Bosimsiz futbol
27 iyu 2021 21:18
Yangiliklar
Toshkentda "Surxon" - "Paxtakor", Olmaliqda esa "Andijon" - AGMK bahsi o'tkazilmoqda. Vaholanki bu o'yinlar taqvimga ko'ra, Termiz va Andijonda o'tkazilishi lozim edi. Lekin "Surxon" va "Andijon" o'yingohida projektor talab darajasida emasligi hamda uchrashuvni 20:00da boshlash imkoniyati yo'qligi tufayli har ikki o'yin raqib maydoniga ko'chdi.
Har ikki bahsning birinchi taymini ko'rib nima deyish mumkin, "Paxtakor" ham, AGMK ham raqib bilan faqat skameyka (o'rindiq) almashganini hisobga olmasak, boshqa hech qanday o'zgarish yo'q. Ikkala jamoa ham maydon o'ziniki ekanini his qilib turibdi. Bir so'z bilan aytganda "Paxtakor" ham, AGMK ham bosimsiz futbol o'ynayapti.
Endi faraz qiling, shu jamoalar safarda o'ynaganda bosimga duch kelgan bo'larmidi? Andijonda muxlislik qanaqa ekanini hamma yaxshi biladi. U erga borgan jamoa borki qiynaladi. Termizda ham shu. Ham muxlislik, ham maydon sifati tomonlama Termizda o'ynash qiyin. Buni ham borib o'ynagan jamoalar yaxshi biladi. Hozir ko'ryapmizki, AGMK va "Paxtakor" o'z raqiblarini osonlikcha yutyapti, chunki bosimsiz o'ynayapti.
Aynan bugungi ikki bellashuv haqida "Men - mezbonman! Nima qipti, stadion esa meniki" sarlavhali maqola yozgandim. Maqolaga munosabat sifatida PFL bosh direktori o'z telegram kanalida javob qaytardi. SHuni quyida to'liq keltiramiz.
Xayrulla Xoliqovning projektorlar sabab o'z maydonida o'yin o'tkazmayotgan jamoalar borasidagi maqolasini o'qidim. Nega AGMK va Paxtakor ikki uchrashuvni o'z maydonida o'tkazishi kerak, degan xaqli savolni qo'ygan va muxlislarni PFL manzili tomon qayragan.
PFL tarixda birinchi marta projektorlar masalasiga qattiq turib, 4 ta klubni yozgacha ogohlantirdi va yakunda o'yinlarni boshqa stadionlarga ko'chirdi. Mashal Turon bilan kelishdi va o'yinlar ketma-ketligini almashdi. PFL jamoalarga qulay bo'lishi uchun, bunga rozilik berdi. CHunki bir klubni ikki marta jazolash ham to'g'ri ish emas. Qo'qon klubi Yaypandagi stadionni tanladi, ikki tomon o'rtasidagi iliq aloqalarni inobatga olsak, bu erda hech qanday muammo bo'lmaydi, masofa ham juda yaqin.
Andijon va Surxon esa raqiblari bilan kelishib, PFLga taklif bilan chiqdi. Xuddi Mashal bilan bo'lgani kabi, PFL ularning taklifiga ham qarshi borgani yo'q. CHunki Paxtakor va AGMK raqiblarining o'yinni tashkil etish bilan bog'liq ayrim harajatlarini ko'tarib beradi. Tez orada projektor olib kelishi shart bo'lgan klublar esa hozir har bir tiyin pulini o'lchaydigan vaqt. Aytaylik, Andijon o'yinni Namanganda o'tkazishi uchun, o'yinni tashkil etish bilan bog'liq harajatlardan tashqari, stadion uchun ham alohida ijara haqi to'lab berishi kerak bo'lardi. Yig'inlarini ko'pincha Toshkentda o'tkazadigan Surxon esa Bunyodkor yoki Lokomotiv stadionlariga CHempionlar ligasi sabab tegina olmaydi.
Biz shunday ishlayabmizki, nasib bo'lsa kelasi mavsum Superligada projektorsiz o'ynaydigan klubning o'zi qolmaydi. Qo'qon va Surxon allaqachon harakatni boshladi, tez orada Andijon va Mashaldan ham yangilik eshitsak kerak. Superligaga ehtimoliy chiqishi mumkin bo'lgan Buxoro, Neftchi, Dinamo klublarida projektor yaxshi, Olimpik rahbarlari ham shu yozning o'zida projektorni sozlashga vada bergan.
Biz ishlayabmiz. Xayrulla Xoliqovda kontaktim bor, qo'ng'iroq qilib sababini so'rasa, albatta tushuntirib bergan bo'lardim. Yaxshi jurnalist avval surishtiruv o'tkazadi.
P.S. Yuqorida haqli savolni o'rtaga tashlagan dedim, aslida bir klubning biror raqibni ikki marta o'zida qabul qilishi, qolgan jamoalarga nisbatan u qadar to'g'ri ish emas. Ammo klublarning moliyaviy holatini aniq bilib turib ham robotga aylanib olmadik. Bu erda asosiy faktor, klublar moliyaviy tarafdan iqtisod qilib, o'zlari shunday taklifni berayotganidir. Biz kundan-kunga murakkabliklarni engishga harakat qilyapmiz.
Ochig'i, PFL direktori bilan tortishish niyatim yo'q. CHunki tortishgan sari gap maydalashib ketaveradi. Meni faqat 2ta narsa qiziqtiradi: 1. Nima uchun yil boshida bu jamoalar stadioni qabul qilindi, agar projektori talab darajasida bo'lmasa? (Axir har ikki o'yingohda ham o'yinlar o'tkazildi-ku). 2. Ikkinchi davradagi o'zaro o'yinlar qaerda bo'ladi, yana "Paxtakor" va AGMK stadionidami?
So'zim oxirida aytmoqchi bo'lgan gapim: biz jamoalarni bosim ostida futbol o'ynashga o'rgatishimiz kerak. CHunki bosimsiz o'ynab shunga o'rgangan jamoa ertaga Osiyoda bosimga duch kelib nima qilarini bilmay qoladi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar