Jahon chempionatiga bora olmagan Edgar
30 may 2018 11:20
Yangiliklar
Jahon chempionatiga bora olmagan Edgar
Ushbu musobaqada asosan poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan 23-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi. Jamshid Asadov murabbiyligidagi jamoa musobaqaning hal qiluvchi final bahsida Pokistonni penaltilar seriyasiga ko'ra mag'lub etib futbol muxlislariga olam-olam quvonch bag'ishladi.
Terma jamoa sardori Edgar SHamshilov afsuski jarohati sabab musobaqaga bora olmadi. Lekin shunga qaramay, uning jamoadoshlari ishonchni oqlab g'olib bo'lgan holda qaytishdi. Garchi mundialga borish nasib qilmagan bo'lsa-da, Edgar jamoaning eng asosiy o'yinchisi hisoblanadi. SHu bois u bilan suhbatlashish va fikrlarini eshitishni lozim topdik. Aytish mumkinki, 16 yoshli o'spirin suhbat davomida o'zining achchiq hayotiga ham to'xtalib o'tdi.
- Men SHamshilov Edgar, 23-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisiman. Yoshim 16da. Uch yildan beri o'zimizning uyda tashkil etilgan futbol jamoasida shug'ullanaman, - deya so'z boshladi Edgar. - Jahon chempionatiga borgunga qadar bir nechta musobaqalarda qatnashdik. O'rtoqlik o'yinlari o'tkazdik. Keyin esa Moskvada tashkil qilingan mehribonlik uylari o'rtasidagi jahon chempionatiga taklif oldik va bunday imkoniyat berilganidan xursandman.
Ammo jarohat sabab o'zim musobaqaga bora olmadim. Boshida xafa bo'lganim rost, keyin esa yigitlarimizning g'alaba qozonganini ko'rib juda xursand bo'ldim. Men har kuni o'zimni ular bilan birgadek his qildim. Jamoadoshlarim bilan birga ovqatlandim, birga mashq qildik, o'yinlarda birga o'ynadik. Bu go'yoki har kuni men bilan sodir bo'lgandek bo'ldi.
CHempion bo'lganimizni eshitib nihoyatda quvonib ketdim. Men ham jamoadoshlarimni kutib olgani aeroportga chiqdim. SHeriklarimni ko'rganimda xursandchiligimning cheki yo'q edi. Mehribonlik uyiga kubok bilan kirib borganimizda esa hamma bizni qarsaklar bilan kutib oldi.
- Edgar, jarohat tufayli jahon chempionatiga bora olmading. Bu og'ir botgan bo'lsa kerak?
- Ha, boshida juda alam qildi. CHunki shunday musobaqaga kim ham borishni xohlamaydi deysiz. Moskvaga ketishimizga oz qolgan paytda jarohatga yo'liqdim. O'shanda o'zimiz ikki jamoaga bo'linib futbol o'ynayotgandik. Keyin boshqa futbolchi bilan to'qnashib ketib oyog'imning barmoq qismida og'riq his qildim. SHundan so'ng murabbiyimiz Jamshid aka Asadov meni shifokorga olib bordi va tashhis qo'yishdi: kamida bir-ikki hafta futbol o'ynay olmas ekanman. Ketishga oz qolganida jarohat olib Toshkentda qolishga majbur bo'ldim.
- Keyin nima qilding?
- Nimayam qilardim, bolalar bilan xayrlashdim. Jamoadoshlarim turnirga jo'nab ketdi. Men esa mehribonlik uyida qoldim. Ketish oldidan Jamshid aka menga siqilma, futbolda shunaqasi ham bo'lib turadi, biz sen uchun ham chempion bo'lib qaytamiz dedilar. Bu gaplari menga dalda bo'ldi. Albatta, jarohat sabab bora olmaganim menga qattiq tasir qildi. CHunki jahon chempionatida o'ynashni juda-juda xohlagandim. Qachonki chempion bo'lganimizdan keyingina jarohat olganimni butkul unutib futbolchilar bilan bayram qilishni boshlab yubordim.
- O'zbekiston jahon chempioni bo'lishini kutganmiding?
- To'g'risini aytsam, boshida yaxshi qatnashsak ham katta gap deb o'yladim. CHunki bunday darajadagi turnirga biz birinchi marta bordik. Ishqilib yirik hisobda yutqazib qo'ymasak bo'lgani degan xayol bor edi. Ammo o'yinlarni ko'rib bizning jamoa boshqalardan aslo qolishmasligiga amin bo'ldim. Garchi bir kishi kam qolib to'p tepgan bo'lsak-da, o'yindan o'yinga o'zimizga bo'lgan ishonch ortayotganini his qildim. Finaldan keyin esa go'yoki o'zimni yo'qotib qo'ydim. Jamoadoshlarim yig'lab yubordi. SHunda men ham o'zimni tutab tura olmadim.
- O'yinlarni qaerda ko'rding?
- Internetda, yutub kanali orqali. Mehribonlik uyimizdagi tarbiyachilar o'yin boshlanadigan payt internetni yoqib bizni ham tomosha qilishga chaqirishdi. SHunday qilib hamma uchrashuvlarni ko'rib bordim. Ayniqsa finaldan keyin katta bayram boshlanib ketdi. Hamma bir-birini tabriklar, tarbiyachilarimiz ham nihoyatda xursand edi. Ishonasizmi, hatto yonimizdagi mahallada istiqomat qiladigan odamlar kelib bizni tabriklab ketishdi.
- Hozir 16 yoshda ekansan. Futbol sen uchun nima: xobbimi yoki professional sport turi?
- To'g'ri savol berdingiz. Futbol shu paytgacha men uchun shunchaki qiziqish va bo'sh paytni maroqli o'tkazish uchun xobbi bo'lgan. Jamshid aka bundan uch yil oldin futbol jamoasi tashkil qilaman deganlarida boshida qiziqib qatnab turardim. Undan tashqari engil atletika bilan ham shug'ullanganman. Lekin oradan vaqt o'tib futbol men uchun kundalik hayot tarziga aylandi. Televizorni yoqqanimda ham doim futbol ko'radigan bo'ldim. Hech qanday kino yo boshqa ko'rsatuvlar qiziq emas. Hozir men uchun futbol xuddi kasb darajasida deya olaman va o'zimni katta futbolda sinab ko'rishni xohlayman.
-Eng yoqtirgan futbolching kim?
-“CHelsi”dagi Eden Azar. Lekin “Manchester Siti”ga muxlislik qilaman. “Siti” doim to'p uzatishlar bilan o'ynaydi va ularning uslubi menga yoqadi. O'zimizning futbolchilardan “Lokomotiv” hujumchisi Marat Bikmaevga qiziqaman. SHu o'rinda “Lokomotiv” futbol klubiga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. CHunki bu jamoa bizga ko'p yordam berdi. To'plar, forma, butsalar sovg'a qilishdi, hatto ovqatlanishimizga ham qarashishdi.
- Edgar, agar navbatdagi savolim og'ir botsa uzr so'rayman va xohlamasang javob bermasliging mumkin. Ayt-chi, ota-onang bormi?
- Ha, bor lekin biz birga yashamaymiz. Ota-onam ajralib ketishgan va bunga ancha bo'lgan. Ularni ko'rmaganimga ko'p yil bo'ldi. Dadamning hatto yuzini eslay olmayman. CHunki dadam bizni tashlab uydan chiqib ketgan payt men juda kichkina bo'lganman. Oyimni ko'rmaganimga ham ko'p bo'ldi. Oyim hozir qaerda, nima ish qilyapti, kim bilan yashayapti, bularning hech biridan xabarim yo'q. Hozircha qarindoshlarimdan faqat buvim bilan gaplashib turaman.
- Faraz qilamiz, ota-onang bu yutuqdan xabar topdi...
- Agar oyim biror joyda eshitib xursand bo'lgan bo'lsa, bilingki men ham xursand bo'laman. CHunki nima bo'lgan taqdirda ham ona men uchun muqaddas. Balki onam hayotida ko'p xatolar qilgandir, meni yosh holimda tashlab ketgandir, lekin bu men uni yaxshi ko'rmasligimni anglatmaydi. Men onamni yaxshi ko'rishda va uni hurmat qilishda davom etaveraman. To'g'risini aytsam, onamni kechirishga tayyorman. Agar kelajakda yaxshi futbolchi yoki o'qib katta odam bo'lsam onamni topib albatta yordam berishga harakat qilaman.
- Otangni umuman eslay olmaysanmi?
- Uni faqat fotosuratlarda ko'rganman. Balki oldimga kelsa yodimda qolgani bo'yicha eslarman. Ammo dadam meni so'rab kelsa ham oldiga chiqmayman, chunki u shuncha payt onam ikkimizni yolg'iz tashlab ketdi va bizdan umuman xabar olmadi. Bu borada boshqa aytadigan gapim yo'q.
- Jahon chempionatiga bormagan bo'lsang ham senga medal berishdi, to'g'rimi?
- Ha, shunday. CHunki men musobaqada ishtirok etuvchilar ro'yxatiga kiritilgandim, faqat jarohat tufayli bora olmadim. SHu bois tashkilotchilarga rahmat, ular menga ham medal berib yuborishdi. Jamoadoshlarim Toshkentga qaytganidan so'ng mehribonlik uyida bayram qilganimizda Jamshid aka menga medalni taqib qo'ydilar va bundan juda xursand bo'ldim.
- Nutqing va muomala madaniyating yaxshi ekan, ko'p kitob o'qiysanmi?
- Nafaqat ko'p o'qiyman, balki mehribonlik uyimizda yoki maktabda tashkil etiladigan barcha tadbirlarda faolman. Sportdan tashqari har bir koncert va bayram dasturlarida ham faol qatnashaman. Maktabda baholarim alo. 11-sinfni tugatib institutga kirishni xohlayman. To'g'ri, men bolalar uyi bolasiman, lekin bu bilan to'xtab qolmoqchi emasman. Men ham o'zimni ko'rsatishni, nimaga loyiqligimni atrofdagilarga bildirishni xohlayman. Jahon chempionatida g'olib chiqqanimiz bu – hayotning endi boshlanishi, hali hammasi oldinda deb o'ylayman.
- Kelajakda qaysi yo'nalish bo'yicha tahsil olishni xohlaysan?
- Niyatlarim ulkan. Imkon bo'lsa-yu Diplomatiya instituti yoki bo'lmasa Milliy universitetga kirib o'qisam deyman. Kelajakda katta odam bo'lishni xohlayman, yoki professional futbolchi.
- Edgar, intervyu uchun senga katta rahmat. Hayotda o'ylagan orzularingga erishishingni tilab qolamiz.
X.Xoliqov suhbatlashdi.
Fikrlar