So’nggi yangiliklar

00:47МЮ Мактоминейни АПЛнинг бошқа бир клубига сотмади  0 00:35Кьеза фаолиятини Англияда давом эттиришга яқин турибди  1 00:05"Динамо" Жаҳонгир Ўрозов ва Муҳаммадали Турсуновни ўз таркибига қўшиб олди  0 23:30Жоау Канселунинг кейинги манзили Саудия Арабистони бўладими?  0 22:55Ханс-Дитер Флик: "Ямалнинг оёғи ердан узилмаслиги керак"  1 22:15ОКМК назорат ўйинида "Олимпик"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 21:35Матс Хуммелс Еврокубокларда ўйнайдиган А Серия клубига ўтиши мумкин  0 20:54"Қизилқум" назорат ўйинида "Локомотив U21"га мағлуб бўлди  0 20:31Расман: Стадиондаги муаммо сабаб "Динамо" — "Навбаҳор" учрашуви қолдирилди  51 20:00Де Хеа фаолиятини А Cерияда давом эттирадими?  1 19:39Ана холос! "Рома" ва "Тоттенхэм" собиқ ҳужумчиси 11 йилдан сўнг фаолиятини тиклашга қарор қилди  4 19:13УEФА Суперкубоги ўйинини ким бошқариши маълум  0 18:49Погбанинг акаси Бельгиянинг учинчи лигасида ўйнайди  5 18:25"Бунёдкор" собиқ бош мураббийи Парижда ўғриликка учради  14 18:01"Шўртан" учта трансферни амалга оширди  3

Birinchi davra yakunlari. Kim qanday karomat ko'rsatdi? Yangiliklar

Birinchi davra yakunlari. Kim qanday karomat ko'rsatdi?

“Bunyodkor” - “Nasaf” uchrashuvi bilan 2017 yilgi oliy liganing birinchi davrasi rasman o'z nihoyasiga etdi.

O'quvchilarimizga mavsumning birinchi yarmida qayd etilgan natijalarni taqdim etishda davom etamiz.

Murosasiz jamoa
G'uzorning "SHo'rtan" klubi birinchi davrada 15ta o'yinda maydonga tushdi va bironta uchrashuvda ham durang o'ynamadi. Oliy ligada hech bir klub bunday natija qayd etmadi. Qashqadaryo klubi mavsumning ilk qismida 5ta o'yinda zafar quchdi va 10ta bahsda yutqazdi. Etiborlisi "SHo'rtan" o'z g'alabalarini faqat o'z maydonida qo'lga kiritdi. Mag'lub etilgan jamoalarga etibor qiling: "Neftchi" (1:0), "Lokomotiv" (2:0), "Paxtakor" (1:0), "Bunyodkor" (1:0) va "Obod" (2:0). "SHo'rtan" Toshkentning to'rtta klubini bir davraning o'zida mag'lub etgan birinchi klubga aylandi.


Safarda yutmagan jamoalar
Dastlabki davrada ikki jamoa safardagi o'yinlarda umuman g'alabaga erisha olmadi. Yaqindagina Davran Fayzievni ishdan bo'shatgan "So'g'diyona" klubi safardagi 8ta o'yinda 2 bor durang o'ynadi va qolgan 6ta uchrashuvda esa imkoniyat boy berildi. Mehmondagi o'yinlarda eng omadsiz ishtirok etgan jamoa G'uzorning "SHo'rtan" klubi bo'ldi. Dastlabki davrada umuman durang o'ynamagan jamoa safarda 6ta uchrashuv o'tkazib 6tasida ham imkoniyatni boy berib qo'ydi!



O'z maydonida 100 foizli natija
Ikkita klub o'z uyida o'tgan o'yinlardan maksimal ochko olishga muvaffaq bo'ldi. Qarshining "Nasaf" klubi o'z stadioni tamirlanayotgani bois uy o'yinlarini G'uzorda o'tkazishga majbur bo'ldi. SHunga qaramay Ro'ziqul Berdiev boshchiligidagi jamoa mezbon sifatida 6ta uchrashuv o'tkazdi va ularning barchasida g'alabaga erishdi! Toshkentning "Lokomotiv" klubi esa o'z maydonida 8ta o'yin o'tkazdi va unda 24 ochko to'pladi.

Eng uzun g'alabali seriya
Bekobodning "Metallurg" klubi birinchi davrada eng uzun g'alabali seriya qayd etgan jamoa bo'ldi. Rustam Mirsodiqov boshchiligidagi futbolchilar qatorasiga 4ta o'yinda g'alabaga erisha oldi. 12-turda Bekobodda "Nasaf" taslim etildi, keyingi turda Toshkentda "Obod" yirik hisobda mag'lub etildi, so'ngra "Qizilqum" ustidan zafar quchildi. Nihoyat 14-turda jamoa Farg'onada "Neftchi"ni mag'lub etib qaytishga muvaffaq bo'ldi. Boshqa hech bir klub birinchi davrada ketma-ket to'rt o'yinda g'alaba qozona olmadi.

Eng uzun mag'lubiyatsiz seriya

"Qo'qon-1912" mavsumning ilk o'yinida "Nasaf"ga yutqazib qo'ygach keyingi 11ta o'yinning hech birida imkoniyatni boy bermadi. No'mon Hasanov boshchiligidagi jamoa faqat 13-turga kelib "Bunyodkor" bilan bahsda ushbu o'zi uchun yoqimli seriyani to'xtatishga majbur bo'ldi. Etiborlisi ketma-ket 11ta uchrashuvda yutqazmagan yana bir klub bor. Viktor Kumikov boshchiligidagi "Olmaliq" 4-turda "Lokomotiv"ga yutqazganidan keyin birinchi davrada umuman mag'lub bo'lgani yo'q. Qo'qonliklardan farqli o'laroq "Olmaliq"ning seriyasi buzilgani yo'q. Agar jamoa ikkinchi davra boshida ham yutqazmaslikda davom etsa seriya davom etaveradi.



Eng uzun g'alabasiz seriya
Namanganning "Navbahor" klubi birinchi davrada eng uzun g'alabasiz seriya qayd etdi. Ilhom Mo'minjonov boshchiligidagi jamoa mavsumning dastlabki 7ta turida o'z hisobiga 4ta g'alaba yozib qo'ydi. Biroq 8-turda "Paxtakor"dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin "qora kunlar" boshlandi. Jamoa qatorasiga 8ta o'yinda g'alaba nimaligini bilmadi va davrani shu holatda yakunladi. Jamoa 5-turdan keyin oliy liga peshqadami bo'lib turgandi. Yozgi tanaffusga esa "lochinlar" 10-o'rinda chiqib ketishdi.

Eng uzun golli seriya
"Qo'qon-1912" birinchi davrada eng uzun golli seriya qayd etdi. Qo'qonliklar 15ta o'yinning dastlabki 14tasida raqiblar darvozasiga gol urishga muvaffaq bo'lishdi. Faqat so'nggi turda, Olmaliqda jamoa 0:0 hisobida durang o'ynadi va seriya barham topdi. Qolgan hech bir klub dastlabki davrada 12tadan ortiq o'yinda to'p kirita olmagan.

Eng ko'p gol urgan jamoa

Amaldagi O'zbekiston chempioni, Toshkentning "Lokomotiv" klubi birinchi davrani ajoyib tarzda o'tkazdi. "Temiryo'lchilar" 15ta o'yinda raqiblar darvozasiga jami 36ta gol urishga muvaffaq bo'lishdi. Qolgan hech bir klub xatto 30ta gol ham ura olmadi. "Loko" safida 11 nafar futbolchi to'p kiritishga erishdi. Marat Bikmaev 13ta gol bilan birinchi davra to'purariga aylandi.


Eng kam gol urgan jamoa
"Obod" klubi birinchi davrada Bikmaevdan kamroq gol urdi. Toshkentliklar 15ta o'yinda raqiblar darvozasiga atiga 10ta to'p kiritishning uddasidan chiqishdi xolos. Moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolgan jamoa faqat bitta uchrashuvdagina bittadan ortiq gol urishdi ("Dinamo" 3:1). Etti o'yinda "Obod" futbolchilari maydonni golsiz tark etishdi. Mana shu 10ta gol 6 nafar futbolchi hisobiga yozildi, jamoa to'purari SHoxruz Norxonov 3ta gol urdi.

Qizil va sariq kartochkalar
Jizzaxning "So'g'diyona" klubi futbolchilari birinchi davrada eng ko'p qizil kartochka olishdi - 4ta. Undan keyingi o'rinlarni "Navbahor" va "Mashal" jamoalari egallashdi - 3tadan chetlatish. Beshta klub futbolchilari birinchi davrada umuman qizil olishmadi - "Qizilqum", "Lokomotiv", "Qo'qon-1912", "Bunyodkor" va "Nasaf". Ogohlantirish bo'yicha "Navbahor"ga teng keladigani yo'q. Namangan klubi futbolchilari jami 40 marta sariq kartochka olishdi. Eng kam sariq kartochka olgan klub - "SHo'rtan". G'uzor klubi azolariga 17 marta ogohlantirilishdi.

Penaltilar

Birinchi davrada eng ko'p penalti tepgan klub Jizzaxning "So'g'diyona" klubi bo'ldi - 6ta. Biroq Jizzax klubi faqat 4 marta penaltidan gol urdi. "Lokomotiv" beshta 11 metrli jarima to'pini amalga oshirdi va ularning barchasi gol bilan tugadi. Samarqandning "Dinamo" klubi birinchi davrada umuman penalti tepmagan yagona jamoa bo'ldi.

"Navbahor" darvozasi tomon hakamlar eng ko'p (5 marta) penalti belgilashdi. SHundan 4tasi gol bilan tugadi. "Mashal" darvozasiga belgilangan 4ta penaltidan 3tasini muborakliklar posboni Javohir Ilyosov qaytarishga erishdi. Dastlabki davrada "Buxoro" darvozasiga bironta penalti belgilangani yo'q.

Eng ko'p penalti tepgan futbolchi Marat Bikmaev bo'ldi. To'purar 4 bor 11 metrli jarima to'pini amalga oshirib 4ta gol urdi. “Buxoro” hujumchisi Ivan Nagaev 3 marta shunday natija qayd etdi. “So'g'diyona” sardori Sanjar Rashidov ham Bikmaev kabi 4 marta penalti tepdi. Biroq ularning 2tasidan gol urdi, qolgan ikkitasi esa noaniq bo'ldi. “SHo'rtan” hujumchisi Igor Taran birinchi davrada ikki bor 11 metrli nuqta yoniga yaqinlashdi va ikkalasidan ham gol ura olmadi.



Xet-trik
Oliy liganing birinchi yarmida ikki futbolchi xet-trikka erishdi. 7-turdan o'rin olgan "Qo'qon-1912" - "Metallurg" bahsida 3:0 hisobi qayd etildi. Maydon egalari yarim himoyachisi Suhrob Berdiev raqib darvozasiga urilgan uchala golga mualliflik qildi.

13-turda "Obod" mehmoni bo'lgan "Metallurg" 4:1 hisobida zafar quchdi. SHu kuni bekobodliklar hujumchisi Zohid Abdullaev o'z hisobiga 3ta gol yozib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.

Dubl
Birinchi davrada 14 nafar futbolchi dubl qayd etdi. "Lokomotiv" hujumchisi Marat Bikmaev uchta o'yinda shunday natijaga erishgan yagona futbolchi bo'ldi. "Nasaf" hujumchisi Dragan CHeran hisobida ikkita dubl mavjud.

Eng qo'pol futbolchilar
Birinchi davrada ikki futbolchi maydondan ikki bor chetlatildi. "Navbahor" yarim himoyachisi Oybek Qilichev "Dinamo" hamda "Buxoro"ga qarshi o'yinlarda sheriklaridan avval maydonni tark etdi. "So'g'diyona" himoyachisi Sardor Qulmatov "Neftchi" va "Qo'qon-1912" bilan bahslarda qizil kartochka ishlab oldi.

Jasur Azimov "Dinamo", Fayzullo Qambarov "Qizilqum" va Davron Hoshimov "Paxtakor" dastlabki davrada 6tadan sariq kartochka olib bu borada "peshqadam" bo'lishdi.


Darvozabonlar
"Olmaliq" klubi posboni Xurshid Xodjaev birinchi davrada 9ta o'yinda gol o'tkazmay hamkasblari orasida peshqadam bo'ldi. Undan keyingi o'rinda "Mashal" darvozaboni Javohir Ilyosov qayd etildi - 7ta "quruq o'yin". Dastlabki davrada eng ko'p golni "SHo'rtan" posboni Eldor Tojiboev o'tkazdi - 20ta. Asilbek Omonov ("Navbahor") qo'riqlagan darvoza tomon eng ko'p penalti belgilandi - 5ta. U faqat bitta penaltini qaytarishga erishdi. Eng ko'p penalti qaytargan darvozabon Javohir Ilyosov bo'ldi - 3ta.


Narzulla Saydullaev

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика