"CHig'atoy"da tahsil olgan, Eden Azarga qarshi o'ynagan tojikistonlik yosh murabbiy bilan suhbat
08 noy 2018 12:14
Yangiliklar
"CHig'atoy"da tahsil olgan, Eden Azarga qarshi o'ynagan tojikistonlik yosh murabbiy bilan suhbat
Bugungi kunda bu jamoada darvozabonlar murabbiyi sifatida Farrux Berdiev ishlab kelmoqda. 1991 yilda tug'ilgan murabbiy futbol sir-asrorlarini Toshkentdagi "CHig'atoy" futbol maktabida olgan ekan. U 2007 yil Tojikiston o'smirlar terma jamoasi safida U-17 Jahon chempionatida ishtirok etishga muvaffaq bo'lgan. Biz fursatdan foydalanib Farrux Berdiev bilan suhbatlashishga qaror qildik. Ushbu suhbatni tashkil etishda "Bunyodkor" klubi menejeri Ulug'bek Mirzaev va "SHo'rtan" klubi matbuot xizmati boshlig'i Tolibjon Qosimovga minnatdorchilik bildiramiz.
- Assalomu alaykum, O'zbekistonga xush kelibsiz. Siz Toshkentdagi "CHig'atoy" futbol maktabi tarbiyalanuvchisi ekansiz. SHu haqda so'zlab bersangiz, buning tarixi qanday bo'lgan?
- Mehmondo'st O'zbekiston xalqiga alangali salom. 2002 yilda Fahriddin SHaripov va Doston Mamerov bilan birga Toshkentda "CHig'atoy"ga olib kelgandi. Birinchi ushbu maskanda AHmad Ubaydullaev qo'l ostida tahsil olganman. Keyinroq Gennadiy Denisov, Murod Aliev, Marat Kabaev, Sergey Arslonov boshchiligida ham futbol o'ynaganman. So'ngra bu erdagi o'qishni tugatib Tojikistonga qaytib o'smirlar, yoshlar, olimpiya va milliy terma jamoa darajasida o'ynadim.
- "CHig'atoy"da qaysi mashhur futbolchilar bilan birga o'ynagangiz biz uchun qiziq.
- Bugungi kunda "Lokomotiv" safida o'ynayotgan Sanjar SHoahmedov, Yaponiyada faoliyat olib borayotgan Fozil Musaev, shuningdek Sunnatilla Mamadaliev, Sanat SHixov, Ivan Nagaev, Suhrobjon Sultonov va boshqa bir qator futbolchilar bilan o'ynaganman.
- Tojikiston o'smirlar terma jamoasi 2007 yilda Janubiy Koreyada bo'lib o'tgan U-17 Jahon chempionatida ishtirok etishga muvaffaq bo'lgan edi. Mana shu mundialdan qanday xotiralar qolgan?
- 2006 yilda bo'lgan Osiyo CHempionatida qatnashish menga nasib qilmagan. Lekin 2007 yilgi mundialda ishtirok etishga muvaffaq bo'lganman. Guruhdagi ilk uchrashuvda AQSH terma jamoasiga qarshi maydonga tushganmiz. 2:3 hisobida yutqazib turib, so'nggi daqiqalarda ikkita gol urib 4:3 hisobida g'alaba qozonganmiz. Ikkinchi tur Belgiyaga qarshi o'tgan. Evropa jamoasi safida Eden Azar va Kristian Benteke kabi futbolchilar o'ynashgani yodimda. Aynan Benteke zaxiradan maydonga tushib so'nggi daqiqalarda men qo'riqlayotgan darvozaga g'alaba to'pini urgandi. Guruhdagi oxirgi o'yinda Afrikaning Tunis jamoasi bilan o'ynaganmiz. O'zbek futbol muxlislari va jurnalistlari juda yaxshi taniydigan Yusuf Msakni bu o'yinda bizga gol urgan edi. Msakni "Lahviya" safida Osiyo chempionlar ligasida bir necha bor o'zbek klublariga qarshi o'ynagan. SHu tariqa 3-o'rinlar orasida eng yaxshi natijaga erishib 1/8 finalga chiqqandik. Bu bahsda 1:1 hisobi qayd etildi va penaltilar seriyasidagina imkoniyatni boy berib qo'ygandik.
- Adashmasam bu Tojikiston uchun birinchi mundial bo'lgan. 2011 yilda O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Meksikadagi Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelgach ushbu jamoa azolariga "Spark" avtomobillari sovg'a qilingan edi. Sizlarga mundialdan so'ng qanday etibor bo'lgan?
- Jahon chempionatidan so'ng biznin jamoani ajoyib tarzda kutib olishgandi. Futbolchilarga katta miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlashgan. Yil so'nggida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon eng yaxshi sportchilar qatorida butun jamoamizni taqdirlagan edilar.
- Janubiy Koreyadagi Jahon chempionatiga nima berdi deb o'ylaysiz?
- Tojik futboliga ko'p narsa berdi. Mamlakatimizda futbol yanada rivojlandi. O'sha paytda futbolga qiziqish yangi darajaga chiqdi va uning mevasi shu yil ko'rinmoqda. Yaqindagina Tojikiston o'smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatida vice-chempion bo'ldi va keyingi yil Peruda bo'ladigan U-17 Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. 2007 yilgi mundialda qatnashgan Nuriddin Davronov, Fatxullo Fatxulloev, Manuchexr Jalilov, Farxod Toxirov, Eradj Rajabov kabi futbolchilar bugungi kunda Tojikiston milliy terma jamoasi o'zagi hisoblanadi.
- Siz 27 yoshdasiz. Odatda darvozabonlarning faoliyati uzoq davom etadi. Siz esa darvozabonlar murabbiyi bo'lib ishlayapsiz. Faoliyatingizni erta yakunlashingizga nima sabab bo'lgan?
- Futbolchilik faoliyatimni barvaqt yakunlashimga jarohat sabab bo'lmagan. 2014 yil boshida No'monjon Yusupov "Xo'jand" klubiga taklif etgan. 2015 yil avvalida bosh murabbiy menga o'zimni o'ynovchi darvozabonlar murabbiyi sifatida sinab ko'rishimni taklif qildi. 2015 yildan boshlab murabbiylik faoliyatim boshlandi. O'sha yil "Xo'jand" klubi 9 yildan so'ng ikkinchi o'ringa qaytdik.
- O'zbek futbolini kuzatib kelayotgan murabbiy sifatida ikki davlat chempionatlarini taqqoslay olasizmi?
- Bo'sh vaqtimizda Bekobodga kelib turamiz. Klubimiz bosh direktori va boshqa murabbiylar bilan birga "Metallurg" klubi uy o'yinlariga tashrif buyurib turamiz. SHu o'rinda ikkala davlat Prezidentlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Sababi chegaralar ochilgach mana shunday imkoniyatlar yuzaga keldi va qo'shni davlat futbol o'yinini ko'rib ketish juda oson bo'lib qoldi. Savolingizga kelsak, bizda asosiy urg'u jismoniy tayyorgarlik va oxirigacha kurashga etibor qaratiladi. O'zbekistonda esa asosan texnikaga asoslangan futbol namoyish etiladi.
- O'z vaqtida bir qator tojikistonlik futbolchilar O'zbekiston oliy ligasida o'ynagan. "Neftchi" va "Andijon"da SHuhrat SHamsiev, "Andijon" va "Buxoro"da Toxir Mo'minov, "Dinamo"da SHuhrat Jabborov, "Yangier" va "Qizilqum"da Zokir Berdiqulov, "Nasaf"da o'ynagan Baxtiyor Xoliqov darvozabon Alisher To'ychiev va boshqalar. Ular hozirgi kunda nima bilan shug'ullanishmoqda?
- SHuhrat SHamsiev bugungi kunda "Istravshan" klubini birinchi ligadan oliy ligaga olib chiqdi. Keyingi yil ushbu klub oliy ligada o'ynaydi. Alisher To'yichev hozir Tojikiston futbol Federaciyasi akademiyasida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda. Toxir Mo'minov "CSKA Pomir" klubi bosh murabbiyi bo'lib ishlamoqda. Zokir Berdiqulov va Baxtiyor Xoliqov "Ist Ravshan" klubida selekcioner murabbiy bo'lib ishlamoqda.
- O'zbekiston Superligasida deyarli barcha klublar davlatga tegishli. Tojikistonda vaziyat qanday?
- Tojikistonda barcha klublar davlatga qarashli. Masalan, "Xo'jand" klubining bosh homiysi So'g'd viloyatining hokimiyati hisoblanadi. Tojikiston alyumin zavodi "Regar-TadAZ"ning bosh homiysi, "Tajik Air" milliy aviakompaniyasi "Istiqlol" klubiga homiylik qiladi.
- So'nggi 10 yilda O'zbekistonda bir nechta yangi stadionlar qurildi. Ko'plab stadionlar qayta tamirlandi. Tojikistonda stadionlar holati qay darajada?
- Bizda ham xuddi sizlarda bo'lgani kabi yangi stadionlar qurildi. Masalan "Istravshan" klubi, Hisorda 2015 yilda yangi, zamonaviy va xalqaro talablarga javob beradigan stadion qurib bitkazildi. Bu erda "Barkchi" klubi o'z uy o'yinlarini o'tkazib kelmoqda. Bundan tashqari "Xo'jand" stadioni ham yangi hisoblanadi. Tojikiston chempionatiga muxlislar tashrifi yaxshi darajada. O'zim ishlayotgan "Xo'jand" klubi o'yinlariga 5-10 ming tomoshabin keladi. Markaziy o'yinlar bo'lsa 12 ming muxlis keladi.
- OAV orqali kimlarga minnatdorchilik bildirmoqchisiz?
- O'zbekistondagi barcha murabbiylarimga va do'stlarimga salom yo'llayman. SHuningdek, Qarshining "Nasaf" klubi, xususan ushbu klub darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankovga rahmat aytaman. SHu yil chempionatda tanaffus yuzaga kelgan paytda ushbu murabbiy yordamida mahoratimni oshirdim.
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Fikrlar