"Yangier" bosh murabbiyi Diyor Mirzaboev: "Aqlga sig'maydi, qanday qilib 5 ta himoyachi bilan 3 ta gol o'tkazib yuborish mumkin? Sababini jiddiy surishtiramiz"

Narzulla Saydullayev
28 avg 2022, 13:48
Pro-liganing 17-turidan o'rin olgan "Xorazm" - "Yangier" (3:1) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Diyor Mirzaboev o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

O'yin haqida

- Himoyadagi xatolar evaziga gollar o'tkazib yubordik. Jamoaning barcha futbolchilariga bugungi o'yin uchun etirozim bor. Birinchi bo'lim va ikkinchi bo'lim bir-biridan farq qildi. Ikkinchi bo'limda zaxiradan qo'shilgan futbolchilar o'yinni kuchaytirv olishdi deb o'ylayman. Bizda ham golli vaziyatlar bo'ldi, biroq foydalana olmadik.

O'yinga jamoani men tayyorlaganman. Bundan kelib chiqadi-ki, men o'z g'oyalarimga futbolchilarga etkazib bera olmaganman. Vaziyat shu ko'rinishda bo'lsa, ularning o'yinga bo'lgan munosabati tufayli uzoqqa bora olmasligimiz oydinlashmoqda. "Xorazm" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman.

- Birinchi va ikkinchi bo'limlar bir-biridan farq qilishi sizning o'yinga tayyorlagan taktik uslubingiz edimi? Tarkib tandashda xatolikka yo'l qo'ydim deb o'ylaysizmi?


- Yo'q, tarkib tanlashda xatolikka yo'l qo'ydim deb o'ylamayman. Balki o'yinga tayyorlagan uslubim xato bo'lgandir. Bugun 5 ta himoyachi bilan o'ynadik, bundan ko'zlangan maqsadimiz gol o'tkazmaslik edi. Aqlga sig'maydi, qanday qilib 5 ta himoyachi bilan 3 ta gol o'tkazib yuborish mumkin? Albatta, buni jiddiy surishtirib tagiga etamiz.

Zaxiradan maydonga chiqqan futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Ular maydonga tushib qo'llaridan kelganicha harakat qilishdi.

- Jamoaning oldiga qanday maqsad qo'yilgan?

- "Yangier"ni qabul qilib olganimda 3 ochko bilan quyi o'rinlarda yurgandi. Rahbariyat bizga kuchli beshlikka kirish vazifasini qo'ydi. Shunga harakat qilayapmiz, ketma-ket o'yinlarda ochkolarni qo'lga kiritdik. Hali oldinda 2 o'yinimiz bor va ushbu imkoniyatlardan maksimal ravishda foydalanishga harakat qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia