Bugun tug'ilgan kunini nishonlayotgan insonga bag'ishlanadi
05 avg 2018 11:29
Yangiliklar
Bugun tug'ilgan kunini nishonlayotgan insonga bag'ishlanadi
Quyida Abramovning faoliyati haqida so'z boradigan maqola o'tgan yil ham chiqqandi. Bugun bayram munosabati bilan yana shu maqolani bazi joylarini o'zgartirgan holda berishga qaror qildik. Zero, Abramov o'zbek futbolida hurmatga loyiq shaxslardan biri. SHu bois ikki og'iz tabriklaymiz deyishdan tashqari maqola orqali uning hayot yo'liga nazar tashlab o'tamiz.
Kirishib ketuvchan inson
Avvalo shuni aytish lozim, Vadim Abramov hamma bilan tezda kirishib keta oladi. To'g'ri, o'zbek tilidagi talaffuzi yaxshi emas, buni tushunsa bo'ladi. Lekin siz ruschani bilsangiz-u va ko'cha-ko'yda Abramovni uchratib qolsangiz, u garchi shoshib turgan bo'lsa-da bemalol suhbatlashib olishingiz mumkin. Abramov odamlar bilan muloqot qilishni xush ko'radi, teran so'z boyligiga ega hamda futbolni chuqur tushunadi.
Abramov futbol o'ynaganmi?
Ko'pchilik Vadim Abramovni murabbiy sifatida biladi. U o'z vaqtida mashhur futbolchi bo'lmagan, ammo o'rtamiyona o'yinchi darajasida to'p tepgan. 1962 yil Bokuda tug'ilgan Abramovning ilk jamoasi Eduard Oganesov boshqaruvidagi “Neftchi-2” klubi bo'lgandi. Yosh Vadim 1979 yil Ukrainaning “Tavriya” klubiga yo'l oladi, biroq asosiy tarkibda o'ynab keta olmaydi.
1981-83 yillarda Abramov sobiq ittifoq armiyasida harbiy xizmatni o'tash uchun Afg'onistonga borib keladi. Armiyadan qaytgach Abramov taqdir taqozosi bilan O'zbekistonga keladi va Evgeniy Valickiy boshqarayotgan “Narimonovchi” klubida to'p tepa boshlaydi. Keyinchalik bo'lajak murabbiy Jizzaxning “Yoshlik”, Xalqobodning “Sohibkor” jamoalarida to'p tepadi va futbolchilik faoliyatining oxirgi qismini 1988 yil “Kosonsoy”da o'tkazadi.
Murabbiylikdagi ilk qadamlar
Futbolchi sifatida unchalik omadi kelmagan, tez-tez jamoa almashtirib yurgan Abramov 26 yoshida butsalarini mixga iladi va o'zini murabbiylikda sinab ko'rishga qaror qiladi. Albatta, birdaniga murabbiy bo'lib ketish oson kechmagan. SHu bois ishni dastlab jamoa mamurligidan boshlashni maqul ko'rgan. 1988-1991 yillarda Abramov avvaliga “Paxtakor” klubida mamur (administrator) bo'lib ishlaydi. Bu orada sobiq ittifoq parchalanib, O'zbekiston mustaqil davlat deb elon qilinadi.
Abramov shu erda qolishni maqul ko'rib, ishlash uchun Farg'onaga yo'l oladi. Abramov Farg'onaga borgach “Neftchi” bosh murabbiyi Yuriy Sarkisyanga yordam bera boshlaydi va besh yilni mana shu klubda o'tkazadi. “Neftchi” mana shu vaqt oralig'ida to'rt marta O'zbekiston chempioni bo'ladi, bir marta Kubokni qo'lga kiritadi. Aytgancha, Abramov 1993 yil biroz muddat Malayziya chempionatida ham to'p tepgan, shuningdek u yoqdan qaytgach Toshkentning MHSK klubi bilan shartnoma imzolab, to'qqizta o'yinda maydonga tushgan.
Mustaqil faoliyatning boshlanishi
Yuriy Sarkisyan yonida ishlab katta tajriba to'plagan Abramov 2000 yildan boshlab mustaqil ishlay boshlaydi. U o'sha paytlari Toshkent shahar ikkinchi ligasida qatnashib kelayotgan “NBU-Osiyo”ni qabul qilib oladi. Aytish mumkinki, Vadim Abramovning bosh murabbiy sifatidagi ilk jamoasi aynan “NBU-Osiyo” bo'lgan. U birinchi mavsumidayoq jamoani birinchi ligaga olib chiqadi.
“Bankchilar” klubidagi uch yillik faoliyatdan so'ng murabbiyga “Traktor” qiziqish bildiradi. Abramov 2003 yil “Traktor” bosh murabbiyligiga tayinlangan bo'lsa, tez orada oliy liganing o'rtamiyona klubi bilan muvaffaqiyatga erishadi. Jamoa oliy ligada to'rtinchi o'rinni egallaydi, qolaversa 2004 yil “Traktor” O'zbekiston Kubogi finaliga yo'l olib hal qiluvchi bahsda “Paxtakor”ga 2:3 hisobida mag'lub bo'ladi.
Terma jamoalardan taklif
Abramovning “Traktor”da erishayotgan natijalarini diqqat bilan kuzatib borgan O'FF rahbariyati uni 2007 yil O'zbekiston yoshlar terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlaydi. Jamoa oldiga 2008 yil Pekin olimpiadasiga yo'llanmani qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgandi. Olimpiada o'yinlarining saralash bosqichida futbolchilar Abramov qo'l ostida ikkita o'yinda ham Tojikistonni mag'lub etadi. Terma jamoamiz ikkinchi saralash bosqichida Janubiy Koreya, BAA va Yaman bilan bir guruhda joy oladi.
Koreyaliklarga ikki o'yinda mag'lub bo'lgan yurtdoshlarimiz boshqa bellashuvlarda g'alaba qozongan holda saralashning final bosqichiga yo'l olishadi. Ammo oxirgi bosqichda omad Abramovdan yuz o'giradi: bo'lajak olimpiyachilarimiz saralash o'yinlarida Bahrayn, Suriya va Janubiy Koreyani mag'lub eta olmay oxirgi o'rinda qolib ketishadi. Natijada bosh murabbiy istefoga chiqariladi. SHundan so'ng Abramov yana klubga qaytadi. U “Lokomotiv”ni qabul qilib oladi-yu, biroq katta yutuqlarga erisha olmaydi. 2008 yil sakkizinchi, 2009 yilgi mavsumda esa 6-o'rin bilan cheklanadi.
Qatardagi mo'jiza
Hech ikkilanmay O'zbekiston terma jamoasining 2011 yil Osiyo chempionatidagi ishtirokini “Qatardagi mo'jiza” deb atash mumkin. CHunki terma jamoamiz bu musobaqada yarim finalga qadar etib borib yakunda to'rtinchi o'rin bilan cheklangandi. Muxlislar jo'shqiniga sabab bo'lgan voqea aynan Vadim Abramov murabbiylik qilgan paytda yuz bergan. Osiyo Kubogi 2011 yilning yanvarida bo'lib o'tganidan xabaringiz bor. Bungacha esa 2010 yilning aprel oyida Vadim Abramov milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Bundan ko'pchilik hayratga tushadi: chunki Abramov bungacha O'zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan maqsadga erisha olmagan, axir qanday qilib milliy terma jamoani topshirib qo'yish mumkin?
Ammo Abramov eng shimarib ishga kirishadi. U ellikdan ziyod futbolchini ko'rikdan o'tkazadi va yakunda o'zi xohlagan tarkibni Qatarga olib ketadi. Birinchi o'yin musobaqa mezbonlariga qarshi edi: hayajon yuqori, o'yinni TV orqali hamma ko'radi. Lekin omad biz tomonda bo'lib, vakillarimiz 2:0 hisobida zafar quchadi. Keyingi tur Quvayt mag'lub etiladi va uchinchi turda Xitoy bilan durang o'ynagan jamoamiz guruhda birinchi o'rinni egallagan holda chorak finalga yo'l oladi. CHorak finalda Iordaniya ham dog'da qoldiriladi. Ammo yarim finalda Avstraliya bizni “yanchib” tashlaydi - 6:0. Uchinchi o'rin uchun kechgan bahsda esa futbolchilarimiz Janubiy Koreyaga yutqazib qo'yishadi. SHunga qaramay, O'zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogidagi ishtiroki ijobiy baholanadi va mavsum yakunida Vadim Abramov “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topiladi.
London olimpiadasi uchun harakat
2011 yil yozida O'zbekiston olimpiya terma jamoasi London olimpiadasi yo'lida o'z ishtirokini boshlaydi. Milliy terma jamoadagi muvaffaqiyati sabab Vadim Abramovga olimpiya terma jamoasi ham ishonib topshiriladi. Olimpiyachilar o'tish bosqichida Gonkongni ikkala o'yinda ham qiyinchiliksiz mag'lub etishadi. Keyinchalik guruh uchrashuvlariga qura tashlanadi va O'zbekiston o'z guruhida Avstraliya, BAA va Iroq bilan joy oladi.
Saralash bahslari biz uchun hartugul yaxshi boshlanadi. Lekin hal qiluvchi o'yinlar yaqinlashganda yana omad yuz o'gira boshlaydi. SHunday bo'ladiki, hammasi o'z maydonimizda kechadigan BAA bilan o'yinga bog'liq bo'lib qoladi. “Jar” stadionida bo'lib o'tgan bellashuvda futbolchilarimiz 2:0 hisobida oldinda borayotib, yakunda 2:3 hisobida yutqazib qo'yishadi va to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmadan quruq qolishadi. Keyinchalik Osiyo uchun o'tish o'yinida futbolchilarimiz Ummon va Suriya to'sig'idan o'ta olishmaydi.
JCH yo'llanmasi uchun kurash
Olimpiya terma jamoasi o'z oldiga qo'yilgan vazifani uddalay olmaganidan so'ng Abramov istefoga chiqariladi, lekin murabbiy milliy terma jamoani boshqarishda davom etadi. Oldinda yangi va yangi vazifalar turar va ular orasida eng muhimi terma jamoani 2014 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish edi. “S” guruhida saralash bosqichiga kirishgan O'zbekiston Yaponiya, KXDR va Tojikistonga qarshi bahs olib boradi. Albatta, bu "o'lim guruhi" edi, negaki yaponlar va koreyslar to'sig'idan o'tish oson emasdi.
Guruhimizda aslida Tojikiston o'rniga Suriya bo'lishi kerak edi, biroq bazi sabablarga ko'ra tashkilotchilar Suriyani saralash o'yinlaridan chetlatishadi. Abramov boshchiligida harakat qilgan yurtdoshlarimiz saralash o'yinlarida yaxshi natija ko'rsatishadi. Esingizda bo'lsa, o'sha yil biz tarixda ilk marta safarda Yaponiyani yutib qaytgandik. Ammo saralash bosqichining hal qiluvchi raundidagi o'yinlar oson kechmaydi. Toshkentda Eron bilan kechgan o'yinda Abramov shogirdlari 0:1 hisobida yutqazib qo'yishadi, buning ustiga yaponiyalik hakam Yuichi Nishimura Odil Ahmedovning toza golini hisobga olmaydi. Natijada o'yindan ertasi kuniyoq Abramov istefoga chiqaradi.
Klub faoliyatiga qaytish
Xalqaro o'yinlardan toliqqani uchunmi Abramovga biroz tatil kerak edi. SHu bois murabbiy bir yarim yil futboldan chetda yuradi va 2014 yilning fevraliga kelib “Lokomotiv”ni qabul qilib oladi. O'sha yili jamoa uchun hartugul muvaffaqiyatli kechadi. “Loko” Abramov boshchiligida O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritadi va milliy chempionatda ikkinchi o'rinni egallaydi. Keyingi mavsum ham “temiryo'lchilar” uchun Superkubokni qo'lga kiritish bilan boshlanadi. “Bunyodkor” stadionida kechgan bellashuvda “Paxtakor” 4:0 hisobida mag'lub etiladi.
Ammo “Lokomotiv” Osiyo chempionlar ligasida o'zini ko'rsata olmaydi, jamoa garchi o'z maydonida Qatarning “Al Sadd” klubini 6:2 hisobida mag'lub etgan bo'lsa-da, ichki birinchilikda chempionlik bo'la olmaydi. Jamoa safarda “Qo'qon-1912” bilan 2:2 o'ynagach, Abramov ishdan bo'shaydi. SHundan so'ng Vadim Karlenovichning murabbiylik faoliyatida yana tanaffus ro'y beradi. Keyinchalik esa "Neftchi" taklifini qabul qiladi.
O'zbek futbolida iz qoldirgan shaxs
Albatta, Vadim Abramov o'zbek futbolida iz qoldirgan murabbiylardan biri. U ham terma jamoalar, ham klublar miqyosida bir qator yutuqlarga erishgan. Xususan Osiyo Kubogi-2011dagi hayajonli o'yinlarni muxlislar haligacha maroq bilan eslaydi. O'shanda terma jamoamiz bu murabbiy qo'l ostida chindan ham chiroyli futbol namoyish etgandi. SHundan beri oradan vaqt o'tdi, Abramov faoliyatida ham bir qator voqealar ro'y berdi. U "Neftchi"dan ketganidan beri hozircha ishsiz yuribdi. Bu orada tushunarsiz sababga ko'ra futboldan chetlatilib keyin yana qaytarildi. Darvoqe, nima sababdan chetlatilganini Abramovning o'zi ham haligacha tushunmaydi.
Fikrlar