So’nggi yangiliklar

08:14Саудия Арабистони чемпионати. «Ал Иттиҳод» «Ал Фотеҳ»ни мағлуб этди ва турнир жадвалининг 1-ўрнига кўтарилиб олди  0 07:39Элит ОЧЛ. Бугун «Пахтакор» Машарипов жамоасига қарши баҳс олиб боради  1 02:05Илёс Қурбонов: "Ҳаёт-мамот ўйинида зафар қучдик. "Насаф"га қарши ҳам ғалаба учун майдонга чиқамиз"  2 01:45Иван Бошкович "Локомотив"га қарши ўйинда Йовович асосий таркибда тушмаганини айтди  3 01:29Григорий Колосовский: "Зарба бермасдан гол уриб бўлмайди"  1 00:24Ла Лига. "Реал" меҳмонда "Леганес"ни йирик ҳисобда мағлуб этди  44 23:59А Серия. "Наполи" — "Рома" ўйини тақдирини битта гол ҳал қилди  4 23:30АПЛ. МЮ Аморим қўл остидаги илк ўйинда "Ипсвич Таун"ни мағлуб эта олмади  24 22:55Машарипов "Пахтакор"га қарши ўйин олдидан: "Бу жамоада катта бўлганман, аммо..."  5 22:12"Лестер" Куперни истеъфога чиқарди  3 21:15АПЛ. "Саутгемптон" ва "Ливерпуль" ўртасидаги ўйинда 5та гол урилди  38 21:13 Элит Чемпионлар лигаси. "Пахтакор" бош мураббийи Максим Шацких ва ўйинчиси Ҳожиакбар Алижонов "Истиқлол"га қарши ўйин олдидан нималар деди?  5 20:09Перес Винисиусга мурожаат қилди  8 19:45Кетма-кет иккинчи йил чемпион бўлган Бобир Абдихолиқов билан интервью   2 19:37Суперлига. "Сўғдиёна" – "Локомотив" 2:0. Highlights  0

Intervyu. Erve Renar: "Endigi maqsadim - Saudiya Arabistonini jahon chempionatiga olib chiqish" Yangiliklar

Intervyu. Erve Renar: "Endigi maqsadim - Saudiya Arabistonini jahon chempionatiga olib chiqish"

Murabbiylik faoliyatining 10 yildan ziyod qismini Afrikada o'tkazgan Erve Renar iyul oyidan Osiyoda ish boshladi.

51 yoshli franciyalik mutaxassis jahon chempionati saralash bosqichida biz bilan bitta guruhda kurashayotgan Saudiya Arabistoni terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Malumot uchun, Erve Renar turli yillarda Afrikaning uchta jamoasi - Zambiya, Kot-D’Ivuar va Marokashni boshqarib, 2012 yil Afrika Millatlar Kubogida Zambiya, 2015 yil esa Kot-D’Ivuar bilan chempionlikni qo'lga kiritgan. 

Darvoqe Erve Renar Afrika Millatlar Kubogida ikkita turli jamoani chempion qilgan ilk murabbiy hisoblanadi. U shuningdek, 20 yillik tanaffusdan so'ng Marokash terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiy hamdir. 

SHu yilning iyul oyida Erve Renar faoliyatida o'zgarish ro'y berdi. Unga Osiyoning grand jamoalaridan biri Saudiya Arabistonidan taklif tushdi va franciyalik uzoq o'ylanib o'tirmay arablar taklifini qabul qildi. Endilikda Erve Renar faoliyatida yangi sahifa ochildi desa bo'ladi. 

Malumki, Saudiya Arabistoni terma jamoasi JCH-2022ga borishga asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi. Buning ustiga “sahro lochinlari” saralash bahslarida biz bilan bitta guruhda joy olgan. 14 noyabr kuni Toshkentda aynan Saudiya Arabistoni mehmon bo'lishini hisobga olsak, bu jamoa haqidagi har bir malumot biz uchun qadrli ko'rinadi. Yaqinda Erve Renar FIFA rasmiy saytiga katta intervyu berdi. Quyida mazkur suhbatni etiboringizga havola qilamiz. 


- Afrikada uzoq muddat qolganingizdan so'ng Osiyoga ko'chib o'tishga sizni nima majbur qildi? 

- Hayot majbur qildi desam bo'ladi. O'ylaymanki, yangi chaqiriqlar har doim qiziq tuyuladi va siz muvaffaqiyatga erishishning yangi tomonlarini qidirasiz. To'g'ri, men Afrikada 10 yildan ziyod ishladim, muvaffaqiyat qozondim, biroq endilikda nimanidir o'zgartirish vaqti kelgandi. 


Bu orada menga Saudiya Arabistonidan taklif tushdi. Uzoq o'ylanmay darhol chaqiriqni qabul qildim. CHunki men Saudiya Arabistoni har doim o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yishini bilardim. Menga esa kuchli jamoalarni boshqarish yoqadi. Bunday taklif murabbiy faoliyatida har doim bo'lavermaydi, shunday ekan darhol rozilik berdim. Agar biz qattiq ishlashda davom etsak, o'z maqsadimizga erishamiz.


- Yangi mamlakatda uch oyga yaqin ish haqida nima deya olasiz? Futbolchilar sizni qanchalik yaxshi tushunishyapti? 

- Bu erga kelganimdan so'ng o'z oldimga qo'ygan birinchi reja ko'plab o'yinchilarni kuzatish edi. Men kelganimdan so'ng milliy chempionat start oldi, qolaversa Saudiya Arabistonidan to'rtta klub Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etayotgandi. Bir nechta o'yinlarni ko'rib o'zimga maqul kelgan futbolchilarni yon daftarchamga yozib qo'ydim. 


Terma jamoani birinchi marta yig'ganimda o'n kunlik yig'in tashkil etdik. Bunda asosan bir-birimizni tushunishga harakat qildik. Vaqt o'tishi bilan o'yinchilar meni tushuna boshlashdi. Bu esa murabbiy uchun nihoyatda muhim. Menga yoqayotgan tomoni, saudiyalik futbolchilar bir daqiqaga bo'lsa-da, etiborni o'yindan uzishmaydi. Albatta, maydon tashqarisidagi o'zaro suhbat ham muhim hisoblanadi. Terma jamoa yig'ilganda futbolchilarning bir-biri gaplashayotganini ko'p ko'raman, bu esa nihoyatda kerakli. Men birinchi kun jamoa azolarini yig'ib shunday dedim: “Har doim qilayotgan ishingizdan rohat oling. Har biringiz uchun terma jamoa libosini kiyish faxr bo'lishi kerak. Va albatta, mashaqqatli mehnatni ham unutmaslik lozim”. 


- Saudiya Arabistoni bilan nimaga erishishni xohlaysiz? 

- Biz sentyabr oyida jahon chempionati saralash o'yinlarini boshladik. Bu o'rinda asosiy maqsad “D” guruhini peshqadam sifatida tugatish. Guruhda birinchi o'rinni qo'lga kiritgan holda keyingi bosqichga chiqishni xohlaymiz. Ikkinchi o'rin bilan yo'l olish biroz tavakkal hisoblanadi, chunki jamoalar beshtadan 8 guruhga bo'lingan va keyingi bosqichga ikkinchi o'rindagi jamoalardan faqat eng yaxshi to'rttasi chiqadi. 


Oldimda turgan yana bir muhim vazifa - terma jamoaga yangi “qon” olib kirish. Lekin bu ham natija berishi kerak. Yangi o'yinchilar chaqirilgani bilan natija o'xshamasa bu men uchun yoqimsiz holat bo'ladi. SHu o'rinda sizga bir gapni aytib ketsam, Saudiya Arabistonida yosh iqtidor egalari nihoyatda ko'p, ularga faqat imkon berish kerak. Saudiyalik yoshlar o'tgan yil U-19 Osiyo chempionatida g'olib chiqib, shu yil Polshada o'tkazilgan U-20 jahon chempionatida ishtirok etishdi. Mana shu futbolchilarni terma jamoaning ertasi degan bo'lardim. O'ylaymanki, vaqt o'tib ular bosh jamoaning asosiy o'yinchilariga aylanadi.


- Sizningcha, saudiyalik futbolchilarning mahorati qanchalik yuqori va JCH-2022 saralash bosqichidagi dastlabki uchta o'yinni qanday baholaysiz? 

- Qo'l ostimdagi futbolchilarning mahoratiga shubha qilmayman. Ular texnik tomonlama kuchli va to'p bilan doim yaxshi muomala qilishadi. Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida Saudiya Arabistonidan to'rtta klub ishtirok etib barchasi guruhdan chiqdi. “Al Hilol” esa hatto finalga qadar etib bordi. Buni juda katta muvaffaqiyat degan bo'lardim. Terma jamoada “Al Hilol”ning etti futbolchisi o'ynayapti. Xohlardimki, shu futbolchilar OCHL bosh sovrinini ham qo'lga kiritsa. Bu ulkan muvaffaqiyat bo'ladi. 


Menda terma jamoa bilan ishlash uchun hali ko'p vaqt bo'lmadi. Biz faqat Maliga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik va shu bilan saralash o'yinlarini boshlab yubordik. Hozircha uchta rasmiy bahsda maydonga tushib, uyda Singapurni mag'lub etdik, safarda Yaman, Falastin bilan durang o'ynadik. Ko'rinib turibdiki, guruhimiz oddiy emas, hamma ochko uchun kurashyapti. Lekin bu endi boshlanishi, hali qo'l ostimdagi jamoa o'zini ko'rsata boshlaydi va saudiyalik muxlislarni xursand qiladi.

 

- Sizning murabbiylik falsafangiz qanaqa? Nimani ko'proq afzal ko'rasiz? 

- Men uchun eng muhimi jamoa sifatida o'ynashdir. Biz butun maydon bo'ylab hujum qilishimiz va buning uchun doim aqlni ishlatishimiz kerak. Qachonki har tomonlama hujum qilish o'rganilsa jamoa sifatida o'sishga erishasan. SHuningdek, o'yin davomida taktikani o'zgartirib turish ham muhim. Masalan, Singapurga qarshi bahsni olaylik. Biz o'yinni 4-2-3-1 taktikasida boshladik. Keyinchalik ikkita hujumchi bilan harakatga o'tdik va jamoam 3:0 hisobida g'alaba qozondi. Yana qaytaraman, bizda istedodlar etarli, faqat hammaning boshini bir joyga qovushtirib jamoa tuzishga to'g'ri keladi. SHundagina biz eng kuchli bo'la olamiz.

 

- Saudiyalik muxlislar siz Afrikada ishlab muvaffaqiyat qozonganingizni, ikki bor chempion bo'lganingizni juda yaxshi bilishadi. Buni his qilyapsizmi? 

- Ha, saudiyalik muxlislar o'ta talabchan, ular doim g'alaba kutadilar. Singapurga qarshi o'yinda ishqibozlar terma jamoani naqadar qo'llab turishlarini o'z ko'zim bilan ko'rdim. Stadionda judayam chiroyli muhit yuzaga keldi. Biz keyingi bellashuvlarda ham shunday etiborni kutamiz, zero qiyin vazifani uddalashda bu juda muhim ahamiyat kasb etadi. 


- Mahalliy muxlislarga nimani vada qila olasiz? 

- To'g'risi, men katta vadalar berishni yoqtirmayman. Lekin bu erga kelishdan maqsad jahon chempionatiga chiqish ekanligini ham inkor qilmayman. Men har doim terma jamoa oldida turgan vazifani baralla ovozda aytib kelganman. SHogirdlarimdan faqat chiroyli o'yin va rivojlanishni kutaman. Har safar terma jamoa yig'ilganda shunday deyman: “Sizlar endi klubda emassizlar, bu erda klubdagi kabi imtiyoz yo'q, ammo sizlarda Vatan uchun o'ynash imkoni bor. O'ylaymanki, dunyoda hech bir futbolchi Vatan uchun kurashdan qochmaydi”.

 

- Keling, endi biroz o'tmishga boqib Zambiya terma jamoasidagi muvaffaqiyatni yodga olsak. Bu qanday yuz bergandi? Har holda Zambiyadan Afrika chempioni bo'lishni hech kim kutmaydi. 

- Men bu jamoani endi qabul qilib olganimda tarkib kurashga chanqoq yoshlardan iborat edi. Bolalar texnik jihatdan yaxshi edilar. Eng muhimi, o'yinchilar men aytgan hamma narsani qilishgan. 2010 yilgi Afrika Millatlar Kubogi biz uchun dastlabki sinov bo'ldi va chorak finalga qadar etib bordik. Zambiya terma jamoasi 14 yil deganda birinchi marta chorak finalga chiqdi. Oradan ikki yil o'tib chempionlikni nishonladik. Esimda, biz juda yaxshi o'yin ko'rsatgandik. Har bir bahsda etarlicha imkoniyatga ega bo'lardik. Musobaqaning hal qiluvchi finalida Kot-D’Ivuar bilan o'ynadik. Bu jamoa ham kuchli edi. Uchrashuvning asosiy va qo'shimcha bo'limlarida hisob ochilmadi. Penaltilar seriyasida esa omad bizga kulib boqdi.

 

- CHo'qqiga chiqish oson, lekin qolish qiyin deyishadi. Siz dastlabki muvaffaqiyat bilan cheklanib qolmay, oradan uch yil o'tib bu safar Kot-D’Ivuar bilan chempionlikni nishonladingiz. Bu ham siz uchun alohida ahamiyatga ega bo'lsa kerak? 

- Menda shunday odat bor: birorta sovrinni yutdimmi, yana yutgim kelaveradi. 2015 yil Kot-D’Ivuarni qabul qilib olganimda ham masaqsad bitta edi: Afrika Millatlar Kubogini qo'lga kiritish. Jamoada fantastik o'yinchilar bor bo'lib, ularni faqat o'z kuchlariga ishontirish qolgandi. 


Futbolda o'yinchilarni ishontirish juda muhim, shundagina jamoa kuchliligini his qilasan. 2015 yil musobaqa finalida Ganaga qarshi o'ynadik. Qizig'i, bu o'yinda ham hisob ochilmagan va g'olib penaltilar seriyasida aniqlangan. Biz dastlabki ikkita golni ura olmagandik. Lekin yakunda o'zimizni ko'rsatib g'olib bo'lganmiz. Esimda, o'yindan keyin Yaya va Kolo Ture oldimga kelib bu ularning faoliyatidagi eng katta yutuq bo'lganini aytishgandi. Futbolchi o'z klubida harqancha sovrin yutmasin, terma jamoa safidagi birgina muvaffaqiyat ham butun umr o'chmas bo'ladi. 


- SHundan keyin 20 yil deganda birinchi marta Marokashni jahon chempionatiga olib chiqdingiz. 

- Bu ham ajabtovur muvaffaqiyat bo'lgan. Biz eng avvalo o'z oldimizga aniq maqsad qo'yib oldik va shundan so'ng harakatni boshladik. Aksar uchrashuvlarda raqibga nisbatan yaxshi o'ynaganimiz muvaffaqiyat kaliti bo'lgan deya olaman. Umuman olganda, men qaysi jamoada ishlamay doim futbolchilar bilan iliq munosabatda bo'lishga harakat qilganman. Terma jamoa yig'ilganda hatto jarohat olgan o'yinchilar ham biz bilan bazada qolishardi. Bir so'z bilan aytganda muhit juda yaxshi edi. 


- Endi bo'lsa Saudiya Arabistoni bilan jahon chempionatiga borishni xohlaysiz, shundaymi? 

- Albatta. Men bir marta jahon chempionatiga chiqib ko'rdim va yana buning mazasini totib ko'rishni istayman. Mundialga borgan sari borging kelaveradi. Axir bu to'rt yillikning eng katta musobaqasi. Men Saudiya Arabistoni terma jamoasini 2022 yil Qatarda bo'lib o'tadigan jahon chempionatiga olib chiqish uchun bor kuchimni ishga solaman. Bunga aslo shubhangiz bo'lmasin. 


X.Xoliqov tayyorladi.

Reyting: -27   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика