"Brooke house college" akademiyasi texnik direktori Miki Adams va murabbiy Gregg Britton bilan intervyu
11 iyu 2021 14:05
Yangiliklar
"Brooke house college" akademiyasi texnik direktori Miki Adams va murabbiy Gregg Britton bilan intervyu
Ushbu tadbirdan so'ng ko'pchilikda mazkur futbol akademiyasi borasida turli savollar yuzaga keldi. SHu munosabat bilan bugun saytimizga "Brooke house college" akademiyasining texnik direktori Miki Adams va murabbiy Gregg Brittoni taklif qildik. Suhbat davomida akademiya haqida, u erdagi sharoitlar, mashg'ulotlar jarayoni va boshqa mavzularda suhbatlashdik.
- Dastlab "Brooke house college" akademiyasi haqida aytib o'tsangiz, qaysi xududda joylashgan? Akademiyaning eng katta jamoasi qaysi ligada o'ynaydi? Masalan Toshkentda ikkinchi, birinchi liga orqali Pro ligaga yo'llanma olinadi...
- Akademiyamiz Londondan 1 soat uzoqlikda joylashgan. Biz hususiy va mustaqil tashkilotmiz. Futbol akademiyasi sifatida faoliyat olib boramiz. Ayni paytda 140ga yaqin shug'ullanuvchilarimiz bor. Yosh toiflarimiz 11-19 yosh. Jamoalarimiz turli turnirlarda ishtirok etadi. Premer Liganing turli jamoalariga qarshi uchrashuvlar tashkillashtiramiz. Bunday ko'rgazmali uchrashuvlarni Rossiya va boshqa mamlakatlarda ham o'tkazamiz. Biz turli mamlakatlardagi agentlar bilan hamkorlikda ishlaymiz. Birinchi o'rinda o'qishga, ikkinchi o'rinda mashg'ulot o'tkazishga taklif qilamiz. O'zini ko'rsatgan iqtidorli futbolchilarga stipendiya ham joriy qilganmiz. Akademiya futbolchining rivojlanishiga xizmat qiladi. O'qish, ovqatlanish, mashg'ulot o'tkazish hammasi ichida.
- Akademiyada tahsil olish qancha mablag'ni talab qiladi?
- Yiliga 39 ming funt. Barcha sharoitlari ichida. Iqtidorli futbolchilarga chegirmalar joriy qilingan. Ularga yana qulayliklar yaratilgan. Misol uchun bizda olgan sertifikat orqali AQSH va boshqa mamlakatlarga bora oladi.
- So'nggi yillarda akademiyangizda tarbiyalanib katta jamoalarga yo'l olgan futbolchilar bormi?
- Oxirgi bir yil ichida 6 nafar futbolchimiz professional jamoalarga yo'l oldi. Ikki nafari Belgiya, yana bir nafari Daniya, shuningdek Xitoy va Gonkong klublariga o'tishdi. O'zbekistonlik futbolchilarning Angliya klublariga to'g'ridan-to'g'ri yo'l olishi qiyin. Buning uchun ko'p mehnat qilish kerak. Yoki biror Evropa jamoalarida tajriba to'plab turib Angliya klublariga borish kerak. Akademiyamizda tahsil olgan nigeriyalik futbolchi "Lester" klubi bilan shartnoma imzoladi.
- Akademiyangizda tanlov qanday? Pul to'laganlar ham ko'rikdan o'tadimi?
- Iqtidorli futbolchilarni ko'rib chiqishga tayyormiz. Akademiyada dastlab shug'ullanishadi, imtixonlar topshiriladi.
- Dunyo bo'yicha nechta filiallaringiz bor?
- Dubaydan so'ng, O'zbekistonda ham fillialimizni ochdik.
- Umuman olganda "Brooke house college" akademiyasining ochilganiga qancha bo'ldi?
- Kollejning ochilganiga bugungi kunda 51 yil to'ldi. Kollej qoshidagi futbol akademiyasiga esa 15 yil bo'ldi. 80 foiz o'quvchi futbol akademiyamizga kelmoqda. Faqat futbol bilan emas, o'qish bilan ham shug'ullanishadi.
- Toshkentdagi bolalar musobaqalarini ko'rgan bo'lsangiz futbolchilarimizning salohiyati haqida fikringiz qanday?
Gregg Britton - Angliyaniki bilan solishtirganda farq juda katta. Ikkinchidan ko'p mehnat qilish kerak. Hali bunday darajani ko'rmadim. Jismoniy holat yaxshi. Lekin taktik tomondan kamchiliklar bor. Bunda bor masuliyat murabbiyning zimmasida bo'ladi. Asosiy farq iqlimda. Bizning akademiyamizdagi futbolchilar kuchga to'laroq. Mashg'ulotlarni yuqori standartlar asosida o'tiladi.
- Berkitadigan narsa emas, Evropada bola ketkazgan kuchini kerakli ovqatlar bilan to'ldirib oladi. Bizda esa bola uyda gohida to'yib ovqatlanadi, gohida go'sh emaydi. Hammada vaziyat har xil bo'ladi...
- Akademiyamizda barchasi nazorat ostida bo'ladi. Siz mutlaqo to'g'ri aytyapsiz. Mashg'ulotlarni intensiv ravishda haftasiga 4-5 marotaba olib boramiz. Muntazam sport formasida bo'lishadi.
- "Brooke house college" akademiyasida yana qaysi sport turlari bilan hamohang ravishda shug'ullaniladi? Masalan, "Ayaks" akademiyasida dzyudo sport turi qo'shimcha sifatida o'tiladi...
- Akademiyamizda faqat futbol. Futbolchining etibori faqat futbolga qaratiladi. Boshqa akademiyalarda gimnastika, akrobatika qo'shiladi.
Fikrlar