"Dinamo"ning eng yaxshi futbolchisi - muxlislar bo'ldi" - Ro'ziqul Berdiev
09 mar 2019 19:24
Yangiliklar
"Dinamo"ning eng yaxshi futbolchisi - muxlislar bo'ldi" - Ro'ziqul Berdiev
"O'yin haqida shuni aytishim mumkinki, hisobda oldinda bora turib yakunda durang qayd etish bizni qoniqtirmadi. CHunki g'alabani ushlab qola olmadik. Bu "Nasaf"ga xos natija emas. Bu bizni biroz ranjitdi.
"Dinamo" aynan uzun paslar orqali o'ynashi va jarima maydonchasiga oshirmalar orqali vaziyatlar yaratishini bilardik. Ammo gol o'tkazilgan vaziyatda diqqatni birozgina yo'qotish qimmatga tushdi.
Tan olish kerak, tanaffusdan keyin ikkinchi bo'limning dastlabki qismini juda yomon boshladik. G'alabani ilib ketish uchun vaziyatlar etarlicha bo'ldi. Ammo hujumlarga oxirgi nuqtani qo'yishda oqsadik. "Dinamo" jamoasi ham o'yinga bo'lgan etibori, jiddiy yondoshuvi va ishtiyoq evaziga yaxshi o'ynashdi. Ularning bugungi o'yini natijaga mos ravishda bo'ldi. Yani, jamoa ochko olishga munosib o'ynadi.
Bir ochko oldikmi yoki ikki ochko yo'qotdikmi? Dastlab aytganimdek, bugun biz qimmatli 2 ochkoni yo'qotdik. CHunki g'alabani ushlab qololmadik. Lekin raqibning o'yini yakuniy natijaga mos ravishda bo'ldi. "Dinamo"ning eng yaxshi futbolchisi - muxlislar bo'lishdi. Aynan ularning qo'llab-quvvatlovi va daldasi ularga qo'l keldi. Stadiondagi muhit ajoyib bo'ldi. Tan olish kerak, har ikkala jamoa muxlislari yaxshigina muhitni vujudga keltirishdi.
SHarof Muhitdinov nega ko'rinmadi? OTJ yig'inida mazkur futbolchi jarohat olgan va jamoaga jarohatlanib qaytdi. Bobir Abdixoliqovda ham kichik jarohat borligi uchun uni zaxiradan tushirdim. SHu boisdan ham tavakkalga qo'l urmadim. Bobir, SHarof va Aziz safimizga qaytganidan so'ng "Nasaf" yanada kuchayadi.
G'aniev qachon qaytadi? SHifokorlarning malum qilishicha, yaqin 20-25 kun ichida G'aniev umumiy guruh mashg'ulotlariga qaytishi mumkin. O'ylaymanki, Aziz tezroq jamoaga qaytadi.
Hujumchilarimizda biroz sovuqqonlik etishmadi. Bugungi o'yinning qadri va ahamiyati yuqori bo'lgani uchun hayajonlanishdi. Tarkibimiz asosan yosh. shu boisdan ham har bir futbolchi bilan alohida suhbatlashganimizda, qiyin paytda o'yinni o'z qo'liga olib, etakchilik xususiyatlarini namoyish etishlari kerakligini talab qilaman.
Jamoaning yangi mavsumdagi asosiy maqsad va vazifasi etiborni yoshlarga qaratish, ko'plab iqtidorlarni etkazish va muxlislarga yoqadigan futbol namoyish etishdan iborat. Jamoa oldiga yangi mavsumda yuqori vazifalar qo'yilmaydi. Qo'yilsa ham noto'g'ri bo'lardi. CHunki hozirgi klub olib borayotgan siyosat va imkoniyati chempionlik, sovrinli o'rinlar yoki kubok uchun kurashadigan darajaga mos emas. Lekin biz albatta yosh jamoa bilan ham "Nasaf"ning asl qiyofasini yo'qotmaslikka, raqobatbardosh jamoa tuzishga harakat qilamiz. CHunki qo'l ostimda juda ko'p yoshlar, istedodlar bor. Hali jarohatdagi futbolchilar qaytishsa, jamoa yanada kuchayadi. Bunga esa ozgina vaqt kerak. Bugungi bahs mavsumdagi ilk o'yin. Balki bugun juda mazmunli o'yin namoyish etmagan bo'lishimiz mumkin, ammo umumiy olganda, jamoam ko'rsatgan futbol menga yoqdi. "Nasaf" tutgan yo'l yaqin kelajakda o'z mevasini beradi.
Raqibning ojiz nuqtasi? Biz ular jismoniy taraflama 90 daqiqa o'ynay olmasliklarini bilardik. Etibor bergan bo'lsangiz, o'yin oxirida tashabbus bizning qo'limizda bo'ldi", - dedi Ro'ziqul Berdiev.
Eslatib o'tamiz, mazkur bahsda Ro'ziqul Berdiev boshchiligidagi "Nasaf" jamoasi Samarqandda "Dinamo" bilan durang natijasiga imzo chekishdi.
Dinamo Amirzhon Safarov - 51' Superliga. 1-tur 09/03/2019, 16:00
Nasaf Dilshod Saitov - 12'
Fikrlar