Bugun boshlanadi. Braziliya - Xorvatiya. Prevyu
12 iyu 2014 11:58
Yangiliklar
Bugun boshlanadi. Braziliya - Xorvatiya. Prevyu
O'yin haqida to'xtaladigan bo'lsak, unda Braziliyaning imkoniyati yuqoriroq baholanyapti. CHunki mezbon har qanday holatda ham mezbon, unga muxlislar va vatan ko'magi sezilib turadi. Lekin Xorvatiyaning shunchaki taslim bo'lishini kutish ham mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Niko Kovach shogirdlari bugun syurpriz taqdim etishga harakat qilishadi. Bizni keskin uchrashuv kutib turganiga shubha qilmasak bo'ladi.
Braziliyaning oxirgi o'rtoqlik o'yinida himoyadagi muammolar yaqqol ko'zga tashlandi. Xorvatlar qarshi hujumlarda juda yaxshi o'ynashadi. Skolari oldida aynna shu kamchilikka barham berish vazifasi turibdi. Mehmonlar esa doimgidek pressing va tezkor harakatlarga asoslangan o'yinlarini namoyish etishsa kerak.
Braziliyada darvozani Julio Sezar egallashi, himoyada Marselo, David Luiz, Tiago Silva va Dani Alvesh maydonga tushishi kutilyapti. Ehtimol, himoya markazida Dantega joy topilib qolar. Yarim himoya markazida Paulino va Luis Gustavo, oldinroqda Oskar, qanotlarda Neymar va Xalk o'ynasa, hujumda Fred to'p tepadi. Agar Skolari keskin o'zgarishlarga qo'l urmasa.
Niko Kovach esa darvozani qo'riqlashni “Rostov” posboni Pletikosaga topshirishi 99 foizga aniq. Himoyada Vrsalko, CHorluka, Lovren va Srnaning o'ynashi taxmin qilinmoqda. Pranichda jarohat bor, Strinich JCHdan chetda qolib ketishgan. Xorvatlarning yarim himoyasiga esa grand termalar ham havas qilsalar arziydi. “Desima” asoschilaridan biri Modrich, Evropa Ligasi g'olibi Rakitich va “Inter” kelajagi Kovachich. Hujumchilar yaqin hududda Perishich, Eduardo va Elavich harakat qilishi mumkin. Balki, ulardan biri o'rniga Olich maydonga tushar. Mehmonlardan Manjukich saralash bahslarida olgan qizil kartochkasi tufayli o'ynay olmaydi.
Bu jamoalar 2006 yilgi mundial guruh bahslarida ham to'qnash kelishgandi. O'shanda Kakaning yagona goli evaziga “Selesao” zafar quchgandi.
Faktlar
Mezbon jamoa JCHlar tarixida birinchi o'yinni yutqazmagan. 14 g'alaba va 6 durang qayd etilgan.
Braziliya ochilish bellashuvida Meksikani 1950 yil 4:0 hisobida mag'lub etgan.
Braziliya barcha mundiallarda ishtirok etayotgan yagona jamoa bo'lib qolmoqda.
Braziliya oxirgi marta JCH guruh bosqichida 1998 yil Norvegiyaga 1:2 hisobida yutqazgan. Gruuhda oxirgi 9 uchrashuvning 8tasida g'alaba qozongan.
Xorvatiya JCHda 13 bahsda 11 to'p o'tkazib yuborgan. Har bir bellashuvga o'rtacha 0,85tadan. Ushbu mundialda qatnashayotgan jamoalar orasidagi eng yaxshi ko'rsatkich aynan xorvatlarga tegishli.
BRAZILIYA – XORVATIYA
San Paulo. “Korintians” stadioni. 01:00.
Bosh hakam: Yuichi Nishimura (Yaponiya).
Taxminiy tarkiblar
Braziliya: Julio Sezar, Marselo, David Luiz, Tiago Silva, Dani Alvesh, Paulino, Luis Gustavo, Oskar, Neymar, Xalk, Fred.
Xorvatiya: Pletikosa, Vrsalko, CHorluka, Lovren, Srna, Modrich, Rakitich, Kovachich, Perishich, Eduardo, Elavich.
Diskvalifikaciya: Manjukich (Xorvatiya).
Behzod Nazarov tayyorladi
Fikrlar