So’nggi yangiliklar

00:51"Комо" Рафаэль Вараннинг трансферини эълон қилди  2 00:48"Ал Шабаб" "Милан" футболчисини 14 млн евро эвазига харид қилишга тайёр, аммо...  1 00:22"Жирона" "Тоттенхэм" форвардини ижарага олиш бўйича келишувга эришди  0 00:21"Милан" сардори "Галатасарой"ни рад этди. Турк клуби ҳимоячига "Милан"дагидан кўпроқ маош таклиф қилганди  0 23:51"Манчестер Юнайтед" яқин вақтларда Санчонинг тақдирини ҳал қилади  0 23:21"Барселона" собиқ футболчиси "Ювентус"га ўтишга яқин  0 22:55Мбаппесиз: "Реал" АҚШдаги турне учун таркибини эълон қилди  2 22:31"Реал" 2025 йилда Трент ва Дэвис билан текинга шартнома имзолаш устида ишламоқда  4 22:06"Галатасарой" 22 млн еврога РПЛдан ўйинчи харид қилади?  0 21:23"Челси" "Реал" посбони билан шартнома имзоламайди  5 20:56Сержи Роберто "Аякс"га ўтиши мумкин. У "Барса"дан эркин агент мақомида кетади  0 20:31МЮ 25 млн евро эвазига Мазрауининг ўтиши борасида "Бавария" билан келишувга эришди  1 20:04"Атлетико" "Вильярреал" форвардига қизиқмоқда  0 19:32"Тоттенхэм" кореялик ўйинчини трансфер қилди  3 19:07Расман: "Шабаб Ал Аҳли" Азмуннинг трансферини эълон қилди  14

Futbolni sen kashf qildingmi?! Yangiliklar

Futbolni sen kashf qildingmi?!

Yodingizda bor, Angliyaning kamtargina Lester klubi o'tgan mavsum APL va butun dunyoni hayratga solib, chempionlikni nishonladi.

Endi esa Germaniyada Xoffenxaym ketma-ket muvaffaqiyatlarga erishib, barchaning etiborini o'ziga qaratmoqda. Birgina farq shuki, Lesterga futbol olamida dong taratishga ulgurgan keksa va tajribali murabbiy - Klaudio Raneri ustozlik qiladi. Xoffeni esa bundesliga tarixidagi eng yosh, eng malakasi kam mutaxassis - Yulian Nagelsmann boshqarmoqda. Bugun Championat.com malumotlari asosida aynan shu serg'ayrat murabbiy haqida hikoya qilmoqchimiz.

- Tez orada Xoffenxaym u uchun torlik qilib qoladi, - degandi Ditmar Xopp (qishloqilarni Germaniyaning eng quyi ligalaridan yuqoriga olib chiqqan inson, klub xo'jayini) Yulian Nagelsmannning o'z jamoasida uzoq vaqt qolishi mumkinligiga ishonqiramay. Negaki, 3 yil avval Nagelsmann o'z darajasidan ko'ra, yuqoriroq o'ringa ishga taklif qilindi: u bilan Bavariya rahbarlari qiziqib qolishdi. Natijada Yulian Zebener-SHtrassda shaxsan Karl-Xaync Rummenigge va Mattias Zammer bilan uchrashdi, Xosep Gvardiola esa yosh mutaxassisning qo'lini qalin og'aynilardek mahkam siqib qo'ydi. Bavariyaning Nagelsmannga taklifi esa quyidagicha edi: U-17 jamoasini boshqarish. Biroq Yulian aksariyat yosh murabbiylar uchun orzu sanalgan bu vazifadan bosh tortdi: Tan olaman, taklif qiziqarli edi. Ammo men Xoffenxaymdagi maqsadlarimning hammasiga hali erishmadim. Bu klubda kaminaga qanchalik masuliyat yuklatilganini his qilib turibman. Qachondir Bavariyadan yana taklif tushsa, nima qilaman? Agar U-7 yoki U-8 jamoasini berishmasa, albatta, ishlashga tayyorman.

Myunxendagi suhbatdan ko'p o'tmay, Yulian Xoffening U-17 jamoasi bilan chempionatning kumush medallariga ega bo'ldi. Ammo aksiga olib, bu paytda asosiy tarkibning ishlari chappasiga ketgandi. Krayxgauning omadsiz klubi boshqaruviga esa Nagelsmanndan ko'ra, munosibroq nomzodning o'zi yo'qdek tuyulardi. Aslida u Xoffenxaym bosh murabbiyi sifatida ish boshlashni keyinroqqa, shu yil yoziga rejalashtirib qo'ygandi. Biroq, hammasi birdan o'zgarib ketdi - klub ustozi Xub Stevens sog'lig'ini ro'kach qilib, qishdayoq istefoga chiqdi. Jamoaning o'yini esa har qanday muxlisni tashvishlantiradigan darajada oqsayotgandi. Fevral oyida mana shu holatdagi jamoa boshqaruvini qo'lga olgan Nagelsmann vaziyatni tubdan o'zgartirdi: bundesligadan uchib ketishga tayyor turgan Xoffe mavsumni 15-o'rinda tugatdi. Klubning yangi mavsumdagi ko'rsatkichlari ham keskin yaxshilandi. Misol uchun, noyabrgacha bundesligada faqat Bavariya va Leypcig klublari Nagelsmann shogirdlaridan ko'proq ochko to'plashdi. Eng muhimi, qishloqilar shu paytgacha biror-bir o'yinda mag'lubiyatga uchramay, hozircha 3-o'rinda borishmoqda.

Nagelsmanning fikricha, jamoadagi bunday ijobiy o'zgarishlarga bosh sabab - o'yinchilar bilan ruhiy munosabatning to'g'ri o'rnatilgani:  Yutuqlarimizning 30 foizi murabbiylik ishi, yani taktikaga bog'liq, 70 foiz muvaffaqiyat garovi esa - ijtimoiy munosabat. Agar jamoaning ruhiy holati joyida bo'lsa, taktik tayyorgarlik natija beraveradi. Aslini olganda, jamoa rahbarlari Nagelsmann yangi ish boshlagan kezlari uning futbolchilar bilan qanday til topishib ketishidan jiddiy xavotirga tushishgandi. Zero, qanchalik hayratlanarli bo'lmasin, ayrim futbolchilar yosh jihatidan Yuliandan katta edilar. SHu bois, mutaxassisning o'zi ham jamoaga tanishtirilayotgan vaqtda anchagina hayajonlanib, nutqi chalkashib ketishiga bir bahya qolgandi. Eng qizig'i, Nagelsmann keyinroq ZDF nashriga intervyu berar ekan, o'sha holatni eslab, futbolchilar bilan ilk muloqotni xuddi sevishganlarning birinchi rasmiy uchrashuvlariga qiyosladi. Deylik, har ikki holatda ham, uyalib qolmaslik uchun yaxshilab o'ylab, keyin gapirish kerak, axir.

Ha, o'sha holat, juda murakkab edi. Ammo shunga qaramay, Nagelsmann o'zini yo'qotib qo'ymadi. SHogirdlarim omadsizlikdan jabr chekayotganlarida, har doim ularga yordam bera olaman. CHunki o'z vaqtida boshimdan shunday kunlar o'tganki, bunaqasini hech kimga ravo ko'rmasdim, - deydi Yulian yoshligini eslab. Bu o'rinda yosh mutaxassis haq. CHunki u 20 yoshlik payti tizzasidan orttirilgan og'ir jarohat sabab, katta futbol bilan butunlay xayrlashishga majbur bo'lgandi. Ustiga-ustak, aynan o'sha kezlari mehribon otasidan ayriladi. Xullas, Nagelsmanning hayot atalmish murakkab maktabni birdan o'tashiga to'g'ri keladi: undan ham murabbiylik kasbini egallash uchun futbolni tahlil qilishni o'rganishi, ham oilada otasi o'rnini bosish uchun elib-yugurishi talab etilardi. Bu esa tabiiyki, Yulianning birdan ulg'ayib, qarindoshlari va oila azolari, umuman, barcha yaqinlariga g'amxo'rlik qilishini taqozo etadi.

Hozirgi paytga kelib, Xoffenxaymning kiyinish xonasida havasga arzirli ajoyib muhit hukmron. CHunki yangi bosh murabbiy yozda futbolchilarni mavsumga ilgari kuzatilmagan antiqa usulda tayyorladiki, buning samarasi o'laroq, o'rtada kuchli ishonch yuzaga keldi. Deylik, Yurgen Klopp o'z vaqtida Borussiya futbolchilarini o'rmonga olib borib, chodirda tunashga, yashash uchun mustaqil kurashishga majbur qilgani haqida eshitganmiz. Nagelsmann esa jamoasini Garmish-Partenkirxendagi tog'li kurortga olib bordi va yigitlarni kanoning va alpinizm bilan shug'ullanishga undadi. O'zi esa birinchi bo'lib, 5 metrlik cho'qqidan pastga sakrab, parvoz vaqti salto mashqini ham bajardi. To'g'ri, bu xavfli tryuk chog'i Yulianning barmog'i tirnaldi, ammo yigitchilik - hech narsa qilmaydi. Jamoa o'yinchilari bu payt murabbiyga qanchalik hayrat bilan tikilib turishganini tasavvur qilayotgandirsiz? Biz - superjamoamiz, - deydi Xoffe futbolchilaridan biri Karim Demirbay. U qishloqilar safiga yozda qo'shildi. Etiborlisi, bu yigit uzoq vaqtgacha Gamburgda o'z o'rnini topolmagani, qolaversa, ayol hakam - Bibian SHtaynxaus bilan bog'liq mojarolar tufayli anchagina tanilib qolgandi. Biroq Xoffenxaymga kelganidan so'ng tubdan o'zgardi. Hozirgi Demirbay uzoq masofalarga aniq to'p oshirish, jarima zarbalarini qoyillatib amalga oshirish bobida tengi yo'q futbolchilardan biri. SHuningdek, Andrey Kramarich ham umuman boshqa futbolchiga aylandi. Bungacha u Xorvatiyada ham, Lester tarkibida ham muvaffaqiyatga erisholmagandi. Xoffenxaymdagi hozirgi Kramarich esa - eng yaxshi assistent. Ijobiy tomonga o'zgarganlar qatoriga avvalgi mavsumda musiqachilar notasiga tusholmagan Kaderjabekni, nisbatan dadillashib qolgan Baumanni, o'ziga ishonchi behad oshgan Rudini ham kiritish mumkin. Vaholanki, yarim yilgina oldin bu futbolchilarni hech kim mensimasdi. Qisqa qilib aytganda, Nagelsmann Xoffenxaymni o'zi istagan darajaga olib chiqish uchun eng avvalo, jamoani jipslashtirdi. Keyin esa mashg'ulotlar jarayoniga etibor qaratdi. Yulianning mashg'ulotlarida Xoffenxaym uchun chinakam qahramon sanaladigan inson - Ralf Rangnikning uslubi seziladi. Lekin u vaqtida Tomas Tuxeldan ham ko'p narsalarni o'zlashtirgan. Xususan, xuddi Tuxel singari mashg'ulotlardagi rang-baranglikka katta etibor qaratmoqda. Boshqacha aytganda, hozirgi Xoffening hech bir mashg'uloti kechagisiga o'xshamaydi.

Nagelsmanning boshqalarga o'xshamaydigan yana bir jihati - taktik chizmalar haqida og'iz ochavermaydi: Jamoam 4-4-2 yoki 4-2-3-1 bo'yicha harakat qilayotgani borasida hech narsa aytolmayman, chunki bunday holat bir o'yin davomida ko'pi bilan 8 marta kuzatilishi mumkin, xolos. Ammo o'jarlik bilan Xoffenxaym o'yin uslubini chizmaga tushirsak, unda 5-3-2, 3-1-4-2 yoki 3-3-4 ko'rinishidagi qandaydir yangi taktik echimlar ham yuzaga keladi. Aslida Nagelsmann ham endi ish boshlagan kezlari ko'pchilik qatori 4 nafar himoyachidan foydalanardi. Lekin bahorning o'rtalariga kelib, katta tavakkal bilan 3 nafar markaziy himoyachi hamda Vargas va Folland kabi ikki tezkor vingerni asosiy tarkibga kiritdi.

Nagelsmann o'yin davomida qo'llashni yoqtiradigan yana bir usul - yolg'on ochilish. Boshqacha aytsak, o'tgan mavsum Darmshtadt sharafini himoya qilgan Sandro Vagner Xoffeda qashshoq klublarning Robert Levandovskisi rolini qoyillatib ijro etmoqda. Deylik, Gvardiolaning Bavariyasida Levandovski 2-3 raqibini chalg'itib yurar, bundan foydalangan Tomas Myuller gol uraverardi. Xuddi shu jarayonni hozir Xoffeda kuzatasiz: Vagnerning ochilishi maydon markazidan Kramarich yoki Lukas Ruppning yorib chiqishiga zamin yaratadi. Umuman olganda, Xoffenxaym hujumida futbolchilar uchun muntazam poziciyaning o'zi yo'q. Deylik, hujumkor yarim himoyachi sanalgan Demirbay o'ng qanotga o'tsa, uning o'rnini Jeremi Tolyan egallaydi, agar asli turk sanalgan nemis markazga qarab harakatlansa, Tolyan chapga suriladi. Buning natijasi o'laroq, Xoffenxaymning hujumkor 4 futbolchisi deyarli bir xil ko'rsatkichga ega: Vagnerda 4ta gol, Kramarich va Utda 3tadan, Demirbay va Ruppda 2tadan. Bir so'z bilan aytganda, hujumga so'nggi nuqtani bu futbolchilarning har biri qo'yishi mumkin. SHu holat raqiblarni cho'chitish bilan birga jamoaga etarlicha naf keltirmoqda.

Darvoqe, Nagelsmann shogirdlarining to'psiz harakatlarida ham Xosep Gvardiola uslubi ko'zga tashlanadi. Birinchidan, uning jamoasi juda tartibli va ijrochilar o'zaro yaqin joylashishadi. Deylik, so'nggi himoyachi Fogt va hujumchi Vagner orasidagi masofa taxminan 18 metrdan oshmaydi. Ikkinchidan, Yulian ham pressingga katta etibor qaratadi.

Etiborga molik yana bir jihat, Nagelsmann uslubni raqibga qarab tanlaydi va zarurat tug'ilsa, jamoasini ikkinchi raqam ostida to'p surishini taminlaydi. Xoffe futbolchilarining eng yaxshi harakatlari ham aynan qarshi hujumlarda yaqqol ko'zga tashlanadi. Bularni barchasi 29 yoshli murabbiy uchun chakki emas, albatta. Aksariyat yangi avlod nemis murabbiylari singari Nagelsmann ham etarli hissiyotga ega. Jumladan, Xoffenxaym omadsiz Bayerni Leverkuzenning o'zida yanchib tashlagan kuni Yulian qizil olib maydondan chiqib ketayotgan Kevin Follandning qo'liga beshni tashladi. Keyin esa shogirdlarining ikki golini shunchalik ehtiros bilan nishonladiki, Rojer SHmidt buni masxara o'rnida qabul qilib, Yuliandan gina qildi: Jimgina o'tir! Nima, sen jinnimisan? YO futbolni men kashf qilganman, deb o'ylaysanmi? Ha, chindan ham, o'shanda Nagelsmann hissiyotlarga berilib ketdi, ammo adolat yuzasidan aytganda, aynan shu murabbiy tufayli o'rtamiyona jamoa xuddi Barselona yoxud Bavariya kabi to'p sura boshladi. Uning muvaffaqiyatlari siri oddiy va shu bilan birga foydali: o'zgalarning g'oyalariga ozgina o'zingnikini qo'shasan - tamom-vassalom.

Nagelsmann mana shu yo'l bilan omadsizliklarga ko'nikib qolgan ruhsiz jamoani qayta jonlantirdi. Harqalay, hozirgi Xoffenxaym - deylik, Bavariya bilan tengma-teng kurasha oladigan umuman boshqa klub. Bunaqasini kim ham o'ylabdi? Hayratlanarlisi, shuncha muvaffaqiyatning ortida qaysidir taniqli inson emas, oddiygina, kamtargina, atigi 29 yoshli tajribasizgina murabbiy turibdi...

I. RAHIMOV tayyorladi

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика