Asror Aliqulov: "Vilyanueva men uchun eng noqulay hujumchi edi"
27 noy 2018 16:10
Yangiliklar
Asror Aliqulov: "Vilyanueva men uchun eng noqulay hujumchi edi"
22 noyabr kuni suhbatning birinchi qismini bergandik. Unda yosh murabbiy “A” licenziyasi uchun o'quv kurslari qanday o'tgani hamda “SHo'rtan”dagi faoliyati haqida gapirib bergandi. Intervyuning ikkinchi qismida Aliqulov Pro liga va Superliga formati haqida o'z fikrlarini bildiradi hamda futbolchilik davrini yodga oladi.
- “Qashqadaryo Braziliyasi” - Kosondan hozir ham iqtidorli futbolchilar etishib chiqyaptimi?
- To'g'risini aytsam, Kosonga bormaganimga ham ancha bo'libdi. Futbolchilik paytimda o'yinlardan keyin ko'pincha bo'sh bo'lardim. Ammo murabbiylik sohasini boshlagandan keyin vaqt birmuncha kam bo'lib qolar ekan. Asosan o'zingiz ishlayotgan jamoa bilan ovora bo'lasiz. Oxirgi ikki yildan beri Koson futbolini yaqindan kuzatganim yo'q. Lekin tumandan haliyam yaxshi futbolchilar etishib chiqmoqda va ular “Nasaf” o'rinbosarlari tarkibida to'p tepyapti.
- “SHo'rtan”dan ketgach nimalar bilan shug'ullandingiz? Oddiy bir kuningiz qanday o'tdi?
- Toshkentga kelib ko'p o'yinlarni kuzatdim. Bolalar futboli bilan yaqindan tanishdim. Bolalar o'rtasidagi turli uchrashuvlar va musobaqalarni ko'rdim. Superliga o'yinlarini imkon qadar tahlil qilib boryapman. Qolaversa, hozir “Mashal” futbol klubida selekcioner-murabbiy bo'lib ishlab kelayotganim uchun bir nechta yoshlarni kuzatdim. Men uchun selekcioner bo'lib ishlash birmuncha zerikarli bo'lyapti. Ko'proq birorta jamoani maydonda boshqarsam deyman.
- Agar “Mashal” kelasi yil Superligada o'ynasa o'rinbosarlar tarkibiga ham ega bo'ladi. Aytaylik, sizga o'rinbosarlarni topshirishsa ishlaysizmi?
- Jon-jon deb ishlagan bo'lardim. CHunki menga jamoani boshqarish yoqadi. Yoshlar bilan ishlash esa yanada qiziqarli deb o'ylayman.
- Murabbiylik sohasida hali yoshsiz. Ayting-chi, sizga qanday futbol yoqadi? Ko'proq qaysi uslubdan foydalanishni xush ko'rasiz?
- O'zim himoyada to'p tepganim uchun himoyaviy futbolni afzal ko'raman deb ayta olmayman, biroq menga himoyada tartibli futbol yoqadi. Qisqa muddat “SHo'rtan”da ishlagan bo'lsam ham tartibli o'ynashga harakat qildik. Men ishlagan payt 0:3, 0:4 kabi hisoblar kuzatilmadi. Har doim jamoam muxlislarga yoqadigan o'yin namoyish etishini xohlayman. CHunki ishqibozlar stadionga chiroyli futbol ko'rish uchun keladi. SHu bilan birga hujumni ham esdan chiqarmaslik lozim. Lekin buni raqib jamoa kuchidan kelib chiqib hal qilish kerak. Agar sizga raqib erkinlik bersa bundan foydalanib hujumga o'tish lozim. Mabodo raqib sizdan kuchli bo'lsa unda ancha ehtiyot bo'lib harakat qilishga to'g'ri keladi. Hozirgi futbolda faqat hujumkor yoki faqat himoyaviy degan tushuncha yo'q. Hammasi vaziyatdan kelib chiqib amalga oshirilyapti. “SHo'rtan” o'rinbosarlari bilan ishlaganimda qaysidir usullarni amalga tadbiq qila olgandim. Ammo asosiy tarkibda bunga vaqt kamlik qildi. To'g'risini aytsam, menga himoyada yotib raqibning xatosini poylash yoqmaydi.
- “SHo'rtan” bosh murabbiyi sifatida eng esda qolgan o'yiningiz?
- Safarda “Andijon” bilan kechgan bahs. Bungacha uyda durang o'ynagandik. Klubda sharoit og'ir edi, qarama-qarshiliklar ham yuzaga kelgandi. SHunga qaramay, “Andijon”ga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. Mashg'ulotda futbolchilarni ham ayamadim, busiz g'olib chiqa olmasdik. O'zim himoyachi bo'lganim uchun ko'proq raqibning himoyadagi o'yiniga etibor qaratdim. Safarda tartibli himoyalanmasak bo'lmasdi. SHu bois qarshi hujum variantini tanladik. O'yin bitta golgacha davom etadigan bahsga o'xshadi. Gol urib olganimizdan so'ng mezbonlar ko'proq hujumga o'tishdi, bu esa bizga qo'l keldi. Raqibni o'rganayotganda ularning himoyachilari tez emasligiga etibor qaratgandim. Natijada hujumchilarga yanada tezroq harakat qilishlarini uqtirdim.
- Aytaylik, o'yin zerikarli o'tdi, biroq jamoaningiz g'alabaga erishdi. Bu sizni xursand qiladimi?
- Yo'q. “SHo'rtan” o'rinbosarlari “Mashal” yoshlariga qarshi o'ynaganida shunday bo'lgandi. Garchi g'alaba qozongan bo'lsak-da, o'sha uchrashuvda 50ga 50 vaziyatda urilgan gol hisobga olingan. Golni hisoblasa ham, hisoblamasa ham bo'lardi. Bu hakamning vijdoniga havola edi. O'yin nihoyasiga etgach, kiyim almashtirish xonasiga kirsam hamma futbolchilar xursand. SHunda men ularga aytdim: bunday g'alabadan keyin ko'p quvonish kerak emas. Maydonga chiqinglar, yaxshi o'ynab g'alaba qozoninglar, ana undan keyin xursand bo'lsa arziydi. Biz g'alabaga kimningdir yordami bilan emas, balki o'z kuchimiz bilan erishishimiz kerak.
- Yoshlar bilan ishlab shunday futbolchilarga duch keldingizmi: yani iqtidori zo'r, ammo xarakteri og'ir. Masalan, gapga kirmaydi yoki o'ta qaysar.
- O'zbekistonda bunday futbolchilar nihoyatda ko'p. Faqat kattalar orasida emas, bolalar futbolida ham tez-tez uchrab turibdi. Hatto 8-9 yoshli bolakaylar orasida ham bor. Xarakteri og'ir futbolchilarga boshqacha muomala kerak. Murabbiy ularning ko'nglini topa olishi lozim. Bunday futbolchilar jamoaga kerak. Zamonaviy futbolda ko'ryapmiz, hamma yaxshi himoyalanishni o'rganib oldi. Faqat murabbiyning aytganiga qarab o'ynaydigan futbolchi shundan ortig'ini bajara olmasligi mumkin, ammo iqtidorlilar jamoani qiyin vaziyatdan olib chiqib keta oladi.
- Bu yil Pro liga va Superliga yangicha formatda o'tkazildi. Pro liga formatini qanday baholaysiz? 18ta jamoaning 9tadan ikki guruhga bo'linishi nima berdi?
- Pro liga taqimi juda zich tuzilgan. Har 4-5 kunda o'yin o'tkazishga to'g'ri keldi. Oraliq masofalar uzoq, aksar jamoalarda moliyaviy holat yaxshi emas. Bu yil shunday bo'ldiki, ko'p jamoalar futbolchilarni o'yinga tayyorlash bilan emas, balki o'yindan o'yinga tiklash bilan vaqtni o'tkazishdi. SHu tomonlama ko'p noqulaylik keltirdi. Kim dekabr va yanvarda yig'in o'tkazgan bo'lsa, unchalik qiynalmadi. Ammo fevralda yig'ilgan jamoalar uchun og'ir bo'ldi. Avvallari birinchi liga ikkita mintaqaga bo'lib o'tkazilardi va jamoalar yo'l azobini unchalik his qilmasdi. Lekin bu yil ko'p vaqt yo'lda o'tib ketdi. Faraz qiling, vodiydan Nukusga yoki Surxondaryoga borib kelish oson emas. Bitta o'yin o'tganidan so'ng keyingi uchrashuvga tayyorlashga harakat qilasiz, ammo vaqt kamligidan faqat tiklanish bilan kifoyalanib qolasiz. Endi Superliga haqida gapiradigan bo'lsam, bitta jamoa bilan qisqa vaqt ichida to'rt marta, agar Kubokka ham tushib qolsa, besh marta o'ynash ruhiy tomonlama juda qiyin. Futbolchilarga ko'proq har xil jamoalarga qarshi to'p tepish yoqadi. O'zim ham futbolchilik paytimda bu narsani ko'p marta boshimdan o'tkazganman.
- Nima deb o'ylaysiz, balki Pro ligani yana avvalgidek ikkita mintaqaga bo'lib o'tkazgan maquldir?
- Bu avvalo jamoalarga yo'l tomonlama qulaylik tug'diradi. Agar masalaning shu tomonlari ham hisobga olinib qaror chiqarilsa yaxshi bo'lardi.
- Superliganing birinchi bosqichidan keyin jamoalar ikki guruhga bo'linishi qanchalik qiziq bo'ldi?
- Bu faqat bazi jamoalar uchun qiziq bo'ldi: asosan chempionlik uchun kurashgan hamda Superligadan tushib ketmaslik uchun o'ynaganlar uchun. O'rtada yurgan jamoalar betaraf bo'lib qolishdi. Masalan, kuchli oltilikka kirib olganidan keyin “Metallurg” hartugul qarshilik ko'rsatdi-yu, lekin “Buxoro”ning o'yini chiqmadi. Natijada klub birinchi bosqichga nisbatan pasayib ketdi. Bilmadim endi bu format qanchalik to'g'ri yoki noto'g'ri.
- “Oltin ochkolar” borasida nima deysiz?
- Bu o'ziga xos syurpriz bo'ldi. “Oltin ochkolar” hech bir o'yin shunchaki emasligini ko'rsatib berdi. Mana “Paxtakor”ning qanday holatga tushib qolganini o'zingiz ko'rdingiz. Toki birinchi bosqich yakuniga etmaguniga qadar hamma o'yinlarga jiddiy munosabatda bo'lishga to'g'ri keldi. Men Superligada jamoalarni ko'paytirish tarafdoriman. Biz katta hududga ega davlatmiz, futbol klublari ham ko'p, shu bois 12ta jamoa biroz kamroq deb o'ylayman. Ammo menga bu yilgi Kubok formati yoqdi. Jahon chempionati saralash bahslarida biz doim keyingi o'yinlardan umid qilib kelamiz. Bitta o'yinni yuta olmasak, keyingisini kutamiz. O'zbekiston Kubogi bahslari bitta uchrashuvdan iborat bo'lgan keyingi o'yin yo'qligini va har bir jamoa faqat shu bugungi bahsni yutishi shartligini ko'rsatib berdi. Ertaga javob uchrashuvi bo'lmaydi: yo bugun yutasiz yoki musobaqani tark etasiz. Mana shu format futbolchilarga ham o'z tasirini o'tkazdi.
- Sizni futbolchilik faoliyatdan to'liq qoniqqan inson desa bo'ladimi?
- Yo'q. Bazan yanada yaxshiroq o'yin ko'rsatishim mumkin edi deb o'ylab qolaman. SHu bois hozir murabbiy sifatida ichimda qolib ketganlarni yosh futbolchilarga berishga harakat qilyapman.
- Qoniqmaslik sababi nimada? Axir oliy ligada eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilardan birisiz. YO sovrinlar kam bo'lib qolganmi?
- Yo'q, men bu o'rinda sovrinlarni nazarda tutayotganim yo'q. CHunki sovringa har doim jamoa sifatida erishasiz. Men faqat o'z o'yinim haqida gapiryapman. Aytaylik, terma jamoada yanada yaxshiroq harakat qilishim mumkin edi.
- Esimda, o'z vaqtida siz bilan o'ynagan eng yaxshi to'rtlik haqida so'rashgandi.
- Ha, esimda. O'shanda Aliqulov – Ashurmatov – Gochguliev - Nikolaev deb javob berganman. Lekin o'zim terma jamoada ko'p narsani Andrey Fyodorovdan o'rgandim. Qolaversa boshqa himoyachilardan ham yaxshi fazilatlarini olishga harakat qilganman.
- Hozir O'zbekiston chempionatida to'p tepayotgan eng yaxshi himoyachi kim?
- Men istiqboli porloq deb Rustam Ashurmatovni aytgan bo'lardim. Agar o'z ustida ishlasa kelajakda undan yaxshi futbolchi chiqadi. Rustam - markaziy himoyachi, o'yin paytida uning elkasiga ko'p yuk tushadi. Faqat hamma gap qanchalik ko'tara olishida. SHuningdek, Anzur Ismoilov ham alohida maqtovga loyiq.
- Adashmasam, bir marta qanot himoyasida o'ynash menga yoqmaydi degandingiz.
- Yo'q, aksincha markaziy himoyada to'p tepishni yoqtirmayman deganman. CHunki yoshligimdan qanot himoyasida o'ynaganim uchun ko'p harakat qilardim: oldinga borib yana orqaga qaytardim. Ashurmatov va Gochguliev “Paxtakor”da paytida markazda o'ynashimga hojat qolmagandi. Ammo ular “Bunyodkor”ga o'tib ketgach, murabbiylar meni markaziy himoyaga qo'yishdi. O'shanda men uchun markazda harakat qilish qandaydir zerikarli ko'ringandi.
- O'sha paytlari “Paxtakor” va “Bunyodkor” o'rtasidagi bahslar chinakam derbi misolida kechardi, to'g'rimi?
- Xuddi shunday. O'ziyam haqiqiy derbilar bo'lgan. To'g'risi, o'sha o'yinlarni hozirgi birorta uchrashuvga qiyoslay olmayman. To'pni darvozabon o'z jamoadoshiga oshirib bergani zahoti to'p uchun kurash boshlanardi. Hozir O'zbekiston chempionatida bunaqa to'qnashuvlar umuman kuzatilmayapti.
- “Bunyodkor”ga qarshi eng esda qolgan o'yin?
- Har bir bahs o'ziga yarasha ahamiyatga ega bo'lardi. Esingizda bo'lsa, MHSK stadioni odamga to'lib ketardi. O'yin chiroyli bo'lsa xalq kelaverar ekan. Hamma gap futbol tezligida, o'yin tez kechib saviya baland bo'lsa, odamlarni yana qaytarsa bo'ladi.
- Bizda mazmunli faoliyat olib borgan futbolchilar ko'p. Ammo futboldan ketayotganini kimdir bilib kimdir bilmay qolyapti. Xayrlashuv uchrashuvlarini o'tkazish ham ananadan chiqib ketdi. Bu borada nima deya olasiz?
- Endi bu o'zbek xalqining o'ziga xos kamtarligi bo'lsa kerak. Biz qaranglar men futbol bilan xayrlashyapman deya olmaymiz, biroz kamtarlik qilib jim o'tiramiz. Har holda ota-bobolarimiz shunga o'rgatgan.
- Siz qarshi to'p surgan eng kuchli va eng esda qolgan hujumchi?
- Bunday hujumchilar ko'p bo'lgan. Kimdir jismoniy tomondan, kimdir tezlik bo'yicha. Kimdir bosh bilan o'ynash bo'yicha kuchli edi. Masalan, Zayniddin Tojievni olaylik. Undan to'p olib qo'yish nihoyatda qiyin edi, qolaversa yiqilmasdi ham. Tojiev doim oyoqda tura olardi. Raqib himoyasini yorib kirishini aytmasa ham bo'ladi. Uni faqat to'g'ri joy tanlab engish mumkin edi, agar birga bir yuguraman desangiz, tamom yutqazasiz. Anvar Berdiev, Geynrix, Soliev kabilarni esa bitta imkoniyatdan foydalanib ketadigan hujumchilar degan bo'lardim.
- Siz uchun eng noqulay hujumchi?
- SHunday hujumchi bo'lgan. Bu - “Bunyodkor”da o'ynab ketgan Xose Luis Vilyanaeva edi. Uni harqancha yopmaylik, baribir bitta bo'sh joy topib gol urib ketardi. SHu o'rinda bir gapni aytib ketsam, agar himoyachi o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rmasa har bir hujumchi noqulaylik tug'diradi.
- Oxirgi savol. Faoliyatingiz davomida sizga eng ko'p tasir ko'rsatgan murabbiyni aytib o'tsangiz?
- Men bilan ishlagan har bir murabbiyga hurmatim baland. Bolalik paytimdagi birinchi murabbiyimdan boshlab to oxirgisigacha. CHunki har bir murabbiy nimadir berishga harakat qilgan. Ammo faoliyatimda katta burilish yasagan deb Tachmurod Agamurodovni aytgan bo'lardim. Tachmurod SHamakovich meni “Nasaf”dan “Paxtakor”ga olib kelgandi. Bu murabbiy qo'l ostida o'ynab ko'p narsani o'rgandim deya olaman.
X.Xoliqov suhbatlashdi.
Intervyuning birinchi qismi bu erda: Asror Aliqulov: "Qashqadaryoda futbol mavqei pasaygani rost"
Fikrlar