So’nggi yangiliklar

14:10Тен Хаг: "Мавсум стартида МЮ очколар йўқотиши мумкин"  1 13:44Тен Хаг Рэшфорд ҳақидаги миш-мишларга муносабат билдирди  1 13:26"Манчестер Сити"га "Бавария" футболчиси керак  0 12:59Гвардиола "Ман Сити"да қайси чизиқни кучайтириш кераклигини айтди  4 12:39"Ювентус" 15 млн. еврога Шуталони сотиб олиши мумкин  0 11:01Уэйн Руни Англия терма жамоаси бош мураббийи ким бўлиши кераклигини айтди  4 10:41ESPN АПЛнинг ўтган мавсумдаги энг яхши футболчиларини аниқлади. Холанд 2-ўринда, Палмер эса 14  1 10:20Ямаль "братишка"сини Олимпиада олтин медали билан табриклади  12 09:50Ўзбекистон ўсмирлар терма жамоасини Тожикистонга Анвар Раҳимов олиб боради  2 09:35Суперлига. "Динамо" охирги маротаба Фарғонада қачон ғалаба қозонган эди?  1 09:10"Пахтакор" "Насаф"ни 5 та ўйиндан бери мағлуб эта олмаяпти. Шацких Бердиевдан устун келадими?  22 08:35Баҳром Ҳайдаров: "Ўйин тенг курашлар остида ўтди"  0 08:05Асрор Алиқулов: "Бизга бу ўйинда иккинчи куч етишмади"  0 07:35Суперлига. Бугун Қаршида турнинг марказий ўйини бор  13 07:15Баҳодир Жалолов, Абдумалик Халоков, Акбар Жўраев ва бошқалар. Бугун Париж Олимпиадасида қатнашадиган спортчиларимиз рўйхати  12

Azamat Abduraimov: "Bu o'zbek futboli va bosh murabbiy Samvel Babayan uchun yaxshigina zarba bo'ldi" Yangiliklar

Azamat Abduraimov: "Bu o'zbek futboli va bosh murabbiy Samvel Babayan uchun yaxshigina zarba bo'ldi"

O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan Osiyo chempionatini guruh bosqichidayoq yakunlaganidan xabaringiz bor.

Biz O'zbekiston terma jamoasi sobiq hujumchisi Azamat Abduraimovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Azamat aka, olimpiyachilarimizning omadsiz ishtiroki haqida sizning ham fikringizni bilmoqchi edim. Aytingchi, murabbiylar shtabi Osiyo chempionatiga boradigan yakuniy tarkibni tanlashda xatolikka yo'l qo'yganmi?
- Menimcha, murabbiylar shtabi bugungi kunda shu yosh toifasida eng kuchli bo'lgan futbolchilarni jamlashga muvaffaq bo'ldi. Eng muhimi, ularning deyarli barchasi oliy liga jamoalarida asosiy tarkibda o'ynardi. Balki, yana kimlardir ushbu tarkibdan joy olishi mumkin bo'lgandir. Lekin o'sha paytdagi futbolchilarning jismoniy holati, tayyorgarligini bizdan ko'ra ularni kuzatib borgan murabbiylar shtabi ko'proq bilsa kerak. Ammo, shaxsiy fikrim, Jahongir Abdumo'minov Osiyo chempionatidagi tarkibdan joy olishi kerak edi. Uning potenciali juda ham yuqori. Buni bilganim uchun shunday deyapman. Lekin nega uni tarkibga kiritishmadi, buni bilmayman. Bu savolga faqat bosh murabbiy javob bera oladi. Albatta, bo'lib o'tgan o'yinlardan so'ng tarkibni tanlashda xatoliklarga yo'l qo'yilgan deyish mumkindir, lekin bu o'z o'rnida noto'g'ri bo'lardi. Hech kimning bosh murabbiy va uning shtabi tanloviga aralashishga haqqi yo'q. Faqat bosh murabbiyda terma jamoa tarkibiga kimni chaqirish va aksincha, taklif etmaslik bo'yicha vakolat bor. O'z o'rnida aynan bosh murabbiy boshi bilan terma jamoaning natijasiga javob ham berishi kerak.  

- Lekin fakt shuki, terma jamoa tarkibidagi ikki futbolchi – Jamshid  Boltabaev va Jamshid Iskanderov bu musobaqaga tayyor emasdi. Boltaboev jarohati sabab deyarli bir yarim yil davomida katta futboldan yiroqda bo'ldi. Iskanderov esa o'tgan mavsumning katta qismini aynan jarohat sabab o'tkazib yubordi. Ikkala o'yinchi ham optimal sport formasidi emasdi. Samvel Babayan buni bila turib ham ularni Qatarga olib ketdi. Bu fikrga qo'shilasizmi?
- Yuqorida aytganimdek, faqat bosh murabbiy asosiy tarkibda qaysi futbolchilar maydonga tushishini aniqlaydi. Keyin o'yinga tanlangan taktika, rejalarni ham bosh murabbiy aytadi. Albatta, Babayan bu ikki futbolchini bejiz tarkibga jalb qilmagan. Bundan o'ziga yarasha ko'zlangan maqsadlari bo'lgan. Demak, Samvel Vyacheslavlovich ikkala Jamshidga ham ishongan. Endi ikki o'yindan xulosa qiladigan bo'lsak, bu tanlov o'zini oqlamadi. Qaror noto'g'ri qabul qilingan ekan. Futbolchilar o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlay olishmadi. O'zlarini namoyon eta bilishmadi. Lekin har ikki futbolchi haqida ham ijobiy fikr bildirgan bo'lardim. Iskanderov oliy ligadagi eng aqlli futbolchilardan biri. Uning nozik to'p uzatishlarini alohida takidlagan bo'lardim. O'sha sizning fikringizga to'liq qo'shilgan holda shuni aytishim mumkinki, Jama hali o'zining optimal sport formasiga kirib ulgurmagandi. Boltaboevning o'yin amaliyoti yo'qligi boshqa masala. Bu holat unchalik ham ko'zga tashlanmadi. SHunchaki, uni o'z joyida o'ynatishmadi. O'ng qanot himoyasi uning joyi emas. Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o'yinning birinchi bo'limida ham o'ng qanot, ham markaziy himoya chizig'i juda ham zaif ko'rindi. Boltaboev o'z poziciyasi – markaziy yarim himoyada ajoyib o'yin namoyish eta oladi.

- Koreyaliklar bizdan kuchli edimi?
- Ha, koreyaliklar bizdan kuchli edilar. Bu butun o'yin davomida yaqqol ko'zga tashlanib turdi. Qitaning eng kuchli jamoalaridan biri. Buni ularning muntazam ravishda olimpiya o'yinlarining final bosqichida ishtirok etib kelayotgani ham isbotlaydi. Vaziyatga real ko'z bilan qarasak, biz koreyaliklar bilan o'yinda maksimum durangga erishishimiz mumkin edi. Agar hakamlarning xatolariga duch kelmaganimizda, o'yin natijasi biz uchun ijobiy ko'rinishda bo'lardi. Biz o'yinni yaqqol boy bermadik, lekin o'z o'rnida o'zimiz ham maksimal darajadagi o'yinimizni ko'rsata olmadik. Menimcha, koreyslar bilan ochiq futbol namoyish etmaslik kerak edi. Bu borada murabbiylar shtabi o'yinga to'g'ri taktika tanlay olmadi. Birinchi bo'limda ko'proq hujum uyushtirdik, raqibga nisbatan pressing, yani bosim uyushtirishga urindik. Buning aks natijasida himoyada kemtiklar ko'zga tashlana boshladi. CHiziqlar o'rtasida uzilish yuzaga keldi. Koreyaliklar aqlli qarorlari, bir-ikkita to'p uzatishlar evaziga bosimdan tezda chiqib ketishga muvaffaq bo'lishdi. Nafaqat chiqib ketishdi, balki xavfli hujumlarni ham tashkil qilishdi. Yuqori aytganimdek, o'ng qanot himoyasidagi muammolarimiz raqib foydasiga ishladi va ular bundan maksimal darajada foydalanishdi. Bunday kuchli jamoa bilan himoyadan o'ynash va qarshi hujumlarga tayanish eng maqul variant edi.

- Iroq bilan o'yin haqida qanday fikrdasiz? Himoyadagi yosh bolalarcha yo'l qo'yilgan xatolar haqida nima deysiz?
- Bu o'yin guruhdan pley-offga yo'l oladigan ikkinchi jamoa nomini aniqlab berardi. SHu jihatdan, har ikkala jamoa uchun ham g'alaba suv va havodek zarur edi. Ayniqsa, biz uchun ortga yo'l yo'q edi. Bugun yoki hech qachon, shiori ostida maydonga tushish kerak edi. Birinchi o'yindagi xatolardan to'g'ri xulosa chiqarilgan bo'lsa kerak, deb o'ylagandim. Afsus, bunday bo'lib chiqmadi. Tarkibda kiritilishi shart bo'lgan o'zgarishlarni ko'rmadim. To'g'ri, o'yinning ilk daqiqalari bizning nazoratimiz ostida o'tdi. Birinchi hujumning o'zidayoq hisob ochildi. Lekin muvaffaqiyatni rivojlantirishni eplay olmadik. Balki, tezkor gol futbolchilarni hotirjamlikka berilishiga sabab bo'lgandir? Xatoimiz raqibni o'z o'yinimizga moslashishga majbur qila olmay, aksincha, ularning o'yiniga moslashganimiz bo'ldi. Iroq terma jamoasi futbolchilari tezkor o'tkazib yuborilgan goldan so'ng ruhiy jihatdan sinib qolishmadi. Aksincha, bu gol ularni yanada kuchaytirdi. Kuchli terma jamoalar mana shunday holatlarda xarakter namoyish qilishadi. SHu jihatlari bilan ham ular kuchli hisoblanishadi. Yarim himoya chizig'ida harakat qilgan futbolchilarimizga ko'p narsa bog'liq edi. Aynan ular raqib futbolchilarining maydondagi faolligini cheklab qo'yishlari lozim edi. Lekin bu holat ham teskarisiga xizmat qildi. Men futbolchilarimizni ishtiyoqsizlik va o'ziga bo'lgan ishonchsizlikda ayblamagan bo'lardim. Ayniqsa, tanaffusdan so'ng futbolchilarimizning o'yinida jonlanish kuzatildi. Buning natijasida o'yinni tenglashtirdik. Ikki markaziy hujumchi bilan o'ynay boshladik. Raqib darvozasi oldida keskin vaziyatlar, xavfli hujumlar tashkil etila boshlandi. Masharipov va Hakimov o'yinni jonlantirishdi. Babayan tomonidan qilingan bu o'zgarishlar guruhdan chiqish uchun umid uyg'otgandi. Afsuski, himoyadagi qo'pol xato bu umidlarni ham chippakka chiqardi. Ayniqsa, o'tkazib yuborilgan uchinchi gol juda ham kulguli chiqdi. Nima uchun Kozak harakatlanishdan to'xtab qoldi? Nega raqib futbolchisiga o'zini osonlikcha aldab, darvozani ishg'ol qilish uchun imkoniyat yaratib berdi? Buning sababini tushuntirib bera olarmikan? Nahotki, u hakam hushtagi chalinmaguniga qadar harakatdan to'xtab qolmaslik kerakligini bilmasa? Takroriy lavhalar ham ko'rsatdiki, o'sha vaziyatda hech qanday o'yindan tashqari holat yo'q edi. To'p futbolchimizning oyog'idan jarima maydonchamiz tomonga yo'nalish olgandi. Gol toza, barcha qoidalarga asosan darvozamizga kiritildi. Bunda murabbiylar shtabining ham xatosi bor. Nazariy mashg'ulotlar chog'ida bu narsalarga etibor qaratish lozim. Futbolda mayda-chuyda narsalar bo'lmaydi.

- Bu kutilgan mag'lubiyatlarmidi yoki terma jamoamiz hozirgi holati bo'yicha chorak finalga chiqishga qodirmidi?
- Albatta, raqiblar kuchdi edi. Ayniqsa, Janubiy Koreya. Bunday kuchli jamoalarga imkoniyatni boy berish biz uchun katta mag'lubiyat emas. Bu futbol. Boshqa tomondan olib qarasak, bu terma jamoamiz oldiga Osiyo chempionati medallaridan birini qo'lga kiritish va Olimpiadaga yo'llanma olish vazifasi qo'yilgan edi. Jamoamiz esa xatto guruhdan ham chiqa olmadi. SHundan kelib chiqib aytsak, Osiyo chempionati biz uchun omadsiz yakunlandi. Bu o'zbek futboli va bosh murabbiy Samvel Babayan uchun yaxshigina zarba bo'ldi. U milliy terma jamoaning bosh murabbiyi hisoblanadi. Uning faoliyatiga ham bu mag'lubiyat tasir qilishi mumkin. SHuning uchun, qabul qilib olingan mag'lubiyat va xatolarni chuqur tahlil qilish shart. Agar tahlil bo'lmasa, bu omadsizlik va mag'lubiyatlar milliy terma jamoa o'yinida ham aks etishi mumkin.

- Umumiy xulosalaringiz qanday?
- Hozir internet tarmog'ida murabbiylar shtabi va futbolchilarning o'yiniga nisbatan negativ fikrlar, kurakda turmaydigan so'zlar aytilyapti. Meniimcha, bu noto'g'ri. O'sha muxlislar va jurnalistlar yaqinda ham Babayanning terma jamoadagi faoliyatini maqtab, ko'klarga olib chiqib qo'yishgandi. Unutmaslik kerak, aynan mag'lubiyatlar murabbiylarni yanada pishitib boradi. Xato qilmaydigan murabbiyning o'zi yo'q. Lekin xatoni takrorlash bu boshqa masala. Ana shunga yo'l qo'ymaslik kerak. Murabbiy omadsizlik va mag'lubiyatlardan so'ng yana kuchli bo'ladi. Qiyinchilikni boshdan kechirmagan murabbiy muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Keyin futbolchilar orasidan ham aybdorlarni izlamaslik kerak. Mag'lubiyatga uchraldimi, demak, bunga barcha, futbolchilar, bosh murabbiy va murabbiylar shtabidagilarning hammasi aybdor. Boltaboev, Kozak, Fomin, deb aybdorlarni qidirmaslik kerak. Ishoning, deyarli barcha futbolchilarda bunday achchiq daqiqalar bo'ladi. Keyin bir narsa aniqki, futbolchilarimiz muxlislardan kam bo'lmagan holatda aziyat chekishyapti. Ha, terma jamoamiz ikkala o'yinda ham mag'lubiyatga uchrab, guruhdan chiqish vazifasini uddalay olmadi. Olimpiadaga chiqish orzusi yana 4 yil keyinga surildi. Lekin bu bilan hayot to'xtab qolmaydi. O'FF prezidenti Mirabror Usmonov yaxshi rahbar va aynan uning o'zi mag'lubiyat sabablarini o'rganib, tahlil qilib, xulosa chiqarishga bosh-qosh bo'ladi. Oldinda JCH-2018ning muhim saralash o'yinlari turibdi. Undagi mag'lubiyat esa kechirib bo'lmaydigan darajada bo'ladi.


Kamoliddin Alimov suhbatlashdi

Reyting: +13   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика