Ulug'bek Hoshimov: "Maqsadimiz – chempionlik. Nasib qilsa, bunga erishamiz"

Sherzod Nurmatov
14 iyun 2022, 21:14
O'zbekiston OTJ hujumchisi Ulug'bek Hoshimov ertangi o'yin oldidan jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

U-23 Osiyo Kubogi yarim finalidan o'rin olgan O'zbekiston – Yaponiya uchrashuvidan avval futbolchimiz Ulug'bek Hoshimov "Championat.asia"ga fikrlarini bildirib o'tdi.

- Ulug'bek, avvalo, Iroq bilan o'yindagi g'alaba bilan tabriklaymiz. Yaponiyaga qarshi tayyorgarlik qanday bo'ldi?

- Tayyorgarlik zo'r bo'ldi, deb bemalol aytishim mumkin. Shuncha yo'l bosib o'tib, yarim finalga ham yetib keldik. Maqsadimiz – chempionlik. Nasib qilsa, bunga erishamiz.

Iroqqa qarshi o'yin qiyin o'tdi. Biz niyatimizga yetishdik, deb o'ylayman. Yigitlarning ham, ota-onalarimizning ham o'ziga yarasha orzu-niyatlari bor. Yarmini bosib o'tdik, deb o'ylayman. 

- O'sha o'yinning birinchi bo'limidan keyin Timur Kapadze futbolchilarga nima dediki, ikkinchi taymda o'yin O'zbekiston tomoniga o'zgardi? 

- 12-daqiqada darvozabonimizga qizil kartochka berilgan edi. Bu bizga ruhiy jihatdan tasir qildi. Lekin o'yin tizginini o'z qo'limizga ola bildik. Shu orqali g'alabaga erishdik. Bundan buyog'iga ham bir jamoa bo'lib chempionlik kubogini ko'taramiz. 

- Yaponiya musobaqada eng kam gol o'tkazayotgan jamoalardan biri. Bu borada sizlarda qiyinchilik bo'ladimi?

- Barcha biladiki, Yaponiya Osiyoda o'z o'rniga ega va anchagina kuchli. Ularda har taraflama yaxshi jamoa shakllangan. Biz ham o'zimizga yarasha obro'-e'tiborga egamiz. Yarim finalda kuchimizni ko'rsatamiz. Kuchli jamoaga qarshi yarim finalga yetib keldik, buyog'iga ham taslim bo'lish niyatimiz yo'q. 

- Stadionga muxlislar kiritilishi yoki kiritilmasligi haqida fikringiz…

- Bu narsani eshitib o'ylanib qoldik. Muxlislarning tashrifi bizga ruhiy tomonlama yordam berayotgandi. Qancha g'alaba qozongan bo'lsak, bularda muxlislar qo'llab-quvvatlashlari orqali hissa qo'shishgan. Qanday holat bo'lmasin, unga e'tibor bermasdan, oldimizdagi maqsad tomon harakat qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia