So’nggi yangiliklar

01:49"Бавария" яхши пул эвазига Горецкани сотишга тайёр ва бу ҳақда Леонга хабар берди, аммо...  0 01:27Лангле Ла Лиганинг бошқа клубига ўтадими?  0 01:03"Манчестер Юнайтед" ПСЖ футболчиси билан шартнома бўйича келишувга эришди  0 00:32"Милан" Абрахамни харид қилиши мумкин. "Рома" Довбикнинг харидидан сўнг форвардни сотмоқчи  1 00:05РПЛ. "Рубин" ва Ашурматов Қозонда "Химки"га мағлуб бўлди  1 23:32Александр Хомяков: "Бизда ҳимоячилар муаммоси кўзга ташланмоқда"  1 23:07Миржалол Қосимов: "Бобур-арена"да "Андижон"нинг 12-рақамли футболчиси бор"  9 22:56"Реал" Лапортга қизиқмоқда, аммо "Ал Насср"га пул тўлашни хоҳламаяпти. Ҳимоячи "Мадрид"га ўтишни хоҳламоқда ва маошининг пасайишига рози  1 22:30Суперлига. "Андижон" — ОКМК (2:3), олмалиқликлардан даҳшатли камбэк!  2 22:10Про лига. "Олимпик Mobi-Uz" ва "Хоразм" ўзаро дуранг ўйнади  1 21:45Суперлига. "Бобур Арена"да 5 та гол урилган баҳсда ОКМК камбэк қайд этди  69 21:42"Атлетико" 30+5 млн евролик трансферни амалга оширди  2 21:17"Нью-Йорк – кўк-аноррангда". "Барса" "Реал" билан ўйин олдидан Таймс-скверда клуб либосидаги Озодлик ҳайкали акс этган роликни намойиш этди  1 20:23"Бенфика" Феликс учун 60 млн евро тўлашга тайёрмас  3 19:25"Атлетико" "Манчестер Сити" ҳужумчиси учун 40+20 млн. евро таклиф қилмоқчи  1

ENG ZO'R bundesLIGA yangi mavsumiga prevyu - "Bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga" Yangiliklar

ENG ZO'R bundesLIGA yangi mavsumiga prevyu - "Bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga"

Kuchli-beshlik chempionatlaridagi eng oxirgi start oladigan Bundesliganing yangi karvoni nihoyat yo'lga tushish arafasida.

Germaniyada mavsumni odatdagidek chempion jamoa boshlab beradi. "Xoffenxaym" ketma-ket 6 yildan buyon tengsiz bo'layotgan "Bavariya" mehmoni bo'ladi. SHu o'rinda yangi boshlanajak chempionat oldidan Bundesligaga atalgan prevyuni etiboringizga havola etaman.

Germaniyadagi yakka hokim - "Bavariya" oxirgi 6 yil ichida Yupp Xaynkes, Pep Gvardiola, Karlo Anchelotti va yana Xaynkes qo'l ostida chempionlikka erishdi. Joriy mavsumdan etiboran jamoani xorvatiyalik "Bavariya"ning yaqin o'tmishdagi sobiq futbolchisi Niko Kovach boshqaradi. Quyida tilga olingan mutaxassislar ichida Niko Kovach nomi taniqli emas. Kovach tajriba jihatidan ham jamoaning avvalgi murabbiylariga qaraganda xomroq. Ammo uning oldida jiddiy ish turibdi. Germaniyada "Bavariya"ning eng minimum vazifasi chempionlik. Bundesligada oltin medaldan boshqa har qanday natija — muvaffaqiyatsizlik. Bu esa har qanday mutaxassisga qo'shimcha bosim yuklaydi. Ha, Germaniyada "Bavariya"ni chempion bo'lishi olamshumul natija emas. Lekin shu bilan birgalikda buni aksi bo'lsa, unda bu "Bavariya" uchun halokat. Niko Kovach oldida turgan minimum vazifa malum. Ammo ko'pchilik "Bavariya"dan odatga aylangan chempionlikni emas, balki "oltin dubl" bilan birgalikda Yupp 2013 yilda qayd etgan "trebl"ni kutadi. Niko Kovachning dastlabki mavsumidayoq undan ECHLda g'olib bo'lish talab etilmasada, ammo xalqaro arenada ham muvaffaqiyat kutilishi tabiiy.

Etiborlisi, Kovach jamoaga kelgach hali birorta transferga qo'l urgani yo'q. "Bavariya"ning yagona xaridi — Gorecka bilan Kovach tayinlanishidan avval, qishda rasman kelishuvga erishilgandi. Jamoaga ijaradan qaytgan Serj Gnabri va Renatu Sanshesh transfer sifatida qayd etilmaydi. "Bavariya"ni esa tajribali Arturo Vidal tark etdi. Vidalni qo'yib yuborilishiga eng asosiy sabab, markazdagi raqobat va tanlov imkoniyatining rang-barangligi. Renatu Sanshesh ijaradan qaytarildi, Leon Gorecka tekinga olib kelindi. Markazdagi tanlovning ko'pligidan chempionat boshlanishiga qaramay, jamoani yana bir yarim himoyachi - Sebastyan Rudi tark etishi mumkin. SHu boisdan ham Vidal yoki ketish ehtimoli mavjud bo'lgan Rudining yo'qligi ham Kovachga ortiqcha bosh og'rig'ini taqdim etmaydi.

O'tgan mavsumda muhim o'yinlarda porlamagan, ammo etarlicha gollarni qalashtirib tashlagan arazchi hujumchi — Levandovski ham yozda tugunlarini yig'ishtirishga tushgandi. Ammo rahbariyat, xususan Uli Xyoness hujumchini hech qaerga qo'yib yuborishni istamadi. Niko Kovach polshalik hujumchi bilan alohida gaplashib olgach, Levandovskini arazi va tushkun kayfiyatiga barham berildi. Kovach esa yangi mavsumda Levandovskidan maksimal foydalanmoqchi. Hech kim kelmaganiga yarasha, qo'l ostidagi mavjud etakchilarni qo'yib yuborish ham yo'q.

"Bavariya"dagi afsonaviy tandem — Robberi (Riberi/Robben) uchun bo'lajak mavsum birgalikdagi yubiley 10-yil. Niko Kovachning "Bavariya"dagi yangi jamoasini qurishda Robberi tandemi baribir asosiy rolda bo'ladi. To'g'ri, yosh va jismoniy holatlarini etiborga olib, ulardan butun mavsum davomida to'liq foydalanish deyarli imkonsiz. Ammo Kovach Robberi tandemining "Bavariya"dagi o'rni va tasirini inobatga olishga majbur. Robberi nafaqat o'yinda, balki maydondan tashqarisida ham o'z o'rniga ega. SHu boisdan ham Kovach bu "qariya"lar bilan qaysidir manoda hisoblashishiga to'g'ri keladi. Ammo shuni qayd etish kerakki, Robben va Riberi bilan shartnoma uzaytirilayotganida, rahbariyat tomonidan ularga yangi mavsumda asosiy tarkibdagi o'rinlari kafolatlanmasligi va malum vaqtni zaxirada o'tkazishlari mumkinligi yaxshi tushuntirilgan. Niko Kovach yangi mavsumda Robberining tarkibdan tushib qolish ehtimolida vujudga kelishi mumkin bo'lgan tushunmovchilikdan sal bo'lsada holi bo'ladi. Kovachda ayni paytda ham etarli ijrochilar va tanlov mavjud. Mavsum davomida rotaciyalarni qanchalik to'g'ri amalga oshira olish qobiliyatiga ko'p narsa bog'liq bo'ladi.

"Bavariya" Niko Kovach kelganidan so'ng hech qanday transferlarni amalga oshirmaganiga yana bir asosiy sabab, jamoa Bundesligada ko'proq "terlamoqchi". Uli Xyoness aynan Bundesligada chempionlik nisbatan osonroq hal etilayotgani ECHLda pand berayotganini inobatga olgan holda, bu yili mavjud tarkib bilan ham ko'zlangan maqsadga erisha olishlariga ishonmoqda. Aksincha, qo'l urilmagan transferlar esa jamoa foydasiga ishlashidan umidvor. Bundesligada qanchalik qiyinchilik bilan maqsadga erishilsa, kurash qanchalik ko'proq cho'zilsa, jamoa uzoq muddat optimal formada bo'ladi. Qanchalik g'alati ko'rinmasin, ammo "Bavariya" rahbariyati joriy mavsum ushbu tajribani ham qo'llab ko'rmoqchi. "Bavariya" bu bilan Bundesligaga yanada intriga qo'shishni va ECHLda ushbu holat ularga foydaga ishlashini taxmin qilishmoqda. Kovach uchun joriy mavsum murabbiylik faoliyatidagi eng muhimi. CHunki murabbiy top jamoada, umuman boshqacha statusda ishlashiga to'g'ri keladi. Kovach mavjud bosimni qay darajada engib o'tishi, oldiga qo'yilayotgan vazifalarni qanchalik uddalay olishini ko'rsatadigan mavsum. Ustiga-ustak jamoada avlodlar almashuvini o'tkazishga to'g'ri kelayotgan palla. Kovach "Bavariya"ga — "Bir qadam orqaga va ikki qadam oldinga" shiori qo'llanilayotgan paytda kelib qoldi. Klub transfer siyosati jihatidan ham bir qadam orqaga qadam qo'ydi, ammo oldinga tashlanilishi kerak bo'lgan qadamlarni Kovach qancha muddatda va qay darajada uddalaydi, degan savol qiziq. Kovach uchun eng zo'r motivaciya — oldinga tashlanishi kerak bo'lgan qadamlarni maksimal tezlatish.

Dortmundning "Borussiya" jamoasi yangi mavsumda Kloppdan keyingi yangilanish davrini uchinchi urinishda muvaffaqiyatli amalga oshirishga urinib ko'radi. Tomas Tuxel keldi, yaxshi ishladi. Ammo rahbariyat bilan kelishmovchiliklar tufayli Tuxelga chiqish eshiklari ochildi. O'tgan mavsum katta umidlar bilan chaqirilgan Peter Boshsh jamoani umuman boshqara olmadi. "Borussiya" Boshsh qo'l ostida butkul jarlikka qulash sari ketayotganda qutqaruvchi sifatida Peter SHtoger taklif qilindi. SHtoger "Borussiya"ni faqatgina sharmandali natijalardan sug'urtalay olishga erishdi. Undan ortig'ini bajarish esa uni qo'lidan kelmaydi. O'yin sifati va tomoshabopligiga ham putur etkani dortmundiklarning kelajagi SHtoger bilan chambarchas bog'liq emasligini ko'rsatdi. Natijada jamoa mavsumni yana yangi mutaxassis qo'l ostida boshlashga shay turibdi. Bu safar nomzod ancha ishonchli va Bundesliga havosidan yaxshi xabardor — Lyusen Favr. O'z vaqtida "Gerta" va "Borussiya Myonxengladbax"da ajoyib ishlagan Favr Dortmundga haqiqiy futbolni qaytarishi mumkin. Favr o'rtamiyona jamoalarning nafaqat natijalarini, balki o'yinini yaxshilashga erishgan. Hujumkor futbolni sevuvchi va jamoalari ishtirokida buni amalda isbotlay oladigan Favr qo'l ostida nihoyat o'sha ko'pchilik sog'ingan "Borussiya"ni ko'rishimiz mumkin. "Borussiya" transfer bozorida Bundesliga jamoalari ichidagi eng faollaridan biri bo'ldi. Ammo birgina muammo, transfer bozoridan hozircha markaziy hujumchi topishni imkoni bo'lmayapti. Ayni paytda "Borussiya"ning qaydnomasida faqatgina bitta nominal hujumchi Aleksandr Isak mavjud. Favr esa ushbu yosh iqtidor egasi bilan butun mavsumni o'tkaza olmaydi. Transfer oynasi yopilgunga qadar "Borussiya"da hujumchi olib kelish imkoniyati mavjud.

"Leypcig"da g'alati holat. Jamoani joriy mavsum vaqtincha boshqarib turish uchun klub sport direktori — Ralf Rangnik masuliyatni o'z zimmasiga olgan. CHunki keyingi yili jamoani Bundesligadagi eng iqtidorli murabbiylardan biri Yulian Nagelsman o'z qo'liga oladi. "Leypcig" esa o'rtadagi bir yillik muddatni sport direktori bilan yopib turishni maqul ko'rdi. Ralf Rangnik garchi bosh murabbiy sifatida qayd etilgan bo'lsada, jamoani mashg'ulotlari jarayoniga uning yordamchilari Jessi Marsh hamda yoshlar jamoasi murabbiyi Robert Klauss javobgar. Ralf Rangnik faqatgina natijaga javobgar. "Leypcig" yangi mavsum oldidan bir qator kelajagi porloq yoshlar uchun mo'maygina pul sarfladi. Hammasi kelasi mavsum uchun qilinayotgan ishlar. Bu yili esa jamoa Ralf Rangnik boshqaruvida yangilanish davrini boshlab olmoqchi.

O'tgan yili meni yaxshi manoda ajablantirgan va yangi mavsum oldidan ko'pro qiziqtirayotgan ikki jamoadan biri — "SHalke". Domeniko Tedesko qo'l ostidagi gelzerkirxenliklar o'tgan mavsum "Bavariya"dan keyin ikkinchi bo'lishni uddalashdi. Muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin yosh murabbiy Domeniko Tedesko bilan sensaciyaga teng natijani qayd etgan jamoani evromavsumda ham kuzatish yanada qiziq bo'ladi. Tedesko qisqa fursatda jamoa o'yinini, natijalarini keskin yaxshilashni uddaladi. Muhimi, jamoada avlodlar almashuvi ham ancha silliq tarzda kechdi. Masalan, bu yilgi mavsum oldidan jamoani bir yo'la ikkita etakchisi — Gorecka va Mayer tark etdi. Ammo hech kim "SHalke"dan havotir olayotgani yo'q. CHunki Tedesko qisqa vaqt ichida butkul yangi va jo'shqin jamoani shakllantira oldi. Bu yili aynan "SHalke"dan yanada ko'proq shovqin kutish mumkin. Ayniqsa jamoani ECHLda kuzatish qiziq bo'ladi. Bu bir tomondan Tedesko uchun yana yangi tajriba va taqvim jihatdan noqulayliklar tug'dirishi mumkin. Ammo Domeniko uzoqni o'ylaydigan mutaxassis ekanligini o'tgan yili isbotladi. Tedesko bazi muhtoj chiziqlariga kerakli futbolchilarni xarid qildi. Eng yorqin misol, himoya qurg'onini mustahkamlash uchun Bundesligadagi eng yaxshi mudofaa vakillaridan biri — Salif Sane jalb etildi.  SHuningdek, "Xoffenxaym"ning hujumdagi asosiy "quroli" bo'lgan Mark Ut yangi mavsumdan etiboran "SHalke" libosida o'ynaydi.

"SHalke" bilan bir qatorda Leverkuzenning "Bayer" jamoasi o'tgan yili iliq taassurot qoldirgandi. Doim chempionlikka juda yaqin keladigan, ammo umuman bosh sovrin tamini tatib ko'rmagan "SHalke" singari "Bayer" ham muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin yangi murabbiy qo'l ostida o'tgan yili yorqin futbol ko'rsatdi. natija ham chakki bo'lmadi. Xayko Xerlixxning mehnatlari samarasi o'laroq "Bayer" ham yangi mavsumda nafaqat Bundesligada, balki ECHLda ham ishtirok etadi. Tajovuzkor va samarali futbol ko'rsatayotgan "Bayer"ning hujum chizig'iga havas qilsa arziydi. Yulian Brandt, Leon Beyli, Kevin Folland "uchligi" yangi mavsumda ham "Bayer"ning asosiy futbolchilariga aylanishlariga shubha yo'q. "Arsenal"ga ketib qolgan Bernd Lenoni o'rnini esa Lukash Gradecki egallaydi.

"Xoffenxaym" uchun eng zo'r mavsum anonsi jamoada oxirgi yil ishlayotgan Yulian Nagelsmann tomonidan yangradi. Nagelsmann kamtarlikni chetga surib qo'yib, yangi mavsumda "Xoffenxaym" Bundesligada chempion bo'lishini taxmin qildi. Nagelsmann bu bilan birinchi navbatda jamoani ruhlantirishni ko'zlagani tabiiy. SHuningdek, oxirgi mavsum ishlayotgani uchun maksimum kuchini sarflashga harakat qilishi aniq. Bazan murabbiy uchun ketishi bilib ishlash engillik tug'diradi, bazida esa aksincha, salbiy tasirini ko'rsatib qoladi. Bir narsa aniq, Nagelsmann bu mavsumda "Xoffenxaym"da ortiqcha bosimdan holi. CHunki kelasi yili ketishi aniq va qaerga borishini ham rejalashtirib qo'ygan. Uning qo'l ostida "Xoffenxaym" dastlab qiyin vaziyatdan qutqarilgan va Bundesligadagi o'rnini saqlab qolgan bo'lsa, keyinchalik ikkita to'liq mavsumda jamoa "kuchli to'rttalik"dan pastga qulamadi. Dastlab to'rtinchi, o'tgan mavsum esa uchinchi bo'lishni uddalagan yosh mutaxassisning ko'rsatkichlari chakki emas. SHu boisdan ham yangi mavsum oldidan Nagelsmann katta bayonot berishga jazm eta oldi.


Bundesliganing yangi mavsumida Myonxengladbaxning "Borussiya" jamoasi evrokuboklar uchun kurash taklif etishga qodir. Har holda Diter Xekkingdek tajribali mutaxassis barchaga syurpriz taqdim etishga qodir mutaxassis.

Yangi mavsum nihoyat "Volfsburg" yana bir bor o'z qaddini ko'tarishga urinib ko'radi. Bu safar Bruno Labbadia qo'l ostida bu ishga kirishadi. Jamoa oxirgi ikki mavsumdan buyon inqirozni boshdan kechirmoqda.

"SHtutgart", "Verder", "Ayntraxt", "Gerta" kabi jamoalar ham turnir jadvalining tepa qismida raqobat qilishga urinib ko'rishadi. "Verder" yangi mavsumda nihoyat autsayderlar safini tark etishi kutilmoqda. "SHtutgart" esa yaxshi transfer siyosatini amalga oshirdi va jamoa kattaroq marrani ko'zlashi aniq. "Ayntraxt" Niko Kovach ketgach Adolf Xyutter boshchiligida yangi qiyofaga kiradi. Kovach jamoani autsayder qatoridan evrokuboklar ishtirokchisi darajasigacha ko'tarishga muvaffaq bo'lgandi. Xyutterdan esa o'sha statusni saqlab qolish talab etiladi.

Myunxenning yana bir klubi — "Augsburg" Bundesligadagi haqiqiy o'rtamiyona jamoa. Uy jamoasi deya etirof etiladigan "Augsburg" joriy mavsumda turnir jadvalining o'rta qismidan o'rin olishiga ishonish mumkin. Ammo buni uddalash ularga oson bo'lmaydi. Sababi, autsayder maqomidan charchagan ko'plab jamoalar yangi mavsum oldidan kuchayishga erishishdi. "Augsburg" esa o'zining barqaror jamoa ekanini yana bir bor isbotlashiga to'g'ri keladi. Tepadagi jamoalarga esa raqobat taqdim etish nisbatan ancha mushkul vazifa.

Quyi ligadan Bundesligaga ko'tarilgan "Fortuna Dyusseldorf" hamda "Nyurnberg"ning birinchi galdagi vazifasi jon saqlab qolish. Ularga esa bu borada "Maync", "Gannover" va "Frayburg" kabi jamoalar raqobat vujudga keltirish ehtimoli yuqori.

Qisqasi, Bundesliganing yangi mavsumida hech kim oson bo'lmaydi. Ha, ko'pchilik chempionat oldidan "Bavariya"ga tojni kiydirib qo'ymoqda. Bu yangilik emas. Ammo shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu yilgi mavsumda "Bavariya"ga tojni kiyish avvalgi yillarga nisbatan ancha qiyin bo'ladi. "Bavariya" o'zi istagan va xohlayotgan raqobatga duch kelishiga shubha yo'q. Amaldagi chempion avvalgi yillarda bo'lgani kabi katta zaxira bilan ishtirok etmaydi. Bunga avvalo "Bavariya"ni ortidan quvishga harakat qilayotgan "SHalke", "Bayer", "Borussiya" va "Xoffenxaym" to'sqinlik qilishga urinib ko'rsa, ikkinchi tarafdan "Bavariya"ning o'zi ham chinakamiga kuchli raqobatdan manfaatdor.

Muallif :
Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика