

Telekanal texnik xodimlari tez orada geografik cheklov tizimini ishga tushirishi kutilmoqda. Bu cheklov ishga tushganidan so'ng yurtimizdagi futbol muxlislari Evro-2016 uchrashuvlarini Yamal 401 sun'iy yo'lodoshi orqali “UzReport TV” telekanalida tomosha qilishda davom etishlari mumkin bo'ladi.
UEFA tomonidan bunday talab qo'yilishining sababi, sun'iy yo'ldosh signali O'zbekiston hududidan tashqari yana qo'shni davlatlar va boshqa xorijiy davlatlar hududlarini ham qamrab olayotganligi bo'ldi. Ma'lum bo'lishicha, UEFA tomonidan bunday choralar Tojikiston va Turkmaniston telekanallariga nisbatan ham qo'llanilgan.
Shu bilan birga, qayd etish joizki, YAMAL 401 sun'iy yo'ldoshi orqali Evro-2016 musobaqalarini tomosha qilayotgan muxlislar futbol o'yinlarini ertasi kuni soat 17:00da takroriy efirda tomosha qilishlari mumkin bo'ladi.
Eslatib o'tamiz, UzReport TV telekanalini kabel televideniesi (O'KT), shuningdek, “UzDigital TV”, Stars TV, IPTV abonentlari hamda www.mediabay.tv Internet-resursi foydalanuvchilari tomosha qilish imkoniga egalar.
Bundan tashqari, Evro-2016 uchrashuvlarini quyidagi hududiy telekanallar orqali tomosha qilish ham mumkin: “Vodiy Sadosi Yoshlar teleradiokompaniyasi” (YOTRK), “Muloqot TV” (Qo'qon), “Ruxsor TV”, “Marg'ilon TV” (Marg'ilon), “Jizzax TV” (Jizzax), STV (Samarqand), “Istiqlol TV” (Buxoro), “Nasaf TV” (Qarshi), “Ishonch TV” (Termiz), “Ellikqala TV” (Qoraqalpog'iston).



