So’nggi yangiliklar

08:07«Арсенал»нинг янги футболчиси Мерино қанча муддатга сафдан чиққани маълум бўлди  0 07:38Футзал. Бразилия футзал терма жамоаси Тошкентга етиб келди  1 00:27Ёзги транфер ойнасида рекорд даражада кўп трансфер амалга оширилди – ФИФА  4 00:08Англиялик уч нафар футболчи жароҳат сабаб терма жамоанинг сентябрь ойидаги ўйинларини ўтказиб юборади  0 23:45Муҳаммад Салоҳ "Ливерпуль" билан ўз келажаги бўйича музокара ўтказади  2 22:52Қирғизистон термаси Эронга қарши ўйинга тайёргарлик кўрмоқда  5 22:16Маурисио Почеттино шу ҳафта янги жойда иш бошлайди  1 21:52ОКМК 120 дақиқа давом этган назорат ўйинида "Олимпик"ни мағлубиятга учратди  2 21:23Отабек Шукуров: "Туркиядаги муаммолар сабаб, клубимни ўзгартиришга мажбур бўлдим. Ҳозир янги клубим эмас, терма жамоамиз манфаати ҳақида кўпроқ қайғурмоқдаман"  5 21:00 Ўзбекистон миллий термаси машғулоти: Ҳусанов, Шомуродов ва Турғунбоев жамоага қўшилди  0 20:44Ўзбекистон миллий терма жамоасининг тўлиқ таркибдаги машғулотидан ГАЛЕРЕЯ  6 20:31Ўзбекистон футзал терма жамоаси Бразилияга қарши иккита ўртоқлик ўйини ўтказади!  6 20:05"Реал"нинг яна икки футболчиси жароҳат олди  0 19:55ЎФА президенти Абдусалом Азизов Ўзбекистон терма жамоаси билан учрашди  8 19:37Дешам: "Килиан Мбаппе робот ёки супермен эмас"  5

“Bir futbolchi tarixi”. Yoshligida “Paxtakor”ning yoshlar jamoasiga qabul qilinmagan Jaloliddin Masharipov haqida Yangiliklar

“Bir futbolchi tarixi”. Yoshligida “Paxtakor”ning yoshlar jamoasiga qabul qilinmagan Jaloliddin Masharipov haqida

O'zbekiston mustaqillikka erishishdan avval ham, undan keyin ham iqtidorli futbolchilar bo'lgan va umid qilamizki bundan keyin ham bo'ladi.

Mirjalol Qosimov, Azamat Abduraimov, Baxtiyor Ashurmatov kabi futbol yulduzlarimiz mustaqillikdan avval ham, undan keyin ham porlashgan. 1991 yildan keyin bizda yosh iqtidorlar chiqishi to'xtab ham qolmadi. Bizning futbolimizga ajratilayotgan pullar shunchaki havoga uchyapti degan fikrni aytuvchilar, aynan shu sport turi bo'yicha Osiyoda nechanchi o'rinda turganimizni-yu, bir futbolchimiz ortidan yurtimiz nomi dunyoga tanilishini o'ylab ko'rsin. Bugun siz bilan – o'zbek futbolidagi yana bir iqtidor, legionerga aylanishi kutilayotgan va balki Eldor SHomurodov singari kuchli beshlikka o'tishi mumkin bo'lgan (kim bilsin deysiz, ajab emas shunday bo'lsa) futbolchi bilan yaqindan, batafsilroq tanishamiz. SHu kungacha kelish yo'lidagi mashaqqatlar, aytgan so'zlar va hokazo. Xorazm makonidan chiqqan futbolchi – Jaloliddin Masharipov bugungi qahramonimiz. 

Biz futbolchining yoshlik chog'lari haqida to'xtaladigan bo'lsak maqolani ikki qismga bo'lib, aynan birinchi qismini uning yoshligiga bag'ishlashga to'g'ri keladi. Yaxshisi, 1 yil avvalroq saytimizning “Orzu” loyihasiga bergan intervyusida Masharipov o'zi va yoshlik chog'lari haqida batafsil gapirib bergan edi. Maqolani o'qishdan avval, ushbu videoni ko'rishni tavsiya qilamiz. 



Jaloliddin Masharipov – kim o'zi u?

Agar videoni ko'rgan bo'lsangiz siz bu savolga javob oldingiz deb ishonamiz. SHunda ham qisqacha malumot: Jaloliddin Qadamboevich Masharipov 1993 yilning 1 sentyabr kuni Xorzam viloyatida tug'ilgan. “Paxtakor” jamoasi futbol maktabi tarbiyalanuvchisi. 2013 yilgacha “Paxtakor”ning yoshlar jamoasida o'ynagan futbolchi, 2013 yildan keyin toshkentliklar safida asosiy futbolchi. Agar biz yuqorida keltirgan intervyuni ko'ra olmagan bo'lsangiz, Jaloliddin Masharipov o'zi yoshligi haqidagi bir intervyusidan parchani keltiramiz. “Mahallada 6 yoshimda futbol o'ynardik. Maktabga borganimda 1-sinfda jismoniy tarbiya ustozi kim futbolga qiziqadi deb so'ragan. O'shanda maktabda futbol to'garagi ochilgan. Futbolga kirib kelishimda akamning katta xissasi bor. Futbolga qiziqish juda qattiq bo'lgan. Ovqat emasam ham, darslarni qilmasam ham futbol o'ynardim. Maktabga oq ko'ynak, kastyum shimlarni kiyib ketardim. Sumkamga kitob-daftarlar esa futbol formalarimni solib ketardim. Ustozlar meni doim futbol maydonidan topib kelishardi. Sinfda eng ikkichi, maydonda eng alochi bo'lganman. Futbolda doim bizning sinf chempion bo'lardi. SHunga sinfda barcha meni yaxshi ko'rardi, sinf rahbarimiz baholarimni qo'yib berardilar” – deya xotirlaydi Masharipov.


Klublardagi faoliyati haqida

Bir necha yil mobaynida “Paxtakor”ning asosiy futbolchisi bo'lib keldi. O'zi aynan biz yuqorida keltirgan intervyusida aytganidek, “sherlar” bilan xorij yig'inidan qaytgach unga Toshkentning boshqa bir jamoasi “Lokomotiv”ga o'tganini aytishdi va futbolchi “temiryo'lchilar”ga ijaraga berib yuborildi. O'sha vaqtda qahramonimiz “Paxtakor” safida anchagina ter to'kkan, o'yinlar o'tkazish bo'yicha ham yaxshi natija qayd eta olgan edi. Milliy chempionat doirasida 64 uchrashuvda 10 gol, ichki kuboklarda 16 o'yinda 1 gol hamda OCHLda 12 bahsda 1 gol muallifi bo'lib ulgurgan. 

Futbolchi yangi klubga borgach: "Klubdagi barcha yigitlar bilan oldindan tanishman. Birinchi kun engil mashg'ulotlar o'tkazdim. Umid qilamanki, "Lokomotiv"ga tezda kirishib ketaman deb o'ylayman. Jamoaga foyda keltirsam xursand bo'laman. "Lokomotiv" klubi bu mavsum Osiyo chempionlar ligasida o'ynaydi. Xalqaro musobaqada o'ynab tajribam yanada oshishiga umid qilaman. Bu ham o'zimga, ham milliy terma jamoaga foydali bo'ladi. "Lokomotiv" safida OCHLda g'olib bo'lishni o'z oldimga maqsad qilib qo'yaman. Bundan tashqari o'zimni Evropaga reklama qilishga urinaman. Orzuim kelajakda Evropa klublarida o'ynash", - degan fikrlarni aytgan. Biroq shunday bo'lsa-da, Jaloliddin “Paxtakor” uyi ekanligi va albatta bir kun jamoaga qaytishini takidlab o'tgan. Unga “Loko”ga qanday kelib qolganini so'rashganida “Rostini aytadigan bo'lsam, ushbu mavsumda “Lokomotiv”da o'ynayman, deb o'ylamagandim. Biroq ushbu jamoaning CHempionlar Ligasida ishtirok etishi hamda o'zimning ham bu orqali xalqaro tajribamni yanada orttirishim mumkin ekanini hisobga olib, har ikki jamoa rahbariyati ham kelishgan holda ushbu qarorni qabul qildik. Aslida “Loko” men bilan 2 yildan buyon qiziqar edi. Mana ayni damda ushbu jamoa sharafini himoya qilyapman” – deya takidlagan.

“Lokomotiv” safidagi ilk uchrashuvini aynan Turkiyadagi yig'in doirasida, Turkmanistonning “Oltin asr” jamoasiga qarshi o'tkazgan hamda shu bahsda gol ham urishga muvaffaq bo'lgan edi.

Jaloliddin Masharipov uchun o'sha yilgi mavsum yomon kechmadi. O'zi o'sha vaqtda intervyu berganda quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Mavsum boshida “Lokomotiv”ga yaxshi niyatlar bilan o'tgan edim. Bu transferga rozilik berishimga birinchi galda jamoaning OCHLda ishtiroki etishi sabab bo'lgandi. Afsuski, Osiyoning eng nufuzli musobaqasida guruhdan chiqish nasib qilmadi. Bunga birinchi galda o'zimiz sababchimiz. G'alaba qozonib turgan o'yinlarimizning so'nggi daqiqalarida gol o'tkazib yuborib, qimmatli ochkolarni boy berdik. Bazi holatlarda omad ochiqchasiga bizdan yuz o'girdi. O'zi shunday holatlar bo'ladi, siz qanchalik istasangiz ham to'p darvozaga kirmaydi. Ana shu jihatlarini inobatga olsak, mavsumdan to'liq qoniqish hosil qildik, deb ayta olmayman. To'g'ri, o'tgan yilgi natijani takrorlab, kubok va chempionlikni o'zimizda saqlab qoldik”.

“Lokomotiv”ga 1 yillik ijara asosida o'tgan Jaloliddin Masharipov 2018 yil boshidan boshlab yana o'zining sobiq jamoasi – “Paxtakor” safiga o'ynashni davom ettirdi. O'shandan so'ng Masharipov yangi murabbiy – SHota Arveladze qo'l ostida o'ynadi. Bir narsa yaqqol ko'rindiki, futbolchi o'sha davrda chindan ham o'sdi, yaxshigina tajriba orttirdi. Osiyo chempionlar ligasida “Eyr Fors” jamoasi bilan o'yinda Krishtianu Ronaldu kabi chalqancha uslubda ham gol urishga erishdi. “CHalqancha uslubdagi gol? Nima bunday gollarni faqat Ronaldu uradimi? Biz ham bunday gol kirita olamiz” – degan edi o'sha bahsdan keyingi flesh-intervyuda.

Futbolchi haqida bu yilning yozida turli xabarlar chiqa boshladi. Masharipov Turkiyaning “Trabzonspor” jamoasi etiboriga tushib qolgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Turli manbalarda esa futbolchi uchun taklif etilayotgan pul haqida aytilsa, yana allaqaerdadir SHota Arveladzening bu transferga rozilik bermagani aytildi. Ushbu gap-so'zlar haqida Masharipovning o'zi: "SHota Arveladze bu erda qanday faoliyat olib borganini yaxshi bilaman, u ham borini bergan. Biroq menga hali ham aniq taklif bilan chiqishmadi. Faqatgina mish-mishlarni eshityapman, ammo klubdagilar transfer haqida hech nima deyishmadi. Evropaga ketishni istayman. Lekin buning uchun qaysidir klub menga taklif bilan chiqishi kerak" – deya takidladi. 

Oxirgi chiqayotgan xabarlarda esa Jalolni Saudiya Arabistonining “Al Nasr” jamoasi xarid qilishi aytilmoqda. Vaziyat qanday bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi, albatta. 


Terma jamoadagi faoliyati haqida

Jaloliddin Masharipov O'zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalarida o'ynagan va 2018 yil JCH saralashidan avval, Toshkentda Eron termasiga qarshi o'yinda o'z debyutini nishonlagan. Keyinchalik esa Osiyo kubogida ham terma jamoamizning asosiy futbolchisi sifatida ishtirok etdi. Aynan o'zi shu musobaqani eslar ekan “Osiyo kubogida chiroyli o'yin namoyish qilib, muxlislarni xursand qilmoqchi edik. Asosiy maqsadimiz bosh sovrinni yurtimizga olib kelish edi. Afsuski, bu natijaga erisha olmadik. Lekin yomon o'ynamadik, deb hisoblayman. Yaponiya, Avstraliya kabi terma jamoalarga munosib qarshilik ko'rsatdik. Muxlislarga ham o'yinimiz yoqdi, deb o'ylayman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko'plab ijobiy fikrlarni qabul qilyapmiz. Bizni musobaqa davomida qo'llab-quvvatlab turgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. Endilikda Jahon chempionati saralashida ijobiy natija qayd etib, xalqimizning azaliy orzusini amalga oshirishga intilmoqchimiz. Umid qilaman, buning uddasidan chiqa olamiz” – degan fikrlarni bildirgan edi.


Faoliyatidagi qiziq jarayonlar: 6 oylik diskvalifikaciya, Jaloliddinning fintiga Kuperning munosabati

Jaloliddin Masharipovning faoliyatida shunday holatlar bo'lganki, futbolchi o'zi uchun salbiy jihatga ishlashi mumkin bo'lgan holatlarni ham boshidan o'tkazgan. Lekin shunday bo'lsa-da, tushkunlikka tushmasdan oldinga intilaverdi. 

O'zbekiston terma jamoasi o'rtoqlik o'yinlaridan malum vaqt diskvalifikaciyaga uchrab ham oldi. O'zidan bu haqida so'ralganida futbolchi: “O'yin tugadi, yutqazdik. Zaxira o'rindig'ida suv ichib o'tirgandim. Yakuniy hushtak chalingach jahl bilan idishni otib yubordim. To'g'risi o'sha vaziyatda hakamni ko'rmagandim, otgan idish hakamning yaqiniga ham bormadi, 6-7 metr naridan o'tib ketdi. U esa menga uloqtirdi deb o'yladi shekilli qizil kartochka ko'rsatdi” – deb javob bergan edi. 

Osiyo kubogi-2019. O'zbekiston terma jamoasining guruh bosqichidagi dastlabki o'yini Ummon MTJga qarshi bo'lgan edi va o'sha bahsda Jaloliddin Masharipov Ronaldino uslubida fint ishlatgani ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak. Keyinchalik, terma jamoamizning o'sha vaqtdagi murabbiyi Ektor Kuper Masharipovga bunday fint ishlatish kerak emasligini aytgani haqida gap-so'zlar tarqalgan edi. Futbolchining o'zi bu haqida: “U bunga juda yaxshi munosabatda. Mening 6 oylik diskvalifikaciyam bo'lganligi sabab, u meni “Paxtakor”dagi o'yinlarimni kuzatdi va shu orqali terma jamoaga chaqirdi. Milliy terma jamoada ham klubimdagi kabi o'yin namoyish etishimni so'radi. “To'p yo'qotishdan qo'rqmagin” deb aytdi. Bu albatta menda o'zimga bo'lgan ishonchni ko'tardi. Ammo, birinchi o'yinda natija muhim bo'lgani sabab himoyaga ham yordam berib turdim” – deya javob bergan edi.


SHaxsiy hayoti

2018 yilning 6 dekabr kuni futbolchi turmush qurdi. 2019 yilning 8 sentyabrida esa Masharipovlar oilasida o'g'il farzand dunyoga keldi. 


O'zbek futboli iqtidorlarga boy. Jaloliddin ham aynan shunday futbolchi. Xorazmlik charm to'p ustasini O'zbekiston terma jamoasi, o'zi o'ynagan klublarga foydasi hamisha tekkan va bundan keyin ham shunday bo'lishiga umid qilamiz. Uning legionerga aylanadigan vaqti keldi deb bemalol aytish mumkin. Har ne bo'lganda ham Jaloliddinga omad tilaymiz!


Og'abek Samisov tayyorladi

Reyting: +12   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика