

Caralash bosqichidagi barqarorlik
O'zbekistonning 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidagi ishtiroki avvalgi cikllardan farqli o'laroq, yuqori darajadagi barqarorlik va pragmatik yondashuv bilan ajralib turdi. "Oq bo'rilar" uchinchi bosqich so'ngiga qadar davrda jami 16 uchrashuv o'tkazib, 10 tasida g'alaba qozondi, 5 bor durang o'ynadi va faqatgina bir o'yinda (Qatarga qarshi safarda) mag'lubiyatga uchradi. Jamoa raqiblar darvozasiga 27 gol kiritishga muvaffaq bo'ldi va o'z darvozasidan 11 to'p olib chiqdi. Raqamlarga e'tibor qaratsak, jamoa avvalgi cikllardagidek yirik hisoblardagi g'alabalarga va tomoshabop ochiq futbolga emas, balki xatosiz, ixcham va "natija uchun o'ynaydigan" tizimga aylandi.
Ikkinchi saralash bosqichi: Katanets poydevori
Jahon chempionatiga yo'lni ikkinchi saralash bosqichidan boshlagan O'zbekiston "E" guruhidan joy oldi va mintaqa gegemoni Eron, shuningdek Turkmaniston va Gonkong terma jamoalari bilan to'qnash keldi. Ushbu bosqichda jamoaga sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanets murabbiylik qilgan bo'lib, uning tizimi asosan xatoga yo'l qo'ymaslik va barqarorlikni taminlashga qaratilgan edi.
Saralash 2023 yilning 16 noyabr kuni Ashxobodda Turkmanistonga qarshi uchrashuv bilan boshlandi. O'yinda hisobni dastlab mezbonlar (Durdiev 44') ochgan bo'lishiga qaramay, O'zbekiston iroda namoyish etib, Otabek Shukurovning dubli (57', 77') hamda Eldor Shomurodovning qo'shib berilgan daqiqalardagi (90+1') goli evaziga 3:1 hisobida irodali g'alabani qo'lga kiritdi.
Ikkinchi turda, 21 noyabr kuni Toshkentdagi "Milliy" stadionida guruhning markaziy o'yini – Eron bilan to'qnashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuv O'zbekistonni sinovdan o'tkazgan eng muhim o'yinlardan biriga aylandi. Birinchi bo'limda forslar hisobni 0:2 ko'rinishiga keltirdi. Tanaffusdan so'ng mutlaqo o'zgacha O'zbekiston maydonga chiqdi. 52-daqiqada Oston O'runov hisobni qisqartirgan bo'lsa, 83-daqiqada O'runovning o'zi Igor Sergeevga qulay imkoniyat yaratib berdi va Sergeev to'pni darvozaga aniq yo'llab, hisobni 2:2 ko'rinishiga keltirdi.
2024 yilning mart oyida Gonkongga qarshi bo'lib o'tgan ketma-ket ikkita uchrashuvda ustunlik to'liq namoyon bo'ldi. 21 mart kuni safarda o'tkazilgan bahsda O'zbekiston Eldor Shomurodov (49') va Rustam Ashurmatov (66') gollari hisobiga 2:0 hisobida zafar quchgan bo'lsa, 26 mart kuni Toshkentdagi javob o'yinida yana o'sha Shomurodov (20'), zaxiradan maydonga tushgan Hojimat Erkinov (63') va Oston O'runov (70') tomonidan kiritilgan gollar 3:0 hisobidagi ishonchli g'alabani taminladi.
Guruhdagi so'nggi ikki uchrashuv rasmiyatchilik maqomini olgan bo'lsa-da, jamoa tempni pasaytirmadi. 6 iyun kuni Toshkentda Turkmaniston yana 3:1 hisobida taslim etildi. Bu galgi gollarga Husniddin Aliqulov (17'), Oston O'runov (29') va Sherzod Nasrullaev (70') mualliflik qildi. Guruhning so'nggi – 6-turida 11 iyun kuni Tehronda Eronga qarshi bahs 0:0 hisobida yakunlandi. Natijada O'zbekiston ikkinchi bosqichda 6 o'yinda 4 g'alaba va 2 durang bilan 14 ochko to'plagan holda uchinchi – hal qiluvchi bosqichga yo'l oldi.

Hal qiluvchi saralash bosqichi: tarixiy yo'llanma
Uchinchi bosqich qur'a natijalariga ko'ra, O'zbekiston murakkab va raqobatbardosh "A" guruhidan joy oldi. Guruhdagi raqiblar qatorida azaliy va tanish raqobatchi Eron, 2023 yilgi Osiyo kubogi sohibi Qatar, texnik o'yinga tayanuvchi va legionerlardan iborat BAA, shuningdek mintaqaviy derbiga sabab bo'luvchi Qirg'iziston Respublikasi va o'ta yopiq o'yin namoyish etadigan KXDR terma jamoalari bor edi. Mazkur guruh qitaning o'rtamiyona va kuchli jamoalarini o'z ichiga olgan bo'lib, har bir yo'qotilgan ochko turnir jadvalida keskin pasayishga olib kelishi mumkin edi.
Ushbu bosqichda O'zbekiston terma jamoasining yondashuvi deyarli butunlay pragmatizm tomon o'zgardi. Uchinchi bosqich doirasidagi ko'plab g'alabalar aynan bitta gol farqi bilan, asosan 1:0 hisobida yakunlanganligini ko'rish mumkin. Bu fakt tahliliy jihatdan beqiyos ahamiyatga ega bo'lib, murabbiylar shtabi har qanday holatda ham chiroyli, ammo tavakkalga asoslangan futbol namoyish etishdan ko'ra, natija olib keluvchi yopiq va taktik intizomga suyangan futbolni afzal ko'rganini tasdiqlaydi.
Bosqich 2024 yil 5 sentyabr kuni Toshkentda KXDRga qarshi o'yin bilan boshlandi. O'yinning 20-daqiqasida Jaloliddin Masharipov kiritgan yagona gol o'yin oxirigacha ushlab qolindi (1:0). Shundan so'ng, 10 sentyabr kuni Bishkekda Qirg'izistonga qarshi mintaqaviy derbi bo'lib o'tdi. Qirg'izlar Joel Kojoning 15-daqiqadagi goli orqali oldinga chiqib olgan bo'lsalar-da, Shomurodov (17') tezda muvozanatni tikladi. Abdurahmonovning 35-daqiqadagi golidan so'ng O'zbekiston yana hisobda ortda qoldi. Ammo Husniddin Aliqulov (45') va Oston O'runov (72') kiritgan gollar evaziga jamoa o'ta qiyin 3:2 hisobidagi irodali g'alabani qo'lga kiritdi.
10 oktyabr kuni Toshkentda Eronga qarshi o'tkazilgan bahsda yana kuchlar teng keldi (0:0).
15 oktyabrda BAA terma jamoasi Toshkentda mehmon bo'ldi. Uchrashuvning 65-daqiqasida Nasrullaevga nisbatan qilingan qo'pol o'yin uchun BAA futbolchisi Salmon Abdulla Hamad maydondan chetlatildi. Son jihatdan ustunlikka ega bo'lgan O'zbekiston tinimsiz xujumlar uyushtirdi va nihoyat 76-daqiqada Bobir Abduxoliqov ishlagan penaltini Otabek Shukurov sovuqqonlik bilan amalga oshirib, jamoaga muhim 1:0 hisobidagi g'alabani keltirdi.
Noyabr oyidagi cikl jamoa uchun o'ziga xos sinov bo'ldi. 14 noyabr kuni safarda Qatar bilan bo'lgan bahs saralashdagi yagona mag'lubiyat sifatida tarixga kirdi. Qatar Almoez Alining gollari evaziga tanaffusga 2:0 hisobida chiqdi. Ikkinchi bo'limda Abbosbek Fayzullaev fantastik o'yin namoyish etib, 75 va 80-daqiqalarda ikkita gol urdi va hisobni tenglashtirdi. Biroq hakam tomonidan qo'shib berilgan vaqtning so'nggi soniyalarida (90+12-daqiqa) Mendes O'zbekiston darvozasiga g'alaba to'pini kiritdi (3:2). Garchan mag'lubiyat og'ir bo'lsa-da, jamoa tezda o'ziga keldi. Oradan besh kun o'tib, 19 noyabr kuni betaraf maydonda (Laosda) KXDR bilan javob o'yini o'tkazildi. Abbosbek Fayzullaev tomonidan urilgan to'p O'zbekistonga 1:0 hisobidagi g'alaba keltirdi. Ushbu o'yinda O'tkir Yusupovning 85-daqiqada raqib penaltisini qaytargani qahramonlikka aylanib, uch ochkoni saqlab qoldi.
2025 yil bahor oyidagi o'yinlar mundial masalasini ijobiy hal etdi. Mart oyida Toshkentda Qirg'iziston ustidan navbatdagi g'alaba qayd etildi. 25 mart kuni esa Tehronda "Ozodi" stadionida Eronga qarshi bellashuv bo'lib o'tdi. Garchan Mehdi Taremi o'zining ikkita (51', 82') goli bilan mezbonlarga yordam bergan bo'lsa-da, Hojimat Erkinov (15') va Abbosbek Fayzullaevning 52-daqiqadagi gollari evaziga 2:2 hisobi qayd etildi.
Nihoyat, 2025 yilning 5 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi safarda tashkil etilgan markaziy uchrashuv o'zbek futboli tarixidagi eng unutilmas kunga aylandi. Abu Dabi shahrida o'tkazilgan o'ta ehtiyotkor, tom manodagi shaxmat partiyasini yodga soluvchi bahsda har ikki jamoa himoyaviy intizomni birinchi o'ringa qo'ydi. 90 daqiqa davomida darvozalar daxlsizligi saqlanib qolib, 0:0 hisobi qayd etildi.
Aynan mana shu durang O'zbekistonni uchinchi bosqich oxiriga bir tur qolganida o'z guruhida erishib bo'lmas darajaga olib chiqdi va 2026 yilgi Jahon chempionati yo'llanmasi muddatidan avval kafolatlandi. Keyingi turda (10 iyun) Qatarni Toshkentda qabul qilgan O'zbekiston hech qanday bosimsiz 3:0 hisobida mag'lub etib, uchinchi raunddagi uy maydonidagi uchrashuvlarda o'z darvozasidan bitta ham gol o'tkazmagan qitadagi yagona jamoa bo'ldi.
Eron 23 ochko bilan guruhda birinchi, O'zbekiston esa 21 ochko jamg'argan holda qatiy ikkinchi o'rinni egalladi va har ikkala terma jamoa Jahon chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmani qo'lga kiritdi.

Ushbu muvaffaqiyat yo'lida O'zbekiston terma jamoasi boshqaruvida uch xil falsafaga ega bo'lgan murabbiylar faoliyat yuritdi.
CAFA Nations Cup 2025: Chempionlik xarakteri
2025 yilning avgust-sentyabr oylarida O'zbekiston va Tojikiston hamkorligida o'tkazilgan Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi (CAFA) Millatlar Kubogida O'zbekiston jamoasi turnir mezboni va favoriti sifatida qatnashib, yakunda chempionlikni nishonladi.
Guruhda O'mon bilan 1:1 hisobidagi durangdan so'ng jamoa o'zini o'nglab oldi. Keyingi turlarda Turkmaniston (2:1) va Qirg'iziston (4:0) taslim etildi.
8 sentyabr kuni Toshkentdagi "Olimpiya" stadionida Eron bilan o'tkazilgan final uchrashuvi chinakam jangga aylandi. O'yinning beshinchi daqiqasidayoq Eron himoyachisi Aria Yusufi qizil kartochka olib, jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi. Shunga qaramay, Eron taktik intizomni yo'qotmadi va o'yin qo'shimcha bo'limlarga qadar davom etdi.
Eldor Shomurodov qo'shimcha vaqtning birinchi bo'limida penaltini aniq amalga oshira olmaganida, ko'pchilik qadimiy "o'zbek sindromi" (muhim pallada qoqinish) takrorlanayotganiga shubha qilmadi. Biroq 120-daqiqada Hojiakbar Alijonov tomonidan kiritilgan ajoyib gol O'zbekistonga turnir g'olibligini taqdim etdi.
Al Ain International Cup 2025: Xalqaro elita orasidagi sinov
Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritgan to'rtta jamoa – O'zbekiston, Eron, Misr va Kabo-Verde ishtirokida 2025 yilning 13-18 noyabr kunlari BAAning Al Ayn shahrida tashkil etilgan xalqaro turnir Kannavaro uchun o'zining "Katenachcho" falsafasini amalda sinab ko'rish uchun ideal maydon bo'ldi. Yarim finalda Afrikaning yetakchi termasi bo'lgan jismonan baquvvat Misr terma jamoasiga qarshi O'zbekiston qoyilmaqam o'yin ko'rsatdi va Oston O'runovning dubli evaziga 2:0 hisobida zafar quchdi.
18 noyabr kuni finalda azaliy va yon qo'shni Eron ro'baro' keldi. Uchrashuv taktik va yakkakurashlarga boy bo'lsa-da, asosiy vaqtda gol urilmadi. G'olibni aniqlash uchun tashkil etilgan penaltilar seriyasida O'zbekiston 4:3 hisobida g'alaba qozonib, turnir g'olibligini tantana qildi.
FIFA Series 2026: Lotin Amerikasi va Afrikani o'rganish
2026 yil mart oyida o'tkazilgan yangi "FIFA Series" loyihasi doirasida Toshkent ikkita nufuzli o'rtoqlik uchrashuviga mezbonlik qildi. Ushbu o'yinlarning tanlanishi bejiz emasdi: O'zbekiston o'z guruhida Janubiy Amerikaning Kolumbiya va pley-off g'olibi bo'lmish Afrikaning Kongo DR jamoalari bilan o'ynashi kerakligi uchun mos ravishda Venesuela va Gabon terma jamoalari tashrif buyurdi.
27 mart kungi bahsda Gabon o'yinning 6-daqiqasida Averlantning goli bilan hisobni ochdi, biroq o'zbek futbolchilari sarosimaga tushmadi. 13-daqiqada Eldor Shomurodov hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo'limda Jahongir O'rozov (59') va Alisher Odilovlarning (90+4') kiritgan gollari O'zbekistonga ishonchli 3:1 hisobidagi g'alabani olib keldi.
30 mart kuni Janubiy Amerikaning taktik jihatdan murakkab va texnik tomondan mukammal bo'lgan Venesuela terma jamoasiga qarshi bahsda O'zbekiston yana Kannavaroning mudofaa bloklariga tayandi. Uchrashuvda hisob ochilmadi. Navbatdagi penaltilar seriyasida O'zbekiston beshta zarbaning barchasini (Iskanderov, Temirov, Ashurmatov, Shukurov, Mozgovoy) mukammal tarzda golga aylantirdi va 5:4 hisobida g'alaba qozondi. Natija Kolumbiyaga qarshi mundialdagi debyut bahsi oldidan ajoyib psixologik fundament bo'ldi.
Jiddiy hozirlik
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoa may oyining boshida Toshkentda o'quv-mashg'ulot yig'iniga kirishdi. Yig'inning asosiy maqsadi futbolchilarning jismoniy holatini baholash va Jahon chempionati uchun yakuniy tarkibni shakllantirishdan iborat edi.
Toshkentdagi yig'inga avvaliga 40 nafar futbolchi jalb etilgan bo'lsa, keyinchalik Fabio Kannavaro JCH-2026 uchun 30 nafar futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibni e'lon qildi.
"Oq bo'rilar" yig'in doirasida mahalliy "Surxon" (4:0) va "Neftchi" (3:0) klublariga qarshi nazorat uchrashuvlarida maydonga tushdi.
22 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirokida terma jamoani Jahon chempionatiga kuzatish marosimi bo'lib o'tdi. Shu kuni jamoa ikkiga bo'lingan holda o'zaro o'yin o'tkazdi.
26 may kuni esa O'zbekiston milliy terma jamoasi "Toshkent – Nyu-York" yo'nalishi bo'yicha Amerika Qo'shma Shtatlariga jo'nab ketdi.
Mundial avvalida "oq bo'rilar" Kanadaga qarshi maydonga tushdi va 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoani Niderlandiyaga qarshi o'yin ham kutib turibdi.
O'zbekiston milliy terma jamoasining yakuniy tarkibi quyidagicha:
Darvozabonlar – 1. O'tkir Yusupov, 12. Abduvohid Ne'matov, 16. Botirali Ergashev.
Himoyachilar – 2. Abduqodir Husanov, 3. Hojiakbar Alijonov, 4. Farrux Sayfiev, 5. Rustamjon Ashurmatov, 13. Sherzod Nasrullaev, 15. Umarbek Eshmurodov, 18. Abdulla Abdullaev, 24. Behruzjon Karimov, 25. Avazbek O'lmasaliev, 26. Jahongir O'rozov.
Yarim himoyachilar – 6. Akmal Mozgovoy, 7. Otabek Shukurov, 8. Jamshid Iskanderov, 9. Odiljon Hamrobekov, 10. Jaloliddin Masharipov, 11. Oston O'runov, 17. Dostonbek Hamdamov, 19. Azizjon G'aniev, 22. Abbosbek Fayzullaev, 23. Sherzod Esanov.
Hujumchilar – 14. Eldor Shomurodov, 20. Azizbek Amonov, 21. Igor Sergeev.

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CANNAVARO promokodi bilan 45 kun bepul"
Promokodni faollashtirish HAVOLASI



