini, balki hayot sabog'ini ham o'rgatishdi. Yuqorida sanab o'tilgan murabbiylardan minnatdorman. Ularning barchasi o'z ishining ustalari, deb hisoblayman.
-Suhbatingiz uchun rahmat. Yangi yilda muxlislarga tilaklaringiz...
-Ostonada turgan Yangi yil barchaning xonadoniga tinchlik hotirjamlik olib kelsin. Yangi yilda yangi marralar, zafarlar barchaga nasib etsin.
Aziz NURIY suhbatlashdi.
Kamoliddin Murzoev endi "Buxoro"da o'ynamaydi
Fikrlar