Buyuklar ekzotik mamlakatlarda: kimlar Qatar, BAA, Yaponiya va Hindistonda o'ynashgan?
02 jan 2023 11:53
Yangiliklar
Buyuklar ekzotik mamlakatlarda: kimlar Qatar, BAA, Yaponiya va Hindistonda o'ynashgan?
Krishtianu Ronaldu va klublar miqyosidagi top-futbol tushunchasi tarixda qolganga o'xshaydi. 37 yoshli portugaliyalik Saudiya Arabistonining "Al-Nassr" klubi bilan 2,5 yillik shartnoma imzoladi. Yana qaysi buyuk futbolchilar faoliyatlarini yakunlash uchun ekzotik joylarni tanlashgan?
Oldindan aytib qo'yaylik: keksa avlod uchun AQSHni ham ekzotik deb hisoblaymiz, sababi o'sha paytdagi Amerika ligasi hozirgi MLS bilan taqqoslab bo'lmaydigan darajada kamtar edi.
Pele ("Nyu-York Kosmos", AQSH)
Futbol qiroli 35 yoshida AQSHni zabt etishga yo'l oldi. Uning jamoasi hozirda mavjud bo'lmagan SHimoliy Amerika futbol ligasidagi hozirda tugatilgan "Nyu-York Kosmos" bo'ldi. Pelening faoliyati muvaffaqiyatli kechdi (64ta o'yinda 37ta gol). Braziliyalik futbolchi shubhasiz AQSHda futbolning ommalashuviga o'z hissasini qo'shdi.
Bobbi CHarlton ("Blektaun Siti", Avstraliya)
Afsonaviy forvard 1973-yilda MYUdan ketganidan so'ng avvaliga "Preston"da o'ynadi, so'ngra sayohatga yo'l oldi. Bobbi 1976-yilda Hindistonning "Arkadiya SHeperds"da o'ynadi, so'ngra faoliyatini Avstraliyaning "Nyukasl KB Yunayted" va "Blektaun Siti" jamoalarida o'ynab yakunladi.
Gerd Myuller ("Fort-Loderdeyl Straykers", AQSH)
Myuller 1979-yilda "Bavariya"dan ketdi va AQSHga yo'l oldi. U okean ortida uch mavsum "Fort-Loderdeyl Straykers" jamoasi sharafini himoya qildi. Myuller 1980-yilda o'z jamoasi bilan birgalikda Sokker Boul finaliga chiqdi va unda "Nyu-York Kosmos"ga imkoniyatni boy berdi. Gerd "Straykers" safida 80ta o'yinda 40ta gol urdi.
Eysebio ("Nyu-Jersi Amerikans", AQSH)
JCH-1966 bronza medali sohibi 1975-yilda "Benfika"dan ketganidan so'ng uch yilda ettita klub safida o'ynashga ulgurdi, ular orasida bitta Meksika va to'rtta Amerika jamoasi bor edi. Eysebio 1978-yilda o'sha paytda Amerikaning ikkinchi ligasida ishtirok etuvchi "Nyu-Jersi Amerikans" klubida faoliyatini yakunladi.
Jorj Best ("Tobermor Yunayted", SHimoliy Irlandiya)
Best 1974-yilda MYUdan ketdi va keyingi 10 yilda 16ta (!) klub almashtirdi. Jorj AQSH, SHotlandiya, ikki Irlandiya, Avstraliya va hatto Gonkongda o'ynashga ulgurdi. Best faoliyatidagi so'nggi rasmiy o'yinini 1984-yilning fevralida SHimoliy Irlandiyaning "Tobermor Yunayted" jamoasi safida o'tkazdi.
Gari Lineker ("Nagoya Grampus", Yaponiya)
Lineker faoliyatinining oxirida Yaponiyaga yo'l oldi. U o'sha paytda biror marta chempion bo'lmagan "Nagoya Grampus" jamoasi libosini kiydi. Gari "Nagoya" safida 24ta o'yinda 8ta gol urishga erishdi.
Mario Kempes ("Pelita Jaya", Indoneziya)
Argentina uchun g'alabali bo'lgan JCH-1978da porlagan Kempes faoliyatining katta qismini Evropada o'tkazgan. Mario anchagina uzoq vaqt mobaynida Ispaniya va Avstriyada o'ynagan, 42 yoshida esa kutilmaganda mahalliy "Pelita Jaya" (u hozirda "Madura Yunayted" deb ataladi) klubida faoliyatini yakunlash uchun Indoneziyaga yo'l olgan. Kempes Indoneziyada 15ta o'yinda 10ta gol urgan holda shov-shuv ko'tarishga muvaffaq bo'ldi.
Lotar Matteus ("Nyu-York Red Bullz", AQSH)
39 yoshli Matteus "Bavariya"dan ketganidan so'ng bir mavsumga "Nyu-York Red Bullz" (klub o'shanda "Nyu-York MetroStarz" deb nomlangan)ga yo'l oldi. Nemis o'sha erda faoliyatini yakunladi.
Gabriel Batistuta ("Al-Arabi", Qatar)
34 yoshli Batistuta 2003-yilda pul ishlab olish uchun Qatarning "Al-Arabi" jamoasiga ketdi. Gabriel shunchaki nomiga harakat qilmadi, balki jamoa uchun borini berdi. U umumiy hisobda 22ta o'yinda 30ta gol urdi. Vau!
Rivaldo ("Moji-Mirin", Braziliya)
Rivaldo katta faoliyatini 2003-yilda "Milan"dan ketganidan so'ng yakunladi. Braziliyalik shundan so'ng tasirli tripni amalga oshirdi – u Greciyaning AEK va "Olimpiakos", O'zbekistonning "Bunyodkor" va Angolaning "Kabushkorp" jamoalari liboisini kiydi. Faoliyatini 43 yoshida Braziliyaning "Moji-Mirin" jamoasida yakunladi.
Alessandro Del Pero ("Deli Daynamos", Hindiston)
Alessandro "Yuventus"dagi 19 yildan so'ng avvaliga Avstraliyaning "Sidney" (48ta o'yinda 24ta gol) jamoasiga bordi, keyinchalik esa Hindistonning "Deli Daynamos" (10ta o'yinda 1ta gol) klubida 38 yoshida faoliyatini yakunladi.
Roberto Karlos ("Deli Daynamos", Hindiston)
Braziliyalik himoyachi "Real"dan 2007-yilda 34 yoshida ketdi. SHundan so'ng "Fenerbaxche"da uch yil, "Korintians" va "Anji"da bir yildan o'ynadi. SHu bilan barchasi tugagandek ko'rindi, ammo afsonaviy braziliyalik 2015 yilda "Deli Daynamos"da uchta o'yin o'tkazish uchun qaytdi.
Samuel Eto'O ("Qatar SK")
Samuel 35 yoshigacha yaxshi darajada o'ynadi. Bunga hatto "Anji"dagi ikki yillik faoliyat ham halaqit bermadi. Eto'O 2015-yilda Turkiyaga yo'l oldi, u erda uch yil ichida "Antalyaspor" va "Konyaspor" jamoalarida harakat qildi. Hujumchi faoliyatiga Qatarning "Qatar SK" jamoasida yakun yasadi, u arab jamoasida 17ta o'yinda 6ta gol urdi.
Fernando Torres ("Sagan Tosu", Yaponiya)
Ispaniyalik forvard faoliyatini yakunlash uchun noodatiy Yaponiyani tanladi. Torres "Sagan Tosu"da bir mavsum o'ynadi. Ammo, natijalar yorqin emas, "El Nino" 35ta o'yinda 5ta gol urishga erishdi.
Xavi "Al-Sadd", (Qatar)
Xavi o'zining jonajon klubi bo'lmish "Barselona"dan 2015-yilda ketdi va Qatarning "Al Sadd" jamoasiga borib qo'shildi. Pleymeyker u erda 4 yil o'ynadi, faoliyatini yakunlaganidan so'ng darhol bosh murabbiyga aylandi. Hozirda esa "Barselona" ustozi hisoblanadi.
Fabio Kannavaro ("Al-Ahli", BAA)
Afsonaviy italiyalik himoyachi ham faoliyatini Yaqin SHarqda BAAning "Al-Ahli" jamoasi sharafini himoya qilgan holda yakunladi. U murabbiylik faoliyatini ham o'sha erda boshladi va 2013/14 yilgi mavsum assistent rolini bajardi. Qizig'i, italiyalik bir muncha vaqtdan so'ng "Al-Nasr" bosh murabbiyiga aylandi.
Sports.ru saytidan Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar