Intervyu. Farhod Bekmurotov: “Andijonlik muxlislarga achindim”
13 dek 2016 16:02
Yangiliklar
Intervyu. Farhod Bekmurotov: “Andijonlik muxlislarga achindim”
Jamoa safida eng ko'p o'yinni 22 yoshli Farhod Bekmurotov o'tkazgani etiborga molik. Biz yarim himoyachi bilan mavsum yakunlari haqida suhbatlashdik.
- 2016 yilgi mavsum “Andijon” uchun qanday o'tdi?
- Mavsum biz uchun juda ham qiyin o'tdi. Jamoa rahbariyati va muxlislarning ishonchini oqlay olmadik. Afsuski "Andijon" jamoamiz oliy ligadan tushib ketdi.
- Jamoa oliy ligada qolishiga nima etishmadi deb o'ylaysiz?
- To'g'risi nima deyishga ham xayronman. Menimcha oliy ligada qolishiga omad etishmadi. Ko'p uchrashuvlarda omad etishmagani pand berdi. Bundan tashqari yutishimiz kerak bo'lgan o'yinlarda yutqazib qo'ydik. Xatto darvozaga kirib ketayotgan to'p ham qaytib chiqib ketdi.
- Murabbiylarning almashinuvi ham natijaga tasir qildimi?
- Mavsumni Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi boshladik. Birinchi davra tugashiga oz qolganida murabbiy ishdan ketishga qaror qildi. Keyin Orif Mamatkazin qo'l ostida o'ynadik. CHempionatning oxirgi beshta turini esa Maruf Abdisalomov murabbiyligida tugatdik. Bir mavsumda uch murabbiy albatta ko'p. Sababi bir murabbiyning taktikasiga moslashishga ulgurmay yangi murabbiy keldi. Bu futbolchilarga qiyinchilik tug'dirishi tabiiy. Lekin ayb faqat murabbiylarda emas maydonda futbolchilar o'ynashadi. SHu bois natijaga biz ham javobgarmiz.
- Qaysi uchrashuv siz uchun qiyin bo'ldi?
- Eng og'ir o'tgan o'yinlar "Buxoro"ga qarshi o'tdi. Buxorodagi uchrashuvda 2:5 hisobida yutqazdik. O'zimizda esa 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydik. Bundan tashqari "Nasaf" va "Lokomotiv" bilan o'yinlarda ham qiynaldik. Qolgan jamoalar bilan deyarli tengma-teng o'ynab omadsizlik tufayli yutqazdik yoki ochko yo'qotdik.
- Ko'pchilikka berayotgan savolimiz: 2016 yil oliy liganing eng yaxshi uch futbolchisi kimlar?
- Engi yaxshi futbolchilarga kelsak mavsum davomida eng ko'p gol urgan "Lokomotiv" hujumchisi Temurxo'ja Abduxoliqov, "Paxtakor"da etakchi futbolchiga aylangan Jaloliddin Masharipov hamda "Obod" to'purari va mavsum kashfiyotlaridan biri bo'lgan SHohruz Norxonovni tanlagan bo'lardim.
- Keyingi yil ham “Andijon”da qolasizmi?
- "Andijon" bilan yana bir yillik shartnomam bor. Hozirda boshqa jamoalardan takliflar bo'lmoqda. Hammasi yanvar oyida hal bo'lsa kerak. Ayni paytda barchasini o'ylab ko'rayapman va yangi yil bayramidan so'ng yakuniy qarorni qabul qilaman.
- Takliflar qaysi jamoalardan bo'lmoqda?
To'g'risi qaysi jamoalardan taklif bo'layotganini ayta olmayman. Sababi transfer amalga oshmasa men ham o'sha klublar ham noqulay vaziyatga tushib qolishadi.
- Andijonlik muxlislar bu muvaffaqiyatsizlikni qanday qabul qilishdi?
- Muxlislarimizga achindim. Eng alam qilgani aynan ularga bo'ldi. O'zim ham andijonlikman, ularning holatini juda yaxshi tushunib turibman. Bizning muxlislar yurtimizdagi eng yaxshilari. Lekin o'zlari ham ko'rishdi, o'yinlarda ko'plab imkoniyatlardan foydalana olmadik. Mavsumning oxirgi beshta uchrashuvida ketma-ket durang qayd etdik. Ulardan hech bo'lmasa bittasida yutganimizda ham oliy ligada qolardik.
- Mavsum davomida “Andijon”da turli murabbiylar ishlashdi. Biroq siz 30ta o'yinning 28tasida maydonga tushdingiz. Yani kim murabbiy bo'lsa ham Bekmurotov maydonga tushaverdi. Bunga qanday erishdingiz?
- Buni sababini aniq aytish qiyin. Menimcha barcha murabbiylarning taktikasiga mos tushdim shekilli. Bundan tashqari har bir mashg'ulotda maydonga tushishga loyiq ekanligimni isbotlashga urinib bor kuchim bilan ishladim. Mehnatlarim besamar ketmasligini bilardim.
- Nima deb o'ylaysiz qaysi o'yinda yo'qotilgan ochko yakunda qimmatga tushdi?
- Bundayn o'yinlar ko'p bo'ldi. Masalan, o'z maydonimizda “SHo'rtan”ga, “Olmaliq”qa, “Qo'qon-1912”ga va “Obod”ga yutqazdik. Mana shu o'yinlarda mag'lub bo'lmasligimiz kerak edi. Bu uchrashuvlarda yutganimizda vaziyat umuman boshqacha bo'lardi.
- “Andijon” keyingi yilning o'zida oliy ligaga qaytishiga ishonasizmi?
- Xudo xohlasa jamoa oliy ligaga qatadi. Bunga ishonaman. Sababi Andijonda futbolni juda yaxshi ko'rishadi. Butun boshli viloyatdan oliy liga jamoasi bo'lmasa, bunday muxlislar oldida adolatdan bo'lmasa kerak.
- Suhbatimiz oxirida matbuot orqali kimlarga nima demoqchisiz?
- Baxtiyor Ashurmatovga katta rahmat aytaman. To'g'ri o'tgan yil oliy ligada debyut qildim. Bu yil esa to'liq o'yinlar o'tkazishni aynan shu yildan boshladim. Ashurmatov menga qo'rqmay ishonch bildirdi. “Andijon” jamoasida asosiy tarkibga kirish juda qiyinligini barcha biladi. Maruf Abdisalomovga, Orif Mamatkazinga va Vitaliy Legayga minnatdorchilik bildiraman. Vitaliy Legay meni qanday qilib ruhlantirishni juda yaxshi bilardi. Muxlislarimizdan yomon mavsum uchun uzr so'raman.
“Andijon” jamoasida birga o'ynagan akalarimga katta rahmat aytmoqchiman. Ularni nomma-nom aytmayman. O'zlari bu intervyu o'qishsa tushunib olishadi: “Sizlarning yordamlaringiz bo'lmaganida bu darajada o'ynab keta olmasdim. Katta rahmat”.
SHu o'rinda siz jurnalistlarga ham rahmat aytaman. OAV bo'lmasa futbolni, futbolchilarni kim yoritadi? SHu bois barcha siz orqali barcha hamkasblaringizga rahmat.
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Fikrlar