Kamoliddin Murzoev: "U yana top-5ga qayta oladi, Shomurodov-Fayzullaev tandemidan o'zbek futboli va terma jamoa yutadi"
21 iyu 12:00
Yangiliklar


Kamoliddin Murzoev: "U yana top-5ga qayta oladi, Shomurodov-Fayzullaev tandemidan o'zbek futboli va terma jamoa yutadi"
Endilikda hamyurtimiz "Istanbul Bashakshehir" jamoasida to'p tepadi. Tez orada uning oldiga Abbos Fayzullaev ham yo'l olishi kutilmoqda. Biz bu borada mutaxassis va sobiq to'p tepar Kamoliddin Murzoevga yuzlandik.
— Eldor Shomurodovning Italiyadagi faoliyatiga qanday baho berish mumkin?
— O'ylaymanki, Eldorning Italiyadagi 4,5 yillik faoliyati muvaffaqiyatli kechdi. Chunki aynan o'zbek futboli rivojlanish bosqichida bo'lgan paytda u top-5 chempionatlaridan biriga ilk bor yo'l oldi va bir necha mavsum yuqori saviyadagi jamoalar safida to'p tepdi. Bunday darajadagi chempionatda o'ynash va o'zini ko'rsata olish oson emas. Shu nuqtai nazardan, Eldor Italiyada o'z o'rnini topa oldi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
— Shomurodovning Turkiyaga o'tishi haqida qanday fikrdasiz? Italiyada qolishi yaxshiroq emasmidi yoki Istanbulda etakchiga aylanish imkoniyati muhimroqmi?
— Bu transferga faqat shaxsiy nuqtai nazardan emas, balki butun chempionat miqyosida qarash lozim. Menimcha, bu erda ko'proq klubning ambiciyalari hal qiluvchi rol o'ynagan. Oxirgi yillarda Turkiya jamoalari Evrokuboklarda, o'zlarining chempionatlarida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Shu jihatdan, Eldor uchun bu to'g'ri tanlov bo'ldi, deb hisoblayman. Kichik maqsadlarga ega jamoadan, katta rejalari bor klubga o'tishi va u erda o'z salohiyatini ko'rsatishi — quvonarli holat.
— Eldor 30 yoshda. Uning yoshi, potenciali va imkoniyatlari yana top-5 chempionatlariga qaytish uchun etarlimi?
— Zamonaviy futbolda 30 yosh hech qanday ahamiyatga ega emas. Asosiysi — professionallik va jismoniy holat. Eldorda esa bunga barcha sharoit bor. Menimcha, u hozir ham top-5 chempionatlarida o'ynash imkoniyatiga ega edi. Yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionati esa uning uchun katta motivaciya bo'ladi.
— Fayzullaevning ham Turkiya klubiga o'tishi yaqin. Sizcha, Fayzullaev va Shomurodov tandemidan nima kutsa bo'ladi?
— O'zbek futbolchilari kuchli jamoalarga birgalikda yo'l olsa, bu milliy terma jamoamiz uchun ham foydali. Jamoadagi muhit, o'yinchilarning bir-birini tushunishi kuchayadi. Agar Shomurodov va Fayzullaev birga to'p tepsa, o'zbek futboli faqat yutuqqa erishadi. Ularning muvaffaqiyatli o'yinlari ortidan boshqa futbolchilarimizga bo'lgan talab ham ortadi.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar