

- Afsuski, biz uchun mundial yakunlandi, bu yerda uchta o'yin o'tkazdik. Muvaffaqiyatsiz o'tgan jahon chempionati haqida nima deya olasiz? Jahon chempionati muvaffaqiyatsiz bo'ldi, degan fikrga qo'shilasizmi? Turnir jadvaliga qaraydigan bo'lsak, hisobimizda 0 ochko bor...
Kannavaro: Albatta, men muxlislarni tushunaman - ular doim jamoani olg'a boshlaydi va faqat g'alaba istaydi. Lekin shaxsan men hali qur'a tashlash marosimidayoq jahon chempionati qanchalik og'ir o'tishi mumkinligini aytgan edim. Bu qanchalik murakkab turnir ekanini juda yaxshi bilardim.
Ko'pchilik uchun bu shunday ulkan bosim ostidagi ilk tajriba bo'ldi va biz buning jabrini tortdik. Uchala o'yinda ham men o'yinchilardan o'yindan uzilib qolmaslikni so'radim, ularning elkasidagi bu yukni engillatishga harakat qildim, chunki ruhiy bosim jamoani qanchalik “qotirib qo'yishi” mumkinligini bilardim. Ammo, rostini aytsam, endi barcha futbolchilarim bunday yuqori darajada o'ynash qanchalik qiyinligini o'z tanalarida his qilib, tushunib yetishdi.
Biz bor kuchimizni ishga soldik va men uchun eng muhimi shu. Nafaqat o'yinchilar, balki men o'zim, shtabim va futbol federatsiyasi ham ajoyib tajriba orttirdik. JCHning bir qismi bo'lish qanchalik ajoyib ekanini ko'rdik. Va, albatta, kelajak uchun har birimiz yana jahon chempionatiga qaytish maqsadida o'z ustimizda ishlashimiz, tinimsiz mehnat qilishimiz kerak.
- Hozir esa, aytish mumkinki, hamma sizning mundial davomidagi eksperimentlaringizni muhokama qilmoqda. Masalan, birinchi o'yinda asosiy tarkibda Mozgovoy maydonga tushdi, keyingi o'yinda uning o'rnini Hamrobekov egalladi; boshqa o'yinlarda Nasrullaev almashtirildi va hokazo. Ko'pchilikning fikricha, bu doimiy o'zgarishlar - Kannavaroning taktik xatosi, chunki siz asosiy tarkibni jiddiy o'zgartirib, natijada 26 dan 23 nafar futbolchini o'ynatdingiz. Siz tomonga bo'layotgan tanqidlar haqida nima deya olasiz?
Kannavaro: Albatta, axir men bosh murabbiyman. Mening yagona afsuslanadigan narsam - uchta futbolchiga maydonga tushish imkoniyatini bera olmaganim bo'ldi. Men o'yinchilarni almashtirganimning sabablaridan biri shuki, turnirgacha va uning davomida jarohatlar bilan bog'liq muammolarimiz ko'p edi, bazi yigitlarda esa so'nggi to'rt oyda barqaror o'yin amaliyoti bo'lmagandi. Tushunasizmi, futbolda doim shunday: bir futbolchi o'rniga boshqasini tushirsangiz, odamlar uchinchisi o'ynashi kerak edi, deydi. Lekin men o'zim bilan olib ketgan barcha futbolchilarga ishonaman. Ular jamoada edi, chunki men ularning yaxshi saviya ko'rsata olishini bilardim. Men har biriga imkoniyat berdim. Va, albatta, agar natija qoniqarsiz bo'lsa, bu har doim mening xatoim bo'ladi, chunki bosh murabbiy menman.
Men barcha tanqidlarni qabul qilaman, lekin hammasi yomon bo'ldi, deb hisoblamayman. Biz ulkan tajriba to'pladik. Biz futbolimizni yaxshilashga, o'yinchilarga yangi g'oyalarni singdirishga harakat qildik. Uchrashuvlarning ayrim qismlarida biz juda yaxshi futbol namoyish etdik: Kolumbiyaga qarshi o'yinni yoki Kongoga qarshi o'tgan so'nggi bahsni eslang, uning birinchi bo'limi shunchaki ajoyib o'tgan edi. Ha, Portugaliyaga qarshi o'yin og'ir kechdi, lekin ishoning, futbolchilar maydonda bor kuchlarini berib o'ynashdi. Men uchun eng muhimi shu. Tanqid esa - tabiiy hol. Men murabbiyman, odamlar baribir norozi bo'laveradi: kulib turamanmi yoki aksincha, kayfiyat yo'q bo'lib.
- Xo'sh, jahon chempionati biz uchun yakunlandi, bu endi tarixga aylandi. Navbatdagi katta maqsad - Osiyo kubogi. Menda shunday savol bor: Srechko Katanets boshqaruvida to'rt yil davomida biz uchta markaziy himoyachi bilan ko'proq himoyaviy uslubda o'ynashga ko'nikib qolgandik. Keyin esa Kapadzeda nimadir o'zgartirish uchun deyarli vaqt bo'lmadi, o'zingiz ham faoliyatingiz boshida hamma narsani tubdan o'zgartirmoqchi emasligingizni aytgansiz. Osiyo kubogida Kannavaro jamoasidan nima kutsa bo'ladi? 3-4-2-1 sxemasining boshqasiga o'zgarishiga guvoh bo'lamizmi? Chunki hozircha biror o'zgarish ko'rmadik.
Kannavaro: Kelajakda albatta yangiliklar qilishga harakat qilamiz. O'ylaymanki, bu tabiiy jarayon. Hozir bizga bazi o'zgarishlar zarur. Shu bilan birga, taktik sxema o'zgargan taqdirda ham, asosiy vazifamiz o'sha-o'sha bo'lib qolaveradi - biz o'yin sifatini oshirishimiz, uchrashuv borishini nazorat qilishimiz va so'nggi soniyalargacha diqqatimizni jamlashimiz lozim.
Turnirning yana bir muhim sabog'i shuki, biz o'yinlarning so'nggi o'n daqiqasida ikki yoki uchta gol o'tkazib yubordik. “O'yin oxirigacha hushyorlikni saqlash” deganimda aynan shuni nazarda tutyapman - bu darajada so'nggi daqiqalardagi bo'shashganlik uchun darhol jazolashadi. Sentyabr oyida yana yig'ilamiz, ishimizni davom ettiramiz va o'zgarishlar kiritishni boshlaymiz. Agar jahon chempionati biz uchun bebaho tajriba bo'lgan bo'lsa, Osiyo Kubogi bizning aniq maqsadimizdir.
Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi



