So’nggi yangiliklar

23:01Расман: "Атлетико" Испания терма жамоаси футболчиси билан шартнома имзолади  0 22:29"Навбаҳор" назорат учрашувида йирик ҳисобда ғалаба қозонди. Қувватовдан норасмий дебют, Никабадзедан хет-трик  6 22:00РПЛ. Эсанов ҳаракат қилаётган "Акрон" "Факел" меҳмони бўлмоқда (онлайн ҳисоб)  10 21:31"Манчестер Юнайтед" форварди ПСЖга ўтиши мумкин  3 21:05Париж-2024. Ўзбекистон иккинчи турда Мисрга ютқазди ва гуруҳдан чиқиш имкониятини йўқотди  816 20:53Париж-2024. Испания терма жамоаси биринчи бўлиб плей-оффга чиқди  7 20:22"Манчестер Юнайтед" испаниялик футболчига қизиқмоқда  1 19:56"Барселона" Уильямс учун кутилганидан 4 млн. евро кўп пул тўлаши керак  2 19:22ФИФА Аргентинанинг эътирозига жавоб берди  4 18:52Ҳусниддин Ғофуров - "Қўқон-1912" футболчиси  3 18:24Биринчи даврада "Бунёдкор"да ўйнаган футболчи Босния ва Герцеговина клубига ўтди  1 18:00Ўзбекистон ўйнайдиган "Божуар" стадиони баҳсга тайёр  7 17:50Доминикан Рес. - Испания. Асосий таркиблар эълон қилинди  17 17:13Магуайр: "МЮни яна муваффақиятли қилиш вақти келди"  4 17:03Эндрик таништирув маросимига 43 минг мухлис келди  1

"Barselona" kimni sotib olganidan xabari bormi? Yangiliklar

"Barselona" kimni sotib olganidan xabari bormi?

Dembele "Borussiya"dan avvalgi jamoasi "Renn"da ham shartnoma shartlarini bajarishdan bosh tortgandi. Usmon bilan bog'liq vaziyat va futbolchining o'ziga xos xarakteriga nazar tashlaymiz.


Dembele bu yozda jamoadoshlari bilan mashg'ulot vaqtida urushib ketdi, klub uyushtirgan tadbirlarda turli xil bahonalar bilan ishtirok etmadi, yakunda esa shunchaki jamoa lageridan qochib ketib qo'ya qoldi. Buni u "Barselona" taklifini qabul qilgisi kelmayotgan rahbarlarga ultimatum deb atadi.

20 yoshli iqtidorli futbolchi nega bu qadar o'zgarib ketdi, yoki u avvaldan shundaymidi? Bu savolga birgalikda javob topishga urunamiz.

"Dembele seriali, yoxud voqealar rivoji..."
5 avgust. "Borussiya" asosiy raqibi "Bavariya" bilan yangi mavsumning birinchi rasmiy uchrashuvini o'tkazdi. Dembeledan golli pas, keyin u penaltilar seriyasidagi imkoniyatidan unumli foydalandi, bu orada Dembelega o'tgan mavsumdagi omadli ishtiroki (Bundesligaga yangi kelganlar orasida mavsumning eng yaxshi futbolchisi) uchun sovrin topshirildi. Ammo Germaniya Superkubogi baribir Myunxenga yo'l oldi.



6 avgust. "Dortmund" Erfurtga mahalliy klub bilan nazorat uchrashuvi o'tkazish uchun yo'l oldi. Usmon Dortmundda qoldi va jismoniy tayyorgarlikka javob beruvchi murabbiy bilan shug'ullanishni davom ettirdi. O'sha kuni L’Equipe "Barselona" franciyalik futbolchi uchun 100 million evrolik (birinchi taklifi)ni tayyorlayotgani haqida xabar tarqatdi.

7 avgust. Nemis klubi xotirjamlikni saqlashga va aql bilan ish ko'rishga harakat qildi. Axir ularga hali 100-millionlik taklif jo'natishmagandi. Cork va Vatckega Dembelening o'zi agentlari orqali "Barselona"ga o'tishga rozilik bergani haqida xabar berishdi. Vaholanki futbolchi va nemis klubi o'rtasidagi kelishuv 2021 yil yoziga qadar amal qilardi.

8 avgust. "Barselona" vakillari "Borussiya" rahbariyati bilan uchrashuvga yo'l olishdi, ammo Dyusseldorfdagi muzokaralardan foyda bo'lmadi. Dembele esa feysbukda "Dortmund" futbolkasidagi rasmni chop etdi va rasm ostiga Echte Liebe (Haqiqiy muhabbat) deb yozib qo'ydi.

9 avgust. Dembele mashg'ulotda qatnashdi va jamoaviy suratga majburan (buni uning yuz ifodasidan tushunish qiyin emasdi). Keyinroq u "Borussiya"ning tvitterdagi rasmiy sahifasini "o'qigisi kelmay qoldi".



10 avgust
. Avvaldan kelishilgani bo'yicha 9:30da francuz klub telekanaliga intervyu berish uchun kelmadi. Klubdagilar bunga jiddiy etibor berishmadi, bo'lib turadi, balki uxlab qolgandir. 10:30 – mashg'ulot boshlanish arafasida, Dembele hali ham paydo bo'lmadi. Jamoadoshlari unga qo'ng'iroq qilishdi, biroq javob bo'lmadi. Klubdagi hech kim Dembele qaerga yo'q bo'lib qolganini bilmas, bosh murabbiy Peter Bosh "Biz u bilan aloqaga chiqa olmayapmiz. Umid qilamanki, u sog'-salomat va hammasi joyida, deb intervyu berdi.

11 avgust. Kubok o'yinidan avval oxirgi mashg'ulot. Dembele hamon "qochoq" maqomida. Malumotlarga qaraganda, Franciya shimolida do'stlari bilan dam olishda ekan. Emishki, u agenti va "Barselona" rahbariyati transfer bo'yicha barcha masalani hal qilishlarini kutmoqda.

12 avgust. "Borussiya" Dembelening harakatlaridan norozi va unga jazo tariqasida jarima belgiladi.

13 avgust. Vatcke muammoni hal qilishning nemislar uchun qulay variantini topdi. 150 million evro – va "Dortmund" Dembeleni "Barselona"ga qo'yib yuboradi.

16 avgust. Dembelega jamoadoshlari bilan muloqot taqiqlandi. Futbolchi Dortmundga qaytish niyatida emas.

19 avgust. "Borussiya", bu "serial"dan charchadi va bo'layotgan mish-mishlar nafaqat Dembele, balki jamoaning boshqa futbolchilari ham mavsumga bemalol tayyorlanishlariga halal berishidan xavotirga tushib qoldi. SHu sabab "Barsa" rahbariyatiga o'zining oxirgi shartini etkazdi: "Yoki 27 avgustgacha bizga 150 million evro o'tkazib berasiz, yoki Dembele kamida bu mavsum safimizda qoladi".



21 avgust. Dembele o'z uyini tashlab, Barselonaga muzokaralar uchun uchib ketdi.

24 avgust. L’Equipe xabariga ko'ra, "Barselona" Dembele transferi bo'yicha kelishuvga erishdi. Transfer summasi 120 million evro + 30 million bonuslar ko'rinishida. Dembele "Barsa" bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi.

25 avgust. Bo'ldi, "Borussiya" Dembele transferini tasdiqladi. Narx - 105 million evro + bonuslar.

15 millionga sotib olgan futbolchisini, bir yil o'tib 105ga sotdi "Dortmund"!!!

 

Agar yangi futbolchi sotib olmasa, "Borussiya" "qiynalishi" turgan gap, ammo hozircha Bosh maydonda francuzning o'rnini yopa oladigan futbolchi topdi. Eng qizig'i, u tarkibdagilarning ichidan chiqdi. Uzoqqa borib yurgani yo'q murabbiy. Kristian Pulishich bundesliga 1-tur doirasida "Volfsburg"ga qarshi o'yinda (3:0) bitta gol va goli pas berishga muvaffaq bo'ldi va haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi Germaniyada.

Dembelening sotuvidan tushgan 105+ millionlarni "Borussiya" o'rinli sarflashga ulgurmaydi. Bozor yopilishiga 3 kun vaqt qoldi. Balki, bu yaxshilikkadir. CHunki hozir oddiy futbolchi uchun ham "otni kallasidek" pul so'rashmoqda.

28 yoshli Andrey Yarmolenko uchun 30 million... Bir yil oldin ham Yarmolenko uchun xatto arab shayxlari ham 30 million sarflamagan bo'lardi.

Dembeleniki kabi holatlar futbolda kam emas. Futbolchi o'z orzusiga, katta pul, obro'ga erishish, yoki ularning barchasiga birdan etish yo'lida, jamoadoshlari, klub annalari, umuman hammasiga tupurgan vaziyatlar uchrab turadi.

Bu vaziyatning o'ziga xosligi shundaki, Dembele o'z harakatlari bilan nafaqat dortmundliklarni, balki voqeani chetdan kuzatayotganlarning aksariyatini ham o'ziga qarshi qilib qo'ydi.
Yoaxim Lev, Armin Fe, Maks Eberl va boshqalar Dembelega tanqid toshlarini otishdi.

"Bavariya" prezidenti Uli Xeness bu borada shunday dedi: "So'nggi vaqtlarda bunday ishlar tez-tez takrorlanmoqda. Qaysidir manoda bunga o'zimiz sababchimiz. Biz futbolchilarga sizlar dahosizlar, sizning gapingiz gap, aytganingiz aytgan, deyaverdik. Oxir-oqibat ular bunga ishonishdi va mana natija... Dunyodagi hech bir futbolchi butun bir jamoadan muhimroq emas va bunday bo'lmaydi ham".

Afsuski bazi futbolchilarga buni tushuntirishning iloji yo'q. Endi siz buni o'zining Bundesligadagi debyut mavsumida shu qadar yorqin o'yin namoyish qilganidan, 150 million bu iqtidor uchun qimmat bo'lsa ham, unchalik ko'p emasligi haqida o'ylab qolasiz.

Kicker nashri so'rovnomasida u Levandovski, Obameyang, Tyago va Robbendek raqiblarni ortda qoldirdi. To'g'ri, o'sha-o'sha nomlar o'quvchilarning joniga tekkan dersiz, ammo Dembele chindan ham "Dortmund"ning g'alabalarida muhim rol o'ynadi. Germaniya Kubogi finalida "Ayntraxt"ga qarshi uchrashuvning "Eng yaxshi o'yinchisi", turli musobaqalarda ko'plab golli paslar sohibi. Dembelesiz o'sha Obameyang ham "Oltin to'potar" (Germaniyada mavsum to'purariga beriladigan sovrin)siz qolib ketardi, "Borussiya" esa katta ehtimol bilan CHempionlar Ligasidan "aylanib o'tib ketardi".



Dembele birinchi bor o'z jamoasi mashg'ulotni tashlab ketayotgani, tushunarsiz harakatlar qilayotgani yo'q. Ikki yil oldin u Zalcburgning "Red Bull"iga o'tmoqchi edi, ammo "Renn"ning o'sha paytdagi sport-direktori Mikael Silvestr klub va Usmon o'rtasidagi kelishuvda bunday punkt yo'qligi va uni hech kim qo'yib yuborish niyatidamasligini tushuntiradi. Dembele transfer oynasi oxirgi kunigacha rahbariyat fikrini o'zgartirishini umid bilan kutadi, ammo... 31 avgustda Silvestrning telefoniga Dembeledan "sms" keladi: "Men Senegalga ketyapman. Boshqa bu jamoada qolishni istamayman. Men futboldan rohatlanmoqchi va borimni bermoqchi edim. Sizlar meni sotdinglar".

Keyinroq Dembele baribir klubga qaytdi muammo hal qilindi. O'sha mavsumdan so'ng futbolchi Germaniyaga yo'l oldi.

Etiborimizni bir holat o'ziga jalb qildi. Nega Dembele aynan hozir "Barselona"ga o'tmoqchi? Hozirgi, nisbatan kuchsizlangan, ko'plab ichki muammolari bor klubga. Boshqa tarafdan faqatgina shunday, yangidan qurilayotgan "Barselona"da Dembelening imkoniyati bo'ladi. Dembele chindan kuchli futbolchi. Uning yuqori tezlikda ham to'p bilan mohirona munosabatda bo'lishi, o'ziga xos texnikasi (yoshligida futzal bilan shug'ullanganining tasiri chog'i) va universalligi (avvalgi mavsumda nemis klubida u hujumning barcha chiziqlarida o'ynab chiqdi va har safar o'ta samarali harakat qildi). Katta tezlikda ketayotib, qanotdan markazga kirib borishni xush ko'radi, yo'l-yo'lakay esa, to'pni oyog'ining goh ichki tomoni, goh tashqi tomoni bilan tepishi raqib himoyachisi Usmonning harakatlarini avvaldan "o'qib olishiga" to'sqinlik qiladi. Har ikki oyoqda ham gol ura oladi, ham sheriklariga ajoyib pas etkazib beradi.

Dembele uchun taktikani o'zgartirish ham shart emas. Masalaning yana bir jihati "Barsa" har qanday holatda ham 20 yoshli futbolchi uchun taktikasini o'zgartiradigan klub emas. Va bu erda u qanday summaga sotib olingani ham o'z ahamiyatini yo'qotadi. Neymarni almashtirib bo'lmaydi, buni tan olish zarur. Dembele ikkinchi Neymar bo'lmasligi aniq. Lekin jamoada braziliyalikning o'rnini bildirmasligi, yoki hech bo'lmaganda, yo'qotish nisbatan og'riqsiz o'tishini taminlay oladi.  

Messi va Suares - hech qaerga ketib qolmang! Bu yosh iqtidor egasining sizlarga aytadigan, kerak bo'lsa o'rgatadigan narsalari bor.

"Barselona" meni o'z tarkibida ko'rmoqchi, va shu sabab "Dortmund" uchun boshqa o'ynash niyatim yo'q" – Dembele yaqinda shunday degandi. Xavfli so'zlar, shunday emasmi? Nahotki, ular futbolchiga ish berayotgan yangi xo'jayinlarni xavotirga solmasa? Oradan bir, ana bor ikki yil o'tib, futbolchi Xitoy klubiga o'tgisi va dunyoning eng ko'p maosh oluvchi o'yinchisi bo'lgisi kelib qolmasligiga kim kafolat beradi deb kim kafolat bera oladi? Francuz biror nimani tushuntirish uchun o'zini ortiqcha urintirib o'tirmaydi. O'sha eski, tanish shablon olinadi, faqat "Dortmund" so'zi o'rniga "Barselona" qo'yiladi bo'ldi.



Futbolchi bilan tuzilgan shartnoma shartlari, muxlislar orzulari, unga bildirilgan ishonch, murabbiy munosabati – zamonaviy futbolda chindan ham bularning barchasini, sadoqat degan tuyg'uni istasangiz bir milliard berib, sug'urta qiling, foydasi yo'q shekilli. Paolo Maldini, Xaver Zanetti, Totti davri ortda qoldi, o'sha sadoqatli futbolchilar faoliyatini yakunlab bo'lgan.  

Top-klub futbolchisi nomiga loyiqligini Dembele o'tgan yil isbotlab bo'ldi. Begona davlat, notanish chempionat va raqobat o'ta kuchli bo'lgan, sen esa oddiy bir legioner sifatida asosiy tarkib uchun kurashayotgan futbolchisan, mana shu narsa Dembeleni sindirishi mumkin edi. Biroq francuz katta tezlikda jamoa asosiy tarkibidangina emas, hafta va oy ramziy terma jamoalaridan o'rin olaverdi. Hozir u shunchaki bir top-klubdan boshqa top-klubga o'tmoqda. Dembelening xarakteridan kelib chiqadigan bo'lsak, bunday transferlar uning faoliyatida hali ko'p bo'ladi chog'i.


Omonjon To'xtamirzaev

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика