So’nggi yangiliklar

20:00Ямаль "Сельта"га қарши ўйнамайди  1 19:42Франция футбол Федерация ПСЖнинг "Мбаппе иши" бўйича апелляциясини рад этди  0 19:31Суперлига. "Нефтчи" – "Насаф" 2:0. Highlights  4 19:20Суперлига. "Қизилқум" — "Навбаҳор" 1:4 (матнли трансляция)  7 19:17Анвар Бердиев: "Мақсадимиз — Суперлигага чиқиш"  0 18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   2 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  43 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2 14:40Тимур Кападзе: "Ўйин томонлама "Насаф"ни эътироф этаман, мавсум ўртача ўтмоқда"  16

ARXIV. Mirko Yelichich: "Paxtakor"ni Angliyaning "CHelsi" klubiga o'xshataman" Yangiliklar

ARXIV. Mirko Yelichich: "Paxtakor"ni Angliyaning "CHelsi" klubiga o'xshataman"

2006 yil birinchi bor Mirko Yelichichdan intervyu olgandim.

Bungayam hash-pash deguncha 12 yil bo'libdi. Malumki, hozirda avstraliyalik mutaxassis "Lokomotiv"da katta murabbiy sifatida faoliyat olib boryapti. 2006 yilda esa "Paxtakor"da jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy bo'lib ishlardi. 

O'tgan hafta shanba kuni arxivdan Mirjalol Qosimovning xayrlashuv uchrashuvidan oldingi intervyusini chop etgandik. Bugun esa Mirko Yelichichning 2006 yil iyulda bergan dastlabki katta intervyusini etiboringizga havola qilamiz.  

- Janob Yelichich, ishlaringiz joyidami? Yolg'iz o'zingiz zerikmayapsizmi?
- Rahmat, hozircha hammasi ko'ngildagidek ketyapti. Ayni damda "O'zbekiston" mehmonxonasida istiqomat qilyapman. Garchi yolg'iz yashayotgan bo'lsam-da, zerikishga hojat yo'q. Mehmonxonada asosan kechki payt bo'laman, kunduz kunlari ish, bazan shahar aylanish deganlaridek. Bundan tashqari, tez-tez sevgan qiz o'rtog'im bilan uchrashib turaman.

- Gapingizni bo'lganim uchun uzr. Qiz o'rtog'im degandek bo'ldingizmi?
- Ha. Esingizda bo'lsa, Toshkentga birinchi bor o'tgan yil yozda kelgandim. O'shanda bir ayol bilan do'stlashib olganman. SHundan beri uchrashib turamiz.

- Nahotki? Yana bu gapdan xotiningizning xabari yo'qmi?
- Agar turmush o'rtog'im bo'lganida, bunday qilmagan bo'lardim. CHunki men hali uylanmaganman.

- Qiziq. Unday bo'lsa, hozir necha yoshdasiz?
- Bilmadim, bunga ishonasizmi-yo'qmi, men 41 yoshdaman. SHunga qaramay, hali-beri uylanish niyatim yo'q.

- Sizni ko'rib yoshroq deb o'ylagandim.
- (kulib). Hozir ham yoshimga nisbatan biroz yosh ko'rinaman, to'g'rimi? Agar siz ham muntazam jismoniy tarbiya bilan shug'ullanib tursangiz, yoshgina yigitdek bo'lib yuraverasiz. SHuningdek, kimki uylansa tez qarib qolgandek bo'ladi. CHunki oila tashvishlari shunga majbur qiladi. Qiz o'rtog'imga kelsak, u ham o'zbek ayoli. Bitta farzandi bor, ammo mendan emas, avvalgi turmush o'rtog'idan. Hozir ular ajrashgan.

- U bilan turmush qurmoqchimisiz?
- SHu yilning dekabr oyida o'zim bilan Avstraliyaga olib ketaman. Keyin bir gap bo'lar.

- Keling, endi oilaviy masalalarni bir chetga surib, ishingiz haqida suhbatlashsak.
- Bajonidil. Meni birinchi marta o'tgan yili Quvaytga qarshi bahsdan oldin bu erga taklif qilishgandi. O'shanda qisqa fursat ichida yigitlarni jismoniy tarafdan tayyorlash vazifasi qo'yilgandi. Men terma jamoa ustozi Bob Xougtonga yordamlashib futbolchilarni o'z dasturim asosida shug'ullantira boshlaganimda dastlab biroz qiyinchilikka duch keldim. Sababi, o'yinchilarning aksari og'ir mashqlarni bajarishga tayyor emasdi. Ular shu paytgacha qiyin mashg'ulotlarni o'tashmagani uchun avvaliga qiynalib qolishdi. Keyin esa Xougton shunday dedi: "30 yoshdan oshgan futbolchilarni ko'p qiynama. Ular qiyin bo'lmagan mashqlarni bajaraverib shunga o'rganib qolishgan. Organizm allaqachon moslashib bo'lgan. Yaxshisi, ularning jismoniy ahvoli qanday bo'lsa, shunday ish tut".

- O'shanda futbolchilarimizning jismoniy holati qanday edi?
- Yaxshi edi, biroq Toshkentga ikkinchi marta kelganimda qarasam "Paxtakor" o'yinchilari o'zlarini oldirib qo'yishgan ekan. Natijada hammasini boshidan boshlashga to'g'ri keldi.

- Nima sababdan bir necha oy ko'rinmay ketdingiz?
- SHartnoma juda qisqa muddatga tuzilgan bo'lib, Bahrayn bilan kechgan bahslardan so'ng nihoyasiga etdi. Bob Xougton vazifasidan ketgach, men ham yurtimga qaytib ketdim. Terma jamoaga yangi bosh murabbiy etib Valeriy Nepomnyashiy tayinlanganidan so'ng menga qo'ng'iroq qilib yana ishlashga taklif etishdi.

- Hozirgi paytda futbolchilarning jismoniy holati sizni qoniqtiryaptimi?
- Unchalik emas. Ular birinchi davrada ko'p o'yin o'tkazib juda charchashdi. Meni xafa qilayotgan boshqa jihat esa o'yinchilar mashg'ulotda o'zlarini ko'rsatib, bir-ikki uchrashuvda yaxshiroq harakat qilishsa, butun mavsum mobaynida zo'rman deb yurishadi. Aslida esa unday emas, futbolchi har doim nazorat ostida bo'lishi kerak. CHunki inson organizmi temir emas doimo bir xilda ishlaydigan. Yana shuningdek, bazi murabbiylar tayyorgarlik uchun mavsum avvali va oralig'i eng zo'r payt deb o'ylashadi. Biroq futbolchi yuz foiz tayyor bo'lishi uchun yil davomida jiddiy mashq qilishi lozim. SHundagina o'sish seziladi.

- "Paxtakor"da uzoq vaqt ishlash uchun keldingizmi?
- Amaldagi shartnoma mavsum yakunlangach tugaydi. Agar klub rahbarlari shartnomani uzaytirish borasida muzokara olib borishsa, uni ko'rib chiqishga tayyorman. Negaki menga bu erda ishlash yoqyapti.


- Siz qilayotgan mehnatning samarasini ko'rish uchun qancha vaqt kerak bo'ladi?
- Bazan bir hafta ham etadi. Lekin yakuniy xulosa chiqarish uchun kamida uch yil kerak. Bu erga birinchi bor tashrif buyurganimda atigi olti haftalik shartnoma tuzgandim. Bilasizmi, olti hafta ichida ham nimanidir o'zgartirsa bo'ladi.

- O'tgan yil mavsum nihoyasiga etganidan so'ng yurtingizga qaytib ketdingiz. Bu vaqt oralig'ida nimalar bilan mashg'ul bo'ldingiz?
- Bob Xougton milliy terma jamoadan ketgach, men "Paxtakor"da ishlashda davom etdim. Mavsum poyoniga etganidan keyin federaciya rahbarlari shunday deyishdi: "Hozir ham "Paxtakor", ham milliy terma jamoani boshqaradigan murabbiy izlayapmiz. Agar istasang, shu erda qolib kut". Men esa o'ylanib qoldim: xo'p qoldim ham deylik, mabodo yangi murabbiyga kerak bo'lmay qolsam, unda nima qilaman? Vaholanki, o'sha payt boshqa joylardan ham qo'ng'iroq bo'layotgandi. Keyin rahbarlarga ketishim lozimligini, mabodo zarur bo'lib qolsam, yana qaytib kelishimni aytib, to'g'ri Avstraliyaga uchdim. U erda to'rt kun turgach, Singapurga yo'l oldim.

- Nima uchun Singapurga?
- CHunki menga shu yurtning bir jamoasidan taklif tushgandi. Bu mamlakatda etti oy mahalliy klublardan biriga murabbiylik qildim.

- U erda futbolga bo'lgan etibor qanday ekan?
- Singapurda futbolni ipidan ignasigacha tushunadigan mutaxassislar nihoyatda oz. Bu erdagi klublarning aksariyatiga davlatning o'zi homiylik qiladi. Odamlari esa xuddi robotga o'xshab yashashadi. Ish-uy, ish-uy, ortiqcha ish qila olmaysan. Futbolchilar esa shunchaki pul uchun o'ynashadi. Bazi mashg'ulotlarni ortiqcha deb bilishadi. Mamlakat aholisining ko'p qismi malayziyalik va xitoyliklardan iborat. 

Xitoyliklar bolalarini deyarli futbol maktablariga berishmaydi. Ular farzandlarini institutda o'qib, oliy malumotli bo'lishini xohlashadi. SHu sababdan futbol bilan asosan malayziyaliklar shug'ullanadi. Ammo ular ham juda dangasa bo'lib, ortiqcha ish bajargilari kelmaydi. Singapurda ishlayotganimda agentim qo'ng'iroq qilib, yana Toshkentga chaqirishayotganini aytib qoldi. Keyin esa qaytib keldim.

- Boshqa davlatlarda ham ishlaganmisiz?
- Avstraliyadan tashqari Malayziyaning "Saba" jamoasida bir yil faoliyat olib borganman. Malayziyada iqtidorli futbolchilar ko'p, lekin marketing va menejment ishlari yaxshi yo'lga qo'yilmagani tufayli klublar Osiyo qitasida yuqori natijalarga erisha olishmayapti.

- Terma jamoalar bilan ham ishlab ko'rganmisiz?
- 2002 yilgi jahon chempionatida Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Bora Milutinovichga yordam berganman.

- Saralash bahslarida xitoyliklar biz bilan bir guruhda kurash olib borishgandi.
- Bundan xabarim yo'q. Meni faqat Xitoy mundial yo'llanmasini qo'lga kiritganidan keyin taklif etishdi. O'shanda menga futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilish vazifasi topshirilgandi.

- JCH-2002da Xitoy terma jamoasi guruhdagi barcha o'yinlarda mag'lubiyatga uchradi.
- Ha. Biz Braziliya, Turkiya va Kosta-Rika bilan bitta guruhda bo'lib, har uchalasi raqibga imkoniyatni boy bergandik. Bunga sabab, birinchidan tarkibda jahon miqyosidagi o'yinchilar yo'q edi, ikkinchidan futbolchilar musobaqaga jismonan tayyor emasdilar. Men terma jamoa Janubiy Koreyaga jo'nab ketganidan so'ng borib qo'shildim. Bu paytga kelib vaqt o'tib bo'lgan, o'yinchilarning jismoniy holatini yaxshilash uchun aytarli o'zgarish qila olmasdik.

- Nima sabadan bu yilgi jahon chempionatida Osiyo jamoalari o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlay olishmadi?
- Musobaqa bir oy ichida bo'lib o'tishini inobatga olsak, mana shu vaqt davomida terma jamoalardan katta hajmdagi ishni bajarish talab etiladi. Lekin qitamiz vakillari hozircha bunga tayyor emaslar. Bundan tashqari, Osiyo nomidan maydonga tushgan terma jamoalar safida Evropaning nomdor klublarida o'ynaydigan futbolchilar juda kam. Masalan, Janubiy Koreyani olaylik. Ehtimol, ular safida shunday futbolchilar bordir, ammo ularning soni ham nari borsa uch-to'rt nafarni tashkil etadi. 

SHuningdek, Osiyo jamoalari jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritishgandan so'ng vazifa bajarildi deb o'ylashadi va musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko'rishmaydi. JCH-2002da koreyaliklar hozirgiga nisbatan kuchli tayyorgarlik olib borishgandi. Bosh murabbiy Gus Xiddink tuzib chiqqan dasturni ko'rib hayron qolganman. Gollandiyalik mutaxassis nima qilish kerakligini yaxshi biladi. Xuddi AQSH termasi kabi Janubiy Koreya ham mundial boshlanishiga to'rt oy qolganda tayyorgarlikni boshlagan va natijada har ikkala jamoa ham shov-shuv ko'targandi.

- Zamonaviy futbolda qay biri ustun turadi: texnikami, taktikami yoki jismoniy tayyorgarlikmi?
- Bularni bir-biridan alohida ajratib ko'rsatish qiyin. Lekin birinchi galda jismoniy tayyorgarlik bo'lmasa, jamoa qanday futbolchilardan iborat bo'lishiga qaramay, uzoqqa bora olmaydi. Xususan Avstraliya va Gana termalari aynan jismoniy tayyorgarlik evaziga guruhdan chiqishdi. Texnik va taktik jihatdan yaxshi shakllangan jamoa ham 90 daqiqa tinmay yuguradigan futbolchilarga yutqazib qo'yishi mumkin.


- "Paxtakor" bu mavsum chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmadi. Buning sababi futbolchilarning jismoniy holati ko'ngildagidek emasdi deyish mumkinmi?
- Men o'yinlarni ko'rmaganim uchun oldindan aniq bir narsa deya olmayman. Negaki bu vaqtda Singapurda ishlayotgandim. Malum bo'lishicha, o'shanda futbolchilarni italiyalik hamkasbim tayyorlagan ekan. Albatta, har bir murabbiyning o'ziga xos ish dasturi bo'ladi. Men shu sohada institutda etti yil o'qiganim uchun zamonaviy metodlarni qo'llashni afzal ko'raman. Bazi murabbiylar esa hamon 10-15 yil avvalgi mashg'ulot o'tkazish usulini maqullashadi. Lekin bunday usul allaqachon eskirgan, sababi futbol borgan sari takomillashib boryapti.

- Nima sababdan futbolchilarimizning jismoniy holati yaxshi emas?
- Bunga bir qancha sabablar bor. Asosiy muammo shundaki, futbolchini yoshligidan jiddiy chiniqtirishmaydi. Hammasini maxsus futbol maktablaridan boshlash kerak. Katta bo'lgandan keyin o'yinchidan ortiqcha mashqlarni talab qilishning foydasi yo'q. Faraz qiling, tezligi 100dan oshmaydigan mashinani soatiga 150 km. tezlik bilan haydashning iloji bormi? Yo'q. Inson organizmi ham shunaqa. Oliy ligada to'p surayotgan futbolchilar mashg'ulotlarni bir xil tarzda o'tkazaverib, shunga o'rganib qolishgan. Mashinaning tezligini oshirish uchun yangi ballon, motor va boshqa ehtiyot qismlarini qo'ysangiz bas. Lekin inson organizmini o'zgartirib bo'lmaydi-ku. SHuning uchun barchasini yoshlikdan boshlash zarur.

"Paxtakor" futbolchilari jismoniy tayyorgarlikka asosiy etiborni qatratmasa ham ichki birinchilikda zafar quchaveradi. CHuni milliy chempionat saviyasi juda past, bundan tashqari bu erda "Paxtakor"ga mavsum bo'yi jiddiy qarshilik ko'rsatadigan jamoaning o'zi chiqmayapti. Men bu klubni Angliyaning "CHelsi"siga o'xshataman. "CHelsi"da Joze Mourino ikki-uch o'yinda murabbiylik qilmasa-da, jamoa g'alaba qozonishdan to'xtab qolmaydi. CHunki tarkibi kuchli futbolchilardan iborat. "Paxtakor"da ham shunday. Bu klubda ish boshlaganimdan beri qilgan mehnatim samarasini hozircha aniq ko'rmayapman, chunki men bo'lmasam ham "Paxtakor" turnir jadvalining yuqori pog'onasida yurgan bo'ladi. Qachonki, o'rtamiyona jamoalardan birida ishlasam o'sish yoki pasayish bo'lganini sezishim mumkin.

- Odatda darvozabonlar alohida mashg'ulot o'tkazishadi. Ular ham jamoa bilan birga shug'ullansa ko'proq foyda keltirmaydimi?
- Yo'q. Darvzoabonlar uchun alohida dastur ishlab chiqilgan. SHu bois ular mashg'ulotlarni o'zlari o'tkazadi. Umuman olganda har bir chiziq vakillari alohida tayyorgarlik ko'rgani maqul. "Milan", "MYU" singari klublarda himoyachi, yarim himoyachi, hujumchilar bilan boshqa-boshqa murabbiylar shug'ullanishadi. Iloji bo'lsa, bizda ham shunday metodni qo'llash kerak. Aytgancha, bir paytlari Yangi Zelandiyada darvozabonlar murabbiyi bo'lib ishlaganman.

- Futbol Avstraliyada birinchi raqamli sport turimi?
- Bizda o'zimiz o'ylab topgan Avstraliya futboli bor, ham qo'lda, ham oyoq bilan o'ynaladi. O'sha birinchi raqamli sport turi. Futbol esa ikkinchi-uchinchi o'rinlarda turadi. Bizda Mark Viduka, Garri Kyuell singari futbolchilar unchalik mashhur emas.

- Keyinchalik bosh murabbiy bo'lib ishlash niyatingiz bormi?
- O'z vaqtida G'arbiy Avstraliyaning yarim professional klubida ham bosh murabbiy, ham jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy bo'lib ishlaganman. O'shanda jamoam shtat birinchiligida ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan. Yaqinda argentinalik Gabriel Batistuta bilan telefon orqali gaplashganimda Avstraliyadagi jamoalardan birini sotib olmoqchi yoki bo'lmasa futbol maktabi ochmoqchi ekan. U bilan anchadan beri gaplashib turaman. 

Bosh murabbiy bo'lishga kelsak, bundan keyin bosh murabbiy bo'lib ishlash niyatim yo'q. To'g'risi, o'quv kurslariga qatnab, mutaxassislarning maruzasini eshitib o'tirishga toqat qilmayman. Futbolga nisbatan mening ham o'z qarashlarim bor, hozircha birovning maslahati kerak emas. Undan ko'ra sevimli ishim bilan shug'ullanganim maqul, negaki kasbimni juda sevaman. Mabodo ishsiz qolsam ham, pulsiz qolmayman. CHunki Avstraliyada ijaraga berib qo'ygan oltita uyim bor. O'shaning orqasidan pul kelaveradi. Men qaerda ishlamay, faqat o'z ishimni yoqtirganimdan birovga foydam tegsin deb ishlayman.

X.Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting: +5   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика