Farhod Abdullaev: “Hakam aqlli bo'lishi kerak!”
08 jan 2016 15:53
Yangiliklar
Farhod Abdullaev: “Hakam aqlli bo'lishi kerak!”
Farhod Alisherovich 2015 yil 10dan ortiq davlatlarda FIFA va OFK miqiyosidagi seminarlarni o'tkazib, hakamlarga maruza o'qidi. Bo'sh vaqtida yurtimizdagi referilar bilan ham ishladi. Har oydagi har kuni rejalashtirilgan hamyurtimiz seshanba kuni Qatar davlatiga uchib ketdi. 12 yanvar kuni Dohada start oladigan Osiyo chempionatida Farhod Abdullaev ham instruktor ham nazoratchi sifatida ishlaydi. Keyin Malayziyaga yo'l oladigan hamyurtimiz fevral oyining ikkinchi o'n kunligida Ispaniyada tashkil qilinadigan FIFA seminarida ham qatnashadi. Biz safar oldidan Farhod Abdullaev bilan o'zimizni qiziqtirgan mavzular bo'yicha suhbatlashdik.
- OFK sizni Qatardagi Osiyo chempionatiga taklif qilganidan xabarimiz bor. Musobaqada qanday vazifada faoliyat ko'rsatasiz. Dastavval shu haqida to'xtalib o'tsangiz.
- Qatardagi Osiyo chempionatida ham instruktor, ham nazoratchi sifatida faoliyat ko'rsataman. Qita birinchiligi start olishidan avval hakamlar uchun seminar tashkil qilinadi. O'sha seminarlarda instruktor sifatida hamkasblarim bilan hakamlarga maruza o'qiymiz. Turnir boshlanganidan so'ng endi ishimni hakamlar nazoratchisi bo'lib davom ettiraman. Ammo o'sha jarayonda ham instruktorlik ishim to'xtab qolmaydi. Sababi, men qaysidir uchrashuvda nazoratchi sifatida ishlasam, ertasi kuni instruktor bo'lib, hamkasblarim bilan musobaqaning bir kunida o'tkazilgan o'yinlardagi vaziyatlarni tahlil qilib chiqamiz.
OFK birinchi marta Qatardagi Osiyo chempionatida video nazoratchi lavozimini tashkil qildi. Video nazoratchi har bir bellashuvdagi qiziqarli vaziyatlarni bitta klip sifatida jamlab, instruktorlarga topshiradi. Agar men nazoratchi bo'lib ishlagan o'yindagi ayrim qiziqarli vaziyatlar video nazoratchining klipidan joy olmagan bo'lsa, undan o'sha vaziyatlarni ham klipga kiritishini so'rayman. Video nazoratchi bir kunda 30dan ortiq klip tayyorlaydi. Kliplar turli yo'nalishlarda bo'lib, xususan, tortishuvli penaltilar, ko'rsatilmay qolgan kartochkalar, qizil kartochkaga tortadigan vaziyatlar, ofsayd va shunga o'xshash holatlar. Aytish kerak, kliplardan hakamlarning faqat noto'g'ri qarorlari joy olmaydi. Aksincha, sanoqli soniyalarda to'g'ri qaror qabul qilganlari ham kliplarga kiritiladi. CHunki hakamlarni faqat yomonlayvermasdan, ularni qo'llab-quvvatlash ham kerak. Faqat xatolarini ko'rsataversak bu ularning ruhiyatiga salbiy tasir qilishi mumkin. Musobaqaning har bir kunidan keyin hakamlar odatdagidek, mashg'ulotlar o'tkazadi. Mashg'ulotlardan keyin biz tayyorlagan kliplar referilarga ko'rsatiladi. Xato va kamchiliklar muhokama qilinadi. Masalan, kimgadir xatolari aytilsa, boshqasi to'g'ri qarori uchun maqtaladi. Bunday muhokamalar uchun har kuni 1-1,5 soat vaqt sarflaymiz.
OFKning hakamlar departamenti 10 nafar instruktordan iborat video nazorat guruhini tashkil qilgan. Ular orasida kamina ham bor. Biz tortishuvli vaziyatlarni tahlil qilib, yakuniy qaror qabul qilamiz. Vaziyatlar orasida bir to'xtamga kelinmagani ham bo'ladi. Kliplar keyinchalik qitadagi hakamlarga darslik sifatida o'tiladi. Bir to'xtamga kelinmagan qarorlar darslik kliplariga kiritilmaydi. Boisi, bu kliplar orqali faoliyatini endigina boshlagan referilarni chalg'itish yaxshi emas. Yuqorida musobaqaning har bir kunidan keyin hakamlar bilan ularning qarorlari bo'yicha yig'ilish o'tkazishimizni aytib o'tdim. Video nazoratchi har kuni 30dan ortiq klip tayyorlasa biz ularning 20dan ortig'ini ko'rsatamiz. Yani, eng qiziqarli, shu vaqtda zarur bo'lgan epizodlar namoyish qilinadi. Qolgani darslik uchun olib qo'yilib, keyinchalik boshqa seminarlarda muhokamaga qo'yiladi.
- Video nazorat guruhi ilgari ham faoliyat ko'rsatgan shekilli?
- Ha, ilgari ham video nazoratchi bo'lgan, faqat alohida inson ishlamagan. Video nazoratchi instruktorlar ichidan tanlab olinardi. Hozir bu ish bilan shug'ullanishga alohida inson biriktirildi.
- Nazoratchi har bir uchrashuvdan keyin hakamlar bilan o'yindagi vaziyatlarni muhokama qiladimi?
- Albatta. Faqat bu muhokamani stadionda emas, balki mehmonxonada uyushtiramiz. Sababi, uchrashuvdan keyin hakamlar charchagan bo'ladi. SHuning uchun bunday vaqtda ularga gapirmagan maqul. Baribir ularning miyasi hamma gaplaringizni qabul qilmaydi. SHu bois referilarni dush qabul qilib, biroz hordiq chiqarishlarini kutamiz. Qolaversa, bunday muhokamalarda barcha vaziyatlar chuqur muhokama qilinmaydi. Lekin umumiy manoda yutuq va kamchiliklar aytiladi. Jumladan, nazoratchi bo'lib men hakamga: o'yinning 80-daqiqasidan keyin senda charchoqni kuzatdim. Natijada ayrim vaziyatlarga ulgurmading. Yoki bir nechta muhim epizodlar muhokama qilinadi, ammo yuqorida takidlaganimdek, butun uchrashuvga to'liq to'xtalinmaydi. Bu ancha vaqtni talab qiladi.
- Tabiiyki, siz nazoratchi sifatida o'yindan keyin hakamlarga baho qo'yasiz. OFK nazoratchilarning faoliyatini qay yo'sinda nazorat qiladi?
- Osiyo chempionati kabi yirik turnirlarda OFKning elit toifadagi instruktor va nazoratchilari faoliyat ko'rsatadi. SHuning uchun ularning ishi jiddiy muhokama qilinmaydi. CHempionlar ligasi kabi turnirlarda vaziyat sal boshqacharoq. Nazoratchi o'yin haqida “raport” yozib, OFKning hakamlar departamentiga jo'natadi. Hakamlarning bahosi yil davomida yig'ilib boraveradi va yakunda o'rtacha baho olinadi. Hakamga qanday baho qo'yilganini hakamning o'zi ham bilmaydi. Bundan faqat hakamlar departamentidagi masul mutaxassislar xabardor bo'ladi. O'zim ham OFKning hakamlar departamenti azosiman, ammo kim qanday baho olganini bilmayman va bu menga qiziqmas. Oddiy misol, biz video nazorat guruhidagi masullar kliplarni tahlil qilganimizda referi qabul qilgan noto'g'ri qarori uchun nazoratchi tomonidan qanday bahoga loyiq ko'rilgani bizga malum emas. Qandaydir shov-shuvli vaziyatlar yuzaga kelsagina nazoratchi va hakamlar ishi muhokama qilinadi. YO nazoratchiga yoki hakamga nisbatan qandaydir chora qo'llanilgani, biz, yani elit toifadagi instruktorlar vaziyatga yanada oydinlik kiritishimiz so'raladi.
Aytganimdek, hakamning o'zi ham qanday baho olganini bilmaydi. Nazoratchi uchrashuvdan keyin referilar bilan o'yinni muhokama qiladi, ammo bahosini aytmaydi. SHundan keyin video nazorat guruhidagi instruktorlar har bir o'yinni ko'rib chiqib, hakamlarga o'z bahosini qo'yadi. OFK baholarni solishtiradi. Agar baholar o'rtasida katta farq bo'lmasa etibor berilmasligi mumkin, ammo aksi bo'lsa, bunga javob topishni boshlaydi. Instruktor va nazoratchining hisoboti ko'rib chiqiladi. Hisobotda farq bo'lsa, kamchilikka yo'l qo'ygan taraf departament tomonidan dakki eshitadi.
- Video nazoratchi uchrashuvlarni o'zi tasvirga tushiradimi yoki ishtirokchilardan oladimi?
- OFK o'zi o'tkazadigan har qanday musobaqani tasvirga oladigan katta kompaniya bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Ular barcha o'yinlarni tasvirga olib, OFKga jo'natadi. O'z navbatida ular disklarni video nazoratchilarga yuboradi.
- Osiyo CHempionlar ligasida ishtirok etadigan klublar o'yin diskini OFKga jo'natadimi?
- Klublar jo'natadimi-yo'qmi, bunisini aniq bilmayman. Anig'i shuki, uchrashuv komissari va nazoratchisi disklardan bitta nusha oladi. Nazoratchi OFKga jo'natadigan hisobotini yozish jarayonida diskni ko'rgani maqul. Sababi, stadioning holatidan kelib chiqqan holda nazoratchi ko'rmay qoladigan vaziyatlar ham bo'ladi. O'sha vaziyatlarga oydinlik kiritish uchun ham diskni ko'rgani yaxshi. Mabodo uchrashuvdan keyin tezda ortga qaytgani yoki mezbonlar diskni berishni pasaylga solgani sababli o'yinni qayta ko'ra olmasa, buni ham hisobotiga kiritadi va hakamning qaysidir qaroriga qo'shilmasa, buni ham yozib o'tadi.
- Siz FIFA instruktorisiz. Bu borada etarlicha bilim tajribaga egasiz. SHunday yangiliklar bo'yicha PFLga ham takliflar bilan chiqasimi?
- Albatta taklif beramiz. Xabaringiz bor, PFLning video yozuvlar bo'yicha alohida departamenti bor. Ular PFLdan o'yinlarning diskini oladi va etirozlarga sabab bo'lgan vaziyatlar bo'yicha kliplar tayyorlaydi. O'sha kliplardagi vaziyatlar bo'yicha dastavval o'zimiz yakuniy qaror qabul qilamiz. Keyin seminarlarda hakamlarga tushuntiramiz. CHempionatimiz mart oyida start olsa, mayda barcha hakamlarni bir joyga yig'ib, shu masalalar bo'yicha muhokama o'tkazamiz. Yil davomida bunday yig'ilishlarni 4-5 marta o'tkazamiz. To'g'ri, bizning tizim FIFA yoki OFK darajasida emas, bunga turli sabablar bor, ammo o'sha sabablardan kelib chiqqan holda imkon qadar yangilik qilishga harakat qilyapmiz. Qolaversa, tajribamdan kelib chiqqan holda PFL hakamlar departamenti kaminaning ham jadvaliga qarashga majbur bo'lyapti. Bu albatta yaxshi manoda. Ko'p vaqtim xorijdagi seminarlarda o'tayotgani tufayli o'zbekistonlik hakamlar bilan kam uchrashyapman. PFLning hakamlar departamenti o'tkazadigan seminarlarning faqat yozdagisida qatnashaman. SHunday bo'lsa-da, FIFA va OFKdagi so'nggi yangiliklardan tezda boxabar qilishga harakat qilyapman. Ijtimoiy tarmoqda o'zbekistonlik hakamlarning guruhi bor. Guruhda 100dan ortiq hakam bor. Yangi yil arafasida hisob-kitob qildim. Yil davomida 300dan oshiq kliplarni muhokama qilibmiz. Bugun ham ikkita klip bo'yicha muhokama o'tkazdik. Hakamlarimiz bilan ishlashning bundan boshqa ilojini topa olmayapman.
Bundan tashqari, yurtimizda yilda bir marta FIFA seminari tashkil qilinadi. O'tgan yili fevral oyida Ali Al Traifi maruza o'qigandi. Bu yil ham iyun oyida shunday seminarni o'tkazamiz. FIFA barcha davlatlarga yilda bir marta seminar o'tkazishga ruxsat beradi. Hindiston kabi katta davlatlar ikki yoki uch marta ham seminar o'tkazishi mumkin.
- Bu yilgi rejalaringiz haqida ham to'xtalib o'tsangiz.
- Qatardagi Osiyo chempionatidan keyin Malayziyaga yo'l olaman. Kuala Lumpurda OFKdagi instruktor va nazoratchilar seminari bo'lib o'tadi. Fevral oyida endi Ispaniyada FIFAning xuddi shu doiradagi seminari tashkil qilinadi. Seminarda rossiyalik Valentin Ivanov, Ali Al Traifi, SHamsul Maydin, Stiv Bennet, Xyu Dallas endigina instruktorlik faoliyatini boshlagan angliyalik Xovard Uebb bu seminarda qatnashadi. Bundan tashqari, turli davlatlarda seminar o'tkazaman.
FIFA bir oylar muqaddam o'z instruktorlariga 500ga yaqin klip jo'natib, uning javobini onlayn tartibda qabul qilib oldi. Bu kliplarda 2015 yili bo'lib o'tgan turli musobaqalarda yuz bergan vaziyatlar o'rin olgan. 500ga yaqin klipning kamida 100tasidagi vaziyatlar bo'yicha yakuniy qarorga kelinmaydi. Ispaniyadagi seminarda o'sha vaziyatlar o'rtaga tashlanadi va biz instruktorlar yakuniy qarorni qabul qilishimiz kerak bo'ladi. Oddiy misol, onlayn javob berilganida bir vaziyat uchun men sariq kartochka berilishi kerak desam, boshqa hamkasbim qizil ko'rsatilishi lozimligini aytadi. Natijada o'sha vaziyat uchun yakuniy qaror 50:50 yoki 60:40 bo'lib qoladi. Bunday holatlarda yakuniy qaror qabul qilinmaydi. Ispaniyadagi seminarda shu kabi tortishuvli vaziyatlarga boy qarorlar muhokama qilinadi va yakuniy qaror chiqarilishi lozim. Bir vaziyat uchun kamida 70:30 qaror qabul qilinishi shart. Agar 80:20 bo'lsa, yanada yaxshi. Hakamlarga o'qitiladigan darslikka kiritiladi va hakamlar o'yinlarda shu asosda qarorlar qabul qilaveradi. Mabodo qaror bo'yicha instruktorlarning fikri 50:50 yoki 60:40 qolaversa, o'sha klip, aniqrog'i vaziyat o'quv darslikka kiritilmaydi. O'zingiz o'ylang, dunyoning elit instruktorlari tortishuvli vaziyat bo'yicha bir qarorga kela olmasa, uni qanday qilib darslik sifatida hakamlarga o'qitish mumkin?
- SHunaqa deysiz-ku, hakamlar baribir qachonlardir instruktorlar bir qarorga kela olmagan vaziyatlarga duch kelishi mumkinku? SHuning uchun ham tortishuvli vaziyatlar bo'yicha bir qarorga kelish maqul emasmi?
- To'g'ri. Bu yog'i instruktorlarga bog'liq. Yani, muhokama jarayonida u o'z qarorini to'g'ri tushuntira olsa, qolganlar uning fikriga qo'shilishi mumkin. Boisi, kimdir etibor bermagan vaziyatga boshqa instruktorga jiddiy ahamiyat qaratgan bo'ladi. SHaxsan o'zim ham bir necha marta fikrimni o'zgartirgan vaqtlar bo'ldi. Bir vaziyat uchun dastavval sariq kartochka berilishi kerak degan bo'lsam, keyin fikrimni qizilga o'zgartirdim. Umumiy manoda yakuniy qaror qabul qilinmagan vaziyatlar kam bo'ladi. Masalan, 500ta klipdan 4-5tasi bo'yicha yakuniy to'xtamga kelinmasligi mumkin. Bunga ham o'ziga xos sabablar bor. Jumladan, o'sha vaziyat kamerada yaxshi ko'rinmasligi ehtimoli katta yoki instruktorlarning fikri turlicha.
- FIFA ishlab chiqqan qonun-qoida bo'lsa, nega bir qarorga kelish qiyin? Baribir hamma bir tizim bo'yicha faoliyat ko'rsatadiku?
- To'g'ri, qoida bor. Ammo qoida boshqa, amaliyot boshqa. Yani, faqat qoidani bilish bilan ish bitmaydi. Sababi, qoida ishlab chiqiladi, lekin o'sha qoidabuzarlik maydonda qanday holatda amalga oshadi, buni hech kim bilmaydi. Qolaversa, o'sha holatga hamma o'z ko'zi bilan munosabatda bo'ladi. Xususan, osiyolik instruktorlar uchun sariq kartochkali vaziyat evropa va amerikaliklarga qizil kartochka berilishi lozimdek ko'rinadi yoki aksincha. SHuning uchun ham bir to'xtamga kelinmagan holatlar bor. Futbolda atmosfera degan narsa bor. Qoida o'sha atmosferadan kelib chiqqan holda ham qabul qilinadi. Masalan, seminarda bitta qo'pollik uchun sariq kartochka berilishi hakamlarga uqtirilishi mumkin. Buni butun dunyo instruktorlari tan oladi, biroq o'yin atmosferasi bunga yo'l qo'ymasligi ehtimoli ham bor. Jumladan, sariq kartochkasi bor futbolchi o'yin davomida seminarda takidlangan qo'pollikni amalga oshirdi. Hakam o'sha vaziyatda uni ikkinchi sariq bilan jazolab, maydondan chetlatadigan bo'lsa, o'yin “”buzilib” ketish ehtimoli yuqori. Demak, istisno qilishga majbur. Hakam faqat qoidani bilishdan tashqari, ham aqlli bo'lishi, futbolchilardek fikrlashi lozim. SHundagina o'yinchini nima uchun qo'pollik ishlatganini biladi, tushunadi, his qiladi. Qoidani yodlatib qo'yib, robotni ham hakam qilib qo'yish mumkin, ammo ular o'yinni “buzadi”.
- OFK miqiyosidagi xalqaro o'yinlarda hakamlar qanday asosda baholanishadi?
- OFKda bu borada bitta tizim yaratilgan. O'yindan kelib chiqqan holda hakamlar baho olishadi. Yani, OFKda o'rta va qiyin darajadagi o'yinlar bor. Jumladan, o'tgan yili bo'lib o'tgan Osiyo Kubogida deyarli 90 foiz uchrashuvlar o'rta saviyadagi deya tan olindi. Xususan, kamina qita birinchiligida 6ta uchrashuvda nazoratchi bo'lib ishlagan bo'lsam, hamma bahslar o'rtacha saviyadagi edi. Oddiy misol, men ishlagan Avstraliya – Janubiy Koreya milliy terma jamoalari o'rtasidagi guruh bosqichidagi uchrashuv ham o'rta saviyadagi o'yin deya etirof etilgan. Agar o'sha bellashuvni oynai jahon orqali ko'rgan bo'lsangiz, qolganini o'zingiz xulosa qilavering. O'yinni o'rtadan qiyin darajaga ajratilganida hamma narsa etiborga olinadi. Uchrashuv natijasining ahamiyati, muxlislar tashrifi, kerak bo'lsa, qo'polliklar, hatto ob-havo ham hisoblanadi.
MA'LUMOT UCHUN
Farhod Abdullaevning 2015 yilda o'tkazgan seminarlari ro'yxati
FIFA seminarlari: Portugaliya, Qozog'iston, O'zbekiston, Turkmaniston, Maldiv orollari, SHri Lanka, Malayziya, Hindiston, Tojikiston, Nepal, Butan, Qatar, Bangladesh.
OFK seminarlari: Osiyo Kubogi – 2015 (Avstraliya), Instruktor va nazoratchilar seminari (Malayziya), OFK futbol festivali (Tojikiston), FIFA/OFK instruktorlar seminari (Malayziya), OFK hakamlar seminari (BAA).
Furqatbek NISHONOV suhbatlashdi.
Fikrlar