So’nggi yangiliklar

13:33Перес: "Тони Кроосга ўхшашини топиш жуда қийин"  1 12:42Пулишич: "Чемпионлар Лигаси биз учун доим энг муҳим мусобақалардан бири бўлиб қолаверади"  0 11:59"Манчестер Сити" учун АПЛ кейинги ҳафта тугайди, агар..."  10 11:35Луис Энрикенинг шаҳсан ўзи Рэшфордни ПСЖда кўрмоқчи  2 11:12"Ньюкасл" Серхио Рамосга қандай шартнома таклиф қилиши маълум  1 10:44Шкриньяр "Ювентус" билан келишиб қўйди  1 10:19Каррагер: "Жамоа 2-3 йил ҳеч қандай соврин ютмаса ҳам, "Ман Сити" Пепни ишдан бўшатмайди"  3 09:55"Милан" "Эвертон" ҳужумчисини сотиб олмоқчи  1 09:27"Бавария" "Барселона" собиқ вингерига қизиқиш билдирмоқда  1 09:00Флик Ямаль қачон сафга қайтишини маълум қилди  3 08:36Паулу Фонсека: "Бунга ҳаққимиз йўқ!"  1 08:11Викарио "Ман Сити"га қарши 60 дақиқа синган оёқ билан ўйнаган  1 07:49"Реал Мадрид" Мартин Субименди учун курашга киришди  0 07:25Венсан Компани: "Яқин йилларда ПСЖнинг қатор футболчилари Месси, Неймар ва Ибрагимович даражасига чиқади"  5 05:05Остон Ўрунов жамоаси Қатар клуби билан муроса кўчасини танлади  0

Davron CHoriev: “So'nggi yillarda yurtimizda futzalga etibor ancha kuchaydi” Yangiliklar

Davron CHoriev: “So'nggi yillarda yurtimizda futzalga etibor ancha kuchaydi”

Futzal bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi sentyabr oyidagi Jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

Xose Mariya Mendez boshchiligidagi terma jamoamiz Kolumbiyada o'tadigan mundialga jiddiy hozirlik ko'rmoqda. Biz O'zbekiston terma jamoasi azosi Davron CHoriev bilan suhbatlashishga qaror qildik.

- Yaqinda Qozog'istonda mezbonlarga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazib qaytdinglar. O'sha o'yinlar haqida fikrlaringiz.

- Qozog'iston futzal terma jamoasi Jahonning kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Birinchi o'yinni borgan kunimiz o'tkazdik va 1:6 hisobida yutqazib qo'ydik. Qozog'istonga ertalab uchib bordik va kechki payt o'rtoqlik uchrashuvida qatnashdik. CHarchoqmi yoki zalga ko'nika olmaganimiz tufaylimi yirik hisobda yutqazdik.

Ikkinchi o'yinda esa teng kurash kechdi. Birinchi bo'limda 2:0 hisobida oldinda borayotgandik. Ikkinchi taymda mezbonlar 2ta gol urishdi. Bahs tugashiga 1 daqiqa qolganida bosh murabbiy o'ynovchi darvozabon taktikasini sinab ko'rishga qaror qildi. Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'rayotganimiz uchun durang bo'lib turgan paytda besh o'yinchi bilan harakat qilishni sinab ko'rdik. Biroq biz emas Qozog'iston yana ikkita gol urdi.  Umuman olganda bu ikkala bahsda ham ko'plab taktik sxemalarni sinovdan o'tkazib oldik.

- Qozog'iston ham Jahon chemiponatida ishtirok etadi. Jamoa qanchalik kuchli ekan?

- Osiyo chempionatida qatnashgan jamoalardan ancha kuchli deya olaman. Jamoa asosan braziliyalik futzalchilar hisobiga kuchaygan. Qozog'istonda oldinlari 4 nafar braziliyalik o'yinchi bor edi. Hozir 6-7 nafar mahalliylashtirilgan futzalchi o'ynayapti. Menimcha Kolumbiyadagi mundialda faqat O'zbekistonda braziliyalik futzalchilar o'ynamasa kerak (kuladi). Bizda o'zimizning “braziliyaliklar” o'ynashadi (kuladi). To'g'risi O'zbekiston safida braziliyaliklar o'ynashini men oqlamagan bo'lardim. Bu shaxsiy fikrim.


- “Olmaliq” safida Tailandda klublar o'rtasidagi Osiyo chempionatida qatnashib keldingiz...
- Osiyo chempionatining guruh bosqichi biz uchun og'ir bo'ldi. Dastlab musobaqaning amaldagi chempioni Eronning “Tasisat Daryoi” klubiga qarshi o'ynab kichik hisobda yutqazib qo'ydik. Ikkinchi o'yinda Livanning “Al Mayadin” klubi bilan kuch sinashdik. Maqsadimiz guruhdan chiqish edi. Durang o'ynadik va dastlabki maqsadimizga erishdik. CHorak finalda mezbon “CHonburi Blyuveyv” klubiga qarshi o'ynadik...

- O'yinda siz qizil kartochka oldingiz. O'sha vaziyatda nima bo'lgandi?

- Hisobda oldinda borayotgandik. Birinchi vaziyatda raqibni yiqitganimni tan olaman. Lekin ikkinchi sariq kartochka olgan vaziyatda hakamlar kartochka ko'rsatishmasa ham bo'lardi. To'pga eta olmaganim uchun o'zimga jahl qilib to'pni maydon tashqarisiga tepib yubordim. Hakam esa meni atayin chetda o'tirgan to'p olib beruvchi bolakayga tepdi deb sportchilarga xos bo'lmagan harakat tufayli maydondan chetlatishga qaror qildi. Bu menga juda katta saboq bo'ldi va kelajakda jamoamga pand bermayman deb umid qilaman.

- Uchrashuvdan so'ng murabbiylar urishishmadimi?

- Yo'q. Hech kim qattiq gapirgani yo'q, aksincha yigitlar ham murabbiylar ham menga dalda berishdi. Futzal jamoaviy sport turi. SHu bois barcha bir-birini qo'llab quvvatlaydi.

- Jahon chempionatiga qarshi kuchli jamoalarga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazasizlar...

- To'g'ri aytdingiz. Mana Qozog'iston bilan o'ynadik. Kuni kecha Ozarboyjon bilan Toshkentda ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik. Oldinda Osiyo chempioni Eron bilan, Jahon chempionati ishtirokchilari Portugaliya, Ispaniya va Italiya kabi jamoalarga qarshi o'ynaymiz. O'rtoqlik uchrashuvida kuchsiz jamoa bilan o'ynab uni yirik hisobda mag'lub etgandan ko'ra kuchli jamoaga mag'lub bo'lgan yaxshiroq. O'rtoqlik o'yinlarida olingan tajribalarni xudo xohlasa Kolumbiyadagi Jahon chempionatida ishga solamiz.

- Guruhda Portugaliya bor, lekin bu jamoaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkaziladi. Bunga munosabatingiz?

- To'g'ri balki chetdan ko'pchilikka bu g'alati tuyulishi mumkin. Lekin Xose Mariya Mendez buning sababini tushuntirib berdi. Portugaliya bilan guruhdagi 3-turda o'ynaymiz. Bosh murabbiyning maqsadi dastlabki ikki turda g'alaba qozonish. SHunda oxirgi o'yinning ahamiyati qolmaydi. Agar vazifani bajara olsak Portugaliya bilan o'yin o'rtoqlik maqomiga ega bo'lishi kerak. Albatta bu balandparvoz gaplardek ko'rinishi mumkin. Futzalda barcha narsa bo'lishi mumkin.

- Raqiblarni o'rganish jarayoni qanday ketmoqda?

- To'g'risi hozircha bosh murabbiy va uning yordamchilari mundialdagi raqiblarni o'rganib chiqmoqda. Xose Mariya Mendez Jahon chempionatiga yaqin qolganida futzalchilarga videoroliklar orqali raqiblarni tanishtiradi. Bu borada muammo yo'q.

- Sizningcha guruhda kim favorit?

- Barcha jamoa kuchli. Jahon chempionatiga kuchsiz jamoa chiqmaydi-ku. Barcha jamoa bilan o'ynasa bo'ladi. Kolumbiyaning boshqalardan ustun tomoni o'z uyida o'ynayotganida bo'ladi deb o'ylayman. Sababi ko'rdingiz fevral oyida Toshkentda o'tgan Osiyo chempionatida muxlislar bizni qanday qo'llab turishdi. Kolumbiyaning muxlislari ham bundan kam bo'lmasa kerak. Lekin Panama ham, Portugaliya ham, biz ham guruhdan chiqishga davogarmiz.

- Yaqinda Kolumbiyadagi mundial uchun kengaytirilgan tarkib elon qilindi. Undan 25 nafar futzalchi o'rin olgan. Sizningcha qaysi yosh futzalchi Jahon chempionatiga borishi mumkin deb o'ylaysiz? Yani biz uchun kim syurpriz bo'lishi mumkin?

- Hozircha Jahon chempionatiga kim borishi malum emas. Yakuniy tarkibni faqat bosh murabbiy aniqlaydi. Hech kim hozirda 100 foiz Kolumbiyaga boraman deya olmaydi. Yoshlar orasida 1997 yilda tug'ilgan Ilhom Hamroev o'zini ko'rsatmoqda. Asosiy tarkibda ham ko'p maydonga tushmoqda. Hamroev Jahon chempionatiga olib ketilishi mumkin deb o'ylayman. Bu faqat mening fikrim.


- O'zbekiston ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi. Sizningcha qanday natija qayd eta olamiz?
- Birinchi marta qatnashsak ham o'zimizni ko'rsatmoqchimiz. Minimum maqsadimiz guruhdan chiqish. Agar guruhdan chiqsak bu katta natija bo'ladi menimcha. Keyin bosqichma bosqich yuqoriga qarab qadam tashlashni maqsad qilib qo'yganmiz.

- So'nggi yillarda mamlakatimizda futzalga etibor qanchalik kuchaydi deb o'ylaysiz?

- Oxirgi 10 yilda futzalimiz ancha rivojlandi deya olaman. Uch marta yurtimizda Osiyo chempionati bo'lib o'tdi. Kuchli terma jamoalarga qarshi Toshkentda o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazildi. Yana bir misol ispaniyalik murabbiy Xose Mariya Mendezning yurtimizga taklif etilishi juda foydali bo'ldi. Bu inson kelgunicha boshqacha futzal o'ynalardi. U Evropa futzali havosini olib kela oldi. O'FF va O'FAning barcha rahbarlari hamda xodimlarining say harakatlari tufayli O'zbekiston o'z tarixida ilk bor futzal bo'yicha Jahon chempionatiga chiqdi.

- Mustaqilligimizning 25 yilligi arafasida turibmiz. Xalqimizga qanday tilaklaringiz bor?

- Mana Rio-de-Janeyrodagi olimpiya o'yinlarida sportchilarimiz 10dan ortiq medallarni qo'lga kiritishdi. Ular orasida oltin medallar ham borligi odamni quvontirmay qo'ymaydi. Yurtimiz madhiyasi yangrab, davlatimiz bayrog'i baland ko'tarilganida har birimizda faxr tuyg'usi kechadi. Nasib qilsa Kolumbiyadagi mundialda muvaffaqiyatli ishtirok etib yurtimiz mustaqilligiga munosib sovg'a tayyorlaymiz. O'zbekistonga bayramlar yarashadi.


Narzulla suhbatlashdi

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика