So’nggi yangiliklar

21:05Париж-2024. Ўзбекистон - Миср 0:1 (матнли трансляция)  244 20:53Париж-2024. Испания терма жамоаси биринчи бўлиб плей-оффга чиқди  5 20:22"Манчестер Юнайтед" испаниялик футболчига қизиқмоқда  1 19:56"Барселона" Уильямс учун кутилганидан 4 млн. евро кўп пул тўлаши керак  2 19:22ФИФА Аргентинанинг эътирозига жавоб берди  4 18:52Ҳусниддин Ғофуров - "Қўқон-1912" футболчиси  3 18:24Биринчи даврада "Бунёдкор"да ўйнаган футболчи Босния ва Герцеговина клубига ўтди  1 18:00Ўзбекистон ўйнайдиган "Божуар" стадиони баҳсга тайёр  7 17:50Доминикан Рес. - Испания. Асосий таркиблар эълон қилинди  17 17:13Магуайр: "МЮни яна муваффақиятли қилиш вақти келди"  4 17:03Эндрик таништирув маросимига 43 минг мухлис келди  1 16:36Эндрик таништирув маросимида йиғлаб юборди ва "Реал" эмблемасини ўпди  7 15:59МЮ футболчиси ўтирган машинага маст ҳайдовчи урилди  2 15:18Ўзбекистон олимпия терма жамоасида Йўлдошев ўрнига бошқа футболчи қайдномага киритилди  20 14:56"Барселона" энди шортларга ҳам реклама ёпиштиради  2

Futboldagi buyuk firibgar... Yangiliklar

Futboldagi buyuk firibgar...

Ko'pgina sohalarda bo'lgani kabi, futbolchilar orasida ham firibgarlar uchrab turadi, Karlos Kayzer esa ularning biri.

Bu shaxs 20 yil davomida o'zini hujumchi qilib ko'rsatishga muvaffaq bo'ldi, oqibat esa...

Franc Bekkenbauer Evropa CHempionlari kubogini uch bor qo'lga kiritdi, shuningdek, Evropa chempionati, jahon birinchiligi(o'yinchi va murabbiy sifatida)da muvaffaqiyat qozondi va nemislarning buyuk futbolchisi sifatida tilga tushdi. Braziliyalik Karlos Enrike (uni shuningdek, Kayzer deb ham atashadi) Braziliyada, AQSHda, Meksika va Franciyada to'p surdi. Hech kim buni tasdiqlay olmasa-da, u o'zini 1984 yildagi Qitalararo kubok sohibi deb biladi - bu sovrinni u Argentinaning Independente klubi bilan qo'lga kiritgan emish. Gazetalar uni mahoratli hujumchi deb atashardi. Karlosni ham do'stlari shunday deb atashgan va ular orasida Romario ham bo'lgan. Ammo bunisiga nima deysiz: Kayzer futbolchilik karerasi davomida hujumchi deb atalgan bo'lsa-da, birorta ham to'p kiritmagan va yuqoridagi shov-shuvlarning hammasi naqd 20 yil davom etgan  o'ta katta hajmdagi firibgarlik natijasi, xolos. Zero, Karlos Kayzer - futboldagi buyuk firibgar edi.

Katta mablag' aylanadigan barcha sohada bo'lgani kabi, futbolda ham doim firibgarlar etarli bo'lgan.  Jorj Veaning akasi bo'lgan Ali Dia shaxs sifatida Angliya qahramoniga aylangan va doimo Grem Sunessuni eslatib turgan, demak telefon qo'ng'iroqlariga shunchaki ishonib bo'lmaydi. Alessandro Zarellining ishi - u SHeffild Uensdey, Reyndjers, MK-Dons va Torinoda to'p surgan degan mish-mishlar tarqalgan, uning ishini aslida nomigina bor bo'lgan agenti yuritar va bularning barchasi italiyalikka britaniya klublariga joylashib olishida halaqit qilmas, bonuslardan mo'maygina daromad olish va bir zumda ko'zdan yo'qolishiga to'sqinlik qilolmasdi. Kimdir o'zini Nikolas Keydjem deb tanishtirgan holda Santyago Bernabeudagi VIP-lojaga kirar, Botsvana termasiga chaqiruv olar - bularning barchasi tvitterdagina mavjud bo'lgan futbolchi ekanligi hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Bu kabi holatlarning ko'pchiligi futbolning qisqa tarixidan o'zining munosib o'rnini egallagan. Karlos Kayzer bilan bog'liq voqea esa, ko'lami haddan ortiq kattaligi bilan barchani hayratda qoldiradi. Portugalcha gapiradigan mamlakatlarda uni Forrest Gamp bilan solishtirish urf bo'lgan va aynan u doim kerakli paytda kerakli joyda bo'lishni uddalaganmish. Bizningcha esa, Karlos Kayzerni Qo'lingdan kelsa, meni tutib ol, filmidagi qo'lga tushmas firibgar rolini qoyilmaqom qilib o'ynagan Di Kaprio bilan solishtirsa, anchagina mos tushardi.

Umuman olganda, Kayzer ham aktyor edi. Futbolchi iqtidoridan farqli ravishda aktyorlik istedodi unda anchayin shakllangandi. U o'zidan taniqli futbolchi chiqmasligini tezda tushundi, ammo kambag'al oila farzandi bo'lgan Karlos yana bir narsani anglab etgandi - futbol unga ko'tarilishda milliy ijtimoiy lift bo'lib xizmat qilishi mumkin. U futbol yulduzi hayotiga oid bo'lgan barcha narsaga ega bo'lmoqchi edi - pul, mashhurlik, ayollar etibori - ammo bularning bari uchrashuvlarda maydonga tushish va mashg'ulotlarsiz bo'lishi lozim edi.

Uning gapdon va ochiq chehraliligi, Riodagi tungi klublarga tez-tez tashrifi 20 yoshdaligidayoq anchayin obro'li insonlar orasida tanish orttirishiga yordam berdi. Do'stlar orasida yosh va bugun-erta yulduzga aylanadigan Bebeto, Renato Gaucho, Romario va Edmundolar bor edi. Bundayin taniqli shaxslar bilan aloqa disko musiqalari ostida yanada mustahkamlanib bordi va bo'lg'usi superyulduzlar yangi klub bilan shartnomaga imzo chekisharkan, yosh, biroq hozircha istedodini to'liq namoyon qilmagan yigitga etibor qaratishlarini so'rashardi. Kayzerning afsonasida aynan shunday tanishlarning o'rni alohida edi va ular Karlosga o'z platformasini yaratish hamda 20 yil davomida firibgarlik ishlarini davom ettirishda yordam berdi. Balkim, siz ham o'sha davrlarda Karlosni uchratib qolganingizda bu shirinso'z, quvnoq, do'stlari uchun har narsaga tayyor bo'lgan yigitni bir ko'rgandayoq yoqtirib qolgan, unga yordam qo'lini cho'zishga doim tayyor bo'larmidingiz. Jurnalistlar ham ko'pgina hollarda Kayzer tarafida bo'lishardi - axir, shundayin yigitchani xafa qilib bo'larmidi, to'g'ri emasmi?

PR-kampaniyasi Kayzerni Braziliyaning etakchi klublariga oshirardi - Botafogo, Flamengo, Fluminense. Mahalliy jamoalar esa internet davridan bir necha o'n yil orqada bo'lib, YouTube va boshqa bir necha professional skautlar dasturlari ular uchun yo'q hisobida edi. Oqibatda, ular superyulduzlar kafillikka o'tgan yosh iqtidor egasiga ishonishar va u bilan shartnomalar imzolanaverardi. Yangi joyda Karlosning yagona, ammo aslo eskimaydigan ishonchli taktikasi bor edi: eng birinchi navbatda jamoa murabbiyi bilan suhbatlashish va unga oldinroq olgan jarohatidan butkul forig' bo'lish uchun fursat so'rash. Ammo bu muddat oz bo'lsin yoki ko'p, baribir, nihoyasiga etar va Kayzer mashg'ulotlarda to'p bilan muomalaga kirishishga bir kun kelib majbur bo'lardi. O'shanda Kayzer imkon tug'ildi deguncha, takroriy jarohat olishga intilar va bu unga tiklanish uchun vaqt va albatta, oylik maoshda uzilish bo'lmaslik imkonini yaratardi. Zamonaviy tibbiyot uskunalarining yo'qligi ham uning oshig'ini olchi qilardi - shifokorlar omadsiz yigitning navbatdagi jarohatlanishiga nimani qarshi qo'llashni bilmay boshlari qotardi. Qo'shimcha tekshiruv lozim bo'lib qolganida esa, stomatolog-do'st yordamga oshiqar va oqibatda, salomatlikning jiddiy xavf ostida qolgani to'g'risidagi soxta malumotnoma qo'lda edi - tishlarni vaqtida davolatmaganlik o'z asoratini berishi mumkin-ku, axir.

Ammo Karlosning barcha firibgarliklari ham xamirdan qil sug'urganday oson bitmasdi. Botafogodaligi paytida u o'zi bilan doimo mobil telefon olib yurishni urf qildi - o'sha paytlarda bu matoh boylik belgisi hisoblanib, hamma futbolchilar ham uni o'zlariga ep ko'risholmasdi. Kayzer telefonni doim qulog'ida tutar va bu bilan hamisha xorijlik klublar bilan muzokara olib borishga majbur ekanini ko'rsatishga intilardi. Hamma eshitadigan qilib quyidagilarni aytishni ham unutmasdi: Yo'q-yo'q, rahmat, men shu erda qolaman, bu erda hamma sharoitlar bor. SHuning orqasidan jamoadagi o'z reytingini  oshirardi. Bazi paytlarda aferist ovozlar aralashmasiga o'tib ketar va kiyim almashtirish xonasidagi sheriklari buni inglizcha so'zlar deb qabul qilishardi. Inglizchani yaxshi biladigan klub direktori bu erda nimadir gap borligini anglab etdi: Bu Kayzer deganlari nima haqida to'xtovsiz gapiradi axir?. U ne ko'z bilan ko'rsinki, Kayzerdagi trubka o'yinchoq edi.

Umuman olganda, u bir emas bir necha marta halokatga mahkum bo'lgan vaziyatlarga tushib qolgan. Jamoaning bo'lg'usi qiroli va eng yaxshi bombardiri medpunktdan chiqmasligi Bangu prezidentining joniga tegib ketdi. YO o'ynasin, yoki bo'lmasa jamodan yo'qolsin!, dedi u murabbiyga. SHundan so'ng, Karlos zayavkaga kiritildi. Jamoa 0:2 hisobida yutqazar va u zahira o'rindig'ida yagona hujumkor o'yinchi sifatida o'tirardi. Kayzerga maydonga tushishga tayyorgarlik ko'rish topshirildi va u sharmandali daqiqalar etib kelganiga bu gal ishondi. Ammo muxlislar yordamga kelishdi - ular barcha futbolchilarni birday so'ka boshlashganda Karlos o'zini tribunalar tomon otdi va mushtlashuvga qo'shilib ketdi. Oqibatda, bosh hakam uni maydondan chiqarib yubordi. Klub prezident De Andrade esa o'zini qo'ygani joy topolmasdi: Buni qanday tushunish mumkin, yo'qol, bu erdan!. Ammo ilonning yog'ini yalagan Kayzer musohabaga tayyor edi: fanatlar klub futbolchilaridan tortib rahbariyatni ham bolaxonador qilib so'kib yotishganida tinch o'tirib bo'larmidi. De Andrade ular uchun otaday gap, ayniqsa, Kayzer uchun - axir, u otasini yo'qotgan-ku.

Kayzerning har bir firibini aytib bersak, butun qitaga sig'masligi turgan gap. Tanish-bilishlarining ko'payib borishi unga Franciyada ham joy topishga imkon berdi. Bu safar aferist to'riga Ayachcho - 2-ligada o'ynayotgan klub tushdi. Braziliyalik taniqli futbolchi kelganligi haqidagi xabar butun Korsikani oyoqqa turg'azdi. SHunga yarasha prezentaciya o'tkazildi, unga ko'plab fanatlar tashrif buyurishdi. Karlos bu uchrashuvdan ham quruq chiqishni uddaladi: bir necha bor to'pni fanatlar tarafiga yo'lladi va ora-orada klub ramzini o'pib qo'yishni ham unutmadi. Barcha xursand edi.

Kayzer 39 yoshida aynan Ayachchoda o'z futbol karerasiga nuqta qo'ydi. Bazida maydonga ham tushib turgan bu hujumchi jami 20-30 marta gazonda paydo bo'ldi, xolos va bularning barchasi Braziliya tashqarisida.

Meni yolg'on gapirishga majbur qilgan sabablarni tushunishingizni istardim, - deydi u keyinchalik o'z firibgarliklari oshkora bo'lgach. - Kambag'allik oilamizni chiqib bo'lmas chuqurga itarib yuborgandi va menda pul topish uchun boshqa imkon bo'lmagandi. Ular boshqa futbolchilardan qanday foydalanishgan bo'lsa, men bu klublardan shunday foydalandim.

Bir safar Braziliya uchun yulduzli onlarda o'yinchi Renato Gauchoni tungi klub ostonasida to'xtatishdi. Bu hayratlanarli hol edi, axir klub xo'jayinining o'zi futbolchiga do'stlari bilan kelish uchun taklifnoma yuborgan va unga VIP-zona ajratib ham qo'ygandi. Sekyuriti esa futbolchiga qarab shunday dedi: Siz ichkariga kirolmaysiz, chunki, Renato Gaucho allaqachon kelib bo'lgan.

Topingchi, o'shanda Kayzer qaerda edi?

Internet xabarlari asosida DILMUROD tayyorladi.

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика